SNAYPER… (19-qism)

0

 

 

* * *

 

Vaqt shomdan oshganda, Shavkat va Vadim oldinma-ketin kazinoga kirib kelishdi. Ular har bir qaltis ishdan so'ng Mirsoli ma'lum muddat hech qanday savol bermasligini yaxshi bilishardi. Shuning uchun indamay kirishdi-da, xona to'ridagi divanga cho'kishdi.

Nihoyat Mirsoli asta boshini ko'tardi-yu, ikkovlariga yer ostidan tikilib qaradi. Vadim juda xotirjam, sokin edi. Faqat Shavkatgina ora-sirada bezovtalanar, bu holatni tez-tez bosh qashish orqali oshkor etardi.

«Do'stim hali yangi, — ko'nglidan o'tkazdi Mirsoli chuqur xo'rsinib. — Ko'nika olmayapti. Hechqisi yo'q, pishadi, ko'nikadi, bora-bora bezovtalanmaydigan, qo'rqmaydigan bo'ladi…»

— Xo'sh, azamatlar, — deya oradagi sukutni buzib so'radi Mirsoli. — Sobir joyini topdimi?

— Bilasiz-ku, — dedi Vadim jiddiy ohangda. — Juda yumshoq, xavf-xatarsiz yerga joylashtirdik uni.

— Juda soz, unda asosiy masalaga o'tsak ham bo'laveradi. Aytgancha, Shavkat, nega bezovtalanyapsan? Tinchlikmi?

— Y-yo'q, yaxshiman, — Shavkat xuddi nimadandir cho'chigan kabi keskin boshini ko'tardi. — Bezovtalanganim yo'q, do'st. Shunchaki… Xayol opketibdi xolos.

— Bir narsani yaxshilab uqib ol, — dedi Mirsoli deyarli pichirlab. — Bizning ishda shunaqangi qaltisliklar tez-tez uchrab turadi. Ko'nikish kerak bularga. Aks holda mentlarni gumonsiratib qo'yamiz. Yo tushuntira olmadimmi?

— Tushundim, do'st, tushundim. Haligi… Asosiy masalaga o'tmoqchiyding…

— Ha, shunday edi… Og'aynilar, ochig'i, o'sha «Tarakan»ni biroz pasaytirib kelmasak bo'lmaydi. Yo'qsa, u ertaga yotog'imizga qurol o'qtalib kirishdanam toymaydi. Nima deysizlar?

— Haq gap, — dedi Vadim. — Biznesda qattiqqo'lroq bo'lgan ma'qul. Ko'rdik-ku, sira tap tortmasdan binoni o'rab olishdi yugurdaklari! Popugini pasaytirib qo'yishimiz shart!

— U holda hoziroq abjir yigitlarni saralab mashinalarga o'tqaz! O'n besh chog'lisi yetadi. Lekin ehtiyotkorlikni qo'ldan bermasligimiz zarur. Yigitlarga qayta-qayta tayinla! Xitlantirib qo'yganlarini ayab o'tirmayman.

— Tushundim. Chiqaveraymi?

— Ha, Shavkat senga hamrohlik qiladi. Tayyor bo'lishlaring bilan menga xabar ber!

Vadim so'nggi ko'rsatmani eshitiboq, Shavkatni ergashtirgancha kabinetdan chiqib ketdi.

Bir necha xorij mashinalari orqama-orqa Tarakanov makon tutgan manzil tomon ketib borardi. Mirsoli esa o'ylardi, aqli yetganicha mulohaza qilardi. Ertangi hayoti qanday kechishi mumkinligi haqida bosh qotirardi. Ammo sira o'ylari intihosiga yeta olmasdi.

— Aytgancha, — deya oldingi o'rindiqda o'tirgan Vadimning yelkasiga qo'lini qo'ydi Mirsoli. — Hoziroq qo'ng'iroq qilib, o'sha marazni ogohlantir. Agar qimorxonasiga bostirib borishimizni xohlamasa, xilvat joy tanlasin. Ochig'i, o'zimning ham sira shovqin ko'targim yo'q.

Vadim zum o'tmay kimgadir qo'ng'iroq qildi. Mirsoli tayinlagan gapni yetkazdi. Saldan keyin esa masala hal bo'ldi. Tarakanov ularni o'zi yashaydigan hududdagi suvi qurigan ko'l bo'yida kutadigan bo'libdi.

