Rasululloh nasroniyga janoza o'qiganlar…

0

Oli Imron surasining 188-oyatida shunday marhamat qilinadi: «Qilganlariga xursand bo'lib, qilmaganlariga maqtalishni suyadiganlarni azobdan najotda, deb hisoblama. Ularga alamli azob bor!»

Abu Said Xudriy aytadi: «Rasululloh sollallohu alayhi vasallam biror g'azotga chiqsalar, bir guruh munofiqlar u kishi bilan bormasdilar. Qaytganlaridan keyin esa uzr aytib qasam ichishar, qilmagan ishlari bilan maqtanishni yaxshi ko'rishardi. Shunda ushbu oyat nozil bo'ldi» (Imom Muslim rivoyati).

Yazid ibn Aslam aytadi: «Madina amiri Marvon ibn Hakamning huzurida Abu Said Xudriy, Zayd ibn Sobit va Rofi' ibn Xudayjlar bor edi. Marvon: «Ey Abu Said, Allohning «Qilganlariga xursand bo'lib, qilmaganlariga maqtalishni suyadiganlarni…» oyati haqida nima deysiz? Allohga qasamki, biz qilgan ishimiz bilan xursand bo'lamiz, qilmagan amallarimiz uchun maqtanishni yaxshi ko'ramiz», dedi. Shunda Abu Said: «Bu oyat bu haqda emas, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam vaqtlarida odamlar g'azotdan qolishardi. Agar ashoblarga musibat yetsa, qolganliklari uchun xursand bo'lishardi. Agar mujohidlarga xursandchilik yetsa, ularga qasam ichib (uzr aytishardi), qilmagan ishlari bilan maqtanishni xohlashardi», dedi».

Alqama ibn Vaqqos aytadi: «Marvon eshikboni Rofe'ga dedi: «Ibn Abbosga borib ayt: agar odam qilgan ishi bilan xursand bo'lsa va qilmagan ishi bilan maqtanishni yaxshi ko'rsa, azobga tutiladimi? Agar shunday bo'lsa, bizning hammamiz azoblanamiz-ku!» Abu Rofe' Ibn Abbos roziyallohu anhuga bu xabarni yetkazganida: «Sizlar bu oyatni nega bunday tushunyapsiz? Rasululloh sollallohu alayhi vasallam yahudlarni chaqirib, ayrim narsalar haqida so'radilar. Ular yashirib, o'zgartirib javob berishdi va savollariga javob berishgani uchun maqtov kutayotgandek qilib o'zlarini ko'rsatishdi. Qilgan ishlari, ya'ni haqni yashirganlaridan xursand bo'lishdi», dedi. Keyin Ibn Abbos quyidagi oyatni o'qidi: «O'shanda Alloh Kitob berilganlardan uni insonlarga ochiq bayon qilib berasiz, deb ahd olgan edi» (Imom Buxoriy va Muslim rivoyati).

Zahhok aytadi: «Madina yahudiylari Iroq, Yaman va xatlari yetib boradigan yer yuzi yahudiylariga xat yozishdi: «Muhammad Allohning Payg'ambari emasdir. O'z dinlaringda sobit turinglar. Hammamizning so'zimiz bir joydan chiqsin». Shunday qilib, ularning gapi bir joydan chiqdi va Qur'onga kofir bo'lishdi. Bundan xursand bo'lishib: «Gapimizni bir joydan chiqargan Allohga shukr. Biz tafriqalanmadik, dinimizni ham tark etmadik. Biz namoz va ro'za ahllarimiz, Allohning do'stlarimiz», deyishdi. Allohning bu oyati shu haqdadir. Ular qilgan ishlari bilan xursand bo'ldilar va qilmagan ishlari, ya'ni namoz, ro'zalari − ibodatlari bilan maqtanishni yaxshi ko'rdilar».

190-oyatda shunday deyiladi: «Albatta, osmonlaru yerning yaratilishida va kecha-kunduzning almashinishida aql egalari uchun belgilar bor».

Ibn Abbos roziyallohu anhu aytadi: «Mushriklar yahudiylarga: «Muso sizlarga qanday oyat, mo''jizalar keltirgan?» deyishdi. Ular: «Uning asosi va ko'ruvchilar uchun oppoq ko'ringan qo'li», deyishdi. Keyin ular nasorolar oldiga borib: «Iso nima ish qilardi?» deb so'rashdi. Ular: «Ko'r va peslarni tuzatardi, o'liklarni tiriltirardi», deyishdi. Keyin Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga borib: «Robbingga duo qil! Safo tog'ini oltinga aylantirib bersin», deyishdi. Shunda Alloh ushbu oyatni nozil qildi».

