QOChOQ KELIN…

0

 

* * *

 

Eshli shkafni sindirib ochib ichidagi kerakli kiyimlarni oldi-da, sal bo'lmasa sevinchdan xoxolab yuborayozdi. Zo'rg'a kaftlari bilan og'zini yopib qoldi.

— Qanday qo'rqinchli-ya notanish joyda! — dedi o'ziga o'zi. — Hoy, notanish odam, men narsalaringizni faqat qarzga olyapman. Albatta qaytarib tashlab ketaman bir kuni!..

U o'ziga-o'zi gapirgancha kiyimlarni qo'ltiqlab tashqariga chiqmoqchi bo'ldi. Shu payt uy chirog'i xayolidami, haqiqatdanmi, yonib o'chganday tuyuldi. Qo'rqib ketdi. Yugurgancha yotoqxonaga kirib oldi. Yotoqxonaning chirog'i o'chirilgan edi.

“Tavakkal yoqsammikan? — ko'nglidan o'tkazdi Eshli. — Egasi kelib qolsa-chi?.. Buyoqda kuyovnikidagilar, o'zimnikilar o'lib-tolib meni izlashayotgandir. To'y boshlangan paytda qochib ketganim uchun kechirishmas… Ey, Xudoyim, uni hoxlamasam nima qilay?.. Nega o'zi boshida o'ylamadim?..”

Tashqaridagi kuchli chaqmoq Eshlining xayollarini bo'lib yubordi. Vahimasiga vahima qo'shildi. Aksiga olib narigi xonadagi chiroq ham o'chib qoldi. U yugurganicha shkaf ortiga berkinib oldi. Kutilganidek, oradan hech qancha vaqt o'tmay, tashqarida oyoq tovushlari eshitildi.

“Qochib qolsammikan? — o'yladi Eshli. — Hozir ushlab olsa, turmaga tiqadi…”

Oyoq tovushlari tobora yaqinlashib, kimdir ichkariga kirdi. Yotoqxonaga o'tib qaerdandir sham topib yoqdi. Eshli lablarini asabiy tishlagancha indamay turaverdi. Haligi odam ochiq turgan derazani yopdi-da, yo'lakka chiqib ketdi. Birdan bir yo'l ko'rinmasdan chiqib ketish… Xo'sh, nima qilish kerak?.. Eshli haqiqatan boshi berk ko'chaga kirib qolgandek qanday yo'l tutishni bilmasdi.

 

* * *

 

Bu uyning egasi Kem Keyn edi. Bugun negadir ishlari yurishmagandi. Umuman, hayotda sira omadi yurishmagandek his etardi o'zini. Bu kecha Gonoluludan butkul jo'nab ketishga, ketish oldidan biroz dam olishga ahd qildi. Lekin uyga kirdi-yu, ochiq oynani ko'rib hayron bo'ldi. Kimdir bormikan ichkarida?..

U yana yotoqxonaga qaytib shamni polga to'g'riladi. Kiyimlari sochilib yotibdi. Qiziq!..

Kem beixtiyor shkafga yaqin keldi-da, shamni baland ko'tardi. Ichkarida qandaydir soya ko'ringandek tuyuldi.

— Qimirlamang! Men sizni ko'rayapman!..

Soya shundoq ham qimir etmasdi.

Bularning hammasi Kemning asabiga tega boshladi. Shkaf ichiga qo'l soldi-yu, yashirinib turgan ayol kishi ekaniga iqror bo'ldi.

— Menga qo'l tekkizmang! — turgan yerida qichqirdi Eshli. — Bo'lmasa hoziroq politsiya chaqiraman!

Kemning rostakamiga jahli chiqib ketdi.

— Siz politsiya chaqirasizmi? Yo'q, ayting, bu kimning uyi? Qani, aytib yuboring-chi!..

— O'zingiz ayting!.. Balki siz ham menga o'xshab adashib kirib qolganlardandirsiz bu yerga?

