KALLAKESAR… (19-qism. Oxiri)

0

 

 

“MAXSUS TOPShIRIQ”

 

***

 

Olloh kechirimli. Olloh bardoshli. U o'zi yaratgan bandalariga juda-juda mehribon. Hatto, iblisning etagidan tutib, razolat botqog'ida izg'uvchi, balchiqlarning badbo'y va jirkanch isini dimog'ida tuyib zavq olguvchilarni ham jazolashga shoshilmaydi. Arqonni uzun tashlaydi. Astoydil tavba qilsa, ajrini kamaytirishi mumkin. Tavbadan darak bo'lmasa, kun keladiki, Yaratgan egamiz, Parvardigor, to'qson to'qqizta nom bilan qayta-qayta tilga olishga, tavoblar qilishga, yolvorishga, shafqat so'rab ta'zimlar bajo aylashga, sig'inishga, tavob qilishga arzirli xudoyim favqulodda g'azabga keladi. Ana shu g'azabi razolatni makon tutganlargagina ataladi. G'azabga qolgan noshukr banda ikki dunyo orasida qiyomat kuniga qadar sarson kezadi. Laxta-laxta qonlar yutadi…

Qachonlardir qo'y og'zidan cho'p olishga andisha qilguvchi Mehmonali ham xuddi o'sha razolat botqog'iga botdi. Sarobdangina iborat boylik ishqida jonini jabborga berishga-da hozir-u nozir bo'ldi. O'zini o'zi qullikka mahkum etdi. Bu birinchi qullik edi. Iymonidan ayrilib ham tavba qilish haqida o'ylab ko'rmagan bir bandaning so'ziga kirib narkotikka qul bo'ldi. Bu qullik uni uchinchi qullikka giriftor etdi. Mehmonali o'zi kabi xudo yaratgan bandalarning qonini ichishga o'rgandi. Og'u ta'sirida birovni so'yishgacha, so'yib ham bir tuki qilt etmas ahvolgacha bordi. Shu ko'yi boshi berk ko'chaga kirdi. Ammo o'zi payqamadi. Hanuz o'zini erkin, qaerga qo'l uzatsa yetar darajada bildi va bilmoqda. Bu taxlit og'irdan-og'ir gunohlarga botsa, bir kun itdek o'lim topishini, jasadini zaharli ilonlar chaqib-chaqib olganda ruhi chirqirab azob berishini, bir tishlam go'shtini o'laksaxo'r qushlarmi, quturgan itlarmi talashib-tortishgan mahal to'lg'onib dard chekishlarini o'ylamayapti-da…

Astag'firillo!!!

 

***

 

Mo''tabarning qonini ichgandan so'ng lager ichkarisiga kirib kelardi-yu, qur-qur o'qchib qo'yardi. Joniga tegdimi, qo'yin kissasidan xaltachani chiqardi-yu, bir chimdimini og'izga urdi. Lekin yurishdan to'xtamadi.

Tanasi ancha ko'nikkanmi, endi narkotik oyog'idan olmasdi. Sarxushlantirardi. Yuragi tezroq urib, miyasida faqat bir xil manzara videoyozuv kabi aylana boshlardi.

Xayolan dushmanni tutar, yerga chalqancha yotqizib qo'yib tomog'iga nuqul tig' tortardi. Xuddi shuning o'zi hali o'n gulidan bir guli ochilmagan yigitning iblis yetagida ekanidan bir darak edi…

U rejani puxtalagandi. Hozir asta xonasiga kiradi-yu, Javhariyga tegishli pullarni olib yana ortga qaytadi. Muhammad Sayyid, Avaz tavakkalchi, qo'l ostidagi jangarilarga bu pullarni ko'z-ko'z qiladi. Bilib qo'yishsin-da u qanday uddaburon va qaytmasligini!..

Ammo navbatdagi postda turgan qorovullardan o'tib xonasiga yaqinlashay deganda taqqa to'xtadi. Xona ro'parasida tanish odam turganini qorong'ilikda bo'lsa-da, ilg'ay bildi.

Ha, bu Javhariyning o'zi edi. U chap qo'lidagi tasbehni asabiy o'girgancha uyoqdan buyoqqa borib kelar, jahl otiga mingani aniq-tiniq ko'rinib turardi.

Mehmonali sir boy berib qo'ymaslik ilinjida to'xtab sal o'zini bosib olgandek bo'ldi va dadil qadamlar tashlab Javhariyga yaqinlashdi.

