SNAYPER… (14-qism)

0

 

 

* * *

 

«Smex»ni ilk uchrashuvdayoq qo'rqitishi Mirsoliga bir dunyo lazzat baxsh etgandi. U musofir bo'lsa-da, bu shaharda o'zidan-da zo'rroq, kuchliroq kimsa qolmaganiga qattiq ishona boshlagandi. «Smex»ning takror kelishi, qanday o'ch olishi Mirsolini umuman qiziqtirmasdi. U har qanday sharoitda ham zo'ravonni sindirib tashlashiga ishonardi. Shunday xayollar bilan ertasi kuni ham internet klubga keldi. Xizmat sifati, hisob-kitoblarni bir-bir ko'zdan o'tkazgach, soqchi yigitlarga hushyor turishni buyurdi. Ishlarni yo'lga qo'ygach, Volodya ismli tansoqchisini yoniga olib qaysidir restoranda tushlik qilib qaytish ilinjida tashqariga chiqdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, klubdan ellik metrcha narida tanish chehra o'ziga tikilib turardi. Bu Mirsolining ko'nglini bezovta qilgan, Zarinani eslatib, to'lg'onishga majbur etgan qiz Masha edi. Mirsoli ko'zlariga ishonmay, taqqa to'xtagancha qizga qarab qoldi. Keyin esa Volodyaga yuzlandi.

— Sen ichkarida bo'la tur, — dedi tansoqchiga u. — Meni ko'rishga aziz mehmon kelibdi.

— Sizni yolg'iz qoldira olmayman, — dedi Volodya norozilanib. — Buning uchun menga haq to'laysiz.

— Xavotir olma, okasi, — dedi Mirsoli kulib. — Bu qiz sendanam kuchliroq, abjirroq tansoqchi bo'la oladi… Hazillashdim, xafa bo'lma! Bilasanmi, shu qiz bilan birga borib kelaman. Sen telefonni o'chirmay, doim sergak tur! Basharti biror gap bo'lsa, albatta qo'ng'iroq qilaman.

— Xo'p bo'ladi, — dedi tansoqchi qaddini g'oz tutib. — Xohishingiz.

— Ha, aytgancha, — Mirsoli nimadir esiga tushgan kabi boshini qashlab davom etdi. — Kechqurunga sport zalini taxt qilib qo'ylaring! Hammamiz birgalikda mashg'ulot o'tkazamiz!

— Aytganingizday bo'ladi! — dedi Volodya bosh irg'ab. — O'zingizni ehtiyot qiling, brat!

Mirsoli tansoqchining so'nggi so'zlaridan ta'sirlanib unga yer ostidan tikilgancha bir necha soniya o'yga toldi. Yoshi o'zidan ulug' yigitning «Oka» deb murojaat qilishi Mirsoliga juda yoqib tushdi. Shunday martabaga erishgani uchun xayolan xudoga shukr qildi va Masha tomon yurdi.

— Sizning qabulingizga kirish buncha qiyin bo'lmasa? — Mirsolini battar hayratga solib Masha quvnoq ohangda so'z qotdi salom-alikdan so'ng. — Yarim soatdan beri turibman-a! Insofingiz bormi?

— Yo'g'-e, — Mirsoli atrofga o'g'rincha ko'z tashlab oldi-da, qizning yelkasiga qo'lini qo'ydi. — Nega kiravermading ichkariga? Umuman, meni qanday topding?

— Gerasim Ivanovich aytdilar manzilingizni, — dedi Masha yanada quvnoqroq ohangda. — Xabar olmaganingizdan keyin o'zim qidirishga majbur bo'ldim-da, aldoqchi!

— Menga qara, Masha, — deya Mirsoli qizning ko'zlariga tik boqdi. — Seni tanimayapman. O'sha Mashamisan? Adashmasam, o'sha kuni mendan qattiq ranjiganding, ko'rishga ko'zing yo'q edi. Quyosh qay tarafdan chiqa qoldi?

— Eh, Sasha, qizlarni tushunmas ekansiz. Qiz bolaning ko'ngli juda nozik bo'ladi. O'sha kuni sizning bir og'iz gapingiz ko'nglimni yorishtirgandi. Ishonsangiz, o'sha kundan beri o'zimga kela olmadim. Muhabbatingizga bir shubha qildim, bir ishongim keldi. O'ylay-o'ylay, ishonchim g'olib kelganini anglab yetdim. Tanamga kengashib qarasam, o'zim ham sizga beparvo bo'la olmas ekanman.