— Farosati joyidaga o'xshaydi, — dedi Mirsoli kulib. — Hoynahoy o'sha ko'lga hammamizni tiriklay ko'mmoqchi shekilli.

— O'zi bizdan oldin ko'milib ketmasa, — luqma tashladi Shavkat. — Bizning qudratimizni bilmaydi-da xonasalot!..

Qirq daqaqacha yo'l yurishgach, xuddi o'sha ko'lga yetib borishdi. Shundoq qirg'oqqa yaqin joyda uchta mashina turar, narida esa o'n chog'li yigitlar qo'l qovushtirgancha tosh qotishgandi. Mirsoliga tegishli mashinalar ancha berida to'xtadi. U ochiqdan-ochiq yelkalariga avtomatlar osgan shotirlar qurshovida Tarakanovlarga yaqin bordi. Taxminan ellik metr qolganda shotirlar Mirsolining buyrug'i bilan taqqa to'xtadi. O'zi esa oldinga yurishda davom etdi. Tarakan ham xuddi shunday yo'l tutdi. Ikki raqobatchi oralarida ikki-uch metrlik masofa saqlagan holda yuzma-yuz bo'lishdi. Mirsoli odatiga ko'ra qarshisidagi uzun bo'yli, o'zidan picha yoshi ulug', qirraburun raqibiga zimdan nazar soldi. Shunday qilsa, Tarakan birinchi bo'lib gap boshlashiga ishondi.

— Demak, sen ekansan-da Krutoy!?. — deya haqiqatan birinchi bo'lib gap qistirdi Tarakan. — Yoshing menikidan kichikka o'xshaydi. O'zingdan kattalarni hurmatlashni o'rgatishmaganmi nima balo?

— Men oldingga nasihat eshitish uchun kelmadim, — dedi Mirsoli qaddini g'oz tutib. — Yo sezmadingmi?

— Xo'sh, nega kelding unda? Men bilan jang qilmoqchimisan?

— Sen bilan biz biznesmenlarmiz. Shunday ekan, kelishib ishlasak yomon bo'lmasdi. To'g'ri, men tinchlik tarafdoriman. Ammo sabr kosamni to'ldirsang, majbur bo'laman hamma narsaga.

— Menga qara, Krutoy, — dedi Tarakan norozi bosh chayqab. — Qanaqa biznesmen? Vey, sen-u men jinoyatchilarmiz.

— Qara-ya, bundan bexabar yurgan ekanman. Shuning uchun peshonamga yugurdaklaringni chopqillatibsan-da!?. Adashmasam, jangni o'zing boshlab berding. Men bugun arzirli javob qaytarish uchun keldim. Xo'sh, boshlaymizmi?..

— Qo'ysang-chi, kulgimni qistatma! Bilaman, general himoyachingga ishonyapsan. Vey, ment hech qachon jinoyatchiga do'stlik qilmaydi. Ertami-kechmi, baribir sotadi.

— Meni yaxshi bilmas ekansan. Ishda raqobatchilarni sira xush ko'rmayman. Gapni aylantirma-da, maqsadga o't!

— Na iloj! Yaxshilikchasiga tushunmading. Endi o'zingdan ko'r!

Tarakan shunday dedi-yu, qirg'oqdagi shotirlari tomon o'girilib, o'zi tomon imladi. Ular kissalaridan to'pponchalarni chiqargan holda xojasi tarafga yugurdi. Lekin Mirsolining yigitlari ham anoyi emasdi. Buyruq ham kutib o'tirmay, qarama-qarshi tarafdagilarni o'qqa tutishdi. Bir necha soniya ichida hammayoq to's-to'polon bo'lib ketdi. Avtomatlilar Tarakanga qo'shib shotirlarining barchasini yer tishlatishdi. Mirsoli esa o'qlar yomg'iri tingach, qayta mashinadan tushib, jasadlarga yaqin keldi-da, birpas tikilib turgach, o'z shotirlari tomon o'girilib, bor ovozda qichqirdi:

— Eshitib qo'ylaring, kimda kim mening yo'limga to'g'anoq bo'lsa, xuddi shunday o'lim topadi!

