Bolaning ilk qadami kechiksa…

0

Ba'zi ota-onalar o'z farzandlarini boshqa bolalar bilan solishtirishga usta bo'lishadi. Agar ularning jigarbandi bilan tengdosh qo'shnining bolasi tez yurib ketsa, «Bizniki nega yurmayapti?» deb xavotirga tushishadi. Ko'pincha onalarda «Nega bolamning yurishi kechikyapti? Qachon mening farzandim yurishni o'rganadi? Bolam tezroq yurishi uchun nima qilishim kerak?» degan savollar paydo bo'ladi. Aksariyat onalarni qiziqtiradigan savollarga bolalar shifokori Feruza Isayeva javob berdi.

— Bola necha oylikda yurishi kerak?

— Odatda, bolalar ilk qadamini 1 yosh arafasida qo'yadi. Umuman me'yor chegarasi birmuncha keng shakllangan, ya'ni 8 oydan boshlab 1 yarim yilgacha. Ammo har bir organizmning fiziologik xususiyatlari har xil bo'lgani uchun bolalarning biri erta, boshqasida kechroq yura boshlashi tabiiy hol.

Yurish — bola organizmidagi 3 faktorning mutanosibligini talab etadi: mushak kuchi, muvozanat saqlash va xarakter. Odatda, bolaning xarakteri uning yurib ketishida asosiy rol o'ynaydi.

Demak, sog'lom bola nima bo'lganda ham 20 oylikkacha ilk mustaqil qadamini qo'yishi kerak. Bu davrgacha bolalar yetarlicha kuchga to'ladi va qadam tashlash ularda alohida qiyinchilik tug'dirmaydi. Agar bola yurishdan bosh tortsa yoki buni faqat boshqalarning yordami bilan bajarishga intilsa, uni pediatr ko'rigiga olib borish shart. Ortoped, nevropatolog yoki boshqa mutaxassislar tekshiruvidan ham o'tish kerak. Ikkinchidan, umumiy holat ham muhim ahamiyatga ega. Ya'ni bolangizning tayanch-harakat a'zolari funksiyalari aniq rivojlanayotgan bo'lsa, ammo u yurmasa, xavotirga o'rin bor.

Salomatligida muammo yo'q bola bemalol ag'dariladi, o'tiradi, devorga tayana oladi, emaklaydi,   mustaqil turishga yoki divanga chiqishga harakat qiladi, qo'lidan ushlab turganda sakraydi. Agar uning harakat faolligi yetarli bo'lmasa, shifokor bilan qo'shimcha maslahatlashib olish kerak.

Ba'zi qonuniyatlarga ko'ra, bolaning yurishi kechikishi mumkin. Agar ota yoki ona bolaligida erta qadam tashlagan bo'lsa, bola ham ularga o'xshashi ehtimoli bor. Va aksincha, agar ota yoxud onaning o'zi kech yurgan bo'lsa, bolada ham shunday bo'lishi ham mumkin. Shu bilan birga kamharakat, vazni og'ir bolalar ham kech yuradi. Negaki ular uchun oyoqda turish va muvozanatni ushlash ozg'in bolajonlarga qaraganda qiyinroq bo'ladi.

Ba'zi bolalar erta yura boshlaganda yiqilib tushadi. Shu sabab ehtimoliy xavfdan qo'rqish ularning ruhiyatida saqlanib qoladi. Boshqa bolalar, aksincha, ehtiyotkorlik bilan harakat qiladi — ular yuradi, faqat avvaldan bu qiyinchilikni yengib o'tishga ishonch hosil qilib oladi.

Muddatidan avval tug'ilgan chaqaloqlar mustaqil qadam tashlashda tengdoshlaridan ortda qoladi.

— Bolajonga yurishni boshlashida qanday ko'mak berish mumkin?

— Bolani ertaroq yurishga majburlash yaxshi emas. Qolaversa, buning iloji yo'q. Yurish oson ko'ringani bilan juda mushkul jarayon. Ammo oiladagi yaqinlari unga ko'maklashishi mumkin. Buning uchun kichkintoydagi harakat faolligini rag'batlantirish zarur.

Bolani 3-4 oylikda kengroq ko'rpachaga qorni bilan yotqizib, oldiga rang-barang o'yinchoqlarni tashlab qo'ying. Ular qirrasiz, ko'ziga va og'ziga tiqadigan bo'lmasin. Kichkintoyda ularni ushlab ko'rishga ishtiyoq paydo bo'ladi va olish uchun oldinga intiladi. Siz uni tovonidan sekin itaring. Shu tariqa bolada umurtqa va bo'yin mushaklari mustahkamlanadi.

Bola o'tirishni o'rganadigan davrda — 5-6 oylikda esa uni mustaqil qo'yishga harakat qiling, beshikka ko'p belamang. Polda o'tqazib, oldiga turli o'yinchoqlarni tashlasangiz, uzoq dumalab ketganlarini o'zi olishga harakat qiladi. Shunday qilib emaklashni, keyin yurishni ham o'rganadi.

