Turkmaniston-O'zbekiston chegarasida politsiyachilar va bojxonachilar o'rtasida mushtlashuv sodir bo'ldi…

0

 

Shu yil 16 noyabr kuni Turkmaniston respublikasi Toshovuz viloyatidan kelganlar O'zbekistonga o'tadigan Shovot chegara o'tish joyida politsiyachilar hamda bojxonachilar o'rtasida ommaviy mushtlashuv yuzaga kelgan. Ma'lumotlarga ko'ra, shu chegara o'tish joyida har kuni yuzlab odamlar navbat kutadi. Navbatda turmaslik uchun odamlar tanish politsiyachilar yoki bojxonachilarga pul berib osonlikcha o'tishga harakat qiladi. Bu gal odatdagidan ham ko'proq odam yig'ilgandi. Oldiniga odamlar navbat talashib o'zaro janjallashishdi. Qariyb 6-8 kishidan iborat bo'lgan politsiyachilar bojxonachilarni sekin ishlayotganlikda ayblay boshladi. Bunga javoban bojxonachilar politsiyachilardan odamlar orasida tartib saqlashni talab qildi. Ish mushtlashishgacha borib yetdi. Komandirlar ularni ayirishga imkon topa olmagach, mahalliy milliy xavfsizlik xizmati xodimlarini yordamga chaqirishdi. Ular kelib mushtlashganlarni tinchlantirdi.

Guvohlarning aytishiga ko'ra, mushtlashuv tufayli ellik nafardan ziyod odam chegaradan o'tishga ulgurmay, shu yerda tunab qolishga majbur bo'lgan.

Bu chegara o'tish joyida hamisha odam ko'p bo'ladi. Kimlardir qarindoshinikiga mehmonga borish uchun chegaradan o'tadi, boshqalar mayda biznes bilan shug'ullanadi. Ular O'zbekistondan oziq-ovqat mahsulotlarini vatanga olib o'tadi.

loading...