Korrupsiyaga qarshi kurashgan odam “xizmatdagilarning qulog'i” bo'ladimi?

0

Odamzodni hakalak otgan nafsi xalq ichida obro'sizlantirib, sharmanda qilar ekan. U ham bo'lsa, boylik orttirish ilinjidagi nafsi tufayli. Shu tob xalq ichida yuradigan bir hikmatli rivoyat yodimga tushdi.

Keng va chiroyli yo'lakda boylik ho'ngrab yig'lab o'tirganmish. Shunda undan, “ Ie, boylik, nima gap, seni ham yig'latadigan kuch bormi, qo'ling uzatgan joyga yetsa, xohishing doimo muhayyo bo'lsa, bu ne hol“, deya ko'ngil so'rabdilar. Boylik esa, “E halovatim yo'q, hech bir ne'matdan huzurlanmayman, quvonch yo'q” , deb javob beribdi.

Bu dunyoning eng buyuk ne'mati qanoat ekanligi, u tufayli inson kechirgan umri, kasbi-koridan rozi-rizolik, el ichida obro', xayr-baraka va huzur-halovat topishi bor gap. Afsuski, buni bilgan odamzod nafsdek o'pqon oldida har gal mulzam -da.

Yaqinda qaysidir telekanalda Oliy sudning sudyasi pora olgani va unga nisbatan jinoiy ish ochilgani yuzasidan xabar berildi.

“Birni ko'rib fikr qil, birni ko'rib shukr qil“, deganlari shu bo'lsa kerak-da. Bir nobop qilmishning, ming qora ishi tufayli yillar davomida misqollab yig'ilgan obro'si el-ulus oldida yer bilan bitta bo'ldi.

Ha, nafsning so'nggi manzili har doim xuddi shunday xunuk manzara bilan tugashi rost gap. Bundan o'z vaqtida xulosa chiqarish insonning to'g'ri yo'lda turganligidan dalolat beradi.

Uylanib qolaman, nahot halol mehnat evaziga davlat tomonidan berilayotgan oylik maoshga kun ko'rish mushkul. Axir, ro'zg'or boqish uchun yetadi-ku. Yurtimiz tinch, oilamiz farovon, ustimiz but, bozorimiz arzon va to'kin bo'lsa. Nahot, ayrimlar boylikning nishonasi deb hisoblaydigan dang'illama imorat, so'nggi rusumdagi avtomashinani 3-4 yilda ishlab olaman, deb o'ylasa. Olish mumkindir, pora yoki tama evaziga. Tez fursatda topilgan boylik bir necha daqiqalarda ko'kka sovurilishi mumkinligi ham ko'pchilikka ayon. Ota-bobolarimiz xam bunday to'kislik, farovon turmushga yillar davomida erishgani azaldan ma'lum.

Yana bir gap. Hech o'ylab ko'rganmisiz biz o'zbeklarning dasturxonimizdagi eng tabarruk ne'mat nima? Usiz dasturxon befayz. Albatta, non. Har tong nonushta uchun dasturxoningizga qo'yiladigan nonning halol mehnat evaziga topilayotganiga ishonsangiz, shuning o'zi katta baxt. Chunki, farzandlarga halol luqma yedirish millatimiz e'zozlaydigan qadriyat. Kasbingiz ortidan oila boqib, yurtga to'y tomosha berish saodati faqat halol yashash baxti bilan to'kisligiga ishonaman. Shunda ayrim kimsalar taqdiridagi sharmandalik hech kimning chekiga tushmaydi. Aslida, harom luqma insonga hech qachon tatimagan.

Qayd etish kerakki, korrupsiyaga qarshi kurashish faqat tegishli idora vakillarining ishi emas. Bu jamoatchilik nazoratidagi yumush bo'lishi lozim. Men korrupsiyani odamda paydo bo'ladigan biror bir yaraga o'xshataman. Madda qachon quriydi, qachonki, o'sha organizmda yaraga qarshi immunitet, maddaga qarshi malham topilsagina. Demak, har birimiz qaerda bo'lmaylik, mas'ul shaxslarning tamagirligiga guvoh bo'lganda indamay ketavermasdan to'rt tomonga jar solish mavridi keldi.

Ba'zida shunday shijoatli jarchilarga nisbatan boshqacha qaraladi. Ha, emishki, korrupsiyaga qarshi kurashgan odam “ okalarning qulog'i” emish. Bu noto'g'ri.

Adolatsizlikka nisbatan murosasizlikni o'zimizdan boshlashimiz darkor. Chunki adolat havoga o'xshaydi. U yo'q joyda bo'g'ilib qolish hech gap emas. Shu o'rinda tamagirlik dinimizda ham qoralangan. Qur'oni Karimda ham “Boshqalarning mulkini nohaq yo'l bilan olmangiz va boshqalarga tegishli bo'lgan narsalarni olish uchun o'z mulkingizdan hokimlaringizga pora qilib uzatmangizlar” deyilgan. Demak, tamagirlik gunoh ishlardan biri.

Bugun korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublikamizda qanchadan-qancha qonunlar, qarorlar, hukumat hujjatlari hayotga tatbiq etilmoqda. Jamiyatimizda korrupsiya va boshqa huquqbuzarlik holatlariga qarshi kurashish kurashilmoqda, jinoyatga jazo muqarrarligi ma'lum.

2017 yil 4 yanvardan O'zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida” gi qonuni kuchga kirgani korrupsiyaga barham berish uchun barcha asoslarni yaratib berdi. Davlatimiz rahbarining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to'g'risida“ gi O'zbekiston Respublikasi qonunining qoidalarini amalga oshirish chora-tadbirlari to'g'risida“ gi qarori esa qonun ijrosining to'liq va samarali ta'minlanishi uchun qabul qilindi.

Shu qaror asosida “2017-2018 yillarga mo'ljallangan korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha davlat dasturi“ ham tasdiqlandi.

Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha respublika idoralararo komissiyasi tuzilib, mazkur komissiya korrupsiyaning holati va tendensiyalari to'g'risidagi axborotni yig'di va tahlil etdi. Korrupsiyaga qarshi kurashish bo'yicha hududiy idoralararo komissiyalar faoliyatini muvofiqlashtirish ishlari amalga oshirildi.

Xulosa o'rnida, korrupsiyaga qarshi kurashda Shvetsiya, Singapur, Gonkong, Portugaliya kabi yuqori natijalarga erishgan davlatlarning tajribasini o'rganish shuni ko'rsatadiki, korrupsiyani yuzaga keltiruvchi omillarni bartaraf etish korrupsiyaga qarshi kurashda muhim o'rin egallaydi.

Ammo, faqatgina jinoiy qonunchilikni og'irlashtirish yo'li bilan bu salbiy illatga qarshi kurashib bo'lmaydi. Chunki Xitoyda juda ko'p miqdorda pora olganlik uchun o'lim jazosi mavjud.

Bu illatni yengish uchun birinchi navbatda aholining huquqiy savodxonligini oshirish, fuqarolik institutlari faoliyatini kuchaytirish lozim.

Eldor BAHODIROV,
Davlat xizmatlari agentligi
Navoiy viloyati boshqarmasi boshlig'i o'rinbosari

 

uza.uz

loading...