— Harakatga ko'makchi moslamalarni qachondan qo'llasa bo'ladi?

— Emaklashni o'rgangandan keyin unga mashina, koptok kabi harakatli, yurib ketadigan o'yinchoqlarni berish mumkin. Bular vestibulyar apparat va koordinatsiyani rivojlantiradi.

Bu davrda plastik yurish moslamasi (xodunok)dan ham foydalansa bo'ladi. Ammo hozirda ko'pgina mutaxassislar ulardan voz kechishni taklif qilishmoqda. Chunki ularga o'rgangan bola mustaqil yurishga harakat qilmaydi. Buning ustiga xodunoklar bola jinsiy a'zolari va tos suyaklari to'g'ri rivojlanishiga xalal berishi mumkin.

8-9 oylikda bolani devorga suyab qo'ysangiz, oyoqda tura oladi. Bunga tayyorligini sezsangiz, unga yordam bering. Turgandan keyin ehtiyotkorlik bilan qayta o'tirishni o'rgating. Bolani qo'lidan ushlab yoki devor yoqalatib yurishga o'rgatish mumkin.

Bozorlarda hunarmandlar tomonidan ishlangan tayanch yog'och aravachalar sotiladi. Ular yaxshi ko'makchi bo'la oladi. Ularning ortidan itara turib, bolalar qadamba-qadam yurishni o'rganadi. Yog'och aravacha o'rnini kolyaska ham bosa oladi: sayr vaqtida uning bir chetidan ushlab, ehtiyotkorlik bilan yurishiga imkon bering.

— Bola yurganda onalar nimalarga e'tibor berishi kerak?

— O'zi turishga harakat qilmagan bolani majburlab yurgizish mumkin emas. Hali suyaklari quvvatga kirmagan bo'lsa, bu oyoq qiyshayishiga olib keladi.

Ayrim bolalar 10 oylikda yurib ketadi. Bu vaqtda onalar, ayniqsa, ehtiyotkor bo'lishi bolalarni doim kuzatib yonida bo'lishi talab etiladi. O'tkir qirrali jihozlar, rozetka, dazmol, qo'li yetadigan joydagi choynak-piyolalar va shunga o'xshash narsalar — barchasi zararsizlantirilishi kerak.

Bir yarim yoshdan o'tib yurgan bolalar odatda, juda og'ir-bosiq bo'lishadi. Ular yaxshi muvozanatni saqlab yuradi. Vaqtli yurishni boshlagan bola, aksincha, giperfaol, bir joyda o'tirmaydigan, injiq bo'lishi mumkin.

— O'g'il bolalar erta yuradimi yoki qizlar?

— Qizchalar faolroq bo'lishadi. Ammo doim emas. Yuqorida aytib o'tilganidek, erta yoki kech yurish bolaning o'ziga xosligi. Har kimda turlicha bo'lishi mumkin.

— Kech yurgan bola rivojlanishdan ortda qolgan hisoblanadimi?

— Bolaning intellekti, jismoniy rivojlanishi, kelajakda qanday bo'lishi erta yoki kech yurishi bilan bog'liq emas. Bolaning qachon yurishi uning xarakteri singari boshqalardan o'zgacha bo'ladi, xolos.

— Ayrim bolalar endi yurgan vaqtda barmoq uchida yuradi. Bu holat biron muammo borligini bildiradimi?

— Bolaning barmoq uchida yurishi quyidagi hollarda me'yoriy holat hisoblanadi: agar uning rivojlanishi va o'sishida muammo bo'lmasa; bola tengdoshlaridan rivojlanishda   ortda qolmasa; ko'pincha bemalol tovoniga bosib yura olsa va ba'zi-ba'zida barmoq uchida yursa; barmoq uchida yurganida ikki oyog'ini ham barmoq uchiga qo'ysa, faqat bittasini emas.

Ko'pincha bu odat bolada vaqt o'tishi bilan unutilib ketadi. Bunday hollarda ixtiyoriy ravishda onaning o'zi bolaning oyoqlariga tinchlantiruvchi massaj qilishi mumkin. Qum va shag'al ustida yalangoyoq o'ynatish ham foydali.

Agar bolada barmoq uchida yurishiga qo'shimcha ravishda   nevrologik muammolar namoyon bo'layotgan bo'lsa, uni shifokorga ko'rsatish zarur. Muddatidan avval tug'ilgan, tug'ish jarayonida jarohat olgan bolalarda nevrologik muammo bo'lishi mumkin. Ular yana asabiy va ko'p yig'laydigan bo'lishadi, tengdoshlari qila olgan harakatlarni birdaniga qila olmaydi, ammo shifokor tavsiyalariga amal qilinsa, kechroq bo'lsa ham o'rganib olishadi.

GULShAN suhbatlashdi.

loading...