“Tadbirkorlik rivojlansa, boy bo'lamiz-da”

0

deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga  nomzod Aktam Axmedov 

Aktam Axmedov Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining menejment va xalqaro turizm menejmenti fakultetini bitirib, magistr darajasini olgach, tadbirkorlik faoliyatini yo'lga qo'yguniga qadar turli idoralarda mehnat qildi.

Siyosiy qarashlari partiyamiz g'oyalariga hamohangligi tufayli O‘zLiDeP safiga kirdi. 2007 yili “Axmedov Aktam Buxarovich” xususiy korxonasini tashkil etib, o'ttiz nafar yoshning bandligini ta'minladi.  Oradan o'n yil o'tgach, ko'p tarmoqli “ELITE CARTON BOX” MChJga asos soldi. Hozirda mazkur korxonada 100 nafar yigit-qiz mehnat qilyapti. Tadbirkor zamonaviy ishlab chiqarishni yo'lga qo'yish uchun tinimsiz izlanib, innovatsion loyihalarni amaliyotga tatbiq etayotir. Xitoydan qiymati 195 ming AQSh dollari bo'lgan zamonaviy uskunalarni keltirib, qog'oz chiqindisidan karton mahsulotlari ishlab chiqaruvchi sexni ishga tushirdi.

Bugungi kunda Qashqadaryo va qo'shni viloyatlar pilla qabul qilish punktlariga qadoqlovchi ashyolar yetkazib berilmoqda. Shu yili esa meva-sabzavotlar eksportida foydalaniladigan gofro qutilar tayyorlanuvchi chog'roq zavod barpo etildi. Qiymati 500 000 AQSh dollariga teng mazkur loyiha amalga oshirilgach, 50 nafar yoshning bandligi ta'minlandi. Shuning barobarida qog'oz paketlar va tuxum fleykalari ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish bo'yicha ham ishlar olib borilyapti. E'tiborlisi, tadbirkor tashabbusi bilan Shahrisabz shahrida “Kesh wunderkinds” nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti qurilib, foydalanishga topshirildi.

Aktam Axmedov saylovchilar bilan uchrashuvlarda xususiy biznesni yanada rivojlantirish, aholi turmushi sifatini oshirish borasida o'z rejalari, mulohazalarini bayon etyapti. Uning fikricha, soliq yukini kamaytirish, individual tadbirkor uchun qat'iy belgilangan soliq stavkalarini maqbullashtirish zarur. Tadbirkorlar soliq miqdorining o'zgarib turishidan, umuman, soliqqa tortish jarayonining murakkabligidan ko'ngli to'lmayotir. Avvalo, ishbilarmonlarning soliq sohasidagi bilimlarini kengaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish kerak. Bundan tashqari, bank tizimini isloh qilish zarur. Tadbirkor istalgan paytda hech bir qiyinchiliksiz  bankdan kredit olish imkoniga ega bo'lishi lozim. Xususan, tegishli hujjatlarni bankka elektron tarzda taqdim etish tartibi tezroq joriy qilinishi darkor. Banklar faoliyati deputatlar va parlament nazoratida bo'lsa, shaffoflik ta'minlanadi.

Turizm rivojlantirilsa, aholining bandligi ta'minlanadi, farovonligi oshadi hamda iqtisodiyotimiz valyuta tushumi evaziga yuksaladi.  Shahrisabzda sayyohlarga xizmat ko'rsatish talab darajasida emas. Besh yulduzli mehmonxonalar qurish, infratuzilmani zamonaviylashtirib, milliy suvenirlar ishlab chiqaradigan kichik korxonalarni ishga tushirish kerak. Sayyohlarni so'lim maskanlarga, muqaddas qadamjolarga olib boradigan transport vositalari harakati tizimli yo'lga qo'yilishi kerak. Vaholanki, Shahrisabz aholisi tabiiy gaz, elektr, ichimlik suvi, kanalizatsiya  bilan bog'liq muammolardan aziyat chekmoqda. Ko'chalarni yoritish, turizmga oid reklama bannerlari o'rnatish ham ko'ngildagidek emas. Tan olish kerakki, shahardagi tibbiy xizmat ahvoli ham qoniqarsiz. Tibbiy muassasalarga murojaat qiluvchilar kam. Chunki malakali shifokorlar yetishmaydi. Uskunalar ham eskirgan. Ustiga-ustak, elektr ta'minoti ham yomon. Shu bois odamlar betob bo'lsa, darhol Qarshi yoki Toshkentga jo'nab ketishyapti.

Mazkur sohalarga investitsiyalarni jalb qilish orqali kamchiliklarni bartaraf etish mumkin.

Aholiga transport xizmati ko'rsatish, yo'l infratuzilmasini takomillashtirishga taalluqli ishlarda ham nuqsonlar ko'p. Masalan, Qarshi–Shahrisabz yo'nalishida avtobuslar qatnovini yo'lga qo'yish kerak. Qarshi–Kitob tezyurar poezdi yo'nalishi aholi uchun qulay vaqtga o'tkazilib,  qatnov oralig'i ikki soat qilib belgilab qo'yilsa, minglab yo'lovchilar uning xizmatidan foydalanishga o'tadilar. Hozir esa kuniga bir mahal qatnaydi, xolos.

Talay maktab o'quvchilari mablag' sarflab, repetitorga qatnayapti. Demak, shahardagi maktablarda ta'lim sifati talab darajasida emas. Bu sohaga ham alohida e'tibor qaratish zarur.

Pirovardida shuni ta'kidlash kerakki, Aktam Axmedov muammolarni tilga olibgina qolmay, ularni hal qilish bo'yicha aniq va asosli takliflarni  ilgari suryapti. Eng muhimi, u maslakdoshlari, hamkorlari bilan birgalikda takliflarni amalga oshirish uchun astoydil harakat qilyapti. “Tadbirkorlikni rivojlantirish orqaligina turli muammolarga yechim topish mumkin”, deydi u.

Sayfulla IKROMOV,

“XXI asr” muxbiri

loading...