Tovlamachi talabalar jinoyat ustida qo'lga olindi

0

Endigina yigirma ikki yoshga to'l­gan shahrixonlik Latifjon Sotimov hamda Oltiariq tumanida yashovchi Abdumuxtor Valijonov Toshkentdagi institutga o'qishga kirishganda ota-ona va qarindosh-urug'lari naqadar xursand bo'lishgandi. Ammo ular yaqinlarining ishonchini oq­lashmadi.

Gap shundaki, 2017 yil bahor oylarida L. Sotimov otasi Salohiddin Sotimovning topshirig'iga binoan, Toshkent shahrida Erkinjon Niyozov bilan uchrashib, u bergan 1 000 AQSh dollarini uyiga jo'natib yuborgandi. O'shanda Latifjon E. Niyozovning valyuta ayriboshlash bilan shug'ullanishidan xabar topgandi. Shuning uchun oradan 2 yil o'tgach, Latifjon undan katta miqdorda pul undirmoqchi bo'ladi. Uddaburonlikni qarangki, L. Sotimov o'zini oshkor qilmaslik maqsadida, bu jinoiy rejasini kursdoshi Ab­du­muxtor orqali amalga oshirishni ko'z­laydi.

Avvaliga u tanishi Adham Toshtemirov yordamida fuqaro Naima Diyorova nomiga rasmiylashtirilgan +998 94 XX-00-X0 raqamini qo'lga kiritadi. Keyin poytaxtimizdagi “Malika” savdo majmuasidan “Nokiya-1112” rusumli uyali telefon sotib oladi.

So'ngra A. Valijonov bilan birga jinoiy rejani obdan “pishitishadi”. 2019 yil 20 iyun ku­ni tushlik mahali esa, Latifjon Erkinjon Niyozovga qo'ng'iroq qiladi.

— Men Ichki ishlar vazirligining korrupsiyaga qarshi kurashish boshqar­­masi xodimi Baxtiyor Meliyevman, — deya u gap boshlaydi. — Bizga noqonuniy valyuta oldi-sotdisi bilan shug'ullanayotganingiz haqida ariza tushdi.

— Yo'g'-ey, bo'lishi mumkin emas. Kim bilan oldi-berdi qilibman?, — deya so'radi E. Niyozov butkul dovdiragan ko'yi.

— Buni o'zingiz yaxshi bilasiz. Agar arizani rahbariyatga olib kirsam, qamalib ketishingiz tayin. Shuning uchun harakatingizni qiling…

L. Sotimov shunday deya E. Niyozovdan yarim soat ichida 10 000 AQSh dollari olib kelishini talab qildi.

— Men yaqin orada kimgadir dollar sotganimni sira eslolmayapman. Qolaversa, ho­zir menda buncha pul yo'q. Bir-ikki soat vaqt bersangiz, tanish-bilishlarimdan so'rab olaman, — deydi E. Niyozov.

Shunga ko'ra, naq ikki soat deganda tovlamachi yana unga sim qoqadi.

— Nima bo'ldi, pul topdingizmi? Har holda farzandlaringiz taqdiriga befarq bo'l­masangiz kerak, — deya u yana dag'dag'a qiladi.

Bu gapni eshitib, E. Niyozov battar vahimaga tushadi. Biroq yaqin orada noqonuniy valyuta ayriboshlaganini eslolmadi. Shuningdek, Latifjon uchrashishni rad etgani ham E. Niyozovning ko'nglida shubha uyg'otdi. Shu bois u yuz bergan holat bo'yicha Ich­ki ishlar vazirligiga ariza bilan murojaat qildi. Shundan so'ng tezkor xodimlar tomonidan unga kimyoviy ishlov berilgan 9 000 AQSh dollari taqdim etildi. So'ng soat, taxminan, 18.00 larda jinoyatchi “Baxtiyor Meliyev”ga qo'ng'iroq qildi.

— So'raganingizni tayyorlab qo'y­dim, qaerda uchrashamiz?, — deb so'radi u.

— Algoritmga keling! Oq ko'ylak, qora shim kiygan, qo­ra ko'zoynak taqqan yigitimiz sizni kutib turadi. Ismi Bo­tirjon, — deb tushuntirdi “xodim”.

Darhaqiqat, E. Niyozov “Izza” mavzesiga yetib borganida A. Valijonov uni kutib oldi.

— Mashinaga o'tiraylik, — dedi E. Niyozov “Botirjon”ga. Keyin o'zi bilan olib kelgan xorijiy valyutani uning qo'liga tutqazib, avtomashina yon oynasidan tezkor xodimlarga ishora qildi.

Natijada Abdumuxtor pulni charm sumkasiga solib qo'yayotgan paytda ushlandi. Dastlabki surishtiruv jarayonida u do'stining iltimo­siga muvofiq pulni qabul qilib olganini bildirdi. Shu bois tezkor tadbir davom ettirildi.

— Ish bitdi, — dedi A. Valijonov Latifjonga qo'ng'iroq qilib.

Oqibatda L. Sotimov ham Chilonzor tumanidagi “Ilonli ota” masjidi yonida do'stidan “omonat”ni olayotgan payt­da qo'lga olindi.

Shundan so'ng tovlamachi talabalarga nisbatan Ji­noyat­ kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo'zg'atildi.

Buni qarangki, tergov-surishtiruv jarayonida Latifjonning yana bir jinoyati fosh bo'ldi. Ya'ni u otasi Sa­lohiddin Sotimov nomiga fuqaro Dilmurod To'rajonov tomonidan “Orlando” rusumli avtomashinani tekin foydalanish shartnomasi asosida boshqarish uchun berilgan va Qashqadaryo viloyati Koson tuman 1-sonli davlat notarial idorasida 2018 yil 21 noyabr­da tasdiqlangan ishonchnomani, qolaversa, 2018 yil 23 noyabrda “Kafolat” sug'urta kompaniyasida rasmiylashtirilgan sug'urta polisini qalbakilashtirib, avtomashinani Toshkent shahri ham­da Andijon viloyatlarida boshqarib yurgan. Ichki ishlar vazirligining 2019 yil 23 avgustdagi 1255-sonli ekspertiza xulosasiga ko'­ra, chindan ham, yuqoridagi ishonchnoma va sug'urta polisidagi yozuvlar kompyuter yordamida soxtalashtirilgani ayon bo'ldi.

Ushbu jinoyat ishi jinoyat ishlari bo'yicha Sirg'ali tuman sudida ko'rib chiqildi. Sud tegishli mahalla fuqarolar yig'inlari va O'zbekiston Yoshlar ittifoqi tomonidan berilgan kafolat xatlari hamda kurs­doshlarining iltimosnomasini inobatga olgan holda aybdorlarga qonuniy jazo tayinladi.

Shu o'rinda alohida ta'kidlash lozimki, hayotda hech bir inson xato va kamchiliklardan xoli emas. Ammo xatolar o'z vaqtida tuzatilmasa, betamiz odatga aylanadi. Keyin esa, o'z so­hibini jinoyatga yetaklashi tayin. Tilga olingan jinoyat ishi ham buning yaqqol dalilidir.

Xs.uz

loading...