Kemning ensasi qotdi. Aslida bunday shaddod ayollarni yoqtirmasdi. Ammo ro'parasidagi kelishgan qizning o'zini himoya qila olishi uni yumshatdi.

— Bo'pti, siz ham bu uy o'zingizniki emasligini bo'yningizga oling unda!

— Men hech narsani bo'ynimga olmayman.

— Ana, ko'rdingizmi, o'g'rilarning hammasi shunaqa.

— Unda kimsiz?

— N-nima desamiykin?.. Masalan, mehmonman… Siz mehmongayam politsiya chaqirarmidingiz?

— Bo'pti… Faqat kutilmagan mehmonman desangiz to'g'riroq bo'lardi.

— Mayli… Endi ayting, bu uy siznikimi?

— Ha, meniki. Endi chiqing!

Eshli qo'rqa-pisa shkafdan chiqdi. Kem uning qomatini, quyuq sochlarini ko'rib hayratda qoldi. Haqiqatan, Eshli havas qilsa arzigulik darajada go'zal va istarali edi.

— Uyingiz chiroyli ekan. — o'rtadagi jimlikni buzdi Eshli.

— Ha, o'zimga ham yoqadi. — dedi Kem hanuz qizdan ko'z uzolmay. Lekin baribir Eshlini o'g'ri qiz sifatida tasavvur qilardi. Ishongisi kelmasdi gaplariga.

— To'g'risini ayting, — dedi nihoyat maqsadga o'tib. — O'sha odam sizga qancha va'da qildi?

— Qaysi odam?

— Sizni o'g'irlikka undagan odam-da!

— Nima? — uy egasiga hayron bo'lib tikildi Eshli. — Qanaqa o'g'irlik?

— Nima bo'lgandayam, men o'sha bergan puldan ikki baravar ko'p beraman. Faqat uyni bo'shatib qo'ysangiz bas.

— Voy, menga pulingiz kerakmas. Shundog'am ketaman o'zim.

— Yaxshi, unda keting!

— Ha, ha, ketaman.

Eshli borib tashqari eshikni ochdi. Hovlida jala quyardi. Eh, ishi yurishmadi-da!.. Kechasi shunday yomg'irda qaerga boradi endi? Hovliga chiqib ko'cha tomon yurib borarkan, kutilmaganda Kemning ovozi eshitildi.

— To'xtang!

Eshli to'xtab ortiga o'girildi.

— Mabodo egningizdagi ko'ylak meniki emasmi? — so'radi Kem.

— Ha. — Eshli noqulay ahvolga tushib boshini egdi. — Maylimi, bir-ikki kunga kiyib tursam?

— Nima, kiyishga hech vaqoingiz yo'qmi?

— Faqat to'y ko'ylagim…

— To'y ko'ylak? —elka qisdi Kem. — O'sha ko'ylakda aeroportdan keldingizmi?

Eshli javob bermadi. Kem bu qizning haqiqatan ukasi Ketchning yollaganlaridan bittasi deb hisoblardi… Lekin to'y ko'ylakda…

— Aktrisalikni qotirarkansiz. — nihoyat ichidagini ayta boshladi Kem.

— Meni ko'pchilik komediantka deb ataydi. Lekin aktrisalikka hech kim yo'ymagandi…

Eshli yer ostidan uy egasiga boqdi. Qandaydir g'alati odam ekan. Hazilni tushunmaydi. Mayli, kiraqol bir kechaga ham demaydi. Yuragi tosh odam bo'lsa kerak…

Xo'sh, hozir qaytib borsa, Uesli nima deydi. O'la, mensiz hech narsa qila olmas ekansan-ku! demaydimi? Aniq aytadi. Ustidan ochiqdan-ochiq kulishi tayin.

Eshli boshini ko'tarib qarshisida sham ko'tarib turgan baland bo'yli Kemga tikildi.