— O', bormisan, komandir? — Javhariy hech narsadan bexabarmi, Mehmonalini ko'riboq chehrasi ochildi. Uning ikki yelkasidan tutib, bir necha marta silkib qo'ydi. — O'lay agar, yarim soatdan beri kutyapman. Agar kelmasang, qidiruv e'lon qilmoqchi bo'lib turgandim.

— Tinchlikmi, komandir? — so'radi Mehmonali iloji boricha xotirjam tortishga urinib. — Biror muammo chiqdimi? Yo ayb ish qilib qo'ydimmi?

— E, yo'-o'q, — dedi Javhariy hov naridagi qorovul xizmatini o'tayotgan avtomatli jangarilarga qarab olib. — Qanaqa ayb? Boyagina keldim xalifimizning oldidan. Senga quyuq salom yo'lladi u kishi.

— Salomat bo'lsin, — dedi Mehmonali sovuqqonlik bilan. — Shu xolosmi?

— Keyin… “Badalg'or”ni tozalab, odambashara qipsizlar deb eshitdim. Rostmi? Yo meni aldashdimi?

Bu savolni eshitgandanoq Mehmonali tamom bo'layozgandi…

Yo'q, qo'rqmadi. Mushtlashishga to'g'ri kelsa, Javhariyni yanchib tashlashini biladi. Faqat… Hammasidan xabar topgan bo'lsa, bu gapni xalifgacha yetkazishidan cho'chirdi. Qolaversa, lagerdagi jami qurol-aslaha shu Javhariyning qo'lida ekanini ham yaxshi biladi. Xudo ko'rsatmasin, g'orga BTR larda borib bomba yog'dirib qolsa, itdek o'lib ketishdan qo'rqardi. Niyatlari amalga oshmay qolishidan vahmi kelardi.

— Aldashmagan, — dedi tavakkal. — Tozaladik. Odambashara qildik. Bilib bo'ladimi, hukumatningmi, amerikaliklarningmi askarlari hujum qip qolsa, jon saqlashga qulay joy kerak-ku!..

— Yaxshi, — deya bosh qashib ketishga chog'landi Javhariy. — Hozir borasanmi g'orga?

— H-ha, borishim kerak, — dedi Mehmonali toqatsizlanib. — Uyoqda Muhammad Sayyid aka Avazlarminan o'tiribdi.

— Shunaqami? Bo'pti, sen boraver! Menam yarim soatlardan keyin o'taman! Chaqchaqlashamiz!..

“O'tsang o'tib o'lmaysanmi, “kazyol”, — deya xayolan so'kingancha xonasiga yo'l oldi Mehmonali. — Sen borguncha pullaring joyini topadi. Keyinam isbotlab ko'r-chi!..”

Xonasi eshigigacha yetishga ulgurmadi.

Negadir Javhariy ortga qaytib to'xtatib qoldi.

— Ukam, esimdan chiqibdi-ku bir gap, — dedi u ovozini pasaytirib. — Xalif senga maxsus topshiriq berib yuborgandi. Hoziroq topshiriqni bajarishga jo'nashing kerak.

— Nima bo'pti? Tinchlikmi?

— Yur, xonangga kiraylik, o'sha yerda aytaman!..

Mehmonali tarvuzi qo'ltig'idan tushgan kimsa kabi birdan bo'shashdi-yu, shalviragancha Javhariyning oldiga tushdi.

 

***

 

Harqalay Javhariy xonada uzoq qolib ketmadi. Topshiriqni, nima qilishni, qanday yo'l tutishni, kimlarni o'zi bilan olib ketishni uqtirdi-yu, chiqib ketdi.

Aytishicha, lagerning xuddi o'sha Mehmonalilar kirib joylashgan g'or tarafidan o'n chaqirimcha narida bir qishloq bor ekan. Qishloq oqsoqoli Mo'ydinbek, Qo'ysin nashafurush deganlar qachonlardir Javhariyni amerikaliklarga sotgan, qaerdaligini, qachon qaerga borishini ma'lum qilgan, oqibatda ular tuzoqqa tushib, o'nlab jangarilar bombaning tagida qolib o'lgan ekan. Javhariygina arang jonini saqlab lagerga kelvolganmish. To'g'ri, bir necha kundan so'ng ko'plashib qishloqqa borishibdi. Lekin sotqinlarni topa olishmabdi. Qochib qolishganmish. Hozir esa yana paydo bo'lishibdi. Javhariy xuddi o'sha ikki erkakning uyiga kirib borib bo'g'izlashni, ayollarini, qizlarini qul qilib olishni, ketayotib uylariga o't qo'yishni buyurdi. Sheriklikka Avaz bilan qo'shib g'ordagi jangarilarni olib ketishni tayinladi.

