MIB majburiy obunaga qarshi! Biroq xodimlarning malakasini oshirishda nashrlarning o'rni muhim

0

Kechadan buyon ijtimoiy tarmoqlarida prokuratura organi xodimlari ommaviy tarzda «Huquq» va «Xalq so'zi» gazetalariga majburiy obuna qilinayotgani haqida xabarlar aylanmoqda.

Xabarda “Bosh prokuratura tizimi vakillari majburiy ravishda “Huquq” va “Xalq so'zi” (“Narodnoe slovo”) gazetalariga bir yillik obuna qilinmoqda. Bosh prokuror o'rinbosari Svetlana Ortiqova yozgan ogohlantirish xatida aytilishicha, majburiy obunaga Bosh prokurorning o'zi topshiriq bergan…” degan iddao aks etgan.

Majburiy obuna masalasi dolzarb va (bosma nashrlar uchun) og'riqli bo'lib turgan bir paytda ayni mavzu prokuratura tizimiga bog'langan holda ko'tarilgani qator savollar tug'dirmay qolmaydi, albatta.

Mazkur holatga aniqlik kiritish uchun “Xabar.uz” sayti Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi matbuot kotibi Farrux Toshpo'latov bilan bog'landi. Adliya maslahatchisining izohi quyidagicha bo'ldi:

— Har bir prokuratura organlari xodimlari o'z faoliyatining targ'ibotchisi bo'lgan Bosh prokuratura muassisligidagi «Huquq» gazetasining o'quvchisi hisoblanadi. Mazkur nashr jamiyatimizning ijtimoiy-siyosiy hayotidagi yangiliklar, qonunchilikdagi o'zgarishlar, soha faoliyatida qabul qilinayotgan normativ huquqiy hujjatlar mazmuni, tizimda oshirilayotgan ishlar hamda boshqa yangiliklardan xabardor qilib turuvchi asosiy gazetalardan biri hisoblandi.

O'z navbatida, «Xalq so'zi» va «Narodnoe slovo» gazetalari ham ijtimoiy-siyosiy va qonunchilikdagi yangiliklar, yurtimiz hayoti va jahonda sodir bo'layotgan yangiliklardan birinchilardan bo'lib kunlik axborot yetkazuvchi matbuot nashrdir.

Prokuratura, jumladan, Majburiy ijro byurosi organlari tomonidan xodimlarning ushbu nashrlarga uyushqoqlik bilan, ammo ixtiyoriy ravishda obuna bo'lishi yuzasidan tegishli ko'rsatma berilgani bor gap. Biroq ko'rsatmada asosiy e'tibor – aholi va iste'molchilar bilan kunlik muloqotda bo'lish jarayonida, jamiyat hayotidagi yangiliklar va qonunchilikdagi o'zgarishlardan xabardor bo'lishi hamda huquqiy bilimlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan. Obunani tashkil etishda mavjud xodimlar soni emas, balki ehtiyoj inobatga olingan.

Xodimlarning ehtiyoji va xohishiga qarab, 1 ta gazeta nashriga yillik, yarim yillik va oylik obuna bo'lishi, yoki bo'lmasa, 2-3 nafar xodimning 1 ta gazeta nashriga obuna bo'lishi ham imkoniyat yaratilgan.

Tashkil etish ishlarida majburiy yoki boshqacha tarzda obuna bo'lish hollariga yo'l qo'yilmagan.

Shu o'rinda, bir mulohaza. MIB organlari tashkil etilganidan buyon xodimlarining qo'rsligi, ba'zida bilim saviyasi va muomala madaniyati haqida ko'p gapirildi. Ularning dunyoqarashi va bilimini oshirish uchun muhim bo'lgan gazeta, qo'llanma va davriy nashrlarni kunlik yetkazish ularning aholi bilan ishlashida muhim vosita emasmi?

Yaxshi bilamiz, majburiy obuna taqiqlangan va buni MIB rasmiylari ham yo'l qo'ymasliklarini bildirishdi. Ammo bu — mamlakatimizda nashr etilayotgan gazeta va jurnallarga xalq xizmatidagi davlat idora xodimlari obuna bo'lmasligi kerak, degani emas.

«Majburiy obunaga bosh prokuratura rahbariyati topshiriq bergan», deya bong urishdan oldin mazkur nashrlarning ijtimoiy hayotdagi tutgan o'rnini bir mushohada qilish vaqti kelmadimi?!

Obunaga targ'ib qilish — ma'naviyatga targ'ib qilishning bir ko'rinishi, aslida. Buni nainki to'g'ri tushunish, balki to'g'ri talqin qilish ham kerak.

loading...