— Mayli, men keta qolay, — dedi u asta darvoza tomon qadam tashlarkan. — Xavotir olmang, ko'ylagingizni albatta qaytaraman…

Xudoga shukr, ketayapti. Kem yana tinch, osuda uyga qaytadi… Lekin…

U qizning yalang oyoq ham ekanini ko'rdi. Axir, bu ahvolda qanday chiqarib yuboradi?..

— To'xtang! — Kem yugurib Eshliga yetib oldi. — Ustingiz juda yupqa ekan-ku!..

— Nima qipti?

Eshli beixtiyor aksirib yubordi.

— Ana, ko'rdingizmi, — dedi Kem uning qo'ltig'idan olib. — Yana biroz shu yomg'irda tursangiz aniq shamollaysiz. Yuring, mayli, ertalabgacha qola qoling! Men sizga qaynoq choy tayyorlab beraman…

Shu tobda Eshli qarshilik ko'rsatadigan ahvolda emasdi. Itoatkorona erkakning ortidan ergashdi. Ichkariga kirishgach, Kem uni divanga o'tqazib qo'ydi-da, o'zi oshxonaga o'tib birpasda choy damlab keldi.

— Bu sizning dala hovlingizmi? — so'radi Eshli choyni ho'plarkan.

— Men huquqshunosman, — dedi Kem. — Keyingi haftada ishlarim juda ko'payib ketdi. Shuning uchun bu yerga faqat dam olish uchungina keldim. Ammo to'g'risini aytsam, ukamdan boshqasi menga sherik bo'lishga arzimaydi.

— Demak, men sizning e'tiboringizni torta olmabman-da?! — kuldi Eshli.

Kem qarshisidagi qizga ma'noli qarab qo'ydi.

— Yo'q, unchalik emas… Menga ko'proq baland bo'yli, oliy ma'lumotli qizlar yoqadi… Ha mayli, keling, yaxshisi, tanishaylik!.. Men Kem Keynman. Siz-chi?

— Eshli. — ohista erkakka qo'l cho'zdi u.

— Eshli, yuring, men sizga xonangizni ko'rsataman!..

Ular oldinma-ketin mehmonxonaga o'tishdi.

— Mana, sizning joyingiz, — dedi u divanni ko'rsatib. — Ertalabgacha bemalol uxlashingiz mumkin!

— Xayrli tun! — Eshli erkakka sham yorug'ida mamnun qarab qo'ydi.

— Xayrli tun!..

Kem mehmonxona eshigini yopib yo'lakka chiqqach, o'zicha shivirlab qo'ydi.

— G'alati qiz ekan… Mayli, ertalab daf bo'ladi…

 

* * *

 

Bilmaydi, Eshlini kechasi kuchli chaqmoq uyg'otib yubordi chamasi. O'rnidan sapchib turib ketdi. Xona ichi qop-qorong'i edi. U qo'rquvdan dag'-dag' titrab deraza oldiga keldi. O'zini xonada hech kim yo'qligiga qanchalik ishontirishga urinmasin, tashqaridan kimdir tikilib turgandek tuyulaverdi.

“Nahotki, Uesli meni topib oldi? — xayolidan o'tkazdi Eshli. — Yo'q, bu Uesli emas…”

Qiz dahshatga tushib apil-tapil kiyindi-da, yo'lakka chiqdi…

Endi nima qiladi?.. Kemni uyg'otsinmi? Urishib bersa-chi?.. E, urishsa-urishar. Nima bo'lganda ham baribir uyg'otadi…

Eshli yotoqxona eshigini ohista chertdi.

Kem uzoq kutdirmadi. Ko'z ochib yumguncha ostonada paydo bo'ldi.

— Nima bo'ldi? Bu yerda nima qilyapsiz? — so'radi u o'ralib olgan ko'rpasining chetlarini to'g'rilay-to'g'rilay.

— Kechiring, men sizni uyg'otmoqchi emasdim.

— Nima bo'ldi o'zi? Gapirsangiz-chi!

