Qiynoqni qo'llagan tergovchilarning bolaligi qanday o'tgan?

0

Har qanday tergov harakatini qonun doirasida, qiynoqlar yoki boshqa shafqatsiz usullarni qo'llamasdan ham amalga oshirsa bo'ladi. Bu haqda Bosh prokuror o'rinbosari Svetlana Ortiqova Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo'lib o'tgan matbuot anjumanida bildirdi.

“Men ham tergovchi bo'lganman. Tergov qilganman. Tergovchi bo'ladimi, prokuror bo'ladimi yoki jazoni ijro etish muassasasi ma'muriyati bo'ladimi yoxud surishtiruvchi bo'ladimi — barchasi insonning tarbiyasiga bog'liq. Qiynoqlarni yoki boshqa shafqatsiz usullarni qo'llamasdan ham har qanday tergov harakatini qonun doirasida amalga oshirsa bo'ladi.

Men doim o'zimga o'zim savol beraman: nega o'zbek o'zbekni uradi, nimaga o'zbek o'zbekni qiynaydi?
Hayotda kimdir jinoyat sodir etmaydi va qamoqqa tushmaydi, deb kim kafolat bera oladi?!
Hech kim bunday kafolat berolmaydi!

Bugun siz meni qiynoqqa solgan bo'lsangiz, ertaga men sizni qiynashim mumkin. Qaytar dunyo degan narsalar bor”

Bosh prokuror o'rinbosari insonni qadrlash, hurmat qilish tuyg'usi bog'chadan shakllantirib borilishi kerakligiga urg'u bergan.

“Tergov jarayonida qiynoqni ishlatganlar tarjimai holi o'rganilsa, albatta, oilasida urush-janjal, ota-onasi, aka-ukalari urishgan, bolalikda it-mushuklarni qiynagan bola bo'lib chiqadi. Keyin u forma kiygach, mansab berilgach, unda menga hamma narsa mumkin, degan fikr paydo bo'ladi. Tergov jarayonida qiynoqqa solish holatlari bilan prokuratura organlari qat'iy kurash olib borayapti. Buni batamom yo'q qilamiz desak, bu — afsona, utopiya. Lekin siz bilan biz shuni kamaytira bilishimiz kerak.

Mengacha bo'lgan, mendan keyingi pogonli odamlarni endi qayta tarbiyalab bo'lmaydi. Juda qiyin. Faqat jazolash, tozalash, tizimdan chiqarish bilan cheklanish mumkin.

Lekin farzandlarimizni, bo'lajak prokurorlarni, tergovchilarni bog'chadan boshlab tarbiyalasak, 20-25 yildan keyin, Xudo xohlasa, hech qiynoqni ishlatmaydigan kadrlar yetishib chiqadi”, deya iqtibos keltiradi Svetlana Ortiqova so'zlaridan Kun.uz.

loading...