 

* * *

 

Mashina qorong'i tunda serqatnov viloyat yo'li bo'ylab ketib borardi. Mirsoli esa sukutga tolgancha o'tirar, negadir bugungi qilib qo'ygan ishidan sira ko'ngli to'lmasdi. Kech bo'lsa-da, shu fojialar aksincha yakun topishini xohlardi. Shunday tushkun kayfiyatda u Shavkatga razm soldi. Do'sti ham o'zidan battar edi. Nuqul uf tortar, nimadir demoqchi bo'lardi-yu, aftidan tiliga ko'chira olmasdi.

— Ha, nega yana tumshayib olding? — so'radi Mirsoli. — Birontasi xafa qildimi? Yo uyingni sog'indingmi?

— Ochig'i, bugungi ishimiz to'g'ri bo'lmadi, — dedi Shavkat lab tishlab. — Qara, qancha odamning boshiga yetdik. Axir, bu gunohi azim-ku, do'st! Shuni yaxshilikchasiga hal etsak bo'larkan-da!

— Bizning ishda yaxshilikcha degan jumla tushirib qoldiriladi, — deya nim qorong'ilikda Shavkatning ko'ziga tik boqdi Mirsoli. — Agar sen o'ldirmasang, seni o'ldirishadi. Hadeb afsuslanaverma degandim-ku! Esingdan chiqdimi?

Shu gaplarni aytishga aytdi-yu, Mirsoli battar qayg'uga botdi. U do'stining haqligini bilardi, ammo fikriga qo'shila olmasdi. Agar shunday qilsa, boshqalar ham aql bo'la boshlashidan qo'rqardi.

— Aytgancha, — Shavkat beixtiyor kissasiga qo'l solib, konvert chiqardi. — Manavi xatni Sobir yozib qoldiribdi. Qara, «Shaxsan Krutoyga» deb yozib ham qo'yibdi battol.

— O'zing o'qidingmi?

— Yo'q, senga tegishli bo'lgani uchun o'qimadim. Boshqaniki bo'lsa, allaqachon qiziqib ko'rgan bo'lardim.

— Qani, ol-chi, nima deb yozibdiykan!

Shavkat konvertni qo'liga tutqazgach, Mirsoli ichini ochdi-da, bir parcha qog'oz chiqarib, fonar yordamida yozuvlarga ko'z yugurtirdi.

«Sen o'zingcha krutoyman deb kerilib yuribsan ekan, — deya boshlangandi xat. — Nimangga kerilasan? Xuddi quvg'inga uchragan itday o'zga yurtlarda dumingni qisib yashayapsan-ku! Qolaversa, maqtanishga umuman asosing yo'q. Chunki seni mahalladagi chollar oq qilgan. Ishonmasang, bor, hech kim sen bilan qo'l berib ko'rishmaydi. Mahallada sen bir tiyinga qimmatsan. Akam masalasiga kelsak, seni xudoga topshirdim. Xudoning o'zi hisob-kitobingni qiladi albatta. Endi bo'lsa, quyidagi she'rni sinchiklab o'qi. Yodlab olsangam qarshi emasman. Bu she'rni senga atab yozdim, erkak!..»

— Men marazni hech qachon do'stimsan demiyurman,

— Marazning tovog'idan qirmoch ham yemiyurman.

— Laxta-laxta qon yutib, ezginga evrilsam-da,

— Marazning himmati-yu taftidan toniyurman…

Mirsoli xatni o'qib bo'ldi-yu, bir muddat sukutga toldi. Keyin esa Shavkatga yuzlandi.

— Senam o'qib ko'r, nima deb yozganini bilvolasan.

Shavkat e'tibor bilan xatni o'qidi va kutilmaganda qo'llarini musht qilib so'kindi.

— Bir jihatdan yurtga ketganing durust edi, — dedi u bosh chayqab. — Puling bo'lsa bor, o'sha yoqda katta bir supermarket ochib tinchgina tijorat qilsang, bugungiday ishlar bo'lmasdi.