— Yo'q… Hech narsa bo'lgani yo'q… Bemalol uxlayvering! — dedi Eshli teskari o'girilib.

— Ie, siz mening eshigimni taqillatib tursangiz, qanday uxlayman?

— Endi boshqa taqillatmayman… Bilasizmi… Sizga tushuntirib berishim qiyin… M-mening oldimda hozir kimdir bo'lishini istadim xolos…

Eshli yig'lab yubordi. Kem unga hayron bo'lib boqarkan, hech narsaga tushunmay, bosh chayqab qo'ydi.

— Nimaga yig'layapsiz? — so'radi nihoyat Eshlining yelkasidan tutib.

— Yig'layotganim yo'q.

— Yuzlaringiz ho'l-ku!

— E, bunga e'tibor qilmang!..

— Qani, mana shu yerda turing! Men sizga hozir sut qaynatib kelaman.

— Kerak emas.

Kem uning gapiga quloq solmay, oshxonaga o'tdi va bir zumda sut olib keldi. Eshli sutni jinidan yomon ko'rardi. Lekin na iloj? Uy egasining ra'yini qaytarishga qo'rqib, istamaygina sut to'la stakanni qo'liga oldi. Kem esa, uni yotoqxonaga yetaklab kirib divanga o'tqazdi-da, tizzasiga ko'rpa tashlab qo'ydi.

— Sovuq yegandirsiz. Birpas o'tirsangiz isiysiz… Men bir narsaga tushunmayman. Nega Mitchell ikkovlaring meni to'y libosi yumshatadi deb hisobladilaring?

Eshli erkakning ko'zlariga qaradi.

— Men hech qanaqa Mitchellni bilmayman.

— Nima? — o'rnidan turib ketdi Kem.

— Meni hech kim bu yerga jo'natgani yo'q. O'zim keldim. Qarasam, oyna ochiq ekan. Shu yerda tunni o'tkazishga qaror qildim.

— Shunaqa deng?.. — kulib yubordi Kem. — Unda siz jinoyatchi ekansiz.

— To'g'ri.

— U holda men politsiya chaqiraman.

Eshli bu gapni eshitib titrab ketdi.

— Mayli, agar istasangiz chaqiravering! Ammo…

— Nima ammo? Ayting, nega mening uyimga kirdingiz? Nima ishingiz bor edi.

— Bugun mening to'yim bo'lishi kerak edi… Shuning uchun to'y libosida edim.

— Xo'sh, nima bo'pti?

— Men qochib ketdim.

— Yo'q, siz yana yolg'on gapiryapsiz.

— Rost, men qochib ketdim.

— Nimaga?

— Kutilmaganda sezdimki, katta xatoga yo'l qo'yibman.

Kem sekin joyiga o'tirdi.

— Shunaqa deng? Demak, siz kuyov sho'rlikni sharmanda qilibsiz-da?!.

— Men u bilan bir haftadan beri gaplashishga urindim. Lekin u quloq solishni istamadi.

— To'g'ri yuziga aytish kerak edi. Uzukni qaytarib maqsadni aytaverish lozim edi.

— Men shunday qildim. Ammo boshqalar meni hazillashyapti deb o'ylashdi.

— Xo'sh, kim ekan o'sha sizga uylanmoqchi bo'lgan baxtli kuyov?

— Uesli. — ohista shivirladi Eshli.

— Uesli Batlermi?

Bu savoldan Eshli qotib qoldi.

— Siz… Uni taniysizmi?

— Taniyman. — Kem dast o'rnidan turib chiroqni yoqib yubordi va qaytadan Eshlining yoniga o'tirdi.

— Menga qarang, kelib-kelib o'shanga turmushga chiqmoqchi bo'ldingizmi?

Eshli kulib yubordi.

— Ha, aynan o'shanga… Chunki men bu yerlarga kelganimdan so'ng u bilan har kuni gaplashib yuradigan bo'ldik. Biroq… Keyin tushunib yetdimki, mening tengim emas ekan… Menga qarang, siz uni qaerdan taniysiz?

