ODAMFURUShLAR…

0

 

 

* * *

 

Bozorboy keyingi oylarda ro'zg'or tebratish qiyinlashib borayotganini his eta boshlagandi. Eski shaldiroq «Jiguli»da taksichilik qilib topgani ulovning deyarli o'zidan ortmas, shunday kunlar bo'lardiki, to'rtta non olishga o'ylanib, boshini changallagancha turib qolardi. Nima qilsin? Maoshi ko'proq ish topish har kimga ham nasib etavermaydi. Axir, tuzuk-quruq tanishing bo'lmagandan keyin kim seni «beri kel» derdi?!.

Bozorboyning dardi ichida edi. Xotini Maxfirat, uyga kirib kelganda mo'ltirab turguvchi ikki farzandiga ham bu dardini to'kib sola olmasdi. Shundoq ham ular qiynalib ketishgan. Ayniqsa, maktab yoshiga yetib qolgan farzandlari o'rtoqlarining qo'llarida qimmat turadigan yeguliklar ushlab turishganini, chet elda ishlab chiqarilgan yaltiroq kiyimlar kiyishganini ko'rib o'ksishlarini tasavvur etsa, yuragi ezilib ketardi.

Shunday kunlarning birida Mirodil ismli yaqin tanishini ko'rib qoldi. Salom-alikdan so'ng Mirodil eski mashinaga achingan ko'yi tikilib turdi-da, Bozorboyning yelkasiga qoqdi.

— Sabr-toqatingga qoyilman lekin! — dedi u. — Shu shaloq aravada kun bo'yi yurish joningga tegmadimi? Yangirog'idan olsang bo'lmaydimi?

— Yangisiga pul qayda? — dedi Bozorboy qovoq uyib. — Qornimizni zo'rg'a to'ydirib yuribmiz-ku! Sen yangi mashinani aytasan-a!

— Bir zo'r gap aytaymi? — dedi Mirodil nimadir yodiga tushgandek hushyor tortib.

— Ayt, nima gap?

— Fazilat degan tanish ayol bor. O'sha shahardan ishsiz qolgan yigitlarni to'plab xorijga jo'natayotgan ekan. Qurilishda ishlarkan borganlar. Xoh ishon, xoh ishonma, oyiga bir yarim ming ko'kidan kam maosh olishmas ekan.

— O', zo'r topishayotgan ekan-da!.. Menga qara, menam o'sha yoqlarga borsam-chi? Boshqalardan nima chatog'im bor?

— Ha-a, ana endi o'zingga kelding! — kulib yubordi Mirodil. — Bor, ishla, pul top! Qachongacha manavi shalaq aravangni yetaklab yurasan. Vey, bu ketishda-chi, biring ikki bo'lmaydi. Bunisiga men kafil, oshna!

— Bo'ldi, boraman. — dedi Bozorboy qat'iy ohangda. — Jonimga tegdi. Meni tez o'sha ayol bilan tanishtir!

— Ketdik, hoziroq olib boraman. Ajabmas, shu bahonada ishlaring yurishib, ko'rmaganday bo'lib ketsang!

— Ha, do'stim, juda zo'r bo'lardi. Lekin… Oldindan aytib qo'yay…

— Nimani aytasan? — Bozorboyga hayrat aralash boqib so'radi Mirodil.

— Agar buyog'i o'xshab ketsa, seni albatta rozi qilaman…

— Mayli, mayli, — gapni kesdi Mirodil. — yuraqol, opani topaylik!..

 

* * *

 

«Telbaning ishini Xudo o'nglaydi» deganlari rost ekan. Bir hafta o'tib-o'tmay Bozorboy xorijdagi chekka qishloqlardan biriga yetib bordi. Yonida yana o'zi tengi ikki-uch yigitlar ham bor edi.

Ularni Fazilat opaning o'g'li Xursandbek kutib olib, kichik bir vagonchaga joylashtirdi. O'zlari bilan issiq kiyimlar olishgani yaxshi bo'lgan ekan. Chunki bu yurt juda sovuq ekan. Tunda ikki qavatdan ko'rpacha yopinib yotishsa-da, Bozorboy isimadi. Tuni bilan titrab chiqdi. Lekin na iloj? Chidashi shart. Katta pulning mashaqqati ham o'ziga yarasha bo'ladi. Shularni o'ylarkan, Bozorboy dardini ichiga yutdi.

Ertalab nonushtadan so'ng Xursandbek barchalarining hujjatlarini yig'ishtirib oldi. Uning aytishiga qaraganda, vaqtinchalik ro'yxatga qo'ymasa bo'lmaskan.

— Ana endi, og'aynilar, — dedi Xursandek kaftlarini bir-biriga ishqalab. — maqsadga o'taylik. Sizlarga bir bino qurilishi topshiriladi. Qancha tez bitirsalaring, shuncha tez uyga qaytasizlar. Ish haqini oyim aytgan. Shundan bir tiyin kam ham, ko'p ham bo'lmaydi. Kelishdikmi?

Ular baravariga bosh irg'ab Xursandbekning so'zini ma'qullashdi. Shundan so'ng u Bozorboy va sheriklarini ergashtirib qishloqning chetrog'iga boshlab bordi. Katta maydon. O'rtasiga qum va shunga o'xshash qurilish materiallari to'kib tashlanibdi.

