«BOMJ»LAR…

0

 

 

BIRINChI QISM

 

Tangali pichoq

 

Biz olti kundan beri shu yerda o'tiribmiz. Vaqt juda tez o'tayotgandek edi. Pessimist Ishchenkoning aytishicha, bekorga o'tirganmishmiz. Yo'q, bizning ishda turli bo'lar-bo'lmas xulosalarga kelib bo'lmaydi. Ba'zan kerak bo'lganda, natija chiqish-chiqmasligiga qaramay, kutishga, yaxshilab tekshirishga to'g'ri keladi. Shuning uchun ham olti soat avval butun shahar bo'ylab boshlangan qo'lga olish operatsiyasida ishtirok etyapmiz-da!..

Murdani kunning ikkinchi yarmida topdik. Yoz bo'lgani sababmi, kun issiq. Kiyimlariga qaraganda, daydiga o'xshaydi. Badani ignali yozuvlarga to'la. Har xil qushlarning, qizlarning surati o'yib chizib chiqilgan. Bundan xulosa chiqarish mumkinki, uning butun hayoti turmada o'tgan. Balki, shu oxirgi daqiqalarda marhum o'zining hayoti davomida to'plagan tajribasini sinovdan o'tkazmoqchi bo'lgandir. Chunki qo'lida yo'g'on tayoq qolib ketgan. Bitta barmog'i singan. Demak, kim bilandir ayovsiz mushtlashgan.

Zum o'tmay, shahar tezkor guruhi a'zolarining mashinasi yetib keldi. Prokuratura tergovchisi Zaysev ekspertga murdaning barcha tomonlarini ko'rsata boshladi. Fotosuratchi ham ishga tushdi. Voqea joyini, so'ngra murdaning umumiy ko'rinishini, bosh qismini, yuzini, qo'lida qisilib qolgan tayoqni suratga oldi.

Mening ishim esa, tergovchiga yordam berish. Shuning uchun o'zim ham murdani aylanib har bir tana qismini erinmasdan tekshira boshladim. Uning chap ko'ksida tirnalgan joyni ko'rib qoldim. Qon izlari ko'rinmasdi. Ustiga-ustak bu narsa o'ldirgan odamni topish uchun asosiy dalil ham bo'la olmaydi… Qotil uyoqda tursin, murdaning kimligini aniqlash ham shu tobda oson ish emasdi.

— Qotillik ikki soat burun yuz bergan. — dedi vrach jasadni sinchiklab tekshirib ko'rgach. — Ko'ksining manavi yerini ko'ryapsizlarmi?.. Ingichka tirnalgan yer. Bu pichoqning izi. Juda ustalik bilan sanchilgan…

Bir mahal tergovchining oldiga leytenant Markin chopib keldi.

— Bir baliqchini uchratdik, — dedi tergovchiga. — Ikki soat oldin uzun bo'yli, yelkasiga qop osib olgan erkakni ko'rganmish. Katta yo'l tarafga qarab ketibdi. Men hamma postlarni ogohlantirdim!

— Sen o'sha baliqchini yaxshilab qaytadan so'roq qil! — buyurdi tergovchi.

Bu gap-so'zlardan so'ng yana bir daliliy ashyo topib oldik. Pichoq. Daraxt ostidagi o't-o'lanlar orasida yotgan ekan. Albatta, it bo'lmasa, topa olmasdik…

Lekin pichoqda qon izlari ko'rinmadi. O't o'lanlar orasiga otib yuborilgan bo'lsa, artilib ketgandir, degan taxminga kelib qo'ya qoldik vaqtincha.

— Krыlov!.. — murdani o'likxonaga jo'natib, endigina to'ngak ustiga cho'kkan ham edimki, orqa tomondan bo'lim boshlig'i o'rinbosari Frolovning ovozi eshitildi. Darrov o'rnimdan turib unga peshvoz chiqdim. Yonida jinoyat qidiruv bo'limi boshlig'i Yesin ham turardi.