— Oh, Zarinamning qiyofadoshi! — deya Mashaga qattiqroq boqdi Mirsoli. — Faqat sen ranjimagin! U birinchi muhabbatim edi. Men ahmoqni kuta-kuta joniga qasd qilibdi. O'shandan beri o'zimni kechira olmasdim. Seni uchratdim-u, Zarina tirilib qaytganday quvonib ketdim. Ayt, birinchi muhabbatimning o'rnini bosa olasanmi? Agar bosa olsang, boshingdan oyog'inggacha brilliantga ko'maman, ishon!

— Harakat qilaman, — dedi Masha yer chizib. — Agar sal o'tib joningizga tegmasam…

— Unday dema, — qizning so'zini kesdi Mirsoli. — Sen hech qachon jonimga tegmaysan. Faqat… Xiyonat qilib qo'ymagin menga! Xiyonatni, sotqinlikni kechira olmayman!

— Sasha, qornim ochdi, — deya mayin jilmaydi Masha. — Biror joyga borib tushlik qilmaymizmi?

— E, qara-ya, yana oldingda xijolatdaman! Hozir seni bir restoranga olib boraman.

— Yo'q, — dedi Masha qovoq uyib. — Restoranga borishni jinimdan yomon ko'raman.

— Unda qahvaxonaga boramizmi?

— Mening kvartiramga borsak yaxshiydi. Har holda tinchroq, bemalol gaplashib olsak bo'lardi.

— Uydagilaring…

— Dadam xizmat safariga ketgan. Oyim ikki yil burun olamdan o'tgan. Uyda hozir yolg'izman. Xavotir olmang!

— Shunaqami? — Mirsoli umri bino bo'lib qiz bilan xoli qolmagan, bu taxlit uchrashuvlarni faqat kinolardagina ko'rgandi. Shuning uchunmi, sal xijolat tortib, Mashaning taklifiga ko'ndi. Mirsoli shu qiz yonida bo'lsa, tog'larni tolqon qila olishini qalban his etdi.

Hash-pash deguncha Mashaning kvartirasiga yetib kelishdi. Kvartira ikki xonali, ichkari zamonaviy uslubda ta'mirlangan, juda shinam ekan. Mirsoli ostona hatlab bu xonadonga kirgandanoq barcha tashvishlar, muammolarni unutgan kabi yengil tortdi. Qalbini o'ziga notanish tuyg'ular chulg'adi. Azbaroyi mehri jo'shganidanmi, tek o'tirishga sabri chidamay, oshxonada yegulik tayyorlay boshlagan Mashani mahkam quchdi.

— Sen meniki bo'lasan degandim, esingdami? — so'radi u qizning malla, silliq va mayin sochlarini silarkan. — Men shunaqa bir so'zli yigitman. Yo shubhang bormi haliyam?

— Hecham-da, — javob qildi Masha erkalanib. — Faqat bir narsaga shubham bor.

— Ie, nimaga? Ayt!

— Brilliantga ko'mib tashlayman deb va'da bergandingiz? Esingizdan chiqdimi?

— Yo'q, albatta, sen nikohimga kir, va'dasini bajarmagan nomard.

— Oldin-chi? Nikohdan oldin bermaysizmi sovg'a?

— Beraman, — dedi Mirsoli kulimsirab. — Bugunoq do'konga boramiz, o'zingga yoqqan taqinchoqni tanlaysan.

— Kelishdik! Endi zalga kirib o'tiring! Men bemalol taom tayyorlab olay. Keyin… Stol tuzashim kerak hali. Siz nima ichasiz?

— Ichasiz? Men umrimda ichkilikni og'zimga olmaganman.

— Unda bugun mening salomatligim uchun ham ichmaysizmi?

— Sening salomatliging uchun zahar bersang ham ichaman, ishon!

— Bo'pti, boraqoling! Televizor tomosha qilib turguningizcha hammasi tayyor bo'ladi.

— Xo'p.