— Vey, do'st, — dedi Mirsoli tutoqib. — Sen-u biz mentlarning kundalik nishonimiz. Agar bu yerdagi ishlarni yig'ishtirib, yo'lga otlansam, shu kuniyoq qo'limga kishan solishadi. Chunki general tirikchiligining mazasi qochishini xohlamaydi. Mening pullarim evazigagina tilini tiyib yuribdi. Pul bermay-chi, o'-o'-o', kallamni sapchaday uzib tashlashga tayyor bo'ladi. Xullas, bizning ishda yo turma, yo o'limni tanlash zarur. Ikkoviniyam istamasang, kerakli odamlarga pul uzatishing zarur bo'ladi. E, yo'-o'q, yurtga qaytish uchun allaqachon yo'llar bekilib bo'lgan bizga.

— Baribir bir kunmas bir kun qamashadi. Buniyam bilasan. Tavakkal qilaylik. Haliyam kechmas.

— Do'st, men uyoqda supermarket ochib, qanday ish yuritaman. Hisob-kitobda…

— Men o'zim yuritaman, — Mirsolining gapini kesdi Shavkat. — Sen nazorat qilib tursang bas. Qolganini qoyillata olaman, ishon!..

— Menga qara, — atayin gapni boshqa yoqqa burdi Mirsoli. — Sobir shoirmidi?

— Ha, qishloqda is chiqarishsayam shusiz o'tmasdi. O'rtaga chiqib shig'irini reklama qilardi ablah.

— Meni maraz debdi-ya, ko'rdingmi?

— O'zidan xabari yo'q-da! Uy ichi bilan haromxo'r-ku! Birovga kulishni kim qo'yibdi ularga!?.

— Sening gaplaring to'g'ri. Bir jihatdan qishloqqa ketvorsak yaxshi ish bo'lardi. Enalarim rahmatlilarning qabrini har kuni ziyorat qilardim. Birovdan qo'rqmasdim, haqorat eshitmasdim. Asosiysi, tinch uxlardim. Ishonsang, shu ishga qo'l urganimdan beri nuqul yomon tushlar ko'raman. Yarim kechasi uyg'onib ketaman-da, o'tiraveraman. O'ylayman, o'ylayman, qani o'ylarimning oxiri ko'rinsa…

— Ana endi o'zingga kelyapsan, — jonlanib ovozini bir parda ko'tardi Shavkat. — Kel, ertadanoq kazinongni sotish taraddudiga tushamiz. Hech qancha vaqt ketmaydi bunga. Haligiday Tarakanovga o'xshagani chiqsa, darrov sotib oladi. Sen ketsang, erkin nafas ola boshlashini biladi ular.

— Menga qara, shu atrofda bir tanishimning dala hovlisi bo'lardi adashmasam. O'zimizning o'zbeklardan edi. Vey, Grisha, rulni o'ngga bur! Dalalardan o'tsak, dala hovlilar boshlanadi. O'sha dala hovlidagi tok ostida o'tirib biroz dam olmoqchiman. Sizlar ham shu bahonada nafas rostlaysiz. Vadim, rozimisizlar?

— Rozimiz, — dedi Vadim qisqa-qisqa yo'talib. — Bu yerlarning havosiyam boshqacha ekan. To'yib nafas olaylik! Shahar qochmas.

Haydovchi mashinani yeldek uchirgancha bir zumda turnaqator, pana-pastqam dala hovlilarga yaqinlashdi.

— Hov anavi qizg'ish darvoza ro'parasida to'xtat mashinani! — dedi Mirsoli. — Vadim, sen bosh bo'lib kabob pishirasizlar. Ichimliklarniyam olib kiringlar ichkariga! Bir o'tiraylik!..

 

* * *

 