— Menga qara, — dedi Frolov. — Yaqin orada uychaga o'xshagan bir narsa bor ekan. U yerga kechalari daydilar tunash uchun kelib turarkan. O'sha yerda tuni bilan o'tirib chiqsang… Balki birontasi adashib kelib qolar… Xullas, seni guruh boshlig'i etib tayinladim. O'zing bosh bo'lib o'sha yerdan biror guvoh qidirib ko'ringlar!..

Boshliq boshliq-da, guruh a'zolarini yonimga olib o'sha yerga yetib bordik. Uycha o'rmonning ancha ichkarisida ekan. Ichkari zax va qandaydir yoqimsiz hidga to'la edi. Bit ilakishtirib olmaslik uchun xonadagi sassiq ko'rpalarni bir chetga irg'itdik-da, daraxt barglaridan to'plab o'zimizga joy to'shadik.

Qorong'i tushib, atrofda sukunat hukmronlik qila boshlaganda ikki nafar biz kutgan «mehmon»lar ichkariga kirib kelishdi. Ular kirib kelishi bilan xonani vino hidi tutdi.

— Jim, militsiya!.. — Bagrov birinchisini ushlab qo'llariga kishan taqdi, men ikkinchisini.

Daydilar qarshilik qilib o'tirishmadi. Oradan bir soatlar o'tib yana ikki nafar sheriklarini ham qo'lga oldik va ertalabgacha uychada olib o'tirdik.

Erta tongda mashina kelgach, hammalarini yuklab bo'limga jo'natdik. O'zimiz esa, shaharga qaytgandan so'ng Bagrov bilan birgalikda pivoxonaga yo'l oldik…

 

* * *

 

Ertasiga o'ldirilgan odamning shaxsi aniqlandi. Rifat Bakirov degan daydi ekan. U atigi 35 ga kirgan bo'lishiga qaramay, sakkiz marta qamalib chiqishga ulgurgan. Har safar firibgarlik va mayda o'g'irlik tufayli turmaga tushavergan. Oxirgi marta ozodlikka chiqqandan keyingi olti oyda nima qilganini va qaerda yashaganini aniqlay olmadik. Shu narsalarni aniqlash maqsadida Zaysev Bakirov o'tirgan barcha turmalarga so'rovnoma jo'natdi. Ammo gumon qilinishi lozim bo'lgan qotilni topish qiyin edi. Ivakin ham tashvishga tashvish qo'shdi. Pichoqda hech qanday barmoq izlari yo'q emish.

Biz endi barlardan birini kuzatib ko'rishga qaror qildik. Soat beshlarga yaqin kutganimizdek barga bir to'da yigitlar kirib kelishdi. Ular kiriboq stollardan birini egallab, stol ustini pivoga to'ldirib tashlashdi. Yo'q, yigitlar pivoni shunchaki ichishni istashmadi. Cho'ntaklaridan bir shisha aroq chiqarishdi-da, aralashtirib icha boshlashdi. Ustiga ustak shunchalik shovqin solib o'tirishardiki, chidab turishning sira imkoni yo'q edi. — Tez mashina chaqir! — dedim Bagrovga va o'zim yigitlarga yaqinlashdim.

— Yigitlar, kelinglar, pivo ichamiz!

— O'tir, quyib beramiz! — dedi ulardan biri qo'limdagi baliqdan ko'z uzmay. — Baliqni bozordan oldingmi?

— Yo'q, baliqchidan oldim.

— Shu yerlikmisan?

— Yo'q, o'tkinchiman. Shahar yoqib qoldi. Shuning uchun bir hafta qolishga qaror qildim…

Men cho'ntagimdagi sopiga tanga yopishtirilgan pichoqni chiqardim-da, baliqning dum tarafini kesa boshladim. Ha, pichoqqa bekorga tanga yopishtirilmagandi. Murdani xuddi shunday pichoq bilan o'ldirishgandi.

Bu orada stolga Bagrov ham yaqin keldi.

— Salom, yigitlar! — dedi baland ovozda.

— Bu kim? — so'radi o'tirganlardan biri.

— Bu mening do'stim. Birgamiz…

— Bo'lmasa o'tirsin!.. O'zi qaerlik bo'lasizlar?

