Buxoro viloyati IIB qiynoqqa solingan o'quvchi haqidagi xabarga munosabat bildirdi

0

2019 yil 02 noyabr kuni soat 11:00dan 04 noyabr kuni soat 16:00ga qadar bo'lgan vaqt oralig'ida noma'lum shaxs G'ijduvon tumani Sho'rcha MFY Sho'rcha qishlog'ida yashovchi fuqaro D.Raupovaning yashash xonadoniga g'ayriqonuniy ravishda kirib, hovlisining supasida o'rnatilgan bahosi 500.000 so'm bo'lgan suv nasosi, yotoqxona ichidan bahosi 1.000.000 so'm bo'lgan tikuv mashinasi hamda bahosi 300.000 so'm bo'lgan yostiq jildlarini o'g'irlagan.

Mazkur holat yuzasidan 2019 yil 06 noyabr kuni G'ijduvon tumani IIO FMB huzuridagi Tergov bo'linmasi tomonidan noma'lum shaxsga nisbatan JKning 169-moddasi 2-qismi “g” bandi bilan jinoyat ishi qo'zg'atilgan.

Ushbu jinoyatni sodir etgan shaxsni aniqlash va jinoyatni fosh etish maqsadida xodimlar tomonidan bir qator tezkor-surishtiruv harakatlari olib borilgan.

Jumladan, 2019 yil 12 noyabr kuni soat 12.05da G'ijduvon tumani IIO FMB 1-son IIB jinoyat qidiruv guruhi tezkor vakillari katta leytenant M.N.Sharipov hamda leytenant L.R.Naimovlar tomonidan D.Raupovaning uyida sodir etilgan jinoyatni fosh etish maqsadida, ushbu qishloqda yashovchi, 2004 yilda tug'ilgan, voyaga yetmagan F.Z.Toshpo'latov bilan surishtiruv ishlarini olib borish uchun u tahsil olayotgan 31-maktab direktori N.Avezovning ruxsati bilan maktab o'qituvchisi N.Usmonov ishtirokida G'ijduvon tumani IIO FMB 1-son IIBga olib kelingan va mazkur jinoyat bo'yicha surishtiruv o'tkazilib, suhbat olib borilgan.

Ushbu xodimlardan holat yuzasidan so'ralganda, voyaga yetmagan F.Toshpo'latov bilan o'qituvchisi N.Usmonov ishtirokida suhbatlashilganini, oradan 10-15 daqiqa o'tib F.Toshpo'latovning onasi M.Q.Fozilova IIBga kelib, baqir-chaqir qilgan holda voyaga yetmagan o'g'li bilan uning roziligisiz surishtiruv harakatlari olib borilayotganligiga e'tiroz bildirganligini, tushuntirish xatini va surishtiruv harakatlarini yakuniga yetkazishga to'sqinlik qilib, farzandini IIB binosidan olib chiqib ketganligini ma'lum qilishdi.

Fuqaro M.Fozilova 2019 yil 12 noyabr kuni o'g'li F.Toshpo'latov bilan G'ijduvon tuman prokuraturasiga borib, IIB xodimlari o'g'lini urganligi haqida bildirib, sud tibbiy ekspertizasidan o'tish uchun yo'llanma so'rab murojaat qilgan. Tuman prokuraturasi tergovchisi tomonidan sudga oid tibbiy ekspertizasi tayinlangan. Shu kuni soat 21.10da F.Toshpo'latov RShTYoIM Buxoro viloyati filialiga murojaat qilgan.

RShTYoIM Buxoro viloyati filialida F.Toshpo'latov shifokorlar ko'rigi, rentgen hamda «UZI» apparatlarida tekshiruvdan o'tkazilib, tanasida jarohat izlari aniqlanmagan va uning so'zlaridan “Chap yuzi yumshoq to'qimalarining lat yeyishi” tashxisi qo'yilib, viloyat sud tibbiy ekspertizasi ko'rigidan o'tazilgan. Hozirda sud tibbiy ekspertizasi xulosasi G'ijduvon tumani prokuraturasiga taqdim etilmagan.

Mazkur holat yuzasidan G'ijduvon tumani prokuraturasi tomonidan tergovoldi tekshiruv harakatlari, G'ijduvon tumani IIO FMB mas'ul xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi o'tkazilmoqda.

Buxoro viloyati IIB Axborot xizmati

loading...