Bu topshiriq Mehmonali uchun ayni muddao bo'lgandi. Chamasi Javhariy hozircha pullari yo'qolganidan, pol ostidagi odam suyaklari olib ketilganidan bexabar shekilli. Bu haqda hatto, ishora ham qilib qo'ymadi.

“Hali shoshmay tur, sen yaramas, — o'ylardi bir xalta pulni ko'targancha g'or tomon ketib borarkan Mehmonali. — Mayli, shu topshirig'ingniyam bajarib beramiz. Keyin esa enangni uchqo'rg'ondan ko'rsatamiz. Oyog'imni o'pib shafqat so'raysan. Menga, faqat menga itoat etadigan, buyrug'imni mo'ltirab kutadigan bo'lasan, ha! Men tez orada bu yurtning johil va shafqatsiz, nomdor komandiriga aylanaman. Ana undan keyin qurol ombori bizning ixtiyorimizga o'tadi. Ana shundan keyin o'sha dimog'dor, zo'ravon xalifingni bosamiz. Ko'ribsanki, afg'onda ham, o'sha Suriya, Iroqdayam men hukmron bo'laman, men!..”

Shirin va xom xayollar hanuz og'u ta'sirida qolib ketgan Mehmonalini jo'shtirib yubordi. Qo'yib berishsa, bor ovozda ashula aytib yuborar bo'ldi. Shunday ahvolda g'orga yaqinlasha bordi.

Ichkarida qolgan jangarilar, Avaz, Muhammad Sayyidlar negadir tashqariga chiqib olishgan, ularning qarshisida Javhariy tik turgan holda hammalariga nimalarnidir uqtirar, ahyon-ahyonda Mehmonali kelayotgan tomonga qarab olardi.

 

***

 

— O', bo'lg'usi komandir keldilar, — qulochini kerib Mehmonalini qarshi olgan bo'ldi Javhariy. — Qani, ichkariga kirsinlar!

Mehmonali imi-jimida qarshisidagilarning aft-angoriga nazar soldi. Ularning avzoyi buzuq, ayniqsa, Avaz tavakkalchining goh labi, goh yelkasi uchib-uchib olardi. Mehmonali sezdiki, bu yerda bir gap bo'lgan. Ammo qanday gap? Javhariyning yuz tuzilishida deyarli o'zgarish ko'rmadi. Xonasida qanday bo'lsa, shundayligicha qolibdi.

“O'zaro janjallashishgan shekilli, — ko'nglidan o'tkazdi Mehmonali ehtiyotkorlik bilan g'or ichkarisiga yurib borarkan. — Bularning hammasi bir-birini ko'ra olmaydi. Kattaroq bir narsani talashishgan bo'lsa kerak…”

G'orga kirishgach, holat butkul o'zgardi.

Ichkaridagi jangarilar ko'z ochib yumguncha Mehmonalini o'rab oldi.

Kimdir orqadan kelib tizzadan pastiga kuch bilan tepgandi, Mehmonali tizzalab o'tirib qoldi.

Shundan so'ng tepasida Javhariy hozir bo'ldi.

— Xo'sh, qahramon, yaxshi yetib keldilarmi? — kinoya aralash savol tashladi u jonholatda Mehmonalining qo'lidagi pul to'la xaltani tortib olarkan. — Shuncha pulni qaerga opketmoqchiyding? Axir, bizdan bir og'iz so'rasang bo'lardi-ku pul kerak ekan! Yo halitdan bizni odam o'rnida ko'rmay qo'ydingmi?

— Bu xalifalikka da'vo qilyapti, — dedi Avaz sovuq irshayib. — Mana, shu yergayam bizni o'zi boshlab keldi. Niyatini payqaganimizdan keyin atayin qo'yib berdik. To siz kelguningizcha indamay turishga kelishib oldik.

— Juda yaxshi qipsizlar indamay, — dedi Javhariy Muhammad Sayyidga yuzlanib. — Ko'rdingizmi, otaxon, shogirdingiz pand berdi!?. Mening sirlarimni ochib o'ldirtirmoqchi bo'libdi.

— Niyating nima o'zi? — deya tepasidagi Javhariyga tik boqdi Mehmonali. — O'ldirishmi? O'ldir! Nega qarab turibsan? Yo duxing yetmayaptimi?

— Nima?..

Bu gapi Javhariyning nafsoniyatiga tegib ketgani ma'lum edi. U kutilmaganda Mehmonalining yuz qismiga tizzalab yubordi. U chalqancha yiqildi. Shu zahoti yuz-ko'zlari qonga bo'yaldi.

