O‘zLiDeP yetakchilari talaba yoshlar bilan ochiq muloqot qildi

0

Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi “Yoshlar qanoti” tashabbusi bilan ochiq muloqot tashkil etildi. Partiya rahbari Aktam Xaitov, partiyaning yoshlar masalalari bo'yicha o'rinbosari Elbek Shukurov va Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Rasul Kusherbayevlar ishtirokida o'tkazilgan ochiq muloqotda partiya faoliyati va saylovoldi dasturlarida belgilab olingan ustuvor vazifalar xususida to'xtalib o'tishdi.

Ochiq muloqot mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, saylov tizimi va bunda O‘zLiDeP tomonidan ilgari surilayotgan ustuvor vazifalar, partiya dasturidagi yoshlarga oid belgilangan maqsadlarga oid savol-javoblar, qizg'in munozaralarga boy bo'ldi.

Muloqot davomida O‘zLiDeP rahbari Aktam Xaitov partiyaning Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga yosh nomzodlarni ilgari surish masalasidagi savollarga aniq javob berib o'tdi.

“Bugungi kunda mamlakat ijtimoiy-siyosiy hayotiga yuqori fuqarolik mas'uliyatiga va zamonaviy dunyoqarashga ega bo'lgan yoshlar kirib kelayotganini alohida e'tirof etib o'tmoqchiman. Bo'lajak saylovlarda xalqning farovonligi uchun mas'uliyatni o'z zimmasiga olishga tayyor, yangi, raqobatbardosh va xalqaro hamjamiyat uchun ochiq mamlakatni barpo etish, uning barqaror rivojlanishini ta'minlash vazifalarini hal qilishga qodir bo'lgan kelajagi porloq yoshlar nomzodlarini ilgari suryapmiz. Biz partiyaning aniq g'oya va ezgu maqsadlarini ro'yobga chiqarishga, mamlakatimizning ertangi farovon hayoti uchun bor salohiyatini ko'rsata oladigan yoshlarga suyanamiz va ularni doimo qo'llab-quvvatlaymiz”, dedi partiya yetakchisi A. Xaitov.

Partiya vakillari talaba yoshlarni qiziqtirgan barcha savollarga aniq javoblar berib o'tishdi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi

Yoshlar bilan ishlash bo'limi mudiri

loading...