Rasmiy munosabat: “MIB oliy ma'lumotli va malakali kadrlarni doim qadrlaydi!”

0

Joriy yilning 9 dekabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda «MIB tizimida oliy ma'lumotli huquqshunoslar qadrlanmayapti» nomli xabar chiqqan bo'lib, unda Byuro organlarida oliy ma'lumotli huquqshunoslar munosib qadrlanmayotgani, ba'zi oliy ma'lumotli huquqshunoslar inspektor vazifasida energiya resurslari va suv ta'minoti bo'yicha qarzdorlikni undirish bilan shug'ullanayotgani, huquqshunoslarga o'ziga munosib ish berilishi xamda vazifalarning to'g'ri taqsimlanishi lozimligi haqida so'z borgan. Ammo masalaga chuqurroq e'tibor qaratilsa, bu e'tiroz o'rinsiz ekanligi oydinlashadi.

O'rganishda, Byuro organlarida amalda ishlab chiqarish lavozimida ishlayotgan 6 965 nafar xodimdan 32 nafari (0,4%) oliy yuridik ma'lumotga ega xodimlar tashkil etishi ma'lum bo'ldi.

Ma'lumki, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 30.05.2017 yildagi PQ-3016 son Qarori bilan tasdiqlangan «O'zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi Majburiy ijro byurosida xizmatni o'tash to'g'risida»gi Nizomga asosan, Majburiy ijro byurosida xizmat qilish uchun yurisprudensiya, moliya, iqtisodiyot, qishloq va suv xo'jaligi va boshqa sohalarda oliy yoki o'rta maxsus ma'lumotli, sog'lig'iga ko'ra xizmat majburiyatlarini bajarishga qodir bo'lgan, zarur kasb-kor va ma'naviy fazilatlarga ega O'zbekiston Respublikasi fuqarolari qabul qilinadi.

Bunda, Byuroning davlat ijrochilari lavozimlariga oliy yoki o'rta maxsus yuridik ma'lumotga ega, ayrim hollarda boshqa mutaxassislikdagi oliy ma'lumotga ega shaxslar, Byuroning boshqa lavozimlariga – oliy yoki o'rta maxsus ma'lumotli boshqa mutaxassislikka ega shaxslar ham tayinlanishi belgilangan.

Shunga asosan,  Byuro organlariga xizmatga (ishga) qabul qilinayotgan nomzodlar dastlab majburiy suhbatdan o'tkazilib, keyinchalik ularning ish tajribasi, salohiyati va bilim darajasidan kelib chiqqan holda tezkor lavozimlarga tayinlanadi hamda yuklatilgan vazifalardan kelib chiqqan holda, ish faoliyatidagi vazifalari taqsimlanadi.

Ta'kidlash joizki, Byuro organlarida oliy yuridik ma'lumotga ega xodimlarga talab yuqori va aksariyat rahbarlik lavozimlarida xizmat qilishmoqda, biroq Byuro organlarini tartibga soluvchi Nizom talablaridan kelib chiqqan holda, kasbiy malaka, tajriba va ishchanlik qobiliyatlariga yetarli ega bo'lmagan xodimlar – ishlab chiqarish lavozimlarida ham ishlashi mumkin.

Majburiy ijro byurosi – ijtimoiy tarmoqlardagi ushbu xabarni asossiz deb hisoblaydi, shuningdek, xodimlarning malakasi, bilimini oshirish, ish tajriba va ko'nikmasini yuksaltirish choralarini ko'rgan holda, xodimlarning o'z ustida yanada ko'proq ishlab, samarali natijalarga erishishiga undaydi.

loading...