Qulay, sifatli va professional tibbiyot

0

O‘zLiDeP O'zbekistonning sog'liqni saqlash tizimida yuqori samaradorlikka erishgan eng ilg'or 30 ta mamlakat qatoriga kirishiga, onalar o'limi ko'rsatkichini uchdan bir qismga, chaqaloqlar va besh yoshgacha bo'lgan bolalar o'limini ikki barobar, aholi o'rtasida yurak-qon tomir, onkologik kasalliklar, qandli diabet hamda surunkali respirator kasalliklardan o'lim holatlarini 30 foiz kamaytirishga erishish g'oyasini ilgari surmoqda.

Bu borada, albatta, sog'liqni saqlash tizimidagi islohotlarni chuqurlashtirish, sug'urta sohasini rivojlantirish va aholi sog'lig'ini sug'urtalash tizimini joriy etish, davlat-xususiy sheriklik tamoyilini hayotga izchil tatbiq etish, xususiy tibbiyotni rivojlantirish orqali malakali tibbiy xizmat ko'rsatish bobida sog'lom raqobat muhitini yaratish va tibbiyot turizmining yuksak xalqaro mezon va standartlarga mosligini ta'minlash muhim ahamiyat kasb etadi.

Prezidentimiz Farmoni bilan tasdig'langan 2019 — 2025 yillarda O'zbekiston Respublikasining sog'liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasida majburiy tibbiy sug'urtani bosqichma-bosqich joriy etish ham ko'zda tutilgan bo'lib, bu ko'plab mulohazalarga sabab bo'lmoqda.

Biz Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti ekspertlari bilan hamkorlikda ishlab, yurtimizda majburiy tibbiy sug'urtani joriy etish zarur, degan to'xtamga keldik. 2019-2020 yillar davomida bu borada tayyorgarlik bosqichi olib borilib, tizimning huquqiy asosi ishlab chiqiladi. Birinchi bosqich 2021 yilning 1 yanvaridan boshlanib, tajriba sifatida Sirdaryo viloyatida amalga oshirilishi ko'rsatib o'tilgan bo'lsa, ikkinchi bosqichda, ya'ni 2023 yilning 1 yanvaridan respublikamizning 6 viloyati, 2025 yil 1 yanvardan esa mamlakatimizning barcha hududi to'liq qamrab olinadi.

Shu o'rinda aytish kerakki, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning majburiy sug'urtasini davlat o'z zimmasiga oladi, ya'ni ushbu yo'nalishda ham ijtimoiy himoya saqlab qolinadi. Muhimi, sug'urta tufayli tibbiyotda tartib o'rnatiladi, tashxis va davolash standartlarini maxsus ekspertlar nazorat qiladi. Muolajalar oz hamda keragidan ortiqcha bo'lishiga yo'l qo'yilmaydi. Majburiy sug'urta tizimini samarali tatbiq etish maqsadida axborot-kommunikatsiya texnologiyalari joriy qilinadi.

Majburiy tibbiy sug'urta tizimining ishga tushirilishi natijasida mulk shaklidan qat'i nazar, malakali tibbiyot xodimiga, zamonaviy tibbiy uskuna va jihozlarga ega bo'lgan, arzon tibbiy xizmat majmuasini taklif eta oladigan tibbiyot tashkilotlariga talab ortadi. Boshqacha aytganda, bunday tashkilotlar majburiy tibbiy sug'urta mablag'lariga da'vogar bo'ladigan muassasalar hisoblanadi. Natijada malakali va sifatli tibbiy xizmat ko'rsatish borasida davlat va xususiy tibbiyot tashkilotlari o'rtasida haqiqiy sog'lom raqobat muhiti shakllanadi.

Bundan tashqari, oxirgi yillarda sog'liqni saqlashda xususiy sektorni qo'llab-quvvatlash bo'yicha qabul qilingan kompleks chora-tadbirlar tufayli nodavlat tibbiyot muassasalari soni oshdi, ular tomonidan ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlari kengaydi. Shu bilan birga, sohada davlat-xususiy sheriklikning huquqiy asosini yaratish, investitsiyalarni, ayniqsa, chet el sarmoyalarini jalb etishni kengaytirish, shuningdek, aholining yuqori texnologik tibbiy xizmat va uskunalardan foydalanish imkoniyatlarini oshirishda nodavlat sektor ishtirokini rag'batlantirishga qaratilgan qator Farmon va qarorlar qabul qilinishi sohani chuqur isloh etishga zamin yaratdi. Imtiyozlar va yaratilgan shart-sharoitlar natijasida litsenziya olish uchun berilgan arizani ko'rib chiqish muddati 30 kundan 20 kunga qisqartirildi. Bu uchun to'lanadigan davlat boji eng kam ish haqining 10 baravaridan 5 baravarigacha kamaytirildi, xususiy tibbiyot muassasalari shug'ullanishi mumkin bo'lgan tibbiy ixtisoslik turlari 50 tadan  126 taga ko'paydi.