Mirsoli itoatkorona zalga o'tdi. Masha shundoq yaqinida, atigi oshxonada bo'lsa-da, Mirsolining ko'z o'ngida uning chehrasi aylanaverardi. Shu ko'yi yarim soatcha o'tirdi. Masha dasturxon tuzadi. Servantdan xorij konyagini oldi-da, oshxonaga chiqib ikkita qadah to'la ichkilikni ko'tarib kirdi.

— Sen o'sha idishni menga bersang bo'lardi-ku, — dedi Mirsoli xijolat tortib. — O'zim ochardim.

— Siz mehmonsiz, azizim, — deya Mirsoliga ishva bilan boqib kuldi Masha. — Mehmon otangdan ulug' degan gap bekorga aytilmagandir?

— Baribir noqulay-da, — dedi Mirsoli qizning qo'lidan ichkilik to'la qadahni olarkan. — Sen nima bo'lgandayam ayol kishisan.

— Buning ahamiyati yo'q. Qani, shu qadahni men uchun, mening salomatligim uchun olasiz!

— Baxtimiz-chi?

— Mayli, baxtimiz uchun ham ola qoling!

Mirsoli shu tobda yovvoyi muhabbat dengizida sarmast suzar, go'yo ko'zlari Mashadan bo'lakni ko'rmas, quloqlari ham faqat shu qizning so'zlarinigina eshitardi. Ichkilik battar boshini aylantirib, ko'ngli notanish tuyg'ular iskanjasida qoldi. Sal o'tib azbaroyi mehri jo'shib Mashani quchishga tutindi. Ammo hali qo'llari qizning yelkasiga yetmay, boshi yanada tezroq aylana boshlaganini his etdi. Keyin esa ko'ngli aynigan kabi o'qchidi va ko'z oldi qorong'ilashib, polga chalqancha yiqildi. Shu ondayoq ko'z o'ngini zulmat pardasi qopladi.

 

* * *

 

Qancha yotdi, nimalar bo'ldi, Mirsoli umuman idrok eta olmasdi. Ko'zini ochganda, qo'l-oyog'i chandib bog'langan holda qandaydir qorong'i xonada yotardi. Bazo'r ko'zlarini ochib, atrofni kuzatishga urindi. Shunda yerto'lada yotganiga amin bo'ldi.

«Nimalar bo'ldi o'zi? — o'yladi u qayta ko'zlarini yumib. — Qaerdaman? Kim meni bu yerga keltirdi? Nega? Ha-a, aytgancha… Men Mashaning kvartirasida edim-ku! Esladim, esladim. Biz konyak ichdik… To'xta, shunchalar mast edimmi bu yerga keltirishganini bilmay qolsam? Nahotki?.. Yo'-o'q, bu yerda boshqa gap borga o'xshaydi… Demak, Masha sotqinlik qilibdi-da? Nimaga? Qaysi aybim uchun? Nahotki, hech narsani idrok etmagan bo'lsam?.. U-chi? Masha menga zahar beribdimi? Yo'q, zahar bersa o'lib qolishim kerak edi. Hozir tirikman-ku! Unda nima berdi? Eslayman, u qo'limga faqat ichkilik to'ldirilgan qadah bergandi. Boshqa hech narsa olmadim uning qo'lidan. Nimaydi o'zi? Nega?..»

Mirsoli baribir nima sabab bo'lib bu ahvolga tushganini bila olmadi. Miyasida faqat savollar aylanaverdi. Baxtga qarshi bu savollarga sira javob topila qolmasdi.

Bir mahal tashqarida allakimlarning baqir-chaqiri qulog'iga chalindi. Mirsoli o'rnidan turishga chog'landi. Ammo tura olmadi. Qo'l-oyog'i bog'langani pand berdi.

Tovushlar esa tobora yaqinlashib, oxiri yerto'la eshigi sharaqlab ochildi. Kimdir kirib kelib chiroqni yoqdi. Shundagina Mirsoli yanada sergaklanib, yotgan yerida kirib kelgan kimsaga boqdi. U podpolkovnik edi. Zum o'tmay podpolkovnikning yonida ikki nafar yuzlariga qora niqob tortgan, askarlar kiyimidagi, qo'llarida avtomat tutgan yigitlar hozir bo'lishdi.

— O', qahramon, — dedi podpolkovnik Mirsoli boylangan arqonni yechib olarkan. — Shunday sportchi, zo'ravon yigit kimning hiylasiga aldana qolding?