— Sen menga o'rgatyapsanmi hali? Vey, salaga, kimsan o'zing? Kimsan-a?

— Odamman! — dedi Mehmonali sira tap tortmay. — Hali shoshma, sen murdaxo'r, qarg'a, xaliflikni qo'lga kiritvolay, o'shanda gaplashamiz senminan!

Bu gapini eshitgan jangarilar baravar kulib yubordi. Ammo Javhariy kulgiga jo'r bo'lmadi. Tiz cho'kdi-da, Mehmonalining iyagini siqimladi.

— Yo'g', — dedi u tishlarini beo'xshov g'ijirlatib. — Sen oson o'lim topmaysan. Qiynalib, jon achchig'ida o'ldirishimni so'rab yolvorasan! Har bir a'zoingni kesib olganimda, naq do'zax o'tida kuyasan. Qani, kim seni qutqarib qolarkin?!. Hech kim. Hatto, xudoyam sendan yuz o'girgan. Shuni bilasanmi, g'alcha?

— Qo'lingdan kelganini qil, — dedi Mehmonali va Javhariyning yuziga tufladi.

Shubhasiz, bu haqorati Javhariyni oyoqqa turg'azdi. O'rnidan turiboq, uyoq-buyoqqa alanglab turdi-da, hov narida yotgan qilichni qo'liga oldi va yana Mehmonalining tepasida paydo bo'ldi.

— Ana endi boshlaymiz, — dedi u jangarilarga viqor bilan bir-bir boqib. — Hammang guvohsan! Bu nonko'r komandirning xonasidan katta pul o'g'irladi. O'g'irlikni xudoyam kechirmaydi. Keyin pol ostidagi dushmanlarning murdalarini chiqarib olibdi. Shu bilan meni shantaj qilmoqchi bo'libdi. Xo'sh, bunday nonko'rlar qanday jazoga loyiq?

Jangarilar baravar qichqirishdi:

— O'lim!!! O'lim!!! O'g'riga o'lim!!!

Hayqiriqlarga Avaz ham, Muhammad Sayyid ham jo'r bo'ldi.

Mehmonali esa Avazga yer ostidan alam aralash boqardi-yu, afsus-nadomatlar o'tida qovrilardi. Qanchalar sodda, laqmaligiga la'natlar o'qirdi. Ko'ziga qarab turib aldagani esiga tushgani sayin uni bo'g'izlab tashlashga hozir edi. Biroq buning imkoni yo'q edi. Ortiqcha harakat sodir etsa, tamom, tepasida turgan jangarilar ur-kaltak qilib tashlashadi. Sportchiligi ham bu vaziyatda ish bermasligini bilardi. Shuning uchun taqdiriga tan bergancha sukut saqlashdan nariga o'ta olmadi. Qanchalar og'ir gunohlarga yo'l qo'ygan bo'lmasin, baribir xayolan bo'lsa-da, xudoga nola qila boshladi. Shafqat so'rab yolvordi. Baxtga qarshi xudo uni ko'rmayotgandek tuyulardi. G'oyibdan na shafqat, na rahmat-mag'firatlar bo'y ko'rsatardi…

 

***

 

— Yo Olloh!!! — Javhariy qo'lidagi qilichni azot ko'tardi-da, Mehmonalining o'ng oyog'iga urdi.

— A-a-a-a-a!!!

Qilichning o'tkir tig'i Mehmonalining oyog'ini cho'rt uzib o'tgandi. Lekin qon darrov tirqiramadi. Bir marta paydo bo'lgan kuchli og'riq uni bor ovozda baqirishga majbur etdi. Keyin esa og'riq tingandek bo'ldi. Faqat ko'z oldi qorong'ilashib, o'zini quyuq tuman orasida turgandek his etdi. Javhariy uzoq vaqt to'xtab qolmadi. Ikkinchi zarbani Mehmonalining chap oyog'iga yo'lladi. Bu zarbaga chidab turishning imkoni yo'q edi. U na'ra tortgancha tipirchilay boshladi. Oyoqlari ham ikki tomonda qoniga botgan ko'yi xuddi o'zi kabi tipirchilardi.

Shu tobda…

G'or tepasida samolyotlarning gurillashi eshitildi. Bir necha o'n soniya ichida kuchli portlash atrofni tutdi. Ichkaridagi jangarilar tashqariga chiqishga-da ulgurmadi. Hammayoqning to's-to'poloni chiqdi. Ikkinchi portlashdan keyin Mehmonalining ustiga qandaydir olovsifat narsa kelib tushdi-yu, bir zumda tindi.

