“Beeline” fuqaroning pulini qaytardi

0

Sariosiyo tumani “Bog'iobod” mahallasida yashovchi fuqaro Z.Mingliboyev O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni”ga “Beeline” aloqa kompaniyasi faoliyatidan norozi bo'lib murojaat qildi. Fuqaro murojaati asosida O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasi quyidagilarni aniqladi.

Ma'lum bo'lishicha, Z.Mingliboyevning telefon raqamiga 1 113 000 (bir million bir yuz o'n uch ming) so'm pul ortiqcha to'langan. Fuqaro aloqa kompaniyasiga ortiqcha pulni qaytarishni so'rab murojaat qilganda, unga o'zining nomiga ochilgan bank plastik kartochkasi yoki bankdagi hisob raqamiga o'tkazib berish bildirilgan. Ammo fuqaro o'zining bankda shaxsiy hisob raqami va plastik kartochkasi yo'qligi, yangidan ochish imkoni mavjud emasligi, chunki 1-guruh nogironi ekanini aytgan. Bunga javoban aloqa kompaniyasi xodimlari pulni qaytarishning boshqa yo'li yo'qligini ta'kidlashgan.

Z.Mingliboyevning O'zbekiston Respublikasi Prezidentining “Ishonch telefoni”ga murojaatidan so'ng O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasining aralashuvi bilan fuqaroning jismoniy imkoniyatlari cheklanganligi inobatga olinib, aloqa kompaniyasi ortiqcha to'langan pulni tomonlarning roziligi bilan uning tug'ishgan opasi G.Mingliboyevaning bank plastik kartochkasiga o'tkazib berdi.

Sirojiddin IBRAGIMOV,

O'zbekiston iste'molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasi Surxondaryo viloyat hududiy birlashmasi Matbuot va axborot sektor boshlig'i

loading...