Hikoya: Qizcha..

0

O'tmish va kelajak orasidagi inja bir chegara, osmon va yerning tutashgan nuqtasidagi chiziq: shu lahza. Bor bilan yo'q orasida yo'q bo'lmaslikning   tengsiz kurashi. Ko'ringan va ko'rinmagan o'rtasidagi bog'liqlik. Mening badanim bilan Uning vujudi o'rtasida qolgan qorong'ilik (mavhumlik). Men: ham ko'rgan, ham ko'rilgan. U esa uzoqda, bir yerlarda. Oq dengizning mo''tadil iqlimida, bir daraxtning soyasida yoki kunchuvoqdadir; Jazoir, Marokash. Uni ko'radi; ko'radi, ammo yetisholmaydi. Idrok bu nuqtada ojizmi: «Bir narsaga yetishishni bilishim uchun uni ko'rishim kifoya…»

Qizchaning yanoqlaridan yosh oqardi. Yig'lab uyg'ondi. Uyg'onishidan avval ta'sirini orttirgan yomg'ir endi qorga aylangandi. Shaharning usti — oppoq bir dazmolsiz choyshabdek. Baland binolar, kulbalar, masjidlar, daraxtlar va tomlardagi antennalar… Balkondagi kir ilinadigan dorga yoyilgan choyshab misoli. Ikki havo hodisasi — yomg'irning qorga aylanishi orasidagi o'tgan bu vaqtda qizcha yana bir yoshga ulg'aygandi. Ko'zlaridan oqqan yoshini yoping'ichiga artdi. Yoping'ichining ichidan ter hidi kelayotgandi. Tashqarida eshitilayotgan itlarning akillashi va qushlarning ovozidan hosil bo'lgan shovqindan sekin odimlab, derazaga yaqinlashdi. Bir qo'li bilan ko'z yoshlarini artdi, boshqasi bilan ko'zlarini uqaladi. O'rni tartibsiz edi. Oh, u kechaning og'irligi ko'zlaridan sekin-sekin uchayotganini qizcha anglamasdi ham. U pardani yig'ishtirgach, qor yog'ishi va qizil tomlarning oqarib qolganini ko'rdi. Xonasini shu holda qoldirib onasining oldiga, oshxonaga yugurdi. «Uxladim. Yoping'ichni ustimga tortganimda sakkiz yoshda edim. Uyg'ondim. Mana, to'qqiz yoshdaman».

Ona gazdagi choyning olovini o'chirgach, qizini quchdi. Ilk marta bag'riga olganidagi kabi hayajonli, osmonlar qadar musaffo, dunyoning tahlikalaridan tashvishda, ammo shunday bir kuchli. Choyning bug'i derazani terlatgandi. Bog'dagi daraxtlar qorga burkangan. Ona qizini quchog'idan chiqarmagan holda deraza qarshisidagi kursiga o'tirdi. O'zini ko'rsatishni istagan qor daraxtlar shoxlarini egib qo'ygan. Qor ostida xazon uyumlari. Ayol qizining sochlarini siladi. Ona bo'lish mana shunaqa: o'zingni tubsiz quyilikda qoldirib, avval qizingni osmonga ko'tarasan — odamlar orasiga va kutasan. Qaysidir zamon ustingga tuproq tortiladi, ko'milasan, ammo huzurlanasan. Farzanding, joningdan jon bergan bolang sening o'rningga ham nafas olyapti, harholda.

O'tgan yetti daqiqa-yu qirq sakkiz soniyadan so'ng «Endi sen shu yerda o'tir, men nonushta hozirlay, keyin kiyimlaringni kiyib, maktabga jo'naymiz», — dedi ona. Qizcha bosh irg'atganda yana sochlarini silab qo'ydi.

Havo sovuq. Bir simyog'ochda ona qush va uning qanoti ostidagi polaponi. Ojiz og'ushlarda isinayotgan vujudlar. Tashqaridan kelayotgan itlarning ovozi tingandi, qushlar ko'pdan beri qo'shni binodagi keksa amakining sochgan donlarini yeyish bilan ovora… Sokinlikni buzayotgan faqatgina yon tarafdagi inshoot ishchilari edi.

Bu vaqtda Adanada havo harorati noldan tushmaydi, Qora dengiz taraflarda yomg'ir va biroz sharqda qor yog'moqda. Ege suvlarida biroz to'xtagan baliqlar yana issiq dengizlarga ko'chmoqda va o'lkaning sharqi qorga ko'milgan uylarning eshiklarini ochishga urinib, qor ostida qolgan jonsiz tanalarga yetishishga tirishmoqda.

