O‘zLiDeP xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirishga qanday tashabbus bilan chiqyapti?

0

Inson hayotga bir marta keladi va u baxtli yashashga haqli. Hayotdan zavqlanish barcha narsalarga erishish imkoniyatlarining mavjudligiga bog'liq.

BMTning jahon mamlakatlari farovonligi darajasini o'rganuvchi markazi tomonidan tayyorlangan «Baxt indeksi» reytingida 156 ta davlatdan O'zbekiston 41 o'rinni (2018 yil 44-o'rin, 2017 yil 47-o'rin) egallagan.

Bu ko'rsatkich yaxshimi yoki yomonmi? Insonning baxtli bo'lish omillari nima?

Mening fikrimcha, yashash sharoitining yaxshiligi, barqaror daromad, tibbiyot, ta'lim xizmatlaridan foydalanish, o'zi xohlagan axborotlarga ega bo'lish, sayohat qilish va boshqa shu kabi xizmatlardan foydalanish imkoniyatlariga ega bo'lishdir.

Yuqorida sanab o'tilgan “insonlarning baxtli bo'lish omillari” iqtisodiyotda xizmat ko'rsatish sohasining rivojlanishi bilan bog'liq.

Yaqqol dalil, «Baxt indeksi» reytingida birinchi 10 talik davlatlarda (Finlandiya, Daniya, Norvegiya, Islandiya, Niderlandiya, Shveysariya, Shvetsiya, Yangi Zellandiya, Kanada, Avstriya) xizmat ko'rsatish hajmi YaIM tarkibida 55-80 foiz hisobiga to'g'ri keladi.

O'zbekistonda esa bu ko'rsatkich 35,6 foizni tashkil qiladi. Agar insonlarning baxtli bo'lish darajasi shunga bog'liq bo'lsa, aholimizning yanada baxtli yashashlari uchun xizmat ko'rsatish sohasini rivojlantirish masalasini ustuvor vazifa sifatida qo'yishimiz mantiqan asosli bo'ladi.

Statistik ma'lumotlarga ko'ra, 2018 yil yakuni bo'yicha xizmatlar tarkibida transport xizmati 29,3%, savdo 26,3%, moliya xizmatlari 14,1%, aloqa va axborotlashtirish xizmatlari 6,8%ni tashkil qilib, boshqa yo'nalishlarga nisbatan ustuvorlik kasb etgan.

Yashash va ovqatlanish 3,1%, ko'chmas mulk bilan bog'liq xizmatlar 3,3%, ta'lim 3,6%, shaxsiy xizmatlar 2,5%, ijara xizmatlari 2,2%, arxitektura sohasidagi xizmatlar 2,0% hisobiga to'g'ri kelgan bo'lsa, sog'liqni saqlash va boshqa xizmatlarning ulushi ancha past.

Xizmatlar sohasida transport xizmatlari eng yuqori ulushga ega bo'lsa-da, sifat va narxlar bo'yicha ancha muammolar ko'p. Shu bilan birga, ruxsat berish sohasidagi murakkabliklar ushbu yo'nalishda norasmiy faoliyat yuritayotganlar sonining oshishiga sabab bo'lmoqda.

Savdo sohasida ham bu kabi muammolarning mavjudligi uchun xizmat ko'rsatish sifati talabga javob bermaydi. Mahsulotni sotish san'ati va marketing yondashuvi bo'yicha ishlarni tashkil qilishga sanoqli tadbirkorlar e'tibor beradi, xolos.

Moliya-bank sohasida esa qayta moliyalash stavkasining yuqoriligi, kredit resurslarining qimmatligi va banklarda resurslar taqchilligini qayd etish lozim.

Aloqa va axborotlashtirish yo'nalishida esa internet tezligi, narxi hamda qamrovi nuqtai nazardan qo'shni davlatlar bilan solishtirilganda joriy holat ijobiy emas.

Bu kabi muammolarni xizmat ko'rsatishning boshqa sohalarida ham uzoq davom ettirish mumkin.

Sohani rivojlantirish, insonlarning farovon hayot kechirishlari uchun O‘zLiDeP saylovoldi dasturida aynan shu masalani ham ustuvor yo'nalishlardan biri sifatida qo'ymoqda va bir qator ishlarni amalga oshirishni ko'zda tutgan.

Birinchidan, xizmat ko'rsatish sohasi sub'yektlarini tashkil qilish, faoliyatni yuritish, ayrim turdagi faoliyatlarga ruxsat berish bilan bog'liq xujjatlarni tanqidiy xatlovdan o'tkazish orqali soddalashtirish va tadbirkorlar uchun qulay shaklga keltirish.

Ikkinchidan, aloqa va axborotlashtirish hamda moliya xizmatlarini kengaytirish orqali raqamli iqtisodiyotga o'tishni jadallashtirish va iqtisodiyotda moliyaviy resurlar hajmini oshirish.

Uchinchidan, savdo sohasiga yangicha texologiyalarni joriy etish orqali ishlar va xizmatlarni “sotish san'ati”ni rivojlantirish.

To'rtinchidan, iqtisodiyotda xizmat turlarini keskin darajada kengaytirish, yangi mahsulotlarni yaratishni rag'batlantirish uchun xalqaro tajribalarni o'rganish va hayotga tadbiq qilishning qulay tizimini yaratish.

Mazkur vazifalarni amalga oshirish eng avvalo aholi bandligini ta'minlash va ularning daromadlarini oshirishga, qolaversa, xalqimizni baxtli yashashiga xizmat qiladi.

Baxtiyor Ruxitdinov,

O‘zLiDeP Siyosiy kengashi

Ijroiya qo'mitasi bo'lim mudiri

loading...