Xursandek yarim soatcha binoning tuzilishi va ish shart-sharoitlarini tushuntirdi. Barchasi aniqlab bo'lingach, xayrlashib jo'nab ketdi…

 

* * *

 

… Oradan bir oy vaqt o'tdi. Bozorboy o'zga yurtning sovuqlariga birmuncha ko'nikdi. Endi tunlari titrab chiqmaydigan bo'ldi. Lekin negadir maoshdan darak yo'q edi. Axir, qo'shnisidan yo'lkiraga mo'maygina pul qarz olgan. «Birinchi maoshimdan jo'nataman» deya ishontirgan. Tortina-tortina bo'lsa-da, Xursandbekdan so'rab ko'rdi. U sira kutilmaganda Bozorboyga o'qrayib qo'ydi-da, yelkasiga qo'l tashlab to'ngak ustiga o'tqazdi.

— Namuncha ta'magirsiz, aka? — dag'dag'a aralash so'radi Xursandbek. — Boshida aytilgan, ishni tamomlagandan keyin olasiz pulingizni. Ming martalab takrorlashim kerakmi? Yo sizga bir-ikkita gap kammi?

— Tushunmadim, — dedi Bozorboy sheriklariga ma'noli boqib. — boshida har oyda hisob-kitob qilamiz degandingiz. Buning ustiga hujjatlarimizni haliyam qaytarib bermadingiz. Maqsad nima?..

— To'g'ri-da, — oraga tushdi mardikorlardan biri. — va'dani quyuq berganding, uka! Bajargin-da endi!..

Xursandbek sezdiki, ularning toqatlari toq bo'lib borayapti.

Dast o'rnidan turdi-da, qo'l telefonidan kimgadir qo'ng'iroq qila boshladi.

— Isyon ko'tarayapsanlarmi? — baqirdi u jazava ichida. — Qaerda, kimning qo'lida ekanlaringni unutib qo'ydilaringmi? Xo'p, hozir Misha keladi. O'zi gaplashadi senlar bilan…

 

* * *

 

Odam bolasi uchun bundan ortiq xo'rlik bo'lmasa kerak. O'z peshona teri evaziga ishlab topgan pullarini so'ragan mardikorlar naq baloga qolishdi. To'rt barzangi ularni tepkilay-tepkilay yerto'laga qamab tashladi.

O'sha kundan boshlab Bozorboy va sheriklari uchun do'zaxdan-da battarroq hayot boshlandi. Ish beruvchilar yegulikdan qisganlari yetmay, mardikorlarni vagonchada emas, yerto'lada tunashga mahkum etib, ustiga-ustak ishni yarim tungacha davom ettirishga majburlashardi. Bir so'z bilan aytganda, katta pul umidida vatanni tashlab kelgan uch mardikorning quldan farqi qolmagandi.

— Ortiq bunga chidab bo'lmaydi, — deya sheriklariga yuzlandi bir kuni Bozorboy. — qaranglar, shunday zamonda qul bo'lib ishlash alam qilarkan odamga. Qaranglar, hammamiz ham ozib-to'zib yotibmiz. Bu turishda yaqin orada og'ir kasal orttirib olishimiz hech gap emas.

— Nima qilaylik? — so'radi sheriklardan biri. — Yonimizda na hujjat, na pul bor. Dardimizni kim ham eshitardi.

— Qochamiz, — dedi Bozorboy. — bundan boshqa yo'l yo'q. Begona yurtlarda xor bo'lib o'lgandan, qiynalsak ham qochib qutulganimiz afzalroq. Uyog'ini peshonadan ko'raveramiz. Xo'sh, nima deysizlar?

Sheriklar yelka qisgancha bir-birlariga qarab olishdi-da, bosh qashish bilan kifoyalanishdi.

— Namuncha qo'rqoq bo'lmasalaring? — tutoqib ketdi Bozorboy. — O'ychi o'yiga yetguncha, tavakkalchi ishini bitiradi. Yo'lda qolib ketmasmiz, axir! Insofli odamlar uchrab qolar!

Bu gapdan keyin sheriklar ham rozi bo'lishdi. Uchchovlon yarim tunda qochish rejasini tuza boshladi.

 

* * *

 

Qishning qattol sovug'ida begona, umuman notanish ko'chalar bo'ylab pusib qochish uchchala mardikorning tinka-madorini quritgandi. Ayniqsa, Bozorboy azbaroyi chanqaganidan ko'z oldi qorong'ilasha borayotganini his etar, faqat qullik azobidan matonatgina qutqarishini bilgani bois tishini tishiga bosardi. Ochlikni ham qult-qult yutinish bilan haydab solardi.

Lekin ularga Xudoning o'zi ko'makchi bo'ldi. Yurtga odam tashiydigan avtobus haydovchilari ularning so'zlariga ishonishdi. Yo'l-yo'lakay yegulik, suv berishdi.

Mardikorlar bir hafta deganda qadrdon shaharga yetib kelishdi…

 

ESLATMA:

 

Voqea hayotdan olingan. Qahramonlarning ismlari o'zgartirilgan.

Firib qurboniga aylangan uch yigit ertasi kuniyoq militsiya bo'limiga murojaat etishdi.

Xursanbek sud hukmi bilan uzoq muddatga ozodlikdan mahrum etildi.

Olimjon HAYIT

 

loading...