— Maktab davrlarimdan… —erga boqqan ko'yi javob qildi Kem. — U boylar o'qiydigan maktabda o'qirdi. Men esa kambag'allarnikida… Bir-birimizni ko'rishga ko'zimiz yo'q edi o'sha paytlarda.

— Uesli bilan qanday tanishgansiz? — qiziqsinib so'rashda davom etdi Eshli.

— Oilalarimiz o'zaro bordi-keldi qilishardi. Keyin universitetda birga o'qidik.

— Siz universitetni bitirganmisiz?

— Ha, bir nechtasida o'qiganman.

— Keyin-chi?

— Birinchisidan haydaldim.

— Qizlarni yotoqxonaga olib kirgan bo'lsangiz kerak-da? — kuldi Eshli.

— Hecham-da! Bu ish uchun jazolashmaydi. Men o'shanda jonivorlarni himoya qilish jamiyatiga a'zo bo'lib kirgandim. Jonivorlarni juda yaxshi ko'rardim. Ularni hech kim xafa qilmasa derdim. Xullas, bir kuni biz quyonchalarni ochiq havoga olib chiqdik. Ular bo'lishsa, katta ko'chaga yugurib ketishdi. Natija shunday bo'ldiki, ko'pchilik quyonlarni mashina bosib halok bo'lishdi. Haydalishimga xuddi shu voqea sabab bo'lgandi.

— Nega siz ko'p kuladigan ayollarni yoqtirmaysiz? — so'rashda davom etdi Eshli.

— Buning ahamiyati yo'q. — gapni kalta qildi Kem. — Yaxshisi, ayting, uyingizdagilar o'zlarini qo'yarga joy topa olishmayotgandir hozir?

— Yo'q, men bunday deb o'ylamayman. Allaqachon qo'ng'iroq qilib yaxshi ekanimni aytganman. Ular hoynahoy banketda maza qilib o'tirishgandir?

Kem kulib yubordi.

— Banket? To'y bo'lmagandan keyin qanaqa banket bo'lishi mumkin?

— Mening onam hech qachon pulni shunchaki ko'kka sovurmaydi. Oldindan pul to'lab qo'yilgandi… Demak, tinchgina o'tirib bayram qilishadi oxirigacha…

— Bo'pti, endi yotib dam oling!..

Kem borib chiroqni o'chirdi.

— Aytgancha, ertaga baribir boshqa joy topishingizga to'g'ri keladi.

— Bilaman, — dedi Eshli divanga cho'zilarkan. — Qo'rqmang, ketaman! Sizga osilib olmayman…

 

* * *

 

Kem qattiq uxlab qolgan ekan. Noma'lum atir hidimi, shovqinmi, ishqilib nimadandir cho'chib uyg'ondi. Birinchi bo'lib ko'rgani shu bo'ldiki, Eshli uning yonida yotardi.

Jin ursin!..

Kem ohista yelkasidagi qizning qo'lini olib tashladi-da, o'rnidan turdi. Shu tobda mehmonxona tarafdan tanish ovoz eshitildi.

— Kem, faqat o'zingni uxlaganga solma! Allaqachon o'rningdan turgansan.

Bu singlisi Shaunining ovozi edi. Kem uf tortib soatiga qaradi. Soat allaqachon ertalabki oltiga zang uribdi. Bu orada Eshli ham o'rnidan turdi.

— Kim u?

Kem barmog'ini lablariga bosdi.

— Jim, bu singlim Shauni! Afsuski, unda ham kalit bor edi. Siz shu yerda indamay o'tiring, men chiqib kelaman!..

Shaunining yonida yana bir qiz bor ekan.

— Bu mening dugonam Melissa! — qizni tanishtirdi Shauni.

— Juda xursandman! — jilmaydi Kem. — Xo'sh, qaysi shamollar uchirdi?

— Mitchelldan sening kelganingni eshitib qoldim. Shuning uchun bir salom-alik qilib ketay deb kirgandim.

