Wikipedia asoschisi Facebook va Twitterga qarshi urush ochdi

0

Facebook hozirda dunyoda eng keng ommalashgan ijtimoiy tarmoq bo'lsa, Twitter ham tez rivojlanib borayotganlari sirasiga kiradi. Wikipedia asoschisi Jimmi Ueyls esa ular bilan bellashish uchun o'z ijtimoiy tarmog'ini ishga tushirdi.

WT: Social deb nomlangan yangi ijtimoiy tarmoq reklama va klikbeytlardan xoli ekanligi bilan ajralib turadi. Xo'sh, unda mazkur servisdan qanday foyda tushadi, dersiz?

Yangi tarmoqning biznes-modeli pulli obunaga asoslangan. Bilamizki, eng ommalashgan ijtimoiy tarmoqlarda akkaunt yuritish, ulardan foydalanish bepul, ammo buning evaziga reklamasiga chidash kerak bo'ladi. Jimmi Ueyls bo'lsa reklamasiz kontent uchun pul to'lashga ham tayyor foydalanuvchilar avlodi yetishib kelayotganini ta'kidlamoqda. Masalan, Netflix, Spotify va The New York Times kabilar shunday yo'l tutgan, deydi Wikipedia asoschisi.

WT: Social tarmog'idan bir oy mobaynida foydalanish narxi 13 dollarga teng, yillik reja esa 100 dollarga tushadi. Oktyabr oyida ishga tushirilgach, WT: Social foydalanuvchilari soni 50 000 nafarga yetgan. Loyihani rivojlantirish bilan atigi bir necha kishi shug'ullanmoqda. Ueyls so'zlariga ko'ra, ijtimoiy tarmoqni ishga tushirish uchun u hech qanday investitsiya jalb etmagan va xarajatlarni ham mustaqil o'zi boshqarmoqchi.

Ushbu tarmoqda foydalanuvchi maqolalar havolalarini post qilib joylashi va ularni yangiliklar tasmasida muhokama qilishi mumkin. Yangiliklar mavzular bo'yicha toifalarga ajratilgan: siyosat, texnologiyalar, musiqa va hokazo.

WT: Social xronologik lentaga asoslanadi, shu bois unda foydalanuvchiga avval yangi materiallar ko'rsatiladi. Facebook va Twitter kabilarda esa ko'p layklanganlar postlar birinchi navbatda chiqib keladi. Keyinroq yangi tarmoqqa foydalanuvchilar sifatli kontentni boshqalarga taklif etishi uchun maxsus tugmacha ham paydo bo'ladi.

loading...