NONKO'RNING NADOMATI…

0

 

 

* * *

 

Shahardagi chekka tumanlardan birida joylashgan daraxtzor notinch edi. Qorong'ilik qa'rida yoshi yigirma beshlarga borgan uzun bo'yli yigit ikki oyog'ini quchgancha ihlardi. Og'riq zarbi uni alanglashga, so'kinib kimnidir qidirishga majbur etardi. Yuzlaridagi qonni kafti bilan arta-arta yotgan yerida bosh chayqardi.

U shaharning chekka-chekkasida egasiz qolgan uylarga o'g'irlikka tushib cho'ntagini qappaytirish bilan shug'ullanadigan Obid o'g'ri edi. Shu paytgacha tayoq yemagandi. Bugun omadi chopmadi. Oladiganini olib deraza osha tashqariga chiqayotganda to'satdan uy egalari kelib qolishdi-yu, Obidni tutib olishdi.

Ota-o'g'illar barvasta va juda baquvvat ekan. Ahyon-ahyonda sportzalga kirib o'zicha tepish, birovning basharasiga musht tushirishni mashq qilib turadigan Obid ota-bolaga bas kela olmadi. Uni daraxtzorga sudraklab chiqishdi-yu, o'lasi qilib kaltaklashdi.

— Padaringga la'natlar, qay go'rdan kep qoldi o'zi? — so'zlanardi Obid o'g'ri to'lg'onib. — Shu xosiyatsiz uydan chiqib ketishimga bir bahya qoluvdi-ya! Yo poylab turganmidi ifloslar?.. Xayriyat, melisaga bervorishmadi. Yo'qsa, dabdalam chiqardi. Ha endi o'zlaricha insof qilishgan-da bular!.. Mayli, amallab ko'chaga chiqvolay! Ishqilib oyoq sinmagan bo'lsin-da! Qolgani «erunda». Oqsab-oqsab tuzalib ketaman…

Obid o'g'ri so'zlana-so'zlana ehtiyotkorona o'rnidan turib o'tirdi va boshini uyoq-buyoqqa chayqab ko'rdi. Yo'q, boshi aylanmayapti. Labi yorilgan shekilli, achishib og'riy boshladi.

U paypaslanib kostyumi kissasidan dastro'molcha chiqardi-da, qontalash labiga bosdi. So'ngra shoshilmasdan o'rnidan qo'zg'aldi.

Ko'cha tarafga yurishdan oldin o'g'irlikka tushgan uy tomon qo'rqa-pisa ko'z tashladi.

Uy chiroqlari o'chirilganiga amin bo'lgach, qo'llarini, oyoqlarini qimirlatdi. To'rt muchasi salomat ekan.

Shunda ham qadam tashlashga shoshilmay yuziga yopishgan qonlarni kaftiga artgan bo'ldi…

 

* * *

 

Og'riq tana biroz sovigandan keyin yuz ko'rsatarkan. Obid ham oqsoqlana-oqsoqlana yuz metrcha yurib to'rt qavatli uy ro'parasiga yetgach, a'zoyi badani simillab og'riyotganini his etdi. Bu ham yetmagandek boshi aylanib, o'qchiy boshladi.

Bu ahvolda tik oyoqda turishning sira iloji yo'q. U xuddi o'lib qolayotgandek yuragini vahima bosib shosha-pisha yerga o'tirib oldi va ikki qo'li bilan boshini changalladi.

Shu ko'yi bir necha daqiqa tek qotib o'tirdi. Ko'ngil aynishi, bosh aylanishi, og'riqlar hali beri pasanda bo'ladigan emasdi. Azob tobora ortib borardi.

Shu mahal sal naridan o'tib ketayotgan oltmish yoshlar oralig'idagi to'ladan kelgan bir ayol taqqa to'xtadi-da, tinimsiz ihlayotgan Obidga tikilib qoldi. Birpas turgach, ehtiyotkorlik bilan u tomon yurdi.

— Ha, bolam, senga nima bo'ldi? — so'radi ayol hiyla engashib. — Mazang qochdimi?

Obid bazo'r boshini ko'tarib ayolga boqdi.

— Meni… Do'pposlab ketishdi, — dedi yolg'ondan. — Yo-yomon urishdi.

— Voy sho'rim!.. Kim ekan u razillar, bolam? Nega do'pposlashadi? E, g'alchaligim qolmadi-qolmadi-da! Qani, seki-in tur-chi o'rningdan!.. Menikiga kirasan! Tur, qo'zim, turaqol!..

Obid itoat bilan o'rnidan turib ayolning yelkasiga suyanib oldi. Shundan bo'lak imkoni yo'q edi.

Ayol esa do'pposlaganlarni qarg'ay-qarg'ay uni uyi tomon yetakladi.

 

* * *

 

Oradan bir soatcha o'tib Obid ancha o'ziga keldi. Yonboshlagancha uy bekasi tutqazgan piyoladagi choydan ho'play-ho'play, uy ichlarini kuzatgan bo'ldi. Shunda oynali javon ustidagi qo'l soatiga ko'zi tushdi-yu, birdan hushyor tortdi.

Bu mahal ayol oshxonada Obid uchun tuxum qovurish bilan band edi.

Asta o'rnidan turib soatni qo'liga olmoqchi bo'ldi. Ammo uy bekasi kirib qolishidan cho'chidi.