— Yaxshi, bemalol joylashaveringlar!..

Shauni narsalarini joylash uchun dugonasini yetaklab ichkariga kirib ketdi. Kem esa, hovliga yo'l oldi…

Shauni dugonasi Melissani uy bilan tanishtirib bo'lgach, vanna qabul qilish niyatida vannaxona tomon yurdi. Shu payt akasining xonasida karavot g'ijirlagandek, kimdir uyoqdan-buyoqqa yurgandek tuyuldi. Hayron bo'lib ichkariga mo'raladi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, xonada Eshli qimtinibgina unga qarab turardi.

— Salom, — dedi Shauni hanuz hayratini yashirolmay.

— Salom, — javob qildi Eshli ham. — Siz Kemning singlisimisiz?

Shauni javob o'rniga lablarini burgan ko'yi bu kelishgan, soddagina qizga boshdan-oyoq razm solib chiqdi. Eshli uning nima demoqchi ekanini sezdi.

— Yo'q, siz… o'ylagan qiz emasman… — dedi zo'rg'a.

— Nahotki? — unga yaqin keldi Shauni. — Afsus…

— Haqiqatan shunday, — tushuntira ketdi Eshli. — Biz akangiz bilan endigina tanishdik… Men kecha yomg'ir boshlangani sababli qo'rqib uy ichiga kirib olgandim… Mana, yomg'ir ham tindi, tong otdi… Endi ketsam ham bo'laveradi.

Shauni uning egnidagi akasiga tegishli kiyimlarga ishora qildi.

— O'zingizga kiyim topishingiz bilan ketasiz, shundaymi?

— Ha.

— Xo'sh, qaerga bormoqchisiz?

— Hali o'ylab ko'rganimcha yo'q.

— Shunaqami? Unda men sizga ish taklif etsam, nima deysiz?

— Qanaqa ish? — qiziqib so'radi Eshli.

— Menga qarashli kafega tonggi ofitsiantka kerak. Istasangiz, bemalol borishingiz mumkin.

— Yaxshi bo'lardi. — jilmaydi Eshli.

— Bo'pti, ko'rishguncha!

— Xayr!

Shauni shoshilinch dugonasining oldiga kirdi-yu, narsalarini yig'ishtira boshladi.

— Melissa, biz zudlik bilan bu yerdan ketishimiz kerak. — dedi u dugonasini shoshiltirib.

— Nima bo'ldi?

— Akam band ekan. Yonida ketvorgan bir qiz bor ekan… Xalal berishni istamayman…

Ular Kem bilan yo'l-yo'lakay xayrlashgancha tashqariga chiqib ketishdi.

 

* * *

 

Kem singlisi ketgach, sekin xonasiga kirdi. Eshli hamon xona o'rtasida qotib turardi.

— Nonushta qilishni istaysizmi ketish oldidan? — so'radi Kem qovog'ini uygancha. Eshli unga yer ostidan tikilib qaradi.

— Istasam, ovqat tayyorlab berarmidingiz?

— To'g'risi, pechenyedan bo'lak hech vaqo yo'q… Ammo ja och bo'lsangiz buyurtma berishim mumkin.

— Aytingchi, mening yoningizda yotganimni noto'g'ri tushundingiz-a? — gapni boshqa yoqqa burdi Eshli.

— Nima bo'pti?

— Nahotki, siz ayolga erkakdan faqat aysh-ishrat kerak deb o'ylasangiz?

— O'ylasam nima?

— Eh, — og'ir xo'rsinib qo'ydi Eshli. — Siz shunchalar hissiz erkak ekansizki…

— Bunday deyishga nima haqqingiz bor? — Kem jahli chiqib qo'llarini musht qildi.

— Ha, siz ayolni tushunmaysiz.

— Mayli, aytadiganingizni aytib oldingiz. — dedi jahl aralash Kem. — Endi bemalol ketishingiz mumkin.

