Farg'onalik ayol nega poytaxtda sarson bo'lib yurgan?

0

Farg'ona viloyati Beshariq tuman hokimligi “Mening yurtim” telekanalining “Ochiqchasiga gaplashamiz” ko'rsatuvida muhokama qilingan ayol haqida o'z munosabatini bildirdi.

Ko'rsatuvda mazkur tumanda yashovchi ayolning poytaxtda kelib, mavsumiy ishlar qilishi, tilanchilik bilan kun o'tkazayotgani, uy-joyi yo'qligi va boshqa masalalar o'rtaga tashlanib, muhokama etilgan.

Kimdir bu ayolning ayanchli taqdiriga achinish hissi bilan qaragan bo'lsa, yana kimdir mutasaddilarni ayblay boshlashdi. O'zbek ayoliga xos bo'lmagan gaplari hamda turmush tarzi xususida ham turli bahslar bo'lmoqda. Qizalog'ining mungli ko'zlariga qarash, uning so'zlarini eshitish esa yanada qiyin. Xo'sh, nega bu ayol farzandi bilan darbadar hayot kechirmoqda?

Og'ir vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga ko'mak berish, ularni qo'llab-quvvatlash masalasi bugun davlat siyosati darajasiga ko'tarilgan. O'zAga ma'lum qilinishicha, Beshariq tumani “Navkat” mahalla fuqarolar yig'inida doimiy ro'yxatda turib, hozirda Toshkent shahrida yashab kelayotgan Odina Alimatova ham e'tibordan chetda emas.

U 1989 yilda Navkat qishlog'ida yashovchi H. Dehqonovga turmushga chiqqan, undan bir nafar qiz farzandli bo'lgan. Turmush o'rtog'i bilan 1994 yilgacha birga yashab kelgan bo'lib, sud qaroriga ko'ra 2001 yilda qonuniy ajrashgan. Qizi voyaga yetgunga qadar dadasining qaramog'ida bo'lgan. Voyaga yetganidan so'ng onasi O.Alimatova bilan Toshkentga ketgan hamda turmushga chiqqan.

O.Alimatovaning ota-onasi vafot etgan bo'lib, aka-ukalari bilan murosa qila olmagan. Shuning uchun ham u o'z ota uyiga qadam bosolmaydi. Sobiq turmush o'rtog'i qonuniy nikoh bilan boshqa ayolga uylangan. Uning uy-joyi marhum onasining nomida bo'lib, nomida uy-joy yo'q. Turmushidan ajrashgandan so'ng O.Alimatova Toshkent shahrida yashab kelgan. Shu davrda yana qiz farzandli bo'lgan.

Mana salkam yigirma yildan buyon u Toshkentda kun kechirib kelmoqda. “Navkat” mahalla fuqarolar yig'ini raisi Ulug'bek Sa'dullayevning aytishicha, O. Alimatovani bir necha bor o'z uyiga qaytarish, unga yordam berish choralari ko'rilgan. Hech qachon bu masalada befarq bo'lingan emas. Xususan, tuman xotin-qizlar qo'mitasi tomonidan bu ayol alohida nazoratga olingan.

Odina Alimatova joriy yil 25 mart kuni tuman hokimi nomiga, shuningdek, O'zbekiston xotin-qizlar qo'mitasiga uy-joy olish masalasida ariza bilan murojaat qilgan. Murojaati yuzasidan tuman xotin-qizlar qo'mitasi raisi G.Yuldasheva fuqaro bilan suhbatlashgan. Suhbat davomida O.Alimatovaning pasporti yo'qolganligi va 2010 yilda tug'ilgan farzandi Hayotxon Alimatovaning tug'ilganlik guvohnomasi yo'qligi aniqlangan.

Ayolga amaliy yordam ko'rsatilib, fuqarolik pasporti tiklab berilgan, pasport ikkinchi marta yo'qotilganligi sababli chiqarilgan jarima puli homiylar tomonidan to'lab berilgan. Shuningdek, farzandiga tuman FHDYo bo'limi orqali tug'ilganlik guvohnomasi olib berilgan.

– O.Alimatovaga O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 12 apreldagi “Og'ir ijtimoiy vaziyatga tushib qolgan xotin-qizlarga, nogironligi bo'lgan, kam ta'minlangan, farzandlarini to'liqsiz oilada tarbiyalayotgan va uy-joy sharoitini yaxshilashga muhtoj onalarga arzon uy-joylar berish tartibi to'g'risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori tushuntirilgan, – deydi tuman hokimi o'rinbosari, tuman xotin-qizlar qo'mitasi raisi Gulchehra Yuldasheva. – Unga asosan imtiyozli uy olish uchun boshlang'ich to'lov to'lab berilgach, qolgan to'lovlarni o'zi amalga oshirishi kerak. Lekin fuqaro to'lov qobiliyati yo'qligi sababli imtiyozli uy-joy olishni rad etgan.

Shuningdek, tuman hokimligi tomonidan tuzilgan ishchi guruh bu ayolning oilaviy holatini o'rganish maqsadida akasining xonadoniga borgan. Akasi O.Alimatova bilan o'zaro munosabati yaxshi emasligi, turmushidan ajrashganida shu hovlidan uy-joy qilib berishligini aytganida, bu yerda yashamasdan Toshkent shahriga ketib qolganligini ma'lum qilgan.

Inson taqdiri haqida gap ketganda shoshma-shosharlikka yo'l qo'yib bir tomonlama fikr yuritish mumkin emas. Bunda xolislik tamoyiliga amal qilish kerak. Og'ir vaziyatda kun kechirayotgan bu ayol Beshariq tumanida doimiy ro'yxatda turadi. Ammo ko'rsatuvga mazkur tumandan birorta mas'ullar taklif etilmagan.

Balki u o'zi yashagan tuman yoki mahallasidan biror kishi holat bo'yicha munosabat bildirganida, ba'zi tushunmovchiliklar kelib chiqmasmidi? O'zbek ayoli sha'ni, qadri hamisha ulug'.

Poytaxtda bir amallab tirikchilik qilayotgan O. Alimatova o'zi tug'ilib o'sgan joyga qaytib, birorta ishning etagini tutsa, balki yaxshi bo'larmidi? Farzandi ham shu yerdagi maktabda o'qirmidi? Beshariq tuman hokimligi bu ayolni doimo qo'llab-quvvatlash hamda amaliy yordam berishga tayyorligini ma'lum qildi.

UzA.uz

loading...