— Kubanlik. Gruziyani, Sochini aylanib chiqdik. Mana endi Qrimga navbat yetdi.

— Qaerga joylashdilaring? — so'rashda davom etdi ro'paramda o'tirgan baland bo'yli yigit.

— Daryoning narigi tomonida. O'sha yerda zo'r uycha bor ekan. Tinch, eng asosiysi, kechalari pashsha talamaydi.

Shu payt haligi yigit pivo simirishdan to'xtadi-da, menga qattiq tikilib so'radi:

— Negadir sizlarni o'sha uychada ko'rmaganman… U yerda Yurka Tatarin degan odam yashaydi. Taniysizlarmi?

— Taniymiz. — deb yubordim tavakkal.

— Unda nega kecha kelmadi u yaramas?.. Nima, men unga o'n rublni shunchaki sovg'a qilibmanmi? Bunaqa ishlar uchun bo'ynini uzib tashlash kerak unqalarning!..

— Tinchlan, Baklan! — uni ovuta boshladi yonidagisi. — Nima balo, bugun chap yoning bilan turganmisan?

— To'xta, to'xta! — Baklan qo'limdagi pichoqqa ishora qildi. — Buni qaerdan olding?

— Uychaning yonidan topib oldim. Nimaydi?

— Axir, bu Mallaning pichog'i. O'tgan kuni ichib o'tirganimizda, mana shu pichoq bilan meni qo'rqitmoqchi bo'lgandi. Hali boray o'sha yerga, qo'llarini sindiraman iflosning!..

Suhbatni tugatish vaqti yetgandi. Chunki o'n daqiqadan beri narigi stol qarshisida Vitya Laktionov bizni kutib o'tirardi. Men bildirmaygina boshim bilan unga ishora berdim. Vitya o'rnidan turib ulgurmay, oldimizga ikki nafar militsiya formasidagi yigitlar kelishdi.

— Qani, hammalaring biz bilan yuringlar-chi!..

Yigitlarimiz hammalarini mashinaga o'tqazib bo'limga olib ketishdi. Biz Bagrov ikkalamiz esa, Baklanni prokuraturaga olib ketdik…

 

* * *

 

Prokuraturaga yetib kelganimizdan so'ng, Baklanni shaxsan Zaysevning o'zi so'roq qila boshladi.

— Pogorelov, siz Rifat Bakirovni taniysizmi?

— Yurka Tatarinmi? Albatta taniyman. O'tgan kuni mendan o'n rubl qarz olgandi. Qaytarib bermadi.

— U sizning do'stingizmi?

— Do'stim edi. Endi menga begona. Ko'rib qolsam, burnini sindiraman.

— Demak, u dushmanga aylangan va qarzni qaytarmagani uchun undan o'ch olmoqchisiz, shundaymi?

— Xuddi shunday. Qo'rqadigan yerim yo'q hech kimdan.

Zaysev shoshilmay stol tortmasidan murdaning suratini chiqarib Baklanga uzatdi. U suratni ko'rdi-yu, qotib qoldi.

— Unga nima bo'ldi? — zo'rg'a so'ray oldi surat tutgan qo'llari titrab.

Baklan, seza boshlagandi. Shuning uchun tushuntirishga urinar, ammo tili «Unga nima bo'ldi» deyishdan boshqasiga aylanmasdi.

— Bakirovni o'ldirib ketishdi. — dedi Zaysev Baklanning qo'lidan suratni qaytarib olarkan. — Biz qotilni izlayapmiz.

— Men uni o'ldirganim yo'q. — astoydil o'zini oqlashga tushdi Baklan. — Baqirib, so'kishib, yoki juda borsa mushtlashishim mumkin. Lekin o'ldirish… Bu ishni qilmayman… Ana, ishonmasangiz, yigitlardan so'rang!..

— Unda Bakirovni kim o'ldirishi mumkin?

— Men qaerdan bilay?.. Mastlikda nimalar bo'lmaydi deysiz…

— Bakirov o'ldirilgan kuni qaerda edingiz?

— O'zi qachon o'ldirishgan?

— O'tgan kuni kunduzi.