Ona va qiz nonushta qilib bo'lishganda eshik qo'ng'irog'i chalindi. Qizcha yugurib borib eshikni ochdi. Bo'yoq fabrikasida tungi qorovul bo'lib ishlayotgan otasi kelgandi. Uni quchoqladi, achomlashdi sovuq va issiq ota-qiz. Majburlikdan ko'chish yoki ko'chmaslik orasida qolgan, hech bilmagan yerlariga ketib topa olmaydiganlari bir narsa bu. Ota qizining yuzidan o'pdi. Kursiga o'tirishi bilanoq derazadagi bug'ni artdi. Sovuq yegan qo'llarini isitkichga tutdi. Xotini stolga qo'ygan bir finjon issiq choyni oldi. Horg'inligi ko'zidan ma'lum edi. Gaplashadigan holi yo'qligini o'zi ham, xotini ham bilardi va qizaloqning ham endi bunga aqli yetadi. Ota o'rnidan turdi. Yog'ayotgan qorga tikilib to'g'risidagi stolga suyanib turgan xotiniga yaqinlashib yuzidan o'pdi. Eshik yonidagi qiziga qarab, ko'zlari bilan chaqirdi. Qiz gilam ustidan yugurib keldi. Ota qizining avval chap, keyin o'ng yuzidan va qalam tutgan qo'llaridan o'pdi. Har tong «Yaxshi o'qi, qizim!» — derkan, ovozi: «Bizni bu yerlardan, bunday hayotdan, bu yo'qsillikdan, chorasizlikdan, bu qishdan, qordan, xabarlarda eshitayotganimiz o'q va to'p ovozlaridan, xo'jayinlarning zug'umidan, uyning chakki o'tayotgan tomidan, namdan mog'orlagan bu xonadan qutqar…» — degandek bo'lardi.

Qizcha to'qqiz yoshda edi va bularning hech birini hali anglay olmasdi. Bilgan yagona narsasi onasining kecha uxlashidan avval aytgan shu gaplari edi: «Sening yoshingdagi bolalar hamma joyda ham maktabga borisholmaydi. Qaysisidir cho'ponlik qiladi, qaysisidir shunaqa qorli havoda teshik kulcha sotadi… Bir qanchasi nobud ham bo'lishadi».

Shamol nafasni qaytarib yuboradigan, yog'ayotgan qordan atrofni ilg'ab ham bo'lmaydi. Yo'llarda qolgan oyoq izlari soniyalarda yo'qoladi, mashinalar o'tgandan so'ng balchiqlanib qoladi. Ona qizidan nega yig'lab uyg'onganini so'raganidan so'ng dedi: «Mana shunday to'g'riga o'tamiz, avval chapga, keyin o'ngga, so'ng yana chapga…» Qizcha boshini silkitdi, u o'zidan ham og'ir sumkasini yelkasiga taqib olgandi. Mashinalar bir-bir o'tar, itlarning ovozi shamol bilan aralash va qushlar ham endi donlarni tugatib — balki qor ostida qolib ham ketgandir — uchib ketishardi.

Mashina tormozining tahlikali ovozi butun shaharni tutdi. Ko'chadagi hamma ovoz chiqqan tomonga qarashdi. Ayol bilan qiz bu yerga eng yaqin turishgandi. Onasi qizining ko'zlarini yopib oldi. Har holda ona qizining dunyo shafqatsizliklarini ko'rmasligini, buning sira iloji ham yo'q-ku, hech bo'lmasa, kamroq ko'rishini istardi. Mashina qor sababli to'xtamadi, yo'lida davom etdi, haydovchi orqasiga qayrilib ham qaragani yo'q.

Bu vaqtda Adanada havo harorati noldan pastga tushgan, ammo bu unchalik ko'p emas, har holda men adanaliklardan shunday eshitdim. Qora dengiz taraflarda yomg'ir va sharqrog'ida qor yog'ishdan to'xtadi. Ege suvlarida biroz to'xtagan baliqlar, yanada iliqroq dengizlarga qilayotgan ko'chishini yarimlatgandi va o'lkaning sharqida qor ko'mgan uylarning eshiklari hanuz ochilmagan, jonsiz odamlar hamon qor ostida edi. Endi Sishxonada ham yomg'ir yog'a boshlagandi.

Bor bilan yo'q, ko'ringan va ko'rinmagan, ham ko'rgan, ham ko'rilgan… Uzoqda emas. Oq dengiz uzoqda, Jazoir va Marokash yanayam uzoqda. Bir narsani ko'rish ba'zan Unga yetishmoq emas ekan va idrokning ziddiyatlari hamon davom etmoqda.

— Oyi, — dedi qizaloq bir-biriga qarab turisharkan, u yana yig'layotgandi.

Ona qizchasining ko'zlarini yopib turishi foyda bermadi. Qizcha, baribir, qor, loy aralashib bir ahvolga kelib qolgan asfalt ustiga qaradi. Yangi, hali yoshiga yetmagan polapon o'lgandi. Uning nozik panjalari sovuqdan qaltirab qo'ngan joyini tutib turolmaganmi, ishqilib, ona qushning ojizgina bo'lsa ham, o'zgacha taftli qanotlari ostidan yiqilib tushgan edi. Ona qush simyog'ochning ustida unga qarab chorasiz turar va yana bir mashina polaponning qanotini bosib o'tardi.

Ona qush unga yetisholmasdi…

Turkchadan Shahzod ShODMON tarjimasi

loading...