Hikoya: Mo''jiza

0

Erta tongdan bozorga yo'l olgan Farog'atni xayol olis-olislarga yetaklaydi. Besh yil oldingi kelinlik orzulari osmondan tushayotgan oppoq qorday erib ketgan bu juvonning ko'ngliga na ko'chalarda porlayotgan chiroqlar, na bezatilgan archalar yorug'lik bera oladi. Yangi yilni his qila oluvchi va uning chindan mo''jizalarga boyligiga ishonuvchi hamda bu ishonchini ota-onasiga, umuman, katta odamlarga bera oluvchilar bolalardir. Balki, shuning uchun ham Farog'at va uning turmush o'rtog'i besh yildirki bu ayyomning shukuhini his qila olmayotgandir. Balki, shuning uchun ham muhabbat bilan bog'langan bu oila soat o'n ikkiga bong urilganda olam-olam orzu-niyatlar qilmas. To'g'ri, dasturxon yoziladi. Biroq uyning to'ridagi javon ustidagi qutida turgan archa besh yildan beri chang bosib yotibdi. Farog'at va Baxtiyor bu archani bezatishdan ma'ni topolmaydi. Chunki ularning oilasida archaning go'zalligiyu chiroqlarning tovlanishidan ko'zlari porlaydigan haqiqiy mo''jiza — farzand yo'q. Shularni o'ylab ketayotgan Farog'atning tushkun xayollari yonginasida kelgan ovozdan darz ketdi:

— Ayado-on, aychada oboyin…

Farog'at ustidan muzdek suv quygandek qattiq seskandi. Atrofga olazarak boqdi. Orqasiga o'girildi-yu, farzandini bag'riga bosib, katta yo'ldan shoshilib o'tayotgan, mashinalarga sergak boqib turgan ayolni ko'rdi va chorrahaga kelib qolganini angladi.

— O'zimning bolajonim, hozir archaga boramiz.

— Qoyboboyam teyadimi?

«Tili shirinligini buning», xayolidan o'tdi Farog'atning va beixtiyor ko'zi ayolning qo'lidagi ko'rinishidan og'irligi sezilib turgan sumkaga tushdi.

— Sumkangizni bering, opa.

— Qo'yavering, og'ir emas. Faqat kiyim…

«Bolaniki bo'lsa kerak», o'yladi Farog'at.

— Mayli, yo'ldan o'tib olguncha…

Ayol qo'lidagi sumkani Farog'atga tutqazdi. Yo'ldan o'tgach, sumkani olib, Farog'atga rahmat aytgancha, uzoqlashdi.

Tumandagi katta archa bozorga yaqin joydagi istirohat bog'iga o'rnatilgan. Ko'pchilik bolasini yetaklab olgancha, bozorga qarama-qarshi tomondagi bu maydonga oshiqar edi. Bu holatni ko'rgan Farog'at o'zini xuddi oqimga qarshi suzayotganday his qildi. Atrofidan olomon        shovqin solib o'tayotganiga ham e'tibor bermasdan, Farog'atni yana xayol o'tmishga eltdi.

Turmush qurganiga ikki yil bo'lgan Farog'atga qaynonasi     dastlab orzu-havasga to'lgancha nabira haqida gapira boshladi. Biroq oy o'tdi, yil o'tdi, yangilikdan darak bo'lmadi. Farzandining bola yo'liga intizor boqib, kundan-kun so'lib borayotganini sezgan Farog'atning ota-onasi qizini shifokorga olib borishdi. Shifokorning «Qizingizda hech qanday nuqson yo'q, kuyov ham bir ko'rikdan o'tib ko'rsa, keyin bir narsa deya olamiz», degan gaplari Baxtiyorning onasi qulog'iga yetgach, qiyomat-qoyim bo'ldi. «Mening o'g'limda nima ayb? Aybi shu tug'mas xotinga uylanganimi?» qabilidagi so'zlari olamni buzdi. Biroq Baxtiyorga bu maslahat notanish emasdi. Maktabni bitirgan chog'ida ham o'tkazilgan tibbiy ko'rikda unga shifokor ko'rigiga borish tavsiya etilgandi. Shuning uchun Farog'atdan bu gapni eshitgan kunining ertasiga uni oldi-yu, poytaxtga otlandi.

Natijalarning yaxshi chiqishiga umid bog'lagan Baxtiyor shifoxonada o'tirarkan, ayoliga savol berdi:

— Birinchi farzandimizning ismini nima qo'yamiz, Farog'at?

Farog'atning yuziga qizillik yugurdi. Darhaqiqat, o'zbek ayolidan bu savolga javob olish mumkin emas. Ayol eriga bir jilmaydi-yu, boshini egdi. Shunday shirin orzular bilan shifokor huzuriga kirgan oilaning umidlari shifokorning qat'iy hukmi bilan sarg'aygan daraxt bargidek yerga to'kildi: «Sabr bilan kutinglar. Xudo beraman desa, hech gapmas».

Farog'atning oyog'iga nimadir kelib urildi-yu, xayollari sochilib ketdi. Oyog'ining ostiga qaradi. Yaltiroq koptokcha. Egilib koptokchani qo'liga oldi. Yana yuragi orziqdi.

— Uzr, xola, bu mening koptogim edi, — dedi olti-etti yoshlardagi bir qizcha.

Farog'at qizchaga koptokni tutqazdi-yu, ketdi. Bozorlikni ham shoshgancha qildi va uyiga oshiqdi.

* * *

— Farog'at, bugun osh qil, — dedi Baxtiyor xotiniga qo'ng'iroq qilib. — Senga yangilik bor.

— Xo'p…

Farog'atning ovozi shunchalik jonsiz, hissiz ediki, buni Baxtiyor ham sezdi.

