“Mikrokreditbank”ning Qashqadaryo viloyat filiali o'n oyda qancha kredit ajratdi?

0

“Mikrokreditbank” aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish hamda tadbirkorlik sub'yektlarining loyihalarini moliyalashtirish maqsadida imtiyozli va tijorat kreditlari miqdorini yildan-yilga kengaytirib bormoqda. Jumladan, bankning Qashqadaryo viloyat mintaqaviy filiali tomonidan 2019 yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi hamda aholi xonadonlarini tadbirkorlikka jalb qilish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub'yektlarining loyihalarini moliyalashtirish uchun viloyatda jami 9 543 ta mijozga 208,6 mlrd so'mdan ortiq imtiyozli va tijorat kreditlari ajratildi.

Shundan, aholini tadbirkorlikka jalb qilish va oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirish hamda yangi ish o'rinlarini yaratish maqsadida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 3 406 ta mijozga 48,8 mlrd so'm, xotin-qizlarni va oilani qo'llab-quvvatlash jamoat fondi-mablag'lari hisobidan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish dasturlari doirasida 108 ta 1,8 mlrd so'm miqdoridagi imtiyozli kreditlar ajratildi. Ushbu kreditlar hududlarda chorvachilik, issiqxonalar tashkil etish, tikuvchilik, baliqchilik, asalarichilik, ishlab chiqarish, xizmat ko'rsatish va boshqa yangi sohalarni tashkil etish va rivojlantirishga yo'naltirildi.

Jumladan, Qashqadaryo viloyatining turizm sohasini rivojlantirish maqsadida Shahrisabz shahrida “Har bir oila tadbirkor” dasturi doirasida 60 dan ortiq aholi xonadonlarida milliy uslubdagi “Uy mehmonxonalari”ni tashkil etish uchun 1,5 mlrd so'm miqdoridagi kreditlar ajratildi. Mazkur mehmonxonalar Shahrisabz shahriga kelayotgan xorijiy mehmonlarga qulaylik yaratish bilan birgalikda, ularda katta qiziqish uyg'otmoqda. Qolaversa, bu shaharning tashrif qog'oziga aylanib bormoqda.

Shuningdek, amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida bank tizimida xizmatlar ko'rsatishning bozor mexanizmlari joriy etilmoqda, ularning turlari kengaytirilmoqda, tadbirkorlar va aholi uchun moliyaviy ochiqlik oshib bormoqda. Jumladan, Internet bank, SMS bank, Mobil bank kabi xizmat turlari joriy etilib, mijozlar ushbu xizmatlardan foydalangan holda o'z hisob varag'idagi mablag'larni bankka kelmasdan turib masofadan boshqarishmoqda. Jismoniy shaxslar uchun MKB Mobile dasturi tashkil etilib, mijozlar ushbu dastur yordamida bank plastik kartochkasidagi mablag'larini boshqaribgina qolmay, ushbu dastur orqali masofadan kommunal to'lovlar, byudjet va soliq to'lovlari va boshqa turdagi to'lovlarni amalga oshirish, shuningdek, mikroqarz olish imkoniyatiga ega bo'lishmoqda. Ya'ni siz bankka kelmasdan, hech qanday hujjatlarsiz o'zingizga tegishli bank plastik kartochkasi orqali mikroqarz olishingiz mumkin bo'ladi.

Bankimizning hududiy filiallarida aholiga qulaylik yaratish maqsadida 2 ta Infokios, 5 ta UzCard va UnionPay tizimida ishlaydigan bankomatlar hamda 9 ta HUMO tizimida ishlayotgan bankomatlar o'rnatildi. Ushbu bankomatlar 24/7 tizimida, kecha-kunduz ishlamoqda.

2019 yilda bank tomonidan investitsion loyihalarni amalga oshirish maqsadida xorijiy kredit liniyalari hisobidan 16 ta loyihaga 1 746,8 ming AQSh dollari (16,5 mlrd so'm) miqdoridagi kreditlar qishloq xo'jaligi, ishlab chiqarish va xizmat ko'rsatish sohalariga ajratildi. Jumladan, Qarshi shahrida joylashgan Koson filiali mijozi bo'lgan “Shomurod ota” fermer xo'jaligiga chorvachilikni rivojlantirish maqsadida 100,0 ming AQSh dollari miqdorida imtiyozli kredit mablag'i ajratilgan bo'lib, fermer xo'jaligi Ukraina davlatidan 57 dona naslli zotdor qoramollarni olib kelib ko'paytirmoqda. Ushbu loyiha asosida 5 ta yangi ish o'rinlari yaratilib, aholiga va ichki bozorga arzon narxdagi sifatli go'sht va sut mahsulotlari yetishtirilmoqda.

Bunday loyihalar aholiga qulaylik yaratish bilan birgalikda, shahar infratuzilmasini rivojlantirish, iste'mol bozorini sifatli mahsulot bilan to'ldirish, aholini ish bilan band qilishga o'zining beqiyos hissasini qo'shmoqda.

Xulosa o'rnida aytib o'tish joizki, “Mikrokreditbank”ning Qashqadaryo viloyat filiali yuqorida aytib o'tilgan islohotlar va boshqa shu kabi sa'y-harakatlar bilan qishloq xo'jaligi hamda xususiy tadbirkorlik sohalarining rivojiga hissa qo'shib kelmoqda.

Bank axborot xizmati

 

loading...