«Tilla soatga o'xshaydi, — o'yladi soatdan ko'z uzolmay. — Yaltirashini qara! Nima balo, kampir badavlatmi deyman? Ha, shunaqaga o'xshaydi. Ana, servantdagi idishlariyam aytib turibdi boyligini. Hoynahoy, puliyam ko'p bo'lsa kerak. Eh, kaltak yeganim chatoq bo'ldi-da! Yo'qsa… Yo'q, bir jihatdan yaxshi bo'ldi. Kampirning uyini bilvoldim. Hozir kirsa, ertaga qaerda bo'lishini so'rab ko'raman. Ajabmas biror yerga ketadigan bo'lsa…»

 

* * *

 

Oradan ikki kun o'tdi. Yosh, navqiron-da! Obid kaltaklar zarbini shu qisqa muddat ichida yenga oldi. Qaytadan dadil oyoqqa turib, uchinchi kun tushga yaqin ko'chaga chiqdi.

Bugun uy bekasi qaysidir qarindoshinikiga borishini aytib, shomdan keyin albatta kirib o'tishini tayinlagandi. Vannasimi, oshxonadagi kranmi, buzilgan ekan. Yaqin tortdi shekilli, shuni tuzatib berishini so'radi. Lekin Obid aynan tush payti yo'lga chiqishni xohladi. Tush vaqti tashqarida ham odam kam bo'ladi. Yoz issig'idan qochib ko'pchilik uyga qamalgancha o'tiradi…

Obid oldindan tuzgan rejasini xayolan puxtalab o'sha uy ro'parasiga keldi.

Pod'yezdga kirishdan avval cho'ntagidagi maxsus ishlangan qulf ochqichini tekshirib ko'rdi. Ha, joyida ekan. Bu ochqich har qanday qulfga yo'l topa oladi. Qachonlardir qamalib chiqqan bir akaxoni sovg'a qilgandi. Sovg'a o'zini oqladi. Shuning orqasidan qancha-qancha qulflarni bemalol ochib, bir-ikki so'mli bo'lib kelyapti…

Ehtiyotkorlik ziyon qilmaydi. Obid har ehtimolga qarshi qo'l telefonini oldi-da, uy bekasining raqamlarini terdi. Hech kim go'shakni ko'tarmagach, ayol uyda emasligiga to'liq amin bo'ldi va atrofga o'g'rincha alanglab eshik qulfini ocha boshladi…

 

* * *

 

U zaldagi baland shkaf tortmalarini bir-bir ochib ko'rarkan, ko'zlariga ishonmasdi.

Har bir tortmada dasta-dasta pullar…

— Temir sandiq ichiniyam ko'ray-chi, — dedi Obid xona burchagiga yuzlanib. — Tortmada shuncha pul yotsa, sandiq to'la bo'lsa kerak. Obbo kampir-ey, boyvuchcha ekan-ku! Keksa boshiga shuncha pulni nima qilarkin? Bizdaylarga tarqatib yuborsa kamayib qolarmidi?..

O'ylanib, mulohaza qilib o'tirishga fursat yo'q. Bunday lahzalarda haqiqiy usta o'g'rilardek ish tutish lozim.

U jonholatda pullarni yelkasiga osilgan xaltachaga joyladi-da, tashqariga yurdi.

Ortiq hech narsa olmadi. Umrida qo'li hech qachon bu qadar ko'p pul ko'rmagan o'g'ri uchun shunisi kifoya edi.

Chiqib ketayotib, bir-biridan go'zal qandillar, chinni idishlar, qimmatbaho kiyimlarga suq bilan tikildi. Qachondir ular ham o'ziniki bo'lishiga umid bog'lab pod'yezdga chiqdi…

Chiqdi-yu, ishtonini ho'l qilgan go'dak kabi bo'shashdi. Rangi gezarib, beixtiyor tizzalari dag'-dag' titray boshladi.

Negaki, qarshisida uy bekasi qovoq uyib turar, uning ortida esa militsiya kiyimidagi barvasta ayol bor edi…

— Qizim, behuda ko'nglim bezovtalanmagan ekan, — dedi uy bekasi militsiya kiyimidagi ayolga yuzlanib. — Qara, kuni kecha shu bola ko'cha yuzida o'limminan olishib bir ahvolda yotuvdi. Men ahmoq rahmim kelib uni uyga olib kiribman. Qonga botgan kiyimlarini yuvibman, qornini to'ydiribman. Bu bo'lsa… O'g'ri ekan-ku!.. Sal kechiksak…

— Soddasiz-da, oyi! — uy bekasini koyiy ketdi militsioner ayol. — Duch kelgan yaramasni uyga kiritaverasiz. Hozir kelib qolmasak nima bo'lardi? Chapak chali-ib qolaverardingiz!..

Militsioner ayol shosha-pisha qaergadir qo'ng'iroq qildi. So'ngra to'pponchasini chiqarib Obidga o'qtaldi.

— Qimirlama, iflos! Bir qadam tashlasang, otaman!..

 

XOTIMA O'RNIDA

 

Bir oydan keyin sud bo'ldi. Sud majlisida jabrlanuvchining barcha qarindosh-urug'lari qatnashdi. Ular Obidni uzoq muddatga qamashlaridan umidvor edi. Biroq uy bekasi buni xohlamadi. Hech narsasi izsiz yo'qolmaganini hisobga oldi. Qolaversa, xudodan qo'rqdi. Norg'ul bir yigitni behuda turmaga jo'natishni istamadi.

Uning iltimosini inobatga olib sud Obidga nisbatan jarima belgilash bilan cheklandi.

Faqat ayol sud zalidan chiqib ketayotib Obidga bir gapni aytdi:

— O'g'lim, tuzga xiyonat qilishning oqibati yomon bo'ladi! Hech qachon nonko'rlik qilmagin!

Bu gaplar Obidning yurak-yuragini teshib o'tayozdi. U ayol o'tirgan mashina ko'zdan yo'qolguncha jonsiz haykal kabi jim turib qoldi. Qalbiga Yaratgan solib qo'ygan nogohoniy nadomat hissi bag'rini qattiq ezdi.

Olimjon HAYIT

loading...