O'zbekiston aholisining 90 foizi propiska rejimiga qarshiligini bildirdi

0

O'zbekiston ichki migratsiya darajasi bo'yicha jahonda eng quyi o'rinlarda turadi. Mamlakatdagi urbanizatsiya ko'rsatkichlarida 2009 yildan buyon turg'unlik kuzatilmoqda. Jahon banki tadqiqotchisi Uilyam Seiz o'tkazgan tadqiqotda shu haqda so'z boradi, deb xabar qildi «Kun.uz».

Foto: «Daryo»

Muallif ichki migratsiyaga to'siq bo'layotgan ikki asosiy omilni keltirib o'tgan: propiska rejimi va shaharda yashash xarajatlarining qishloq hududlarga nisbatan ancha yuqoriligi.

Ma'lum bo'lishicha, poytaxt Toshkentda yashash xarajatlari O'zbekiston bo'yicha o'rtacha ko'rsatkichdan 5,5 barobarga ko'p. Bu esa qishloqlarda yashayotgan deyarli barcha fuqarolarning poytaxtda hayot kechirishga qurbi yetmasligini bildiradi.

2018 yilda Toshkent shahridagi o'rtacha maosh miqdori qishloq joylardagi o'rtacha oylikdan 88 foizga, respublika miqyosidagi o'rtacha maoshdan 61 foizga yuqoriroq bo'lgan.

So'rovlar natijasiga ko'ra aholining taxminan 90 foizi – barcha registratsion cheklovlarni bekor qilish tarafdori.

Ta'kidlanishicha, propiska rejimini bekor qilish bilangina urbanizatsiya faollashishiga erishib bo'lmaydi. Buning uchun shaharlarda arzon uy-joylar qurish sur'atini oshirish kerak. O'tkazilgan so'rovlar o'zbekistonliklarning 80 foizdan ko'prog'i bu fikrga qo'shilishini ko'rsatgan.

Tadqiqotchining fikricha, aholining ko'chish sur'atlari sustligi mamlakatda mehnat unumdorligi va bandlik darajasi o'sishiga salbiy ta'sir qiladi.

O'rganish natijasida quyidagi choralar tavsiya etilgan:

  • shaharlarda keng miqyosda arzon ijara uylarini qurish va ijara uy-joy bozorini shakllantirish (Singapur, Gongkong va Xitoy tajribasi);
  • ko'chmas mulk daxlsizligini ta'minlash (bu o'z navbatida investorlarni uy-joy qurishga rag'batlantiradi);
  • ham uy-joy qurilishi bilan shug'ullanuvchi korxonalar, ham uy-joy sotib oluvchilar uchun maqsadli subsidiyalar ajratish;
  • shaharlarni rejalashtirishga (maktab, shifoxona va boshqa ijtimoiy ob'yektlar joylashuvi) alohida e'tibor qaratish va hk.

Jahon banki rasmiy saytida e'lon qilingan tadqiqot bankning «Qashshoqlik va tenglik» global amaliyoti doirasida o'tkazilgan bo'lib, undagi ma'lumotlar Jahon banki va Taraqqiyot strategiyasi markazi hamkorligida 2018 yildan buyon o'tkazib kelinayotgan «O'zbekiston fuqarolarini tinglash» so'rovi natijalariga asoslangan.

Eslatib o'tamiz, 2019 yil iyunda O'zbekistonda Iqtisodiyot va sanoat vazirligi huzurida Urbanizatsiya agentligi tashkil qilinishi haqida xabar berilgandi.

daryo.uz

loading...