QO'RG'ONQIShLOQ QAROQChISI… (8-qism)

0

 

 

* * *

 

Nig'mat shu ko'yi ancha joygacha yurib bordi. Yo'l-yo'lakay shoira qiz aytgan so'zlar xayolini chulg'ab, tez-tez kulimsiradi, telba kabi o'zicha nimalardir deya so'zlandi.

Ammo bu yurish uzoqqa cho'zilmadi. Beixtiyor qorni tatalab borayotganini his etdi va taqqa to'xtab, atrofga alangladi. U temir yo'l vokzali ro'parasida turardi.

Egulik qidirish ilinjida vokzal tomon ancha vaqtgacha tikilib turdi. O'tkinchilarga javdirab boqdi. Afsuski, hech qaerdan najot topa bilmadi. Qay tomon qaramasin, yuzlanmasin, faqat boshi berk ko'chani, zulmatnigina ko'raverdi.

Shunda birdan miyasi tiniqlashgandek hushyor tortdi. Seskana-seskana qaddini rostladi. Zo'ravonligi, hech kimdan hayiqmasligi yodiga tushib jonlandi.

Nig'mat negadir to'satdan cho'ntagiga qo'l suqib ruhiy xastaliklar shifoxonasi vrachi yozib bergan ma'lumotnomani oldi.

— Ha-a, men jinniman-ku, — dedi ovoz chiqarib. — Jinnilar hamma ishni qila oladi. Ularni hech zog' urishmaydi. Qay ko'chani ko'rishsa, o'sha yoqqa kirishadi. Melisalar ham qamamaydi jinnilarni. Shunday ekan, nega o'ylanib turibman? Mazali ovqat topib yesam nima qiladi? To'xta, pul… Pul yo'q-ku, Nig'matboy! Nima qilamiz? Puljonni qaerdan olamiz? Ha-a, barakalla! Aqlingga qoyilman, akasi! Hozir vokzalni aylanib chiqsak, pul ham topiladi, ha!..

Nig'mat ma'lumotnomani qaytadan cho'ntakka joyladi-da, jonholatda vokzal tomon yo'l oldi.

Qahraton tufayli vokzal hovlisi huvillab qolgandi. Yo'lovchilar, kuzatuvchilarning barchasi ichkarida. Xo'sh, endi nima bo'ladi? Ichkarida odam ko'p, birovga zo'rlik qilib pul ololmaydi. Xavfli.

Nig'mat norozilangan ko'yi vokzalning orqa tomoniga o'tdi. Qarshisida turnaqator temir yo'llar, bu yo'llarning deyarli hammasini poezdlar band etibdi.

U bir necha o'n daqiqa qanday yo'l tutishni, qay manzildan najot izlashni bilmay garangsib turdi. Qorni esa borgan sari tatalab, tinchini buzar, qaerdandir kelib dimog'iga urilayotgan kabob hidi vujudini qitiqlab, battar jig'ibiyron bo'lardi.

Bir mahal hov naridan pakana, bukri, juda ozg'in bir piyonista ayol u tomon oqsoqlagancha yurib keldi-da, shundoq devor ostiga qo'lidagi kirlangan xaltani qo'yib, o'zi xaltaning ustiga cho'kdi.

Nig'mat sir boy bermay ayolni kuzatardi.

Ayol parvoyi falak nimalardir deya sannab xalati kissasidan bir dasta pul chiqardi va shoshilmasdan sanay boshladi.

Bu Nig'mat uchun yagona imkoniyat edi. Agar yana bir muddat tek tursa, tamom, piyonista ayol o'rnidan turadi-yu, ketib qoladi.

Nig'mat tavakkal piyonista tarafga ildam yurib bordi va tepasida hozir bo'ldi.

Ayol qarshisida notanish yigitni ko'rdi deguncha ko'ngli yangi bir xavfni sezgandek pullarni xaltaga berkitdi.

— Ha, senga nima kerak? — titroq aralash so'radi ayol. — Bor, yo'lingdan qolma!

— Pulni cho'z buyoqqa! — shivirlab piyonistaga buyurdi Nig'mat. — Tez bo'l!

— Nima? Qanaqa pul? — piyonista ayol azbaroyi qo'rqib ketganiga qaramay, sira bo'sh kelgisi yo'q edi. — Bor-e, juvonmarg, tekintomoq!..

Ochlik, tashnalik, yashash istagi zo'r keldi. Nig'mat kutilmagan harakat bilan piyonista ayolning tomog'iga chang soldi.

— Chiqar pulni, iflos, chiqar! Hozir bo'g'ib o'ldiraman!..