— Anavi… M-Masha qani? — arang xirillab so'ray oldi Mirsoli. — Uni… O'sha bir narsa beribdi menga!

Shu mahal tashqaridan yana bir askar kirib keldi-da, podpolkovnikning qo'liga bir qog'oz tutqazdi. Qog'ozga birgina so'z yozilgandi. Podpolkovnik yozuvga bir nazar tashladi-da, so'z qotdi.

— To'g'ri aytding. Senga uxlatadigan dori qo'shilgan ichkilik berishibdi. Bu «Smex»ning ishi ekaniga sira shubham yo'q. Buni tergovda yana aniqlaymiz. Sen, uka, tag'in kasalxonaga yotasan. Bir-ikki kun profilaktika qilishadi. Ana undan keyin sen bilan alohida gaplashamiz. Rozimisan?

— Ha, — dedi Mirsoli boshini changallagancha yer chizib. — Maraz ekan o'sha qiz. Bilmabman.

— Yoshsan-da, — deya uning yelkasiga qoqib qo'ydi podpolkovnik. — Qoning jo'shib ketgan ko'rib. Yaxshiyam biz o'z vaqtida bilib qoldik. Yo'qsa, seni allaqachon gum qilishardi.

— Siz… Qanday bildingiz? Yo birov-yarim xabar berdimi?

Podpolkovnik Mirsolining savoliga javoban kulib qo'ydi-yu, bosh irg'adi.

— Bizning kasb shuni taqozo etadi. Agenturamiz yaxshi ishlaydi.

— Baribir tushunmadim. Nima u agentura?

— Tushunishing shartmas, mergan. Turaqol endi, kasalxonaga o'zim olib borib joylashtiray seni!

— «Smex»chi? U… Qochib ketdimi?

— Qochib katta xolasinikiga borarmidi!?. Uni tutib olib ketishdi. Tur!

Mirsoli asta o'rnidan qo'zg'alib, ust-boshini changdan tozalagan bo'ldi-da, podpolkovnikning oldiga tushdi.

 

* * *

 

Mirsoli bir necha kun kasalxonada yotib, ko'p narsalar haqida o'ylab olishga, mulohaza qilishga ulgurdi. Bir ko'ngli beboshlik qilib o'zga yurtlarga kelishidan nadomat chekdi, o'zini o'zi do'pposlab, jazolaydigan holatga tushib, ko'p bor asabiylashdi, jahl otiga mindi, o'zini o'zi koyidi. Bir ko'ngli esa aksincha mamnun bo'ldi. Bunday ishni qishlog'i tugul, viloyatda ham biror kimsa qila olmasligini o'ylab, xudoga shukr qildi. Ammo Masha voqeasi hadeganda Mirsolining qalbiga azob berar, qizning ayyorona nigohlarini ko'z oldiga keltirgani sayin nafrat o'ti bor vujudini kuydirardi.

«Bu dunyoda muhabbat yo'q ekan, — o'ylardi u palata derazasidan tashqarini hissiz kuzatib. — Yo'qsa, bu kunga qolmasdim. Ablah! «Smex» bilan tili bir ekan. Meni ado qilmoqchi bo'libdi. Ado qilib bo'psan, maraz! Kim bo'libsan? Xo'p, ko'zlaring Zarinaning ko'zlariga o'xsharkan. Azbaroyi mehrim tushganidan seni olib ketgandim. Shundan bo'lak choram yo'q edi. Yaxshi gapirsam, hayotda menga ergashib ketmasding. Lekin bir narsani hisobga olmabsan. Mirsoli… Yo'q, senlar uchun Sasha Krutoyman. Xullas, Krutoy sotqinlarni kechirmasligini o'ylab ko'rmabsan. Men jonimni garovga qo'yib qishloqdan chiqqanman, axir! Nahotki, shu oddiy falsafaniyam bilmasang? To'g'ri-da, sendaqalar puldor, haromxo'rlarning pinjiga kirishdan bo'lak nimaniyam bilardi. Bilaman, meniyam xuddi o'shanaqa haromxo'r deb bilasanlar. Balki to'g'ridir. Lekin men undaylardan emasman. Odam o'ldirganim rost. Biroq men faqat yaramas, pastkash, nomardlarnigina o'ldirib keldim. Shu kungacha nechtasining umriga zomin bo'lgan chiqsam, o'ziga yarasha sababi bor. Qolaversa, «dunyoga o't ketsa, ho'l-quruq baravar yonadi» degan gap bor. Men ham yashash, tiriklik, omon qolish uchun kurashyapman. Bunga haqim bor. E, bularni tushunarmiding sen!?. Afsus, Masha, qizaloq, kechirilmas xatoga yo'l qo'yding. Bunday xatolar qon bilan yuvilishini o'ylamading. O'zing aybdorsan. Krutoy albatta qasos oladi…»