— Farog'at, men seni quvontiraman desam-u, sen bo'lsang, qanaqa yangilik ham deb so'ramaysan.

— Syurpriz bo'la qolsin, Baxtiyor aka!

— Xo'p, mayli. Oshni yaxshilab damla-ya, — dedi Baxtiyor va telefonini o'chirdi.

Baxtiyorlarning ota uyidan ko'chib chiqqaniga bir yil bo'ladi. Bir yildirki, Farog'at yolg'izlikdan aziyat chekadi. Qaynonasi garchi uni ko'p tergasa-da, har zamonda nabira diydiyosini qilsa-da, har qalay, mehribon edi. Farog'at yana xayolga toldi.

* * *

Natijalarni bilib, uyga qaytayotgan Baxtiyor bilan Farog'at jim edi. Ular mashinaning orqa o'rindig'ida, Farog'atning bir tarafida yoshi kattaroq ayol, oldingi o'rindiqda esa erkak kishi o'tirgandi. Zerikdimi, ayol Farog'atni gapga tutdi:

— Qayoqdan kelyapsizlar, aylanay?

— Toshkentdan, qarindoshlarnikidan, — dedi Farog'at eriga bir nazar tashlab.

— O'zim o'rgilay. Biram bir-biringizga yarashgan ekansizlar. Bolalardan nechta? — dedi yana ayol.

Bu savolni eshitib, o'zini uxlaganga solib ketayotgan Baxtiyor ko'zini ochdi.

— Nasib qilsa, endi…

Farog'atning javobini Baxtiyorning ovozi bosib ketdi:

— Shofyor aka, bizni Qoratepaga tashlaysiz-da.

— Farqi yo'q, uka. Yo'lovchi nima desa shu-da… — dedi haydovchi ham.

Farog'at gapirayotgan gapini ham unutib, eriga yuzlandi. Biroq Baxtiyorning derazadan tashqariga qarab olganini ko'rib, jur'at etolmadi qayta gapirishga. Uning yonida o'tirgan ayol ham jiringlagan telefoniga andarmon bo'lib, boshqa savol bermadi…

— Qaerga ketyapmiz, Baxtiyor aka, — dedi Farog'at mashinadan tushgach, garchi bu yo'ldan o'z ota uyiga borilishini bilsa-da.  — Nega gapirmaysiz?!

— Otangnikiga…

— Boshqa kun kelsak ham bo'ladi otamlarnikiga.

—…

Erining savolni javobsiz qoldirgani Farog'atning shubhasi haqiqat ekanini tasdiqladi. Ha, Baxtiyor Farog'atni ota uyiga butunlay tashlab kelmoqchi edi.

— Baxtiyor aka… Biroz to'xtang… Axir…

— Axir-paxiri yo'q. Hech bo'lmasa, sen baxtli bo'lishing kerak.

Farog'at joyida to'xtab qoldi.

— Menga bunaqa baxt tatiydi, deb o'ylaysizmi?

— Qanday yashamoqchisan?! Men bilan qolsang, bir umr tirnoqqa zor bo'lib o'tasan-ku!..

— Axir doktor butunlay umid yo'q demadi-ku… Nasib qilsa…

— Men bilardim avval ham. Farzandli bo'la olmasligimni bilardim! — boshini changallagancha yig'lay boshladi Baxtiyor.

Farog'at ham ko'z yosh to'kar, birgina suyanchi bo'lgan insonning ham umidsiz holda qolganini ko'rib yig'lardi. Biroq unga ko'z ochib ko'rgan yorisiz baxt tatirmidi?

— Men chidayman hammasiga! Chidayman! Bola asrab olamiz!

Baxtiyor yalt etib qaradi Farog'atga. Bu nigohda umid bor edi.

* * *

Farog'atning xayolini eshik qo'ng'irog'ining jiringlashi buzdi. Eri tayinlagan vazifani bajarmasdan, bunaqa o'tirganidan o'zining g'ashi keldi. Eshikni ochsa, qo'shni ekan.

— Yangi yilga o'tirmoqchi edik hamma qo'shnilar, shunga sizlar ham chiqasizlarmi?

— Biz ketsak kerak…

— Ha, mayli bo'lmasa, bayramni yaxshi o'tkazinglar.

— Sizlar ham! — degancha Farog'at eshikni yopdi.

Baxtiyor ayni osh tayyor bo'lgan paytda keldi. Ayolining harakatlarini sinchiklab kuzatarkan, «Yana yig'labdi», degan o'y keldi uning xayoliga.

Oshni suzgach Farog'at eriga choy uzatarkan, hol-ahvol so'radi.

— Men yaxshi. Syurprizni so'ramaysanmi?

— Nima ekan? — jilmayib eriga boqdi Farog'at.

— Aytmayman…

— Ayta qoling, — dedi Farog'at erining quvonchini his qilishga harakat qilib.

— Qara buni, — dedi Baxtiyor ayoliga qog'ozni uzatarkan.

— Bu nima? — ajablandi Farog'at.

— Mehribonlik uyidan      kelyapman…

Farog'atga gapning davomini aytish kerak emas edi. Quvonchdan uning ko'zlariga yosh quyildi.

— Rost aytayapsizmi?! Chindan?.. — tutilib gapirardi u. — Qachon olib kelamiz?!

— Ertaga. Men hamma hujjatlarni taxt qildim. Sen borib, bolani ko'rsang bo'ldi…

* * *

Yangi yil tongi. Ota uyiga yo'l olgan Baxtiyor bolani ko'tarib olgan Farog'atga boqib, quvonchi ichiga sig'masdi. Uning nazarida, Umidjonning «Qoy-qoy!» deya qo'llarini silkitib hayqirishi butun olamda jaranglayotganday edi.

NIGORA

loading...