«Chamasi boshi berk ko'chaga kirib qolganman shekilli, — o'ylardi Mirsoli tok ostidagi kursida o'tirgancha atrofdagilarni kuzatarkan. — Shavkat ko'zimni ochdi. Topgan pulim aslida harom ekanini payqamadim, birovlarning so'ziga quloq tutmadim. Odam o'ldirdim, o'ldiraverdim. Bu gunohlarni yelkamda qanday ko'tarib yurish, xudoning huzurida qilmishlarimga qanday javob berish haqida sira o'ylab ko'rmadim. Endi-chi? Mana, bugungi kun ham qon to'kish bilan o'tdi. Qanchasini yer tishlatdim. Ularning oila a'zolari hozir qay ko'yga tushishgan ekan? Buniyam yolg'iz xudo biladi… Esiz, nega avvalroq o'ylamadim? Xomcho't qilmadim? Zo'r bo'lish menga nima beryapti? Harom-xarishdan bo'lak hech vaqo berayotgani yo'q. Munday mulohaza qilsam, men tengilar allaqachon uylanishgan. Uylanmaganiniyam hech qursa sevgan, ishongan qizi bor. Ular kun-u tun visolni orzulab yashashadi. Men bo'lsam, hech kimning mehriga sazovor, haqli emasman. Sobir to'g'ri yozgan. Qishloqdagilar azaldan qotilni yomon ko'rishadi. O'zlari ko'rishmasa-da, bir og'iz gap tufayli o'sha qotildan ochiqchasiga yuz o'girishadi. Iloji boricha undan nariroq yurishga intilishadi. Demak, meniyam xuddi shunday sovuq nigohlar bilan qarshi olishadi. Birov o'sha yaqin tevarakda menga qiz bermaydi. Qanday dahshat-a! O'zgalarning nafratini ochiq ko'z bilan ko'rib yashash rostakamiga dahshat! Nima qilay? Qanday yo'l tutay? Nima qilsam, qo'rqinchli, jirkanch o'ylardan nari bo'laman? Yo'q, yetar, bu hayot Shavkat aytganidek, yaxshilikka olib bormaydi. Bir kunmas-bir kun mendanam zo'rrog'i, abjirrog'i chiqsa, biznes ham, obro' ham bir pul bo'ladi. Anavi generalga o'xshaganlar esa boshqaning tovog'ini yalab, meni bir hamla bilan turmaga tiqadi. Ha, undaylar hech qachon do'stlik qilishmaydi. Nima qilsam bo'ladi? Shavkatni chaqirib, muddaomni aytaymi? Albatta xursand bo'ladi. Mening to'g'ri yo'lga qayta boshlaganimni eshitib terisiga sig'mas darajada quvonadi. Xudoyim, mening tavbalarimni qabul qilasanmi? Qabul qilmaysan. Buni vujud-vujudim bilan sezib turibman. Sen yorug' dunyoning o'zida menga jazo tayinlashni ko'zlaysan. Mayli, shunday bo'lsayam o'zingga shukr qilaman. Ammo… Kechir, xudoyim, men kirgan ko'chada ortga qaytib bo'lmaskan. Fikrlab ko'rsam, hech qanday iloj, imkon ko'rinmadi. Chunki o'zimdan o'tganini o'zim bilyapman. Men jonimni jabborga berib yig'gan davlatimni generalga o'xshash tekintomoqlarga topshirib qo'ygim yo'q. To'g'ri, hammasiga ko'z yumib shartta ketvorishim mumkin. Mening yo'limni hech kim to'sa olmaydi. Lekin aeroportgacha ham yetib bora olmasligimni bilaman. Tish qayrab turgan melisalar meni osonlikcha qo'yib yuborishmaydi. Turmaga sudrashadi. Mening esa turmada o'tirgim yo'q. Negaki, u yerda ham dushmanlarimning son-sanog'i yo'q. Bir kun yashatishmaydi kerak bo'lsa. Shunday ekan, o'zingga tavakkal qilaman, xudoyim. Boshga tushganni ko'z ko'radi-da! G'azablaringga bardosh qilishdan bo'lak choram qolmadi…»

— Do'st, mana, kaboblar ham tap-tayyor bo'ldi, — Shavkat Mirsolining xayolini bo'lib xontaxta ustiga bir tovoq o'zidan bug' taratayotgan kabob qo'ydi. — Yigitlar oshxonada o'tirisharkan. Biz Vadim bilan senga sherikchilik qilamiz-da endi! Qarshi emasmisan?

— Xayriyat, — dedi Mirsoli Shavkatga kulib qarab. — Chehrang ochilibdi. Xursandman. Biroq mening ko'nglimga chiroq yoqsa yorishmayapti. Yuragimga qil sig'mayapti.

— Sen kabobdan ol, ko'ngling yoziladi, — dedi Shavkat bir six kabobni Mirsolining qo'liga tutqazib. — Qorning ochgandir. Qani, do'stlar, oldik bo'lmasa!..

