XASTA BOLANING ORZUSI

0

Ona leykoz (oq qon) bilan og'rigan olti yoshdagi o'g'liga qarab, yurak bag'ri o'rtanardi. Qalbi iztirob ichida bo'lishiga qaramay, nimadir qilib o'g'lini sevintirishn o'ylardi. Barcha ota-onalar kabi u ham farzandining ulg'ayishini, orzularining ro'yobga chiqishini istardi. Ammo bunday bo'lmasligi aniq, xastalik changalida bolasi ezg'ilanayotgani hammaga ayon edi. Shuning ham ona o'g'lining orzularini ro'yobga chiqarishga urinardi.
– Mehmet, katta bo'lganingda qaysi kasb egasi bo'lishing haqida hech o'yladingmi? Katta bo'lganingda qanday yashashingni orzu qildingmi?
Mehmet uzoq kuttirmay javob berdi:
– Oyijon, men katta bo'lsam yong'in o'chiruvchi bo'laman!
Ona kulimsiradi va:
– Orzuingni ro'yobga chiqarishga harakat qilib ko'ramizmi?- dedi.
Keyin shahardagi yong'in o'chirish mudirligiga bordi va yong'in o'chirish xizmati xodimlari bilan tanishdi. Ularga o'g'lining so'ngi istagini yetkazdi. Bolasini o't o'chirish mashinasiga mindirib, shahar aylantirishga imkon bor-yo'qligini so'radi.
– Bundan ham ko'prog'ini qila olamiz,- dedi yong'in o'chirish xizmati xodimlaridan biri. – Agar o'g'lingizni chorshanba kuni ertalabda uyg'otib, kiyintirib tursangiz u bizning sharafli mehmonimiz bo'ladi. O'g'lingizga o't o'chiruvchilar kimligini ko'rsatamiz. Biz bilan birga yong'in o'chirish mahkamasiga keladi, birga ovqatlanamiz. Yong'in o'chirish amaliy mashg'ulotlarida qatnashadi. Bizga uning o'lchovlarini bersangiz, ung loyiq xizmat kiyimlari tiktirib kiydiramiz.
Uch kundan so'ng yong'in o'chirish xizmati xodimi Mehmetning oldiga bordi. Unga atalgan maxsus kiyimchalarni kiydirdi va yotog'idan o't o'chirish mashinasigacha ko'tarib olib borib, mashinaga o'tqizdi. Mehmet yong'in o'chirish xizmatchisi hamrohligida o't o'chirish mashinasida mahkamaga borar ekan, o'zini nihoyatda baxtli his qilardi.
O'sha kuni shaharda uchta yong'in falokat ro'y berdi. Mehmet har xil o't o'chirish mashinalariga mindi, hatto mahkama mudirining xos mashinasiga ham o'tirib shahar aylandi. Televizorda odamlar jajji yong'in o'chiruvchi- Mehmetning jasoratini toomsha qildilar. Orzusining ro'yobga chiqishi, unga ko'rsatilgan muhabbat va e'tibor Mehmetni shunchalik sevintirgandiki, u doktorlar aytgan muddatdan yana uch oy ko'p yashadi.
Bir kechasi Mehmetning ahvoli og'irlashib, so'ngi daqiqalarini yashayotganida, umrining oxirida bolakay o'zini yolg'iz his etmasligi uchun bosh hamshira oilasini kasalxonaga chaqirtirdi. Keyin Mehmetning yong'in o'chirish xizmati xodimlari bilan o'tkazgan kunini esladi va yong'inga qarshi kurashish mahkamasiga qo'ng'iroq qilib, Mehmet yorug' dunyo bilan vidolashayotganida uning oldida yong'inga qarshi kurash mahkamasining biror xizmatchisi, xizmat kiyimida turishini iltimos qildi.
– Buni a'lo darajada bajaramiz,- dedi yong'inga qarshi kurash mahkamasi mudiri.- Besh daqiqada o'sha yerda bo'lamiz. Siz bizga bu borada yordam bera olasizmi? Ya'ni mashinalarimiz sirenalarini chalib kasalxona atrofida aylanganida, rahbariyatingizga hech qanday yong'in ro'y bermagani, shunchaki bir bolani xursand qilish uchun uning ziyoratiga kelganimizni xabar berib, Mehmetjon yotgan xonaning derazasini ochib bera olasizmi?
Besh daqiqalardan so'ngra o't o'chiruvchi mashinalar sirenalarini chalgancha kasalxonaga yetib kelishdi. O'n to'rtta yong'in o'chirish xizmati xodimlari Mehmet yotgan uchinchi qavatdagi xona derazasiga tirmashib chiqishdi va onasining izni bilan bolakayni bag'irlariga bosdilar. Ular Mehmetjonni juda yaxshi ko'rishlarini aytib, bolakayni erkaladilar. O'lim