O‘zLiDeP rahbari A.Xaitov xorazmlik saylovchilar bilan uchrashdi

0

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi raisi A.Xaitov partiya g'oya va maqsadlarini aholi ongiga singdirish, saylovchilar bilan muloqot qilish maqsadida Xorazm viloyatiga bordi.

Partiya yetakchisi viloyatdagi tashrifini Xiva tumanidagi “Khiva Silk Fabric” ma'suliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan tanishishdan boshladi.

Klaster usuliga asoslangan korxona yiliga 140 tonnadan ziyod quruq pillani qayta ishlash quvvatiga ega. Bu yerda 110 kishi, asosan ayollar ish bilan ta'minlangan. E'tiborlisi, korxonada ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar xorijiy davlatlarga eksport qilinayotir.

A.Xaitov korxona faoliyati bilan tanishdi, ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdi. Partiya saylovoldi dasturida belgilangan ustuvor vazifalar haqida to'xtalib o'tdi. Ishlab chiqarish ko'lamini kengaytirish, ish o'rinlarini ko'paytirish bo'yicha zarur tavsiyalar berdi.

Uchrashuv davomida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod A.Qutlimuratov so'zga chiqib, o'zining saylovoldi dasturi yuzasidan ma'ruza qildi.

Shu kuni partiya yetakchisi Xiva tumanida tashkil etilgan bayram tadbirida ishtirok etib, yig'ilganlarni Qishloq xo'jaligi xodimlari kuni hamda O'zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganining 27 yillik bayrami bilan chin dildan tabrikladi. Barchani 22 dekabr kuni bo'ladigan Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda mahalliy kengashlarga bo'lib o'tadigan saylovlarda faol ishtirok etishga chaqirdi.

Xorazm zamini qadimiy va boy madaniyati, go'zal hamda betakror obidalari, noyob osoriatiqalari bilan dunyo ahlini hamisha lol qoldirib kelgan. Ayniqsa, ko'hna va navqiron Xiva istiqlol yillarida yanada ko'rkam qiyofa kasb etib, mahalliy hamda xorijiy sayyohlar qadami uzilmaydigan gavjum shaharga, yurtimizning chinakam turizm markazlaridan biriga aylandi.

O‘zLiDeP Siyosiy Kengashi Ijroiya qo'mitasi raisi A.Xaitov boshchiligidagi partiya vakillari kunning ikkinchi yarmida Xiva shahridagi mo''jizaviy “Ichan-Qal'a” davlat muzey-qo'riqxonasiga tashrif buyurdi.

“Turizmni rivojlantirishda muzeylarning muhim o'rin tutishi barchaga ayon. Ayni paytda sayyohlarda ularni tomosha qilish bilan birga, o'zbek xalqi madaniyati, san'atini jonli lavhalar orqali ko'rishga qiziqish kuchaydi. Shu sababli bugun mamlakatimizda sayyohlarga qo'shimcha shart-sharoit yaratish, turistik shoxobchalarni yanada kengaytirishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Partiyamiz saylovoldi dasturida ham turizmni jadal rivojlantirish, hududlarning turistik salohiyatidan to'liq va samarali foydalanishdek muhim yo'nalishlar o'z ifodasini topgan”, – deydi A.Xaitov.

O‘zLiDeP Xorazm viloyat

Kengashi matbuot xizmati

loading...