Mirsoli sinfdoshiga itoat qilgan holda kabobni og'ziga yaqin olib bordi-yu, darhol qaytadan tovoqqa soldi va dast o'rnidan turib quloqlarini ding qildi.

— Mashinalar tovushi eshitildi, — dedi u Shavkatga yuzlanib. — Mentlar xitlandimikan nima balo?

— Be, senga shunday tuyilgandir, — qo'l siltadi Shavkat. — Ko'chada qo'riqchilar turibdi. Bir gap bo'lsa, xabarini yetkazishardi-ku!..

— O'zim qaray-chi! — Mirsoli shunday deb darvoza tomon yurdi. Shu tobda eshik ochilib, ikki qo'riqchi hovliqqancha hovliga kirdi.

— Xo'jayin, mentlar dala hovlini o'rab olishyapti, — dedi qo'riqchilardan biri. — Qochishimiz kerak!

— Nima?.. Mentlar?.. Qani, yig'ishtirlaring hammasini! — Mirsoli bor ovozda baqirib ichkaridagilarni chorlay boshladi. — Hamma mashinalarga o'tirsin! Agar yo'limizga to'g'anoq bo'lishsa, bosib o'tib ketlaring! Qo'lga tushish xayolinggayam kelmasin!..

Baxtga qarshi hech kim mashinaga o'tirishga ulgurmadi. Daf'atan ko'chadan bir guruh niqobli kimsalar chopib kirib, barchalarini yuztuban yerga yotishga majbur etdi. Mirsoli tomorqa tarafdan ham allakimlar baqir-chaqir bilan kirganini payqadi. Boshini ko'tarib kimlar ekanini ilg'ashga urindi. Ammo tepasidagi qurol tutgan askar naq bo'yniga avtomat qo'ndog'ini tirab qo'zg'alishga qo'ymadi.

Oradan bir necha o'n soniya o'tdi yo o'tmadi, Mirsolini kimdir kurtkasi yoqasidan siqimlab o'rnidan turg'azdi.

Bu o'zi bilan yaqindan beri «sherikchilik» qila boshlagan general edi.

— Ha, shovvoz, «buzoqning yugurgani somonxonagacha» degan naqlni eshitganmiding? — deya masxaraomuz so'z qotdi general. — «Generalga pul berdim, endi nima qand yesam yeyaveraman», deb o'ylovmiding?

— Iflos! — shivirladi g'azab aralash Mirsoli. — Kelib-kelib sen marazga ishondimmi?

— Buni tergovda aniqlashadi, — dedi general. — Dumingni qisib to'g'ri, halol yashaganingda shu ko'yga tushmasding. Sen bergan pullarga kelsak… Buni hech qachon hech kimga isbotlay olmaysan! Ana endi turmada dodingni berishadi. Tayyor tur, Krutoy!..

Mirsoli bu gaplarni deyarli eshitmasdi. Afsus, nadomat tuyg'usi borlig'ini egallab, go'yo karaxt kimsa yanglig' qarshisidagilarga hissiz boqardi.

 

* * *

 

— Bu mening mashinamga o'tiradi, — dedi general kutilmaganda askarlarga yuzlanib. — Qolganlarni olib borib kameraga qamanglar!

— Sizga… O'rtoq general, balki soqchilarni…

— Kerakmas, — ofitserning so'zini kesdi general. — Bu yigit men uchun xavfli emas! Boringlar, tezroq yetkazinglar hammasini! Qani, Krutoy, mening mashinamga o'tir! Sen bilan o'zim gaplashib qo'ymasam, bo'lmaydiganga o'xshaydi.

Mirsoli hayron bo'lgancha ko'rsatilgan mashinaga chiqdi. Negadir qo'llaridagi kishanlarni ne sababdan yechishganiga tushunmay, hadeganda generalga yer ostidan razm solaverdi. Qalbining bir chetida general insofga kelishiga, uni qo'yib yuborishiga ishona boshladi.

— Xo'sh, qahramon, endi qalaysan? — so'radi general masxaraomuz ohangda. — Mening qudratimga tan berdingmi yo yo'qmi?

— Tan bermaganimda nima o'zgarardi? Qamaysizmi, qamayvering! Demak, peshonamda shu ish ham bor ekan.

