Xonanda Feruza Egamova nega farzand asrab oldi?

0

Bugungi suhbatdoshimiz iste'dodli xonanda Feruza Egamova. Xonanda bilan bir necha yillik tanaffus va bugungi kundagi ijodiy yangiliklari haqida suhbatlashdik. Samimiy suhbatimiz esa xonanda ijodidagi kutilmagan yangilik bilan boshlandi…

— Shaxsiy hayotingizdagi bir yangilikni eshitib qoldik…

— Shaxsiy hayotim hech qachon muxlislarim uchun sirli emas. Turmush o'rtog'im va qizlarim bilan hozirda baxtli oilalardan biri bo'lib yashayapmiz.

Siz nazarda tutayotgan yangilik esa… Bilasizmi, biz kinolarda ko'rsak yoki kitoblarda bu haqda o'qisak, bir vaqtning o'zida inson hayotida uchta voqeaning bir-biriga bog'liq holda sodir bo'lishiga ishongimiz kelmaydi. Ular bo'rttirilgan deb o'ylaysiz. Lekin men kinolardagi voqealar ham hayotdan olinishiga amin bo'ldim. Chunki hayotimda bir voqea bo'ldiki, bu hech bir kinodan kam emas. Yozda Buxoroga to'yga — xizmatga bordik. Bu yoqda to'y, kelinning onasi esa kasalxonaning reanimatsiya bo'limida jon talvasasida yotibdi, o'sha oilaning 6 yoshli qizchasi esa meni ko'rib, ketamanga tushib qoldi. To'y tugaguncha yonimdan bir qadam ham ketmadi va to'y tugashi bilan qizning — Gulasalning onasi vafot etganini aytishdi. Qaytishda esa qizaloq orqamdan yig'lab qoldi. Qizchaning yig'laganini ko'rib, unga mehrim tushdi va o'zim ham yo'lda kelguncha ko'z yosh to'kdim. Keyin bilsam, Gulasal bir oy davomida isitmalab yotib qolibdi va meni yaqinlari telefon qilib uning tug'ilgan kuniga chaqirishdi. Samarqanddagi to'ydan chiqib, ataylab tug'ilgan kunga Buxoroga bordim va Gulasalning yaqinlari bilan gaplashib oldim. Qizning menga talpinayotgani ko'rib, uni farzand qilib olishga qaror qildim.

Gulasalning yaqinlari uning sog'lig'i va ertasi uchun ham men bilan ketishiga rozi bo'lishdi. Ayni damda qizlarim uchta bo'lgan va ular mening butun borlig'im…

— Turmush o'rtog'ingiz va farzandlaringiz bu tanlovingizga qanday munosabatda bo'lishdi?..

— To'g'risini aytsam, turmush o'rtog'im bu qarorimni quvvatladi. Chunki bunday qarorim borligini avvaldan bilardi. Qizlarim esa avvaliga qarshilik qilishdi, qizg'anishdi. Keyin o'rganishdi va hozir bir-biriga juda yaxshi munosabatda. Gulasalni biz uyda Asal deb chaqiramiz.

Qizlarim meni doim qizg'anishgan. Atrofimni bolachalar o'rab olishsa, «Sizning shuncha farzandlaringiz bormi?» deb so'rab ham qolishadi ba'zida. Ana shunday qiziq voqealarning biri «Turkiston» san'at saroyining yozgi binosida bo'lgandi. «O'sma» qo'shig'ini aytayotganimda sahnada yigirmatacha bola atrofimni o'rab olgan. Chunki bu qo'shig'im bolajonlarimizga judayam yoqardi. O'shanda kimdir quchoqlagan, kimdir yuzimdan o'pgan. Ikkita qiz esa ko'ylagimni tortib yig'layapti, e'tibor berib qarasam, o'zimning qizlarim bolalarga qo'shilib sahnaga chiqishgan va ulardan meni qizg'anishib «Aya, aya» deya yig'lashyapti.

Men yoshligimdan farzand asrab olishga havas qilganman va bu ishni ayni damda amalga oshirganimdan juda xursandman. Bunday savob ishni qilishdan hech qachon uyalmayman va buni muxlislarimdan ham yashirmoqchi emasman.

— Bu voqeaga qancha bo'ldi?

— Adashmasam, 3 oy. Avgust oyida to'yda uchratgan bo'lsam Asalni, sentyabrda asrab oldim. Biz bu qarorni qabul qilishga tayyor edik va Asalning yaqinlarini rozi qilib Toshkentga olib keldik.

— Asrab olgan qizingiz tez-tez uyiga borib turadimi?

— Noyabr oyining boshida ta'tilda uyiga borib keldi. Rosti, qizim uyiga ketayotganda qo'rqdim. Qaytib kelmasligi ham mumkin edi, axir qon tortadi-ku?! Shu fikrga ham o'zimni tayyorladim. Ammo Asal 3-4 kunda yana bag'rimga qaytib keldi…

loading...