Pirovardida

bugungi kunga kelib, 5308 ta xususiy klinika samarali faoliyat olib bormoqda.

Birgina joriy yilning o'zida bunday muassasalar soni 664 taga ko'paydi.

Ularda 1000 dan ortiq ish o'rinlari yaratildi.

Shuning uchun partiyamiz saylovoldi dasturida xususiy tibbiyotni yanada rivojlantirish, ular sonini ko'paytirish va ko'rsatilayotgan tibbiy xizmatlar turlarini kengaytirishga alohida e'tibor qaratib, davlat-xususiy sheriklik tamoyillari asosida xizmat sifatining tubdan yaxshilanishini yoqlaydi.

Xorijiy davlatlar tajribasida ijobiy tavsiflanadigan shifokorga zamonaviy axborot texnologiyalari yordamida bemor bilan aloqa o'rnatish va masofadan turib davolash imkonini beruvchi “Aqlli tibbiyot” tizimining bizda ham tatbiq etila boshlangani, “elektron navbat”, “bemorning elektron kartochkasi”, “elektron ro'yxatga olish”, “elektron resept” tizimi, “elektron dorixona”, “elektron order” kabi xizmat va servislar yaratilayotganligi, telemeditsina, mobil meditsina (mobil xizmatlar, m-Health), elektron ta'limni rivojlantirish jadal olib borilayotgani quvonarli holdir. Zero, bemor tanasiga o'rnatilgan maxsus datchik va chiplar orqali shifokor, qaerda bo'lishidan qat'i nazar, mijozi salomatligi haqidagi muhim ma'lumotlar — tana harorati, qondagi qand miqdori, arterial qon bosimi haqidagi axborotdan xabardor bo'lib turadi. Bu esa surunkali va yashirin kechuvchi kasalliklar profilaktikasida, ularni aniqlash, bemor salomatligi holatini monitoring qilish va davo choralarini tayinlashda muhim. Bu tizim orqali, simsiz aloqadan foydalangan holda, tibbiy yordamni uyda olish mumkin bo'ladi. Tibbiy ma'lumotlar asosida kasallikning oldini olish, sog'ayish jarayonlarini tahlil qilish uchun sun'iy intellekt texnologiyalari joriy etilishi ham ko'zda tutilgan.

Shu asosda partiyamiz tomonidan aholiga ko'rsatiladigan tibbiy xizmatlarni dunyodagi eng ilg'or talablar darajasiga ko'tarish, kasallanish ko'rsatkichlarini pasaytirish va aholining uzoq umr ko'rishini ta'minlashga yo'naltirilgan “Aqlli tibbiyot” konsepsiyasini keng joriy etish, ilg'or uskunalar bilan jihozlangan, malakali kadrlarga ega, yuqori texnologiya va samarali tibbiy xizmatni shakllantirish, tibbiyot muassasalari ilmiy, uslubiy va ta'limga oid salohiyatini rivojlantirish, sog'liqni saqlash tizimida innovatsion diagnostika vosita va usullari joriy qilinishiga ko'maklashish, yuqumli bo'lmagan kasalliklar profilaktikasi va nazorati bo'yicha uzoq muddatli davlat strategiyasini (dasturini) ishlab chiqish va amalga oshirish, aholini arzon narxdagi sifatli dori vositalari bilan ta'minlash ham muhim vazifalar qatorida belgilab olingan.

Shifokorlar haq-huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ular va aholi o'rtasidagi munosabatlarning aniq mezonlarini ishlab chiqish va buni qonun darajasiga ko'tarish, tibbiyot xodimlariga uzoq muddatli ipoteka kreditlari berilishini yo'lga qo'yish orqali ularning jamiyatdagi ijtimoiy mavqeini yuksaltirmoqchimiz. Bundan tashqari, davlat tibbiyot muassasalari shifokorlari o'rtasida har yili “Yil shifokor-olimi”, “Yil shifokor-tadqiqotchisi” “Yil erkak shifokori”, “Yil ayol shifokori” “Yil hamshirasi”, “Yil tez tibbiy xizmat haydovchisi” kabi tanlovlar tashkil etamiz. Qolaversa, jamiyatda sog'lom turmush tarzi va sog'lom ovqatlanish madaniyatini shakllantirish, oilalarda sog'lom muhitni mustahkamlash, bolalar, ayniqsa, qizlarda jismoniy tarbiya va sportga muhabbat uyg'otish, “Farzandlari sog'lom yurtning kelajagi buyukdir” tamoyili hayotga izchil tatbiq etilishi tarafdorimiz.

Nodira MAMATOVA,

O‘zLiDePdan Oliy Majlis

Qonunchilik palatasi

deputatligiga nomzod

loading...