Turmush: «Ota-onaga qarash faqat kenja farzand bo'ynidami?!»

0

— Inson shunday yaralganki, doim noshukr. Men o'z noshukrligimni juda yaxshi bilaman, lekin boshqalar o'zlari haqida hech narsani bilmaydigan ko'rinadi.

Kelin bo'lib hozirgi xonadonimga kelganimga ikki yil bo'ldi. Erim bilan sovchilar orqali tanishganmiz. Sovchilikka erimning opalari kelganida dastlab hayron bo'lganmiz. Keyin bizga kuyovning onasi yaqinda avtofalokatga uchragani va oyog'i biroz og'riyotgani uchun sovchilikka opalari yurganini aytishdi. Shu bilan bu haqida ortiqcha gap-so'z aytmay, ikkala tomon non sindirishdi. Boshqalarga o'xshab erim ikkimiz ko'p gaplashib, ko'rishib yurmadik. To'yni tezlashtirib, chiroyli orzu-havas bilan meni kelin qilishdi. Erimning harakatchanligi, topish-tutishidan nolimayman. U xuddi o'zimga o'xshab yaxshi yashashni istaydi va shunga intiladi. To'y o'tgach, derazaning pardasini surib hovliga qararkanman, bahri dilim ochilgandi. Xuddi orzumdagidak xonadon. Har taraf sarishta, chiroyli, shinam uy. Lekin, ne ko'z bilan ko'rayki, qaynonam haligacha nogironlar aravachasida o'tirgan edi. Bir-ikki hafta qaynopalarim galma-galdan kelib qaynonamga qarab turishdi. Men yaqinda qaynonam yura boshlashiga ishonib, yuragimni hovuchlardim. Yo'q, adashibman!

— Oyimni ko'ryapsiz, hollari bu, — dedi katta qaynopam ketar chog'ida. — Biz endi hadeganda kelavermaymiz, ilojimiz yo'q. Xullas, oyim ancha yillardan buyon yurmaydi. Hojatlarini chiqarish uchun bir ko'tarasiz-da endi, xavotir olmang, onam yengilgina…

Bu gaplar ne-ne umidlar bilan bir begona xonadonga kelgan kelinchak uchun qanday ta'sir qilishini tushunib turgandirsiz. Men buva-buvilari bilan katta bo'lmagan erka, nozik qiz edim. Qaynonam esa anchagina baquvvat, yoshi bir yerga borib qolgan, ustiga-ustak nogiron ayol. O'shanda qaynopalarim u yoqda qolib, erimdan juda ranjigandim.

— Nima uchun meni aldab kelin qildinglar? — yig'lardim men qiynalib ketgan kunlarimda.

— Yuragimni siqmagin, onam bechoraning senga zarari tegmaydi-ku!

— Men shu yoshimda katta ayolni qanday qilib… Axir nogiron ayolga doimiy parvarish kerak. M-men esa…

Erimning jahli chiqib,     o'qrayib qo'yardi va gapimiz shu yerda tugardi. Oradan biroz vaqt o'tib, homilador bo'ldim. Lekin, ming afsuski, shu holimda ham qaynonamni ko'tarib, tuvakka o'tqazish mening bo'ynimda edi. Natijada homilamdan ayrildim. Erim garchi bo'layotgan ishlarni ko'rib tursa ham inday olmagan. Men esa o'zimni yeb, yig'lab yuraverganman. Bechora ayolga jahl qilay desa, unda nima gunoh?! Qaynonam juda yaxshi ayol, men bilan deyarli ishi yo'q, yumushlarni ham buyurmaydi. Erim esa ishidan ortolmagani uchun nogiron onasining kamchiliklari faqat mening bo'ynimda. Yaqinda yana homilador bo'lganimni bildim. Endi o'zimni asrashga, farzandim tug'ilguncha og'ir ishlarni qilmaslikka qaror qildim. Lekin qaynopalarim…

— Onamga qaramaganing uchun hali javob berasan! — eshikdan kirar-kirmas baqirib ketdi o'rtancha qaynopam. — Eh, onajonim-a, kimlarga tashlab qo'ydik sizni, eh, onam!

— M-men, haligi… Homiladorligim uchun ularni ko'tara olmagandim…

Yuzimga tushgan tarsakidan lovillab ketdim. Quloq chakkalarim shunchalar og'rib zirqiradiki! Hech narsa demay xonamga kirdim-u, yig'lay boshladim. Tan olaman, qaynonam ko'tarib tuvakka o'tqizishni so'raganda, ularga yordam bera olmasligimni aytdim, lekin bu ishni ham qornimdagi homilamni o'ylab qilganman. Axir ikkinchi bolamdan ham ayrilishim keyingi tug'ruq uchun juda xavfli edi. Qaynopam singillarini chaqirtirib, hovlida rosa meni qarg'ashdi. Orada erimni ham chaqirtirib shu holimda urdirishdi.

Bu voqealarga bir haftadan oshgan. Men arazlab ketganim yo'q, hali ham shu uydaman. Biroq erimga og'ir ko'tarmasligimni, o'zimni asrashim shartligini tushuntirishga urinyapman. Agar qaynopalarimning insofi bo'lganida, jilla qursa, men tug'ib olgunimcha qaynonamga o'zlari galma-galdan qarashardi. Axir ona faqat o'g'ilniki, kenja farzandniki emas-ku! Nima uchun ota-onalari bilan qolgan kenja farzandlargagina barcha og'irlikni tashlab qo'yishadi? Erim menga qo'l ko'targani bilan yomon odam emas, meni yaxshi ko'radi. U ham siqilib yuribdi. Meni avaylaganidan ishini ham yig'ishtirib, hozir kun bo'yi uyda, onasiga o'zi qarayapti. Qaynopalarim esa bizdan kamchilik qidirishni bilishadi, xolos. Bunday vaziyatlar boshqa oilalarda borligini juda yaxshi bilaman. Go'yo eng kichik o'g'ilgagina ota-ona kerakday, go'yo faqat kenjalar majburday katta farzandlar hamma narsani tashlab qo'yishgan. Ota-onaga g'amxo'rlik qilish, qiz-o'g'il, katta yoki kichik, hammaning bo'ynidagi qarz-ku! Birga yashashmasa-da, onalariga ham moddiy, ham ma'naviy tomondan qayg'urish bolalarning burchi emasmi? So'nggi kunlar mana shu narsalar asablarimni yemirib, meni ado qilyapti, juda charchadim. Yuragim ezilib, barcha narsadan to'yib ketyapman. Keyin esa noshukrlik bo'lmasin, deb yana tavba qilaman.

Aytmoqchi bo'lganim, hozirgi turmushim bilan tanishayotgan opalar, akalar, ota-onangizga faqat eng kichik ukangiz va uning xotini mas'ul emas! Ozgina vijdoningiz bo'lsa, sizlar ham ota-onangizni uyingizda haftaning qaysidir kunlari mehmon qiling, kasal bo'lsa qarang, erkaliklarini ko'taring. Nima ham derdim, hammaga insof bersin!

Sh. N

 

loading...