Salonida 55 nafar hamyurtimiz bo'lgan avtobus qahraton tufayli yo'lda buzilib qoldi

0

Mamlakatimizning Aqtau shahridagi (Qozog'iston) Bosh konsulxonasi 2019 yil 20 noyabr kuni Samara-Chimkent yo'nalishi bo'ylab harakatlanayotgan va ichida 57 nafar odam, jumladan, 55 nafar O'zbekiston fuqarosi bo'lgan avtobus Aqtobe viloyati Xromtau tumani hududida texnik nosozlik tufayli to'xtab qolgani to'g'risida OAVda tarqalgan ma'lumotni tasdiqladi. Bu haqda TIV xabar berdi.

Favqulodda vaziyatlar bo'yicha viloyat departamenti yordamida hamyurtlarimiz issiq joyga evakuatsiya qilindi. Ular orasida tibbiy yordamga muhtojlar mavjud emas. Sovuq ob-havoga qaramay avtobusda yoz uchun mo'ljallangan yonilg'idan foydalanilgani va u muzlab qolgani nosozlikka sabab bo'lgan. Ayni paytda ta'mirlash ishlari olib borilmoqda.

Bosh konsulxona vaziyatni nazoratga oldi va Qozog'istonning tegishli idoralari bilan doimiy aloqada bo'lib turibdi.

Shu bilan birga TIV Konsullik-huquqiy departamenti yana bir bor O'zbekiston fuqarolari e'tiborini avtobuslarda yoki avtomobil transportining boshqa turlarida qishki vaqtda Qozog'istonga kirishda yoki uning hududidan o'tishda ehtimoliy xatarlarni hisobga olish va tegishli choralar ko'rish zarurligiga qaratadi.

«Qozog'iston hududida bo'lib turgan O'zbekiston fuqarolari, jumladan tranzit bilan boshqa davlatga o'tayotgan yurtdoshlarimiz, zarur hollarda mamlakatimizning Nur-Sulton shahridagi Elchixonasiga (Nur-Sulton shahri, Aqmo'la, Shimoliy Qozog'iston, Pavlodar, Qostanay va Qarag'anda viloyatlari, tel.: +7-717-295-45-87, +7-777-218-20-10 (Telegram, Whatsapp, Imo); Aqtau shahridagi Bosh konsulxonaga (Aqto'be, Atirau, G'arbiy Qozog'iston va Mangistau viloyatlari, tel.: +7-29-277-71-17, +7-777-599-00-50, +7-777-599-00-51); Olmaota shahridagi Bosh konsulxonaga (Olmaota shahri, Chimkent shahri, Olmaota viloyati, Sharqiy Qozog'iston, Turkiston, Jambil va Qizilo'rda viloyatlari, tel.: +7-727-299-20-70, +7-727-390-26-16) murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o'tamiz», – deyiladi xabarda.

Xs.uz

loading...