— A-a-ana, — deya oldi ayol bazo'r xirillab. — S-sumkada… H-hammasini…

Shundan keyingina Nig'mat uni qo'yib yubordi-da, xaltaga qo'l suqib pullarning barchasini chiqardi va qo'yinga urdi. So'ngra hech narsa bo'lmagandek ortga keta boshladi.

Baxtga qarshi, piyonista ayolning hayqirig'i uni yurishdan to'xtashga majbur etdi.

Piyonista allaqachon vokzal eshigiga yetib olgan va o'sha yerdan turib bor ovozda qichqirardi.

— Odamla-ar! Meni o'g'ri urdi, o'g'ri! Yordam beringlar!

Nig'mat shoshib qoldi. Qay ko'chaga qochishni bilmay garangsidi. Ammo bu taxlit turaverishi yaxshilikka olib kelmasligini bilardi. Shoshilishi, tezroq bu tevarakdan daf bo'lishi shart edi.

Nig'mat ilkis bosh burib temir yo'l tarafga boqdi. Poezdlardan biri endigina o'rnidan qo'zg'alibdi.

Miyasiga chaqin kabi urilgan xayol uni poezd tomon yetakladi.

Ha, poezdga chiqib oladi. Boshi oqqan tarafga ketadi…

U so'nggi bor piyonista ayol turgan tomonga bosh burdi. Ne ko'z bilan ko'rsinki, o'zi tomon qo'lida charm tayoq tutgan militsioner jadal yurib kelar, piyonista ham uning ortidan qolmasdi.

Nig'mat orqa-ketiga qaramay poezdga qarab chopa ketdi va bir necha o'n soniyalar ichida o'zini vagon ichkarisida ko'rdi.

Ammo rostakamiga xavfdan xoli bo'lganiga amin bo'lsa-da, ehtiyot shart asta vagon eshigini ochib vokzalga nazar soldi. Militsioner temir yo'l bo'yida turar, qarshisidagi piyonista ayolga qo'l siltab nimalarnidir uqtirardi.

«O'la, ifloslar, — ko'nglidan o'tkazdi Nig'mat eshikni yopib tamburdan ichkariga kirarkan. — Tutib bo'psanlar! Dodingni enangga aytlaring endi!..»

 

* * *

 

Vagon ichkarisiga kirgani hamono xo'ppa semiz, kalbosh kuzatuvchi erkakka ro'baro' bo'ldi.

Kuzatuvchi unga boshdan oyoq razm soldi. Nig'matning chiptasi yo'qligini darrov payqadi. Shu sababli qovoq uyib, gapni o'dag'aylashdan boshladi.

— Senga nima kerak, yigit? — so'radi u dag'dag'a bilan. — Chipta bormi? Qaysi vagonga? Qaerga ketyapsan o'zi? Nega ko'zing o'ynayapti? Yo kissavurmisan?

— Menga joy kerak, — dedi tap tortmay Nig'mat. — Qornim ham och. Agar iloji bo'lsa, ovqat bering, pulini to'layman!

— Nima? — kuzatuvchi ensasi qotib yelka qisgancha Nig'matga yaqinroq keldi. — Ovqat? Oldin chiptani ko'rsat! Yo'qsa melisa chaqiraman!

— Iltimos, amaki, unday qilmang, — deya yalinishga o'tdi Nig'mat ehtiyot chorasini ko'rmasa ish chappasiga ketishini oldindan sezib. — Men uzoqqa ketyapman. Ishoning, yo'l haqiniyam to'layman. Faqat… Kechadan beri tuz totganim yo'q. O-ovqat bering!..

— Bo'pti, — kuzatuvchi sal bo'shashdi. Nig'matga rahmi keldimi, bosh chayqay-chayqay, tambur tomon ishora qildi.

— Tamburda bo'lib tur, hozir ovqat opchiqib beraman. Keyin… Sezib turibmanki, chiptang yo'q. To'g'rimi-yo'qmi? Faqat rostini ayt!

Nig'mat javob o'rniga bosh silkitdi.

— Uydan qochdingmi, xumpar? — so'radi kuzatuvchi shivirlab. — Qo'rqmay aytaver! Sendaqalarning ko'pini ko'rganman.

— Ha, shunday desayam bo'ladi, — yolg'ondakam lab tishlab yer chizdi Nig'mat. — O'gay otam xo'rlab yubordi. Chidolmadim. Shunga… Rizqimni uzoqlardan terib yuraverishni ma'qul topdim.

— To'g'ri qilibsan, — dedi kuzatuvchi. — O'gayning oti o'chsin, bo'tam!.. Mayli, xafa bo'lma! Rossiyaga borsang, yo'lingni topvolasan. Uyoqlarda senga o'xshaganlar tiqilib yotibdi.