Oradan to'rt kun o'tdi. Mirsoli allaqachon tinchlangan, tepkilar zarbi hiyla chekinib, o'zini yaxshi his qila boshlagandi. Yana podpolkovnikning o'zi uni kasalxonadan olib chiqdi.

— Xo'sh, mergan, bir qarorga keldingmi? — so'radi u mashinaga chiqib o'tirishgach. — Buyog'iga nima qilmoqchisan?

Mirsoli bu savolni eshitib, darrov sergak tortdi. Chunki bilardi. Basharti maqsadini aytsa, podpolkovnik albatta qarshi chiqadi. Bu yo'ldan qaytarishga urinadi. Nasihat qilishga o'tadi. Shu sababli haqiqatni sir tutishga qaror qildi.

— Nimayam qilardim? — javob berdi u yelka qisib. — Kvartirada yaxshilab dam olaman. Qolib ketayotgan zarur ishim yo'q-ku harqalay! Yo boshqa taklifingiz bormi?

— Esingdami o'sha kuni senga keyin gaplashamiz degandim?

— Esimda. Qanaqa gap?

— «Smex» qo'lga olingani bilan jinoyatchilar yo'q qilindi degani emas. Bittasini qamasang, boshqasi suvarakka o'xshab chiqib kelaveradi boshqa teshikdan. Demak, sening xavfsizliging masalasi ko'ndalang bo'ladi. Nega deganda, bu marazlarning hammasi bir zanjirga bog'langan. Qaerda bo'lishmasin, kelishishga, munosabat yuritishga iloj topishadi.

— Men nima qilay? — podpolkovnikka hayrat aralash boqdi Mirsoli. — Boshqalari meni nima qilishardi? Yeb qo'yishmas har holda!?.

— Hamma gap shunda-da! — dedi podpolkovnik. — Yeb qo'yishdanam toyishmaydi ular. Shunday ekan, sen xavfsizlik choralarini ko'rib, ana undan keyin ish boshlashing kerak bo'ladi.

— Qanaqa xavfsizlik? Qo'riqchilarni ko'paytiraymi?

— Yo'q, sen manavi basharangni o'zgartirishing kerak. Keyin yangi ism, familiya bilan boshqa pasport olishing lozim. Shunda bemalol yuraverishing mumkin bo'ladi. Biz esa o'z o'rnida «Krutoy o'ldirildi» degan xabar tarqatamiz. Ko'ribsanki, hammasi risoladagiday bo'ladi.

— Yo'q, — dedi Mirsoli qat'iy ohangda. — Men umrimni qayoqdagi zo'ravon ifloslardan qo'rqib o'tkazmoqchi emasman. Basharam ham o'zimda qolaversin. Qarindoshlarimni ko'rganimda asqotadi.

— Qaysarliging qolmas ekan-da, — podpolkovnik jahli chiqa boshlaganini sir tuta olmay qo'l siltadi. — Sening foydangni ko'zlayapman. Puling bo'lsa bor, qiyinmi bir marta jarroh stoliga yotish?

— Aytdim-ku, menga bunaqa yo'l to'g'ri kelmaydi!

— Unda yaxshi qol! Men ketishim kerak.

— Endi men bilan hamkorlik qilmaysizmi? Yordam bermaysizmi?

Podpolkovnik bir muddat sukut saqlab turdi-da, Mirsolining ikki yelkasidan quchdi va zardali, norozi ovozda so'z qotdi.

— Sendaqa qaysardan qochib qaergayam boraman? Omadingni bersin!

