Bolalarda sunnatga muhabbat uyg'otish

0

Alloh taolo Qur'oni Karimda shunday marhamat qilgan:

قُلْ إِن كُنتُمْ تُحِبُّونَ اللّهَ فَاتَّبِعُونِي يُحْبِبْكُمُ اللّهُ وَيَغْفِرْ لَكُمْ ذُنُوبَكُمْ وَاللّهُ غَفُورٌ رَّحِيمٌ

“Sen: «Agar Allohga muhabbat qilsangiz, bas, menga ergashing. Alloh sizga muhabbat qiladi va sizlarni gunohlaringizni mag'firat qiladi», deb ayt” (Oli Imron surasi, 31-oyat).

Biz Alloh taoloni yaxshi ko'ramiz. Robbimiz ham bizni yaxshi ko'rishini istaymiz. Buning uchun Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga ergashishimiz, u zoti bobarakotning barcha sunnatlariga ixlos bilan amal qilishimiz kerak.

Sunnatga o'zimiz amal qilish bilan birga farzandlarimizga ham sunnatga amal qilish muhabbatini singdirishga urinaylik!

Soch tarash: Farzandingizning sochini tarayotganingizda, siz bu ishni Nabiy sollallohu alayhi vasallam “Kimning sochi bo'lsa, ikrom qilsin!” deya marhamat qilganlari uchun qilayotganiningizni ungu tushuntiring!

Atir sepish: Farzandingizga atir sepayotganingizda, siz bu ishni Nabiy sollallohu alayhi vasallamga ergashib qilayotganingizni, u zot sollallohu alayhi vasallam “Menga dunyodan ayollar, xushbo'ylik sevimli etildi. Ko'zimning quvonchi esa namozda qilindi” deganlari uchun shunday qilayotganingizni anglating!

Ilm talab qilish: Bolangizni maktabga kuzatayotganingizda, unga Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam «Kim ilm talab qilish yo'lini tutsa, Alloh taolo uni jannat yo'liga yo'llab qo'yadi» degan hadisni eslatib, u maktabga ketayotganida niyatini yaxshilasa, Alloh taolo uni jannat yo'liga yo'llab qo'yishini bildiring!

Tabassum qilish: Farzandingizning yuziga tabassum bilan qaraganingizda, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam: “Birodaringning yuziga tabassum qilib qarashing ham sadaqadir”, deb aytganlarini eslating!

Shirin so'z: Bolangizning biror ishini maqtayotganingizda, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam “Shirin so'z ham sadaqadir” deganlariga amal qilib, shirin gapirayotganingizni ayting!

Kosangizdagi ichimlik yoki taomni bolangizning kosasiga solib berayotganingizda, siz bu ishni Nabiy sollallohu alayhi vasallamning “Chelagingdan birodaring chelagiga suv quyib berishing sen uchun sadaqa” degan hadislariga amal qilgan holda bajarayotganingizni tushuntiring!

Kattalarni hurmat qilish: Yoshi katta kishilar majlisida farzandingiz bilan o'tirganingizda, bolangizga kattalarni hurmat qilishni buyurayotganingizda, siz bu ishni Payg'ambarmiz Muhammad sollallohu alayhi va sallamning «Kichiklarimizga rahm-shafqat qilmagan va kattalarimiz qadrini bilmaganlar bizlardan emasdir» degan hadislariga binoan qilayotganingizni ta'kidlab qo'ying!

Shu tarzda farzandlarimizga qiladigan ishlarini sunnatga bog'lab qilishlarini tez-tez eslatib turaylik va ularga Rasululloh sollallohu alayhi vasallamning muborak hadislarini gapirib beraylik! Toki ular bolaligidan sunnatga nisbatan muhabbatli bo'lib ulg'aysin!

Alloh taolo bizni sunnatga ergashuvchilardan qilsin!

Internet ma'lumotlari asosida Nozimjon Hoshimjon tayyorladi

loading...