Tevarakni o'lik sukunat qopladi…

Mehmonali ko'zlarini ochdi-yu, o'zini keng darada ko'rdi. Dara turli ko'rinishda bo'y ko'rsatardi.

Bir tomon yam-yashil daraxtzorlar, bir-biriga husnini ko'z-ko'zlayotgan gulzor, boshqa tomonda esa qoramtir balchiq zohir edi. Balchiq nuqul bilq-bilq qilib, o'zidan gazsifat, o'ta badbo'y hid taratardi.

Dahshatlisi, balchiqning shundoq tepasida Mo''tabar muallaq turar, a'zoyi badani qora loyga belangandi.

Mehmonali hech narsaga tushunmay, o'ng tomoniga ko'z tashladi.

Gulzorlarning biri o'rtasida Barno jilmaygancha unga qarab turardi…

Battar hayrati oshib, oldinga boqdi.

Oldinda… Hov narida oltinsifat tus olgan yorqin nur, nur orasida esa yangi tug'ilgan chaqaloqlar qurshovida yana bir go'dak yuqorida muallaq turgancha qiqir-qiqir kulib, go'yo Mehmonalini masxaralardi.

Darrov tanidi.

Bu chaqaloqni qachonlardir uning o'zi Soli ota qistovi bilan yerga ko'magandi.

U Mo''tabarning o'ynashdan bo'lgan bolasi.

Ammo… Nega u yerda turibdi? Nimaga onasining yonida emas? Ha-a, demak, xudoning xohishi shunday bo'lgan. Xudo chaqaloqni hurlar orasiga qo'shilishini ixtiyor etgan. Uning gunohi yo'q-da. Shuning uchun go'dakni balchiqqa ravo ko'rmagan…

O'zi-chi? Nega yo u yoqli, yo bu yoqli emas? Qaerga boradi endi? Qay tomonga yursin?..

Barno!.. Birinchi muhabbati! Arzimas uy tufayli muhabbatini oyoqosti qilgan nodon qiz!..

Ha, uning yoniga boradi. Aftidan Mehmonaliga xudoning o'zi ham tanlash imkonini bermoqda. Barnoning yoniga borsa, balchiqqa botmaydi…

Ammo…

Nima uchun Barno bu yerlarda turibdi? U ham o'lganmidi? Nimaga? Qachon?..

Savollar ko'p, faqat ularga javobning o'zi yo'q edi…

Mehmonali jonholatda gulzor tomon talpindi.

Lekin shu zahoti qarshisida juda baland, tikanaklarga burkangan devor paydo bo'ldi. Devor nafaqat uning yo'lini to'sib qoldi, balki gulzorni tomosha qilishdan-da mahrum etdi.

— Sen chapga yur! — g'oyibdan noma'lum ovoz keldi shu tobda. — Sen botqoqlik qa'rida yashashga mahkumsan! Agar shoshilmasang, bundan ham ayrilib, yer girdobiga kirasan. Ajriq tomirlari bilan o'ralgan bu metindek yer bor bo'ying bilan qisib, o'zingni asfalasofin domiga g'arq etadi. Shoshil!.. Shoshil!!!

Na iloj? Mehmonali o'lganini, endi o'zga dunyo qonunlariga itoat etishga majbur ekanini ilk bor idrok etdi va istar-istamas balchiq tomonga qarab yurdi.

U yaqinlashgani hamono Mo''tabar muallaq turishni bas qilib, balchiq ustiga oyoq qo'ydi-da, darrov qulochini kerdi. Zum o'tmay, Mehmonali ko'ksining allaqaeridan otilib chiqqan faryodga qul bo'lgancha achchiq-achchiq yig'lab fohishasining, xiyonatkor, ikkiyuzlamachi, yuzsiz, nomussiz, hayosiz, diyonatsiz zavjasining bag'riga kirdi.

Bag'irlar birlashdi deguncha ikkovi ham asta-sekinlik bilan botqoqlik qa'riga ravona bo'ldi.

Ulardan keyin bilq-bilq etgan yoqimsiz tovushlargina qoldi.

Ha, Mehmonali boqiy dunyoda ham gunohlari ajrini to qiyomatga qadar xuddi shu botqoqlik qa'rida to'lashga, azoblanishga, bezovtalik, xo'rlik, tubanlik tubida qolishga mahkum etilgandi.

(Tamom)

Olimjon HAYIT

 

loading...

FIKR BILDIRISh

Please enter your comment!
Please enter your name here