— Ovora bo'lasan, — dedi general yanada jiddiy tortib. — Bilasan, seni turmaga qamasak, oson o'lim topasan. Anavi dushmanlaring anchadan beri tish qayrab yurganidanam xabaring bor. Ular seni yo bo'g'ib o'ldirishadi, yo otib tashlashadi. Yo'-o'q, sen hali bizga keraksan.

— Tag'in nima baloni o'ylab topdingiz? — so'radi Mirsoli toqati toq bo'lib. — Bilmasangiz bilib oling, men o'limdan qo'rqmayman. Jonimni garovga tikib yo'lga chiqqanman.

— Shuning uchun ham sening o'lishingni istamayapman. Umuman, bilasanmi, nega bugun bosqin uyushtirdim-a? Bilasanmi?

— Siz mentlarning ko'nglingizdan nima kechayotganini yolg'iz xudo biladi. Men qaerdan bilay?

— Mayli, bilmasang o'zim ayta qolaman. Xullas, «glavka»da anchadan beri mening g'iybatimni qilishayotgan ekan. Uzunquloq gaplardan bilib qoldim. Nimaymish, men jinoyatchi bilan kelishib, himoyamga olganmishman, evaziga jinoyatchi menga pul to'layotganmish. Sen shu g'iybatlarga ishonasanmi?

— Bu haqiqat-ku, — dedi Mirsoli. — Jinoyatchi menman. Sizga meni himoya qilayotganingiz uchun pul to'layapman. Yo yolg'onmi?

— Mayli, bu gapni qo'ya turaylik. Qisqasi, bugun o'sha g'iybatchilarga kimligimni ko'rsatib qo'ygim keldi. Jinoyatchi bilan osh-qatiq emasligimni isbotlashga bel bog'ladim. Natijasini o'zing ko'rib turibsan.

— Xo'sh, nima qilay? Gapingiz shu xolosmidi? Unda meni olib boring o'sha turmangizga! Mashinangizda o'tirib toza havodan nafas ololmayapman. Balki o'sha havoni turmada olarman.

— Bekorlarni aytasan, — dedi general. — Operatsiyamning oxirgi bosqichi qoldi. Shuni tugatay, ana undan keyin sening masalangni o'ylab ko'raman.

— Mening nima aloqam bor operatsiyangizga?

— Hozir askarlarni qayta chaqirtiraman. Sen qochasan. Ular ortingdan quvlab seni tutib kelishadi. Agar shu ishda yordam bersang, ishon, hammasi yaxshi bo'ladi. Tarakan masalasiga ko'z yumaman. Kelishdikmi?

— Albatta yo'q, — dedi Mirsoli. — Ahmog'ingiz yo'q. Meni yosh bola qilishga urinmang. Shundog'am sabr kosam to'lib turibdi hozir.

— Yordam bermaysanmi? Generalning yuzi yorug' bo'lishini istamaysanmi?

— Yo'q. Gap tamom!

— Bundan chiqdi, sen bilan kelishuvimizniyam bekor qilmoqchisan, shundaymi? Haligi… Himoya qilishim evaziga pul to'lashniyam xohlamaysan-a? Topdimmi?

— To'g'ri topdingiz. Sizdaqalar bilan ishlagandan o'lgan ma'qul. Xo'sh, himoya qilmasangiz, nima bo'ladi menga? Kazino ochganimni ro'kach qilib qo'lga olasizmi? Qani isboti? Men faqat internet klub ochganman. Ana, ishonmasangiz borib ko'ring!

— Tarakanning, u bilan birga o'n chog'li odamning o'lgani-chi? — tutoqib ketdi general. — Uyam birovning ishimi?

— Isbot qila olasizmi? Buning uchun hech bo'lmasa barmoq izlarini topish kerak. Men esa bir ish qilsam, orqamda iz qoldirmayman. Mana ko'rasiz, yigitlarimniyam ertagayoq qo'yib yuborasiz. Aks holda nima bo'lishingizni faqat xudo biladi, general!

— Hali shunaqami? — general Mirsolining ishonch bilan aytgan gaplarini tinglab turib, beixtiyor titray boshladi. Titroq iskanjasida shoshilinch ratsiyani qo'liga oldi-da, askarlarni chorladi. Mirsoli esa hech narsa bo'lmaganday tek o'tirar, ora-sirada generalga ko'z tashlab sovuq tirjayib olardi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...