Nig'mat Rossiya so'zini eshitib, sal qursa qovun tushirayozdi. Qo'yib bersa, «Rossiyaga? Poezd o'sha yoqqa ketyaptimi?» deb so'rayozdi. Arang tilini tiydi. Go'yo qay manzilga yo'l olganini, qaysi poezdga chiqqanini yaxshi bilgan kabi kuzatuvchining so'zini ma'qullash bilan kifoyalandi.

— Xo'p, sen tamburga chiqib tur, — dedi kuzatuvchi ko'rsatkich barmog'ini labiga bosib. — Hali zamon tekshiruvchilar kirib qoladi. O'shalar kelib ketsin, senga joy topib berarman vagondan… Hozir biror yegulik opchiqib beraman! Bardam bo'l, o'g'il bola!

Kuzatuvchining so'nggi daldasi haqiqatan Nig'matning ko'nglini ko'tarib yuborgandi. U barcha tashvish, alamlarni bir muddat unutgandek jilmaygancha kaftlarini bir-biriga ishqalab tamburga qaytdi.

Oradan bir soatga yaqin vaqt o'tdi. Nig'mat kuzatuvchi qo'liga tutqazgan ovqatni paqqos tushirib, ko'rsatilgan o'ringa cho'zilarkan, anchadan beri ilk bor ruhan yengil tortdi. Qalbining bir chetida ezgu orzular kurtak yoza boshlaganini, yurak-yuragidan yaxshi, shohona, xotirjam, baxtli, quvnoq hayot kechirishni xohlayotganini his etdi.

Shu orada da'fatan rahmatli buvisining deyarli kunora Yaratganga nola qilishlari xayolida jonlanib, beixtiyor tilga kirdi.

— Xudoyim, zo'r bo'lishni niyat qildim! O'zing quvvat, yo'l ber! — pichirladi Nig'mat.

Pichirlash asnosida ko'zidan ikki tomchi yosh dumalab yuzlariga tushdi. Vujudida iliq titroq tuydi.

— Buvijon, meni yaxshi ko'rardingiz-ku, — davom etdi u. — Menga yo'l ko'rsating! Qoqilmayin, turtinmayin, birovlar qo'lida xor bo'lib o'lmayin!

Nig'mat nola chekardi-yu, go'yo o'zga bir dunyoga kirib qolgandek edi. Har iltijo qilganda goh Shuhrat, goh o'gay otasi, goh bezori ajnabiylar ko'z o'ngida gavdalanar, ajablanarlisi, barchalari Nig'matning qarshisida qo'l qovushtirgan ko'yi tek qotib turishar, bir-birlariga navbat bermay, undan uzr so'rashardi.

Nig'mat iltijo qila-qila uxlab qoldi. Uyqusi ham negadir bu gal g'alati kechdi.

Tush ko'ribdi. Tushida poyonsiz sahroda turganmish. Sahroning kunchiqar tarafida kattakon ko'l mavjud emish. Nig'mat o'sha ko'l bo'yida o'tirgancha xayol surar, xuddi kimnidir intiq kutayotgan kabi qur-qur ortga bosh burib javdirarmish.

Bir mahal tepasida egniga oppoq libos kiygan, uzun bo'yli, sersoqol, nuroniy bir qariya paydo bo'libdi.

Oldiniga qariya Nig'matga umuman e'tibor bermay, ko'kka boqqan ko'yi uzoq vaqt duo o'qibdi. Nig'mat esa nuqul bezovtalanar, nuroniy o'ziga bir karra bo'lsin qarab qo'yishidan umid qilardi. Nihoyat qariya duo o'qishdan to'xtabdi-yu, Nig'matning istagini payqagandek u tomon yuzlanibdi.

— Bolam, men rahmatli bobong bo'laman, — debdi qariya tik turgan holda sal engashib Nig'matning boshini silarkan. — Meni eslaysanmi o'zi?

— Ha, eslayman, — javob qilibdi Nig'mat jonlanib. — Buvijonim tez-tez gapirib berardi. Siz rosayam kuchli bashoratchi bo'lgan ekansiz. Odamlarning taqdirini ko'ziga boqib to'ppa-to'g'ri aytib berarkansiz.

— Barakalla, — debdi qariya kulimsirab. — Ana o'sha xislatni senga meros qilib qoldirmoqchiman.

— Endi menam bashoratchi bo'lamanmi? — javdirab qariyaga boqibdi Nig'mat.

