Qarorlar ijrosi nega ta'minlanmasdan qolmoqda?

0

So'nggi bir necha yillar davomida tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirish sohasida ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida Jahon banki va Xalqaro moliya korporatsiyasining “Biznes yuritish” reytingida dunyoning 190 ta mamlakati orasida​ O'zbekiston 146-o'rindan 72-o'ringa ko'tarildi.

“Biznes yuritish” yillik hisobotida mamlakatning reytingini yaxshilashga doir qo'shimcha choralar ko'rish, shuningdek, 2017-2021 yillarda O'zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo'nalishi bo'yicha Harakatlar strategiyasini “Faol investitsiyalar va ijtimoiy rivojlanish yili”da amalga oshirishga oid Davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida 2019 yil 5 fevralda “Jahon banki va xalqaro moliya korporatsiyasining “biznes yuritish” yillik hisobotida O'zbekiston Respublikasining reytingini yaxshilashga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi PQ-4160 sonli qaror qabul qilindi. Qarorda sohalarga oid qator islohotlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Biroq, amaliyotda qurilishga ruxsatnomalar olishda, mulkni ro'yxatdan o'tkazishda va tashqi savdo operatsiyalarini amalga oshirishda tadbirkorlik sub'yektlari duch kelayotgan ortiqcha byurokratik tartib-taomillar sababli O'zbekiston hanuzgacha “Biznes yuritish” yillik hisobotida o'zining munosib o'rnini egallamasdan qolmoqda.

Xususan, “Biznes yuritish” yillik hisobotining 2019 yilgi ko'rsatkichlarida mulkni ro'yxatdan o'tkazish (74-o'rindan 72-o'ringa) va qurilishga ruxsat berish (134-o'rindan 132-o'ringa) indikatorlari bo'yicha O'zbekiston Respublikasining reytingi eng past darajada o'zgargan indikatorlar bo'lib qolmoqda.

Vaholanki, mulkni ro'yxatdan o'tkazish va arxitektura va qurilish sohasiga oid qator byurokratik amaliyotlarni bartaraf etish va davlat xizmatlari ko'rsatishni soddalashtirish bo'yicha chora-tadbirlarni amalga oshirish nazarda tutilgan edi.

Bundan tashqari, yer uchastkalarini ajratish, qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanishda byurokratik to'siqlar va sansalorliklarni bartaraf etish maqsadida O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 26 avgustdagi “Qishloq xo'jaligiga mo'ljallanmagan bo'sh turgan yer uchastkalarini berish hamda arxitektura-qurilish ishlarini amalga oshirish tartib-taomillarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi PQ-4427-sonli qarori qabul qilingan.

Qarorda yer ajratish, arxitektura va qurilish hamda ko'chmas-mulk ob'yektlarini ro'yxatdan o'tkazishga oid qator islohotlarni amalga oshirish nazarda tutilgan.

Shunga muvofiq, 2019 yilning 1 oktyabridan boshlab,

qurilish ob'yektlarining shaharsozlik hujjatlarini majburiy ekspertiza qilish talabi bekor qilindi (markazlashtirilgan manbalar hisobidan moliyalashtiriladigan qurilish ob'yektlari bundan mustasno);

O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining bo'linmalari tomonidan loyiha-smeta hujjatlarining arxitektura qismini kelishish hamda ob'yektning zilzilaga bardoshliligi va yong'in xavfsizligi bo'yicha loyihaviy yechimlarini ekspertiza qilish bir vaqtda amalga oshirilishi;

loyiha tashkilotlari tomonidan (muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari tashkilotlaridan tashqari) ishlab chiqilgan muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlariga ulanish bo'yicha loyiha-smeta hujjatlarini kelishish qurilish organlari tomonidan bino, inshoot va boshqa ob'yektlarning qurilish loyiha-smeta hujjatlarini kelishish jarayoni bilan bir vaqtda amalga oshirilishi belgilandi.

Yuqorida ko'rsatilgan chora-tadbirlar, respublikada qurilish-arxitektura sohasidagi byurokratik to'siqlarni bartaraf etishi va qulay investitsion muhit yaratilishiga katta ko'mak bo'ladi.

Biroq, bugungi kunga qadar yuqorida qayd etilgan Prezident qarorlari ijrosi ta'minlanmasdan qolmoqda. 2019 yilning 1 martidan boshlab
Ko'chmas mulk ob'yektlarida qurilish-montaj ishlarini amalga oshirish to'g'risida xabarnoma yuborilishi hamda ommaviy ofertaga foydalanuvchi tomonidan aksept qo'yilishi kifoya bo'lsa-da, vakolatli davlat organlari – Qurilish sohasida nazorat bo'yicha hududiy inspeksiyalari amaliyotda “ruxsatnoma”ni nomigagina “xabarnoma”ga o'zgartirilgan hamda bugungi kunga qadar qurilish-montaj ishlari boshlanganligi to'g'risida xabarnoma yuborgan tadbirkorlik sub'yektlariga ommaviy oferta berish qonun hujjatlariga zid ravishda rad qilib kelmoqdalar.

Vaholanki, O'zbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksiga muvofiq (367-modda) bir yoki bir necha muayyan shaxsga yuborilgan, yetarli darajada aniq bo'lgan va taklifni kiritgan shaxsning o'zini taklif yo'llangan va uni qabul qiladigan shaxs bilan shartnoma tuzgan deb hisoblash niyatini ifoda etadigan taklif oferta hisoblanadi.

Shuningdek, nomuayyan shaxslar doirasiga yo'llangan reklama va boshqa takliflar, agar taklifda boshqacha hol to'g'ridan-to'g'ri ko'rsatilgan bo'lmasa, ofertaga taklif etish deb qaraladi, Shartnomaning barcha asosiy shartlarini o'z ichiga olgan, taklif kiritayotgan shaxsning javob qaytargan har qanday shaxs bilan taklifda ko'rsatilgan shartlar asosida shartnoma tuzishga bo'lgan xohish-irodasi bilinib turgan taklif oferta (ommaviy oferta) hisoblanadi

Bundan tashqari, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining PQ-4427-sonli qarorida ko'rsatilgan vazifalar ijrosi ham qurilish va kadastr organlari tomonidan ta'minlanmasdan qolmoqda. Natijada esa tadbirkorlik faoliyatiga to'sqinlik qilish, davlat xizmatlaridan foydalanish bo'yicha murojaat etgan hollarda asossiz rad etish holatlari uchrab kelmoqda.

Shu o'rinda bir necha savollar tug'iladi. O'zbekiston Respublikasi Qurilish vazirligining hududiy boshqarmalari hamda Qurilish sohasida nazorat bo'yicha hududiy inspeksiyalari bu kabi islohotlarni qabul qilishga va Prezident qarorlarida va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarda nazarda tutilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishga tayyormi? Nega bugungi kunga qadar yuqorida ko'rsatilgan qarorlardagi chora-tadbirlar amaliyotga tatbiq etilmasdan qolmoqda? Qarorlarning ijrosi ta'minlanmasligidan kim manfaatdor va qanday manfaat bor?

uza.uz

loading...