— O'rtoq tergovchi, — kulib qo'ydi Baklan. — To'g'risini aytsam, o'sha kuni kechgacha hushyorxonada yotganman. Ishonmasangiz, tekshirib ko'rishingiz mumkin.

Zaysev yo'lakka chiqdi-da, telefon orqali aniqlab keldi.

— Ha, siz haqiqatan hushyorxonada ekansiz. — dedi qaytib kirgach. — Bayonnomaga imzo cheking!

Baklan kerakli yerga imzosini qo'yib o'rnidan turdi.

— Ketaveraymi endi?

— Yo'q, — dedim men uning qo'ltig'idan olarkanman. — Ketishga shoshilmang. Siz barda shovqin ko'targaningiz va jamoat joyida kurakda turmaydigan so'zlar bilan so'kinib o'tirganingiz uchun o'n besh kun o'tirib chiqishingiz lozim. Qani, men bilan yuring!..

— Gap yo'q, — dedi Baklan oldimga tushib yo'lakka chiqqach. — O'tirsak o'tiraveramiz-da! Biz shunaqangi halol odammiz!..

Yigitlarimiz tushdan keyin yana bir gumon qilinayotgan shaxsni olib kelishdi. Familiyasi Gastev ekan. Zaysev uni ham obdon so'roq qilib ko'rdi.

— Xo'sh, Mallani taniysizmi?

— Taniyman, — deya javob qildi Gastev. — Lekin yaqin emasman. Tasodifan tanishib qolganman.

— Qaerda yashardi?

— Qaerda deysizmi? E, u ko'prikning ostida yashardi.

Zaysev sopiga tanga yopishtirilgan pichoqni tortmadan chiqardi.

— Mana bu pichoq sizga tanishmi?

— Albatta. Bu Mallaniki.

— Nimaga tanga yopishtirilgan?

— Chunki u faqat bir shiorga amal qilardi. «Hayot men uchun bir tiyin». Shuning uchun pichog'iga tanga yopishtirib olgan… Ochig'i, mabodo qiynalib qolsa, shu pichoqni kimgadir sotib kun ko'rishni mo'ljallab qo'ygandi.

 

BEShINChI KUN

 

Biz qidirishda davom etardik. Bagrov boshliqning buyrug'i bilan yana bir operatsiya o'tkazib qaytdi. Albatta, bu safar quruq qaytmadi harqalay. Operatsiya paytida o'ttiz yoshli Pashki Veretennikov degan kimsani qo'lga olibdi. Pashka shu paytgacha umrining deyarli yarmini turmalarda o'tkazgan, banditlar orasida juda obro'si baland yigit ekan. Bagrov uychadan ichib tugatilmagan konyak, o'ndan ortiq turli hajmdagi kalitlarni ham topgan. Hammasi Pashkaga tegishli edi.

— Sen ilgari konyak ichmasding shekilli? — so'radi Zaysev Pashkaga ma'noli tikilib. — Yo boyib ketdingmi?

Pashka indamadi. Uning sukut saqlashi esa, tergovchining gumonlarini oshirdi, xolos.

 

* * *

 

Endi qotillikni fosh etildi deb hisoblasa ham bo'lardi. Garchi Veretennikov qo'yilayotgan ayblarni bo'yniga olmayotgan bo'lsa-da, Zaysev qotillik bilan bog'liq ko'pgina dalillarni topishga erishdi. Ma'lum bo'lishicha, Pashka do'konlardan biriga sheriklari bilan bostirib kirib konyaklarni olib chiqib ketgan. Ular o'zaro kelishib konyaklar sotilgandan so'ng pulini bo'lib olmoqchi bo'lishgan. Lekin keyinroq, ya'ni, pul taqsimlash mahali yetganda kelisha olmay qolishgan. O'rtada janjal chiqqan…

Lekin Pashka qotillikni sira bo'yniga olmadi. Ish shu darajaga borib yetdiki, unga qarshi qo'yilgan barcha ayblovlar asossiz bo'lib chiqdi va Pashkani ham qo'yib yuborishga majbur bo'ldik.

