Men boshqa toqqa chiqmayman, toki…

0

“Tesla“ kompaniyasi asoschilaridan biri Ilon Mask yonidan million million dollarlarni ishlatib, daraxt ekishga sarflasa, bizda buning aksi bo'lyapti. Biz daraxt ekish u yoqda tursin borini asrashdan yiroqdamiz. Hamda tabiatni ifloslantirish bilan ovoramiz: chanqog'imizni qondiramiz va baklajkani xohlagan joyga tashlaymiz, yeganimizni yeymiz va qog'oz, selofanni yerga otamiz, kamiga avtomobilimizdan boshimizni cho'zib, yerga nos tupuramiz, chalasiga baklajkada og'zimizni chayib, chorrahada hammaga tomosha bo'lamiz. Xullas, biz uchun dunyo charxpalagi teskari aylanayotganga o'xshaydi.

Shu kunlarda do'stlarim bilan toqqa sayrga chiqdik. Bu safardan bir xulosam, u yerga borganimdan bormaganim afzal edi. Afsus…

Azbaroyi odam ko'pligidan Amirsoyga kira olmadik. Chimyondan o'tdik, Burchmullani ko'rdik. Odamlar chumolilardek go'yo. Yoningizdan katta tezlikda loy aralash qor otib benzin tutuniga sizni qoplab kvadratsikllar o'tib ketadi, chalasiga otlarning taqalari ostida qolib ketayotgandek his qilasiz o'zingizni.

Har kim o'z oilasi, do'stlari, yaqinlari bilan dam olishga haqli. Ammo tog'ning eng cho'qqisida, kanat kutish joyida ham odamlar qahva ichib, yonida axlat qutisi bo'lishiga qaramasdan qog'oz idishni pastga qarab uloqtiryapti, sotilayotgan pistadan olib, chaqib, po'chog'ini yerga tashlayapti. Hamma navbatda turgan joyda ikki yoki uchta odam tamaki chekib burningizning tagida tutatadi. Tog' oppoq qorga burkangani uchun axlat yig'indisi hozir sezilmayotgandir. Ammo ertaga bahor kelganda tabiat qay ahvolda bo'lishini bir o'ylab ko'ring-a?! Qaysi davlat fuqarolari o'z Vataniga shunday yomon narsalarni ravo ko'radi, qaysi millat vakillari o'zi yashayotgan hududga shundan holatni ravo ko'rar ekan?! Borganimga afsuslandim…

Yapon xalqida Vatanni sevish tabiatni sevishdan boshlanadi deyiladi. Hattoki yaponlar darslarda yarim soat vaqtini tabiatni asrashga sarflaydi. Toqqa chiqqanimdan keyin men ham bir narsani o'yladim: biz o'sib kelayotgan avlodga maktab davridan boshlab darslarda ekologik madaniyatni, so'zlashish madaniyatini o'rgatishimiz kerakmikan?! Nafaqat, maktabda balki ota-onalar ham bu jarayonda faol bo'lishi kerak, menimcha. So'zlashish madaniyati deganimga sabab, kanatning qaytishini kutayotganimizda odamlar bir-biri bilan so'kishib, bir-birini haqorat qilib, izzat nafsiga tegib gapirayotganining guvohi bo'ldik. Tushunaman, odamlar adrenalin, oshna-og'aynilari davrasida yaxshi kayfiyatda dam olishga toqqa chiqqan. Lekin bu boshqalarning kayfiyatiga salbiy ta'sir qilish, spirtli ichimliklar ichib og'ziga kelganini gapirish mumkin degani emas. Toqqa chiqish degani, odam o'z qoliplaridan yechildi degani ham emas. Eshitgan edim, tabiat bag'rida, hojatxonada odam asl o'z basharasini ko'rsatar ekan. Bundan tashqari, spirtli ichimlik ichdi degani, so'kish mumkin degani ham emas. Ayollarning, yosh bolalarning va begonalarning oldida bu holatni qanday atashga hayronsan kishi.

Tog'li joylarda aholiga xizmat ko'rsatish sifati nolga teng. Kabob, baliq, fast-fud va boshqa turli taomlarni pishirib odamlarga o'zi bilganicha, tozalik va sanitariya qoidalariga zid holatda xizmat ko'rsatyapti. Tirikchilik deb oqlashga harakat qilishimiz mumkin. Ammo, xizmat sifatichi?

Ko'mirdan chiqayotgan tutun, mashinalardan tarqalayotgan gaz isidan havo ifloslanib ketgan. Shahardan kelgan odamlar tog'li hududlarga kelishidan maqsad, shahardan dam olishdir, yog'ib turgan qorni tomosha qilib, tog'ning toza havosidan bahramand bo'lishdir. Bundan tashqari bunday havoda bir finjon qahva ichishni, o'tirib choy ichishni orzu qiladi yoki chiroyli va toza likopchadan ovqat tanovul qilgisi keladi… Lekin u joylarda bunga imkon bormi?! Yo'q! Chunki sharoit yaratilmagan.

Mittigina Gruziya, yoki Armaniston xalqi turizm orqali boyib turgan bir paytda bizning tadbirkorlar shunday chiroyli manzarali joylarni rivojlantirishga, sharoit yaratishga harakat qilib o'z biznesini sinab ko'rsa bo'lmaydimi, yoki bunga qandaydir to'siqlar bormi?! Toshkentdan chiqib borgunga qadar birorta sifatli qahvaxonaga ko'zingiz tushmaydi, qahva ixlosmandlari uchun kofeynyalar mavjud emas.

Xo'p, mayli biz o'z yurtimizda o'z nonimizni topib yermiz, tushunamiz. Ammo Burchmulla, Chimyonga kelayotgan turistlarchi?! Ular bilganicha ishlayotgan ovqatlanish maskaniga kirganida yoki hojatxonalarni ko'rganida, o'zini madaniyatsizlarcha tutgan odamlarga qaraganda O'zbekiston haqida qanday tasavvurga ega bo'lishi mumkin?

Xullas, qaerda to'g'ri kelsa kabob qilish, atrof muhitni ivirsitishni to'xtatishimiz, toza, ko'ngilni yayratadigan, xushhavo joyga aylantirishimiz va sayyohlar uchun yaxshi sharoit yaratishimiz kerak.

Xullas, dam olgani chiqqan kamina bunday holatni ko'rib tog' havosi ham tatimasdan kayfiyatim buzilganicha Toshkentga qaytdim. Mahallamizga kiraverishda anchadan beri uyilib qolgan axlatlar, bayramdan chiqqan chiqindilar ko'chada uyilib qolgan ekan. O'g'limni va ikki qo'shnimni yonimga olib, ko'chani boshidan oxirigacha axlatlarni yig'ib chiqdik. Shu bilan o'zimga taskin bergandek bo'ldim. Go'yoki, tog'dagi bari axlatlarni yig'ib chiqqandek.

Bizda ona tabiatni asrash, ekoturizmni rivojlantirish va “plogging”ni joriy etish mana shundan boshlanadi. Ko'chada nos tupurish, axlat tashlash, pista po'chog'ini otish yo'q bo'lmas ekan, hayotimiz ham o'zgarmaydi.

Men boshqa toqqa chiqmayman, toki…

loading...