 

* * *

 

Mirsoli Nastya xoladan qolgan kvartirada yana ikki kun yolg'iz qoldi. O'yladi, hashamatli uy sotib olishni mo'ljalladi. O'zini o'sha hashamat ichkarisida his etib ko'rdi. Lekin negadir yuragi hovliqish hissini tuymadi, potirlamadi, Mirsolini hayajonlanish, qo'rqish, xavotirlanishga qo'ymadi. U ilgarigidek sokin, xotirjamlik bilan internet klubiga qatnadi, ishlarni boshqardi. Baribir ko'nglining allaqaerida bezovtalik tug'yon qilaverdi. Masha tutgan ish yodiga tushganda, jahd otiga minaverdi.

— U jazo olishi shart, — dedi oxiri. — Xiyonatkor ayollarni yoqtirmasligimni aytgandim. U esa jonimga qasd qildi. Bu men uchun xiyonatdanam yomonroq. Demak, u manjalaqini qidirib topib jazolashim zarur!..

Mirsoli qo'l ostida ishlaydigan qo'riqchi yigitlar yordamida ohori ketmagan to'pponcha, to'pponchaga o'rnatiladigan ovoz pasaytirgich topdi va kurtkasi kissasiga qurolni joylab erta tongda tashqariga chiqdi. Bemalol yangi mashina sotib olsa bo'lardi. Unday qilmadi. Hayoti har daqiqa jiddiy xavf iskanjasidaligini o'ylab fikridan qaytdi. Yaxshisi, taksida yurishni ma'qul topdi.

Yo'l chetidagi avtobus bekatiga yetgach, o'rindiqlarga nazar tashladi. U yerda faqat bir kampir o'tirar, nuqul piq-piq yig'lar, qur-qur atrofga ko'z tashlab olardi. Mirsoli keksa kampirning ahvolidan ta'sirlanib, beixtiyor o'rindiqlar tomonga yurdi.

— Nima bo'ldi sizga? — so'radi kampirning qarshisida tiz cho'kib. — Biror yeringiz og'riyaptimi, ena?

— Og'risa yaxshiydi, — dedi kampir Mirsoliga javdirab boqarkan. — Bittagina o'g'limni, pahlavonimni anavi manjalaqi hiylaminan o'ldirib qo'ydi. Nima qilay? Qarib qoldim, hech kimim yo'q, undan o'ch ololmadim.

— Nimaga o'ldiradi? Nima ayb ish qilibdi o'g'lingiz?

— Aybi o'sha maraz qizga ilakishgani bo'ldi. U bir zo'ravonga xizmat qilarkan. Yaqinda bozorda o'g'lim o'sha zo'ravonminan mushtlashib qolganakan. Pahlavonim Volodya sportchiydi. Unaqa zo'ravonlarning o'ntasini yer tishlatar kuchi boridi. Ifloslar o'sha Mashani ishga solishibdi.

— Masha? Qizning ismi shunaqamikan?

— Ha, yer yutsin iloyim!

Mirsoli shosha-pisha kissasidan telefonini oldi-da, Mashaning suratini topib kampirga ko'rsatdi.

— Shu qizmidi? Uni ko'rganmidingiz o'zingiz?

Kampir suratga bir qaradi-yu, qattiqroq yig'lay boshladi.

— Xuddi shu. Bolam, sen… Taniysanmi Mashani? Qaerdan taniysan?..

Mirsoli telefonni qaytadan cho'ntagiga soldi-yu, kampirning qo'lidan tutib o'rnidan turg'azishga tutindi.

— Dardimiz bir ekan, ena, — dedi ehtiyot shart shivirlab. — Bu qiz meniyam o'ldirmoqchiydi, ulgurmadi. Ena, hozir men bilan birga borasiz, men o'sha qizni jazolayman. Siz tashqarida tursangiz bas. Ajabmas yengil tortsangiz!

— Men? Uni… O'ldirasanmi? Yo'-o'q, men… Qo'rqaman, bolam. Qo'y, meni unaqa ishlarga boshlama! O'zim kuyikda zo'rg'a o'tiribman. Qo'y! Senam borma! Qizning akalari yomon odamlarakan. Tag'in..

— Qo'rqmang, hech kimni o'ldirmayman. Shunchaki po'pisa qilaman, xolos.

— Baribir bormayman. Menga tinchlik kerak.

— Unda uyingizga boring! Hisoblangki, Masha jazosini oldi! Tamom! Ortiq yig'lab o'zingizni qiynamang, kasal bo'p qolasiz.

— Bo'pti, bolam, hozir uyimga boraman. Senam uyoqlarga borma! Yosh ekansan.