 

* * *

 

Yana ishni boshqatdan boshlashga to'g'ri keldi. So'roq qilish uchun olib kelinganlarning birontasi Bakirovning o'ldirilishiga aloqador bo'lib chiqmadi. Xo'sh, unda kimning ishi bu?..

Mana shu savol ustida bosh qotirib o'tirganimizda, kabinetga Zaysev kirib keldi.

— Bugun o'sha sizlar bo'lib qaytgan barda yana bittasini o'ldirib ketishibdi. — dedi u qovog'ini uyib. — Bu safargi murda ham daydilardan biriga tegishli bo'lib chiqdi…

Oyog'imizni qo'limizga olib bar tomon chopdik. Ichkarida prokuror hamda ekspertlar ish olib borishardi…

Sekin murdaga yaqinlashdim. Haqiqatan kiyimlari juldur, yuzidan piyonistaligi shundoq ko'rinib turardi. Uning ham ko'krak qismida ingichka chiziq. Qon yo'q. Pichoq juda ustalik bilan urilgan…

Negadir ko'nglim ozib tashqariga chiqdim va barning orqa tomoniga o'tib sigaret tutatdim. Shu payt yerdan chiqdimi, osmondan tushdimi, ro'paramda Baklan paydo bo'ldi. Qo'lida xuddi bizdagi kabi tanga yopishtirilgan pichoq. Men hushyor tortib qo'limdagi sigaret qoldig'ini yerga tashladim-da, uning ko'zlariga qattiq tikilib qaradim. Og'zidan kelayotgan spirt hidiga qaraganda, Baklan g'irt mast edi. Ammo o'zini yaxshi tutib turardi.

— O'la, haliyam qotilni topa olmabsan-ku!.. — dedi sovuq tirjayib. — Yuribsan-da sen ham izquvarman deb!..

— Xo'sh, mendan nima istaysan? — so'radim men ham sovuqqonlik bilan. Aslida maqsadini anglab ulgurgandim.

— Sendanmi?.. Sen o'sha kuni meni qattiq xafa qilding-da qamab qo'yib!.. Mana, qamab ulgurmasingdan yana chiqib ketdim…

— Sen ko'p maqtanavermasang bo'lardi… Hozir yana olib borib qamayman.

— Sen-a?.. — Baklan menga yaqin kelib pichoq o'qtaldi. — Qamab bo'psan endi. Qara, atrofingda zog' yo'q… O'sha kungi qasosimni olsam ham bo'ladi…

— Qani, ol-chi!.. — unga javoban kulib qo'ydim men. — Nega qarab turibsan? Pichoqla meni!..

— O'limdan qo'rqmaysanmi?

— Sendaqa daydilardan sirayam qo'rqmayman.

— Unda o'zingdan ko'r!.. Mana senga!..

Yo'q, Baklan pichoq sanchib ulgurmadi. Choti aralash tepganimdan so'ng yerga engashib qoldi. Shu zahoti qo'llarini qayirdim-u, ichkariga olib kirib militsionerlarning qo'liga topshirdim…

 

XOTIMA O'RNIDA

 

Hayron bo'ldim. Bir daydi ikkinchisini o'ldirsa. Biz esa, qancha umrimizni, kuchimizni sarflab qotilni qidirsak… Agar Baklan mastlik tufayli menga ro'para bo'lmaganda, umuman, qaysidir soqchiga pul berib o'n besh kunlik qamoq kamerasidan qochmaganda, bilmadim, yana necha kun, necha oylar ovora bo'lardik… Nahotki, o'sha piyonistalarchalik aqlimiz yo'q bizning?..

Ana shular haqida o'ylarkanman, o'zimdan o'zim xafa bo'lib ketdim. To'g'ri, Bakirovning ham, ikkinchi daydining ham o'limi birgina Baklanning ishi ekani isbotlandi. U qamaldi. Ammo yuragimdagi g'ashlik tarqamadi. Hammamiz o'sha daydilarga o'xshash qora kimsalardan ham nimalarnidir o'rganishimiz lozim ekan. Men bugun shu narsani tan olib keyingi ishlarda hushyorroq bo'lishga, aql bilan ishlashga ahd qildim.

Daniil KORESKIY

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi

 

loading...