Eshli kulib qo'ydi.

— Bilasizmi, men bu uyning yaqinidagi plyajda bir haftagacha daydib yurdim. Bildimki, aynan shu uyda hech kim yashamas ekan. Keldim-u, asta kirib oldim.

— Bu bilan nima demoqchisiz?

— Yana… Biroz yashab tursam degandim uyingizda.

— Nima?.. Endi haddingizdan oshyapsiz.

— Ishoning, hech narsangizga tegmayman… Hozir… Qaerga borishimni bilmayman.

Kem jahl bilan qizning ikki yelkasidan ushladi.

— Bas qiling! — dedi u Eshlini siltashga urinib. — Juda quyushqondan chiqib ketdingiz!..

Eshli badaniga bu barvasta erkakning qo'llari qanchalar xush yoqayotganini his etdi. Nega shunday bo'ldi?.. Anglayolmadi. Faqat… Titrab ketdi.

— Nimani bas qilay? — beixtiyor Kemning yelkasiga bosh qo'ydi Eshli. Kem battar achchiqlanib uni qo'yib yubormoqchi, shartta tashqariga chiqib ketmoqchi bo'ldi. Ammo joyidan qimirlay olmadi. Qandaydir noma'lum kuch uni bir joyda ushlab turardi. Asta Eshlining qalin sochlariga qo'l yubordi.

— Kechiring! — dedi va qizning sochlarini hidlab ko'rdi. Ha, tunda dimog'iga urilgan yoqimli hid shu edi. Shu qadar yoqimli hidki, Kem o'zini tutolmadi. Hansiragancha Eshlining tomoqlaridan, yuzlaridan o'pa boshladi. Shu tobda boyagi jahldan asar ham qolmagandi. Nimalar qilayotganini bilmagan holda qizni o'pishdan, erkalashdan, silab-siypashdan to'xtay olmasdi. Eshli ham xuddi shuni kutgandi. Butkul o'zini topshirib qo'ydi. Kemning bo'yniga osilgan ko'yi totli bo'salarning quliga aylandi.

— M-men… Bilmagan ekanman. — uning qulog'iga shivirladi Kem. — Sening bu qadar shirin ekaningni bilmagan ekanman…

— Men ham…

— Yur, yaxshisi, manavi yerga yotaylik!..

Kem chiday olmadi. Qizni dast ko'tarib karavotga yotqizdi…

 

* * *

 

Oradan bir soatlar chamasi vaqt o'tib ikkovlari karavotda o'tirishgancha kelajak rejasini tuzishardi.

— Men seni sevib qoldim! — dedi Kem tizzasiga boshini qo'ygancha jimgina yotgan Eshliga. — O'sha Uelsiga berib bo'pman seni!.. Sen haqiqiy jannat guli ekansan… Sendaqalar kamdan-kam uchraydi dunyoda.

— Boyagina haydayotuvding-ku! — qiqirlab kuldi Eshli.

— Jinniman-da!.. Senday qizni haydab bo'larkanmi?.. Mana endi mening hayotim boshqacha bo'ladi.

— Qanaqa?

— Men nihoyat baxtiyor bo'laman… Hech qachon siqilmayman… Aytgancha, singlimga ham yoqib tushding shekilli.

— Qaerdan bilding? — sekin o'rnidan turdi Eshli.

— Bir gal begona ayolni uyimda ko'rib qolib rosa janjal ko'targandi.

— U menga ish ham taklif etdi. — dedi Eshli.

— Qara-ya!.. Obbo ayyorlar-ey, mensiz ko'p narsani hal qilmoqchi bo'libsizlar-da!.. Yo'q, endi sen faqat men bilan birga bo'lasan!.. Seni hech kimga bermayman, qochoq kelin!..

Eshli kulib yubordi. Chunki bu so'z endi o'ziga ham kulgili tuyula boshlagandi.

Rey MORGAN

Rus tilidan Olimjon HAYIT tarjimasi

 

loading...