Qozog'istonning Qarag'anda viloyatida maktablardan birini bitta sigir bahosida pullashdi…

0

 

Maktab Qarqaralin tumanidagi «Qorako'l» qishlog'ida joylashgan. Uni o'quvchilar soni yetarli bo'lmagani sababli 2017 yili yopib qo'yishgandi. Maktabni kimoshdi savdosiga qo'yishdi. Natijada maktab 194 ming tanga (510 dollar) ga sotildi. Qozog'istondagi jurnalistlarning gapiga ko'ra, bozorda bitta sigir ham shuncha turarkan.

Avvaliga qishloq ahli maktab vaqtincha yopilgan, bolalar soni ortsa yana ishga tushadi deb o'ylashgandi. Kutilmaganda kimoshdi savdosiga qo'yilganidan xabar topishdi.

Qishloqdagi o'sha kamchil deb hisoblangan go'daklar maktab yo'qligi sababli uyidan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan «Egindыbuloq» aholi yashash punktidagi maktab-internatda o'qishga majbur. Har kuni uzoq yo'l bosishlari xavfli deya hisoblangani uchun ota-onalar bolalarini internatga joylashtirishgan. Kissasi ko'targanlari esa har kuni taksiga pul sarflaydi. Bolasining hayotini xavfga qo'yadi.

Achinarlisi, maktabni arzimagan pulga sotib olgan kimsa endi uni buzib, materiallaridan shaharga borib yangi uy qurarmish. Mana shu narsa qishloqdagilarni juda ranjitdi. Axir, nahotki, bilim maskanining qadri shu qadar yer bilan bitta qilinsa?

Qishloqdagilar o'zaro maslahatlashib maktabni o'sha kimsadan qaytarib sotib olishni reja qilishgandi. Bu harakat ham zoe ketdi. Maktabni sotib olgan kimsa bilim maskanini qaytarib olishlari uchun 2 million tanga (5256 dollar) so'radi. Shundan keyin mahalliy aholi vakillari kimoshdi savdo natijalarini bekor qilishga urinib ko'rishdi. Buning sira imkoni yo'q ekan. Chunki maktab davlat qonunlari talablaridan chetga chiqmagan holda sotilgan.

Ajablanarlisi, maktab narxi boshida 9 million tanga miqdorida baholangan. Bugunga kelib uning narxi 194 ming tangagacha tushib ketdi. Xaridor topilganiga shukr qilib sotib yubora qolishdi.

Qarqaralin tuman xalq ta'limi bo'limidagilar aytishdiki, ishlamayotgan maktabni uzoq vaqt balansda ushlab tura olishmas ekan. Qachon qishloqda maktabni to'ldira olar darajada bola yig'ilishi esa hech kimga ma'lum emas. Ularning ta'kidlashicha, yaqin vaqtlarda yana 10 ta xuddi shunday bo'sh yotgan maktab kimoshdi savdosiga qo'yiladi.

Astag'firillo!!!

 

loading...