195-oyatda marhamat qilinadiki: «Robblari ularning (duolarini) ijobat qilib: «Men sizlardan erkagu ayol amal qiluvchining amalini zoe qilmasman. Ba'zingiz ba'zingizdansiz. Hijrat qilganlar, diyorlaridan chiqarilganlar, Mening yo'limda aziyat chekkanlar, jang qilganlar va qatl bo'lganlarning yomonliklarini o'chirurman hamda ularni, albatta, ostidan anhorlar oqib turgan jannatlarga kiriturman, bu – Allohning huzuridan savobdir. Va Alloh – huzurida go'zal savob bor Zotdir», dedi».

Ummu Salama roziyallohu anhoning bolalaridan biri Salama ibn Amr ibn Abu Salama aytadi: «Ummu Salama Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga: «Ey Allohning Rasuli, Alloh hijrat borasida biror narsa deb ayollarni zikr qilganini eshitmadim», deganlarida Alloh ushbu oyatni nozil qildi» (Imom Hokim rivoyati).

 

196-oyatda aytiladi: «Kufr keltirganlarning yurt kezishlari seni aldab qo'ymasin».
Bu oyat Makka mushriklari haqida nozil bo'lgan. Ular farovon, yengil, rohat-farog'atda yashashardi. Tijorat qilishar va ko'p ne'matlar ichida edi. Buni ko'rib ba'zi mo'minlar: «Allohning dushmanlari ko'rib turganimizdek yaxshilikda yashashyapti. Biz esa ochlik va mashaqqatdan halok bo'lyapmiz», deyishdi. Shunda ushbu oyat nozil bo'ldi».

199-oyatda shunday deyiladi: «Albatta, ahli kitoblardan Allohga, sizlarga nozil qilingan narsaga, ularga nozil qilingan narsaga iymon keltiradiganlari, Allohga o'zini xor tutib bo'yin egadiganlari, Allohning oyatlarini arzon bahoga sotmaydiganlari bordir. Ana o'shalarga Robblari huzurida ajr bordir. Albatta, Alloh tezhisob Zotdir».

Jobir ibn Abdulloh, Anas, Ibn Abbos, Qatoda roziyallohu anhumlar aytishadi: «Bu oyat Najoshiy haqida nozil bo'lgan. U o'lgach, Jabroil alayhissalom Rasululloh sollallohu alayhi vasallamga o'sha kunning o'zida buning xabarini yetkazdi. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam sahobalarga: «Chiqingizlar! Sizning yeringizdan boshqa yerda vafot etgan birodaringizga janoza namozini o'qing», dedilar. Ular: «Kim ekan u?» deb so'rashganida «Najoshiy vafot etdi», dedilar. Rasululloh sollallohu alayhi vasallam Baqi' qabristoniga chiqdilar. U kishiga Madinadan Habashiston yerlarigacha ko'rsatildi. Najoshiyning tobutini ko'rdilar va to'rt takbir bilan janoza namozini o'qib, unga istig'for aytdilar. So'ng ashoblarini ham istig'for aytishga buyurdilar. Munofiqlar: «Buni qaranglar, bir habash, yovvoyi, hech qachon ko'rmagan bir nasroniyga janoza namozini o'qiyapti. U buning dinida bo'lmasa», deyishdi. Shunda Alloh ushbu oyatni nozil qildi».

Mujohid, Ibn Jurayj, Ibn Zaydlar aytishadi: «Bu oyat iymon keltirgan ahli kitoblarning barchasi uchun nozil bo'lgan».

200-oyatda esa bunday deyiladi: «Ey iymon keltirganlar! Sabr qiling. Sabr ila g'olib keling. Kurashga bel bog'lab turing. Allohga taqvo qiling. Shoyadki, yutuqqa erishsangiz».

Dovud ibn Solih aytadi: «Abu Salama ibn Abdurrohman menga: «Ey birodarimning o'g'li, bu oyat nima sababga ko'ra nozil bo'lganini bilasanmi?» dedi. Men: «Yo'q», dedim. U kishi: «Ey birodarimning o'g'li, Rasululloh sollallohu alayhi vasallam zamonlarida belni bog'lab taxt bo'lib, poylab turiladigan biror narsa yo'q edi. Lekin bir namozdan keyin keyingi namozni kutishgina bor edi», dedi (Hokim rivoyati).

 

azon.uz

loading...