MIB: “Loyihadagi undiruv kommunal to'lovlarga tegishli emas!”

0

Xabaringiz bor, MIB «regulation.gov.uz» sayti orqali «Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini majburiy ijro etish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi Prezident Farmonini muhokamaga qo'ygandi. Ammo aholi o'rtasida bu qaror biroz noto'g'ri talqin qilinib, “MIB endi plastik kartadagi pulni avtomatik ravishda yechib olarkan” degan xavotirli xabarlar tarqaldi. Xo'sh, bu qanchalik asosli?

— Shuni alohida ta'kidlaymizki, bu loyihaning asosiy maqsadi — soddalashtirilgan majburiy ijro institutini joriy etish, bu tartib bo'yicha davlat ijrochisi majburiy ijro harakatlarida qarzdor bilan muloqotga kirmasdan va undiruvni mol-mulkka qaratmagan holda, masofaviy amalga oshirishdir. Ya'ni bu tartib sudlar va boshqa vakolatli organlarning jismoniy shaxslardan ma'muriy jarima, soliq qarzi va davlat boji undirish haqidagi ijro hujjatlari bo'yicha amal qiladi, deydi Majburiy ijro byurosining Huquqiy ta'minlash va huquqiy-aloqalar bo'limi boshlig'i Nasimxon Burxanov.

—Aholidan e'tibor berishini xohlardikki, bu jarayon odatiy kommunal to'lovlarni undirish jarayoniga mutlaqo tegishli emas.

Undiruvni faqatgina hisob-raqamlardan va plastik kartochkadan so'zsiz yechib olish orqali hamda qarzdorlik mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoridan ko'p bo'lmagan hollarda esa (bu miqdor hozirda 635 ming so'mgacha) qarzdorlikni ish haqiga qaratish orqali amalga oshiriladi.

Sodalashtirilgan majburiy ijro harakatlarining amalga oshirilishi davlat ijrochilarining ish hajmining optimallashtirilishi, ijro samaradorligining ortishi, Byuro xodimlari va qarzdorlar o'rtasidagi keskinlikka barham berilishi, yuzaga kelayotgan e'tirozlarning oldi olinishi, murakkab turdagi ijro hujjatlari ijro etilib, davlat byudjetiga tushimlar miqdorining oshishiga olib keladi, — deydi Nasimxon Burxanov.

loading...