“Terminal ishlamayapti” degan bahona yana ko'paydi

0

“Terminal ishlamayapti” ushbu gap oxirgi paytlarda yana ommalasha boshladi. Bir tassavvur qilib ko'ring, iste'molchi do'konga kirib, o'ziga kerakli bo'lgan mahsulotlarni xarid qilsa-yu, xarid qilingan mahsulotlar pulini to'lash uchun kassa oldiga kelib, plastik kartasi orqali to'lovlarni amalga oshira olmasa. Sabab esa bitta – terminal ishlamayapti!

So'nggi vaqtlarda yuqorida ta'kidlangan holat yuzasidan Davlat soliq qo'mitasi (DSQ) ishonch telefonlariga fuqarolar tomonidan murojaatlar soni oshib bormoqda. Xususan, nazorat-kassa apparatlari tomonidan chek bermaslik, plastik kartalar orqali xarid qilingan mahsulot to'lovini amalga oshirolmaslik holatlari yuzasidan shu kungacha, DSQ ishonch telefonlariga 748 ta shikoyat kelib tushgan.

Barchaga ma'lumki, tadbirkorlar tomonidan plastik kartalarni to'lov operatsiyalarida foydalanishdan qochish bankdan tashqari bo'lgan naqd pul aylanmasi hajmining ortishiga olib keladi, bu esa o'z navbatida noqonuniy tovarlar ishlab chiqarish, noqonuniy import hamda savdoga olib keladi. Asosiysi esa ayrim tadbirkorlar tomonidan soliq to'lovlaridan qochish holatlari yuzaga keladi.

Jarimasi bor!

Soliq kodeksining 119-moddasiga ko'ra, fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini va (yoki) to'lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo'yicha hisob-kitob terminallarini ishlatish majburiy bo'lgani holda ularni ishlatmasdan savdoni amalga oshirganlik va xizmatlar ko'rsatganlik, xuddi shuningdek sotib oluvchiga kvitansiyalar yozib berish, talonlar, cheklar yoki ularga tenglashtirilgan boshqa hujjatlarni berish majburiy bo'lgani holda bunday hujjatlarni bermasdan tovarlarni realizatsiya qilganlik va xizmatlar ko'rsatganlik — bazaviy hisoblash miqdorining 30 baravaridan 50 baravarigacha (6,7 mln. so'mdan – 11,2 mln. so'mgacha) jarimaga tortiladi.

Agarda mazkur holat qonunbuzar jarimaga tortilgandan so'ng bir yil mobaynida yana takrorlansa, jarima miqdori bazaviy hisoblash miqdorining 75 baravaridan 100 baravarigacha (16,7 mln. so'mdan – 22,3 mln. so'mgacha) etib belgilanadi.

Terminal “yo'qligi” bo'yicha Toshkent peshqadam!

Soliq idorasi xodimlari aholi shikoyatlariga kechiktirmay e'tibor qaratishmoqda. Xususan, idora xodimlari tomonidan doimiy ravishda savdo shoxobchalarida nazorat-kassa mashinalarining mavjudligi hamda ularning ishlayotganligi yuzasidan monitoring ishlari olib borilmoqda.

Joriy yilda soliq idoralari tadbirkorlik sub'yektlarining plastik kartalarni qabul qilishdan bosh tortish va chek bermaslik bilan bog'liq fuqarolarning 719 ta shikoyatlarini Biznes-ombudsmanga yuborishgan bo'lib, shundan 400 ta shikoyat bo'yicha tekshiruv ishlari amalga oshirildi va jarimaga tortildi.

Terminallar va nazorat-kassa mashinalari bilan bog'liq qonunbuzarliklarning asosiy qismi Toshkent shahrida (81 ta holat) aniqlandi. Ikkinchi o'rinda Andijon viloyati (67 ta), undan keying o'rinlarda Toshkent (62 ta), Xorazm (36 ta), Farg'ona (32 ta) va Namangan (22 ta) viloyatlarida aniqlangan.

Qonun buzishga arziydimi?

Iste'molchi istagan mahsulotini plastik kartalar orqali to'lov qilib xarid qilishlari mumkun va “ishlamayotgan terminal” bunga to'sqinlik qila olmaydi. Tadbirkor uchun kartani qabul qilishdan bosh tortish qanchalik o'rinli? Kassa cheklarini iste'molchilarga bermaslik foydalimi?

Masalan, bitta MChJda iste'molchiga 30 ming so'mga chek berilmagan va nazorat-kassa mashinasiga 535 ming so'm miqdorida summa kiritilmagan. Ammo mazkur holat uchun, tadbirkor 6,7 million so'm miqdorida jarima to'laydi. Boshqa bir MChJ ikkinchi marta qonunbuzarlik holatini sodir etgan va iste'molchining plastik kartasidan 157 ming so'mni yechib olishni rad etgan. Buning uchun soliq organlari tomonidan tadbirkordan 22,3 million so'm miqdorida jarima undirib olinadi.

Davlat soliq qo'mitasi fiskal xotirali nazorat-kassa mashinalarini va (yoki) to'lovlarni plastik kartochkalar asosida qabul qilish bo'yicha hisob-kitob terminallarini ishlatish yuzasidan fuqarolar shikoyatlarini o'rganishda davom etadi.

Yuqoridagi holatlar kuzatilgan vaqtda iste'molchilardan DSQ idoralariga quyidagi raqamlar orqali xabar yetkazishlari mumkin:

DQS Ishonch telefonlari: (71) 244-98-98

“Call-markaz”: (71) 202-32-82, 1198.

“Soliq plus”  gazetasidan

loading...