Mirsoli kampirni taksiga o'tqazdi-da, o'zi boshqa taksi tutib, o'rmondagi barzangilarning birinikiga jo'nadi. Ko'ngli negadir Masha o'shanikida bo'lishi muqarrarligini sezgandek bo'laverdi.

— Bu gunoh emas, — deya yo'l-yo'lakay o'zini ishontirishga urinardi Mirsoli. — Ana, mushtipar bir kampirni ham zor qaqshatibdi Masha. Demak, uni o'ldirsam, gunohga botmayman…

Mirsoli yetib keldi-yu, birinchi navbatda daraxt panasiga o'tib, to'pponchani o'qladi. So'ngra tevarakni obdon kuzatdi. Yaqin orada hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, hovli eshigini ochib ichkariga kirdi. Adashmagan ekan. Xuddi birinchi kelganidagidek Masha va barzangi hovli burchagidagi stol qarshisida chaqchaqlashib o'tirardi. Mirsolini birinchi bo'lib Masha ko'rdi. Rangi oqarinqirab bir Mirsoli, bir barzangi tarafga qo'rquv aralash boqdi. Barzangi ham hayron bo'lib ortga o'girildi-yu, dast o'rnidan turdi va yugurib borib tokchadagi uzun pichoqni qo'liga oldi.

— Sen yana bizni boplab do'pposlayman, xumordan chiqaman deb o'yladingmi? — deya xezlandi barzangi. — Yo'q, bu gal mening navbatim. Men xumordan chiqmoqchiman. Ammo senga qo'l tekkizmayman. Hamma ishni mana bu pichoq bajaradi.

Mirsoli barzangining po'pisasini eshitib silkina-silkina kuldi.

— Ahmoq ekansan, — dedi u Mashaga sovuq nazar tashlab qo'yib. — Xudo shuncha savlat beribdi-yu, aqldan qisibdi-da! Vey, qo'l-oyog'imni og'ritib seni do'pposlamayman, ishon! Nima qilay? Ifloslikni, sotqinlarni sira hazm qila olmayman. To'g'rimi, Masha? Seni o'lib ketgan sevgilimga o'xshatib, bir umr baxtli yashayman, senga suyanaman, seni sevaman deb o'ylabman. Sen manjalaqi bo'lsa, «Smex»ning nog'orasiga o'ynarkansan. Xo'sh, qani o'sha okaxoning? Yo'q, ko'rdingmi, yo'q! U turmada o'tiribdi. Afsuski, hali unga «peredachka» oborishga ulgurmabsan chog'i. Hechqisi yo'q. Okaxoningning yugurdaklari ko'p. Biri bo'lmasa, boshqasi albatta xabar oladi. Sen bo'lsang…

Mirsoli gapini davom ettira olmadi. Qalbi ruhiy qiynoqdan azoblanib, vujud-vujudiga o'rlagan yovvoyi alanga changalida qoldi. Xuddi shu olov otashi Mirsolini tezroq qurolini qo'liga olishga undayverdi.

Mirsoli qo'yin cho'ntagidagi to'pponchani qo'liga oldi-da, birinchi bo'lib barzangiga to'g'riladi.

— Senga aytuvdim-a, — dedi u barzangi tomon bir qadam tashlab. — Nina zahri, sendan yegan tepkilar azobi hali ketmadi. O'tirsam ham, tursam ham o'sha og'riqlar menga azob beryapti, jonim qiynalib ketdi, og'ayni!

Barzangi qurolni ko'rgandayoq jazavaga tushib qolgandi. Jonholatda oldinga intilib, qichqirdi.

— Otasanmi? Ot! Nega qarab turibsan? Erkakmisan o'zi? Ot dedim!..

Mirsoli barzangining so'nggi haqoratiga bardoshi yetmay, to'pponchadan o'q uzdi. Barzangi yerga yiqilgani hamono, keyingi o'q Mashaga qarata otildi. Mirsoli yerda qonga belanib yotgan yigit va qiz tepasiga borib yana bir martadan ularga qarata o'q uzdi-da, to'pponchani tomorqaga irg'itib, sira shoshilmasdan tashqariga yo'l oldi.

Taksida xomush ketib borarkan, xayolan o'ziga o'zi dedi:

— Men haromilarni o'ldirishdan charchamayman, to'xtamayman, qo'rqmayman!

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...