— Ha, shunday. Lekin bir shartim bor O'sha shartni bajarishga ont ichsanggina xislatni senga qoldiraman. Aks holda…

— Bajaraman, — debdi Nig'mat hovliqib. — Men sizni juda juda yaxshi ko'raman, bobojon. Aytgan gaplaringizni albatta ado qilaman.

— Unda yaxshilab eshit, — debdi qariya chuqur xo'rsinib. — Sen buyog'iga cheksiz ilohiy qudrat egasi bo'lish arafasidasan. Bemorlarni davolash, o'g'ri, battollarni tutish qo'lingdan keladi. Hatto biror murdaga tik qarab turib qanday va qay vaziyat, holatda o'lim topganigacha aytib bera olasan. Kerak bo'lsa, ko'z ko'rib quloq eshitmagan boyliklarni qo'lga kiritishing mumkin. Lekin hayotingda o'z qo'llaringminan odam o'ldirmaysan. Mening yagona talabim shu. Odam o'ldirsang, xislat o'z-o'zidan g'oyib bo'ladi.

— Zo'ravon bo'lsam-chi? — bolalarcha soddalik bilan so'rabdi Nig'mat. — Yomonlardanam zo'rroq bo'lsam…

— Agar yumshoq qalb egasi bo'la bilsang, mayli, — debdi qariya qo'l siltab. — Lekin zo'ravon begunoh, xokisor, miskinning uyini kuydirmasligi, behuda burnini qonatmasligi, aksincha, koriga yarashi shart.

— Roziman, — debdi Nig'mat dast o'rnidan turib. — Aytganingizday yo'l tutaman!..

Qariya bu so'zni eshitgach, Nig'matning ikki kaftini o'z kaftlari orasiga olibdi-da, yuzini ters burib nimalardir deya pichirlay boshlabdi.

Har pichirlaganda Nig'mat goh titrab, goh tanasi qizib bezovtalanaveribdi.

Ushbu holat taxminan o'n daqiqacha davom etibdi…

 

* * *

 

Nig'mat uyqudan qora terga botib uyg'ondi. Ko'zini ochgandanoq ichkarini, keyin o'rnidan turib yo'lakni ko'zdan kechirdi. Hech kim ko'rinmadi. Poezd taraqlagancha bir maromda ketib borardi.

U bosh tomondagi oppoq sochiqqa terlarini arta-arta bo'shashgancha qaytadan joyiga o'tirdi.

Tushini eslashga, qariyani tanishga urindi. Xayolida kimsasiz sahrodan bo'lak hech narsa namoyon bo'lmadi.

— Tez o'rnidan turib tashqariga chiq!..

Nig'mat ichki ovozni eshitib sal bo'lmasa sapchib ketayozdi. Kupeda kimdir bordek tuyulib, bezovtalarcha yon veriga alangladi. Hech kim yo'qligiga amin bo'lgach, yelka qisib yana o'tirishga tutindi.

— Senga nima dedim?

Ovoz ikkinchi bor quloqlari ostida jaranglagandek tuyuldi. Nig'mat yuragini vahima bosib qo'rqa-pisa o'rnidan qo'zg'aldi va ovoz takrorlanishini kuta boshladi.

Ovoz uzoq kutdirmadi.

— Meni tanidingmi? — so'radi begona ovoz. — Gapir, meni tanidingmi?

— Y-yo'q, — dedi tutilib Nig'mat. — Q-qaerdasiz? Kimsiz?

— Men qalbingman! Bundan buyon mening yo'rig'imda bo'lasan. Aytganimni bajo qilasan. Aksincha ish tutsang, ado bo'lasan. Uqdingmi?

Nig'mat shundagina bu ichki tug'yon ekanini anglab yetdi. Hiyla yengil tortib, yana ko'rgan tushini chamaladi.

— Tushimdagilar haqiqatga aylanishi muqarrarmi? — so'radi u qalbidan. — Ayt, nuroniy bobom meni aldamadimi?

— Aldasa, men uyg'onmasdim, — dedi qalbi oh tortib. — Bugundan e'tiboran hayoting tubdan o'zgaradi. Oqdan qorani, qoradan oqni farqlay biladigan darajaga yetasan. Qani, endi yo'lakka chiq!..

Nig'mat itoat bilan egniga kurtkasini ildi-da, yo'lakka chiqdi. Yo'lak bo'm-bo'sh, poezd bir maromda tebranib, vagonni ohista allalardi.

U shoshilmasdan kuzatuvchining xonasi yoniga bordi va ichkariga quloq tutdi.

Kupedan kimlarningdir og'ir harsillashi, uzun-qisqa nafaslar quloqqa chalinardi.

