«Yangi binoda hisoblagichlar mavjud. To'lovlar ham vaqtida to'lanmoqda!» MIB rasmiy izoh berdi

0

Joriy yilning 13 dekabr kuni «Telegram» tarmog'ining «Muxbir Daliev» kanalidagi «MIB Andijon viloyat boshqarmasi elektr energiyasi uchun to'lov qilmasdan iste'mol qilayotgani haqida»gi ma'lumot chop etildi.

Mazkur xabarda, Majburiy ijro byurosi Andijon viloyat boshqarmasi elektr energiyasidan elektr hisoblagichsiz, ta'minotchi korxona bilan shartnoma tuzmasdan elektrdan foydalanib kelayotganlik holati tanqid qilingan.

Aniqlanishicha, «Yagona buyurtmachi xizmati» injiniring kompaniyasi bilan «Evrostar premium» MChJ o'rtasida 2018 yil 24 may kuni Andijon shahridagi Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va shahar bo'limi binosi qurilishini bajarish haqida 234-sonli pudrat shartnomasi tuzilgan.

Shuningdek, Byuroning Andijon viloyat boshqarmasining eski (Boburshoh ko'chasi, 126-uy) binosi ta'mirtalab bo'lganligi sababli, joriy yilning 10 sentyabr kuni «Evrostar premium» MChJ qurilish korxonasi tomonidan qurilishi tugatilgan yangi binoning foydalanishi mumkin bo'lgan joylarida xodimlarning ish faoliyatini olib borishiga ruxsat berilgan.

Biroq pudratchi tomonidan qurilish ishlari to'liq yakuniga yetkazilmaganligi sababli bino davlat topshirish-qabul qilish hay'ati dalolatnomasi asosida topshirilmagan.

Hozirda binoning elektr energiyasidan foydalanishi va to'lovlarning amalga oshirilishi — O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 12. 01. 2018 yildagi «Elektr energiyasi va tabiiy gazdan foydalanish tartibini takomillashtirishga doir qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida»gi 22-sonli qarorining 65-bandiga asosan, elektr tarmoqlari korxonasi bilan iste'molchi sifatida pudratchi «Evrostar premium» MChJ o'rtasida 05. 01. 2019 yilda tuzilgan 311908-sonli shartnomaga asosan amalga oshirilmoqda.

Shartnomaga asosan, elektr energiyasini hisobga olish uchun «Evrostar premium» MChJga DTS-541 rusumli, davlat raqami 909784 bo'lgan elektr hisoblagich o'rnatilib, shu asosida iste'mol qilingan elektr energiya uchun hisob-kitob qilinmoqda.

(Bunga oid pudratchi «Evrostar premium» MChJ bilan Byuroning viloyat boshqarmasi o'rtasida iste'mol qilingan elektr energiyasi uchun to'lovlarni kelgusida qoplab berilishi ko'zda tutuvchi qo'shimcha kelishuv mavjud.)

Qurilish korxonasi oxirgi marta 05. 12. 2019 yilda 4 670 749 so'm va 2 mln 415 ming so'm, jami 7 mln 86 ming so'm miqdorda to'lov amalga oshirgan va hozirda qarzdorligi mavjud emas.

Qurilish korxonasi tomonidan qurilish ishlari yakuniga yetkazilib, bino yakuniy topshirish-qabul qilish hay'ati dalolatnomasi asosida Majburiy ijro byurosiga topshirilganidan so'ng Byuroning Andijon viloyat boshqarmasi elektr energiyadan foydalanish bo'yicha belgilangan tartibda shartnoma tuzilib, iste'molchi sifatida ro'yxatga olinadi va foydalanilgan elektr energiyasi uchun o'rnatilgan hisoblagichlar asosida hisob-kitoblarni amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, Byuroning Andijon viloyat boshqarmasi binosiga ehtiyoj yo'qligi sababli, tabiiy gaz tarmog'i o'rnatilmagan.

Byuroning Andijon viloyat boshqarmasi tomonidan ushbu xabarni o'rganish vaqtida, «Evrostar premium» MChJ qurilish korxonasi vakili Komiljon Yuldashev Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasi va shahar bo'limi binolarining qurilish ishlari to'liq yakuniga yetmaganligini, iste'molchi sifatida «Evrostar premium» MChJ ta'minotchi korxona bilan tuzgan shartnomasiga binoan elektr energiyasi sarfi uchun to'lovlarni muntazam amalga oshirib borayotganligini, bino qurilish ishlari yakuniga yetkazilgach, yakuniy topshirish-qabul qilish hay'ati dalolatnomasi asosida Majburiy ijro byurosiga topshirilishini bildirgan.

O'rganishda, Andijon shahar elektr ta'minoti korxonasi muovini O. Nazarov «Evrostar premium» MChJ tomonidan elektr energiyasi iste'moli qonun talablari asosida amalga oshirilayotgani va elektr energiyasini uzatishda qonunbuzilish holatlariga yo'l qo'yilmaganini bildirdi.

Shu singari «Andijon hududiy elektr tarmoqlari korxonasi» AJ mutaxassislari tomonidan elektr energiyasidan foydalanish qoidalariga rioya qilish ahvoli o'rganilganida qoidabuzarlik holatlari aniqlanmadi.

Yuqoridagilardan xulosa qilib, Majburiy ijro byurosi «Muxbir Daliev» kanalidagi ushbu xabarni joylashtirishda bir tomonlama yondashib, tegishli mutaxassislar (ekspert) fikri va qonunchilik talablarini inobatga olmagan holda asossiz ravishda yoritilgan deb hisoblaydi.

Shuningdek, Majburiy ijro byurosi, kelgusida bu kabi xabarlarni joylashtirishda, uning ishonchli va xolisligiga alohida e'tibor qaratishni hamda bu borada Byuro organlari bilan hamkorlik qilinishi maqsadga muvofiq, deb eslatib ham o'tdi.

Majburiy ijro byurosi

loading...