— Ko'rdingmi? — dedi qalbi Nig'matning vujudini qitiqlab. — Senga yaxshilik qilgan bo'lsa-da, kuzatuvchidan nariroq yurishing lozim.

— Nega? — hayron bo'lib so'radi Nig'mat. — U menga yomonlik qilmadi-ku! Joy berdi, pul so'ramadi, qornimniyam to'ydirdi.

— U zinoga mukkasidan ketgan odam, — dedi qalbi ijirg'anib. — Uyda guldek xotini bo'la turib, ishga chiqqandanoq begona ayollar bilan don olishadi.

— Tushundim, — Nig'mat yuzini ters burdi. — Undaylardan uzoq bo'laman, ishon!..

Shu tobda vagon oxiridagi kupe ro'parasida ikki barvasta yigit paydo bo'ldi. Chamasi ular kupe eshigini ochishga urinardi.

— Xo'sh, bular kimlar? — so'radi qalbi Nig'matni yigitlar tomon yetaklab. — Mening ko'magimsiz top-chi!

— Bular kissavur, — dedi Nig'mat ishonch bilan. — Begona kupega o'g'irlikka tushishmoqchi.

— Juda to'g'ri! Qani, harakatni boshla!..

Buyruq ko'ksi uzra jaranglagan zahoti Nig'matning badani cho'g' bo'lib yona boshladi. Ko'zlari chaqnab, lablarida titroq tuydi. Shu ahvolda ikki yigitga yaqin bordi.

— Kupeda qorindor bir erkak uxlamoqda, — tayinladi qalbi. — U sho'rlik bir ayolni qaqshatib, pullarini tortib olgan. Ayol xokisor, munisa edi. Qorindorga ishi tushib, yolvorgan. U esa evaziga pora talab qilgan. Jo'jabirday jon o'sha ayol bisotidagi taqinchoqlarini sotib erkakning qo'liga topshirgan. Xo'sh, nima qilgan ma'qul?

— Pullarini tortib olish kerak, — dedi Nig'mat mushtlarini tugib. — Bu pullar tuproqqa qorishgani ma'qulroq.

Yigitlar Nig'matning kutilmagan tashrifidan noroziligini qayta-qayta o'qrayib qo'yish bilan oshkor etdi. Biroq negadir do'qlash, po'pisa qilishga jur'at eta olishmadi.

— Eshikni bunday ochmaydi! — Nig'mat qandaydir sim yordamida kupe qulfini buzmoqchi bo'layotgan kissavurni bilagidan mahkam siqib nari surdi va pichirlagan ko'yi nimadir dedi. Keyin qulfga kaftini bosib, bir necha marta siypaladi.

Qarabsizki, kupe eshigi ochildi.

— Xo'sh, buyog'iga nima qilmoqchisizlar? — so'radi ichkariga talpina boshlagan kissavurlarning yo'liga ko'ndalang bo'lib. — Maqsad nima?

Nihoyat kissavurlardan biri — oq-sariqdan kelgan uzun sochli kissavur o'zida kuch topdimi, Nig'matga po'pisa qildi.

— O'zing kimsan? Qay go'rdan kep qolding? Yo'lni bo'shat!

Nig'mat unga qarshi bir so'z demadi. O'zini bosib qaytadan qalbiga murojaat etdi.

— Ayt, nima qilay bularni?

— Ko'zlariga boq! — dedi qalbi. — Navbatma-navbat ko'zlariga tikil!

— Ie, bu jinni-pinnimi? O'ziminan o'zi gaplashyapti, Nodir! N-nima…

Afsuski, oq-sariq kissavur masxaraomuz so'zlarini oxiriga yetkaza olmadi.

Nig'matning sovuq nigohlari ta'siridami, yo boshqa sababdanmi, bir qalqidi-yu, o'qchiy-o'qchiy, tambur tomon yugurdi.

Ikkinchi kissavur esa o'tkir nigohlar ta'sirida edi. U Nig'matning har bir savoliga lo'nda javob qaytarar, javob berish asnosida unsiz yig'lardi.

— Xo'sh, pullarni nima qilamiz? — so'radi undan Nig'mat. — Bo'lishamizmi?

— K-kechiring! — deya yer chizdi kissavur yig'lashdan o'zini tiyolmay. — H-hammasi sizga! Faqat sizga!.. Iltimos, bizga jo'raboshi bo'ling!

— Buni o'ylab ko'rish kerak, — qaddini g'oz tutib kissavurga mensimay nazar tashladi Nig'mat. — Oldin pullarni qo'lga kiritaylik!

Nig'mat shunday deb kupe eshigini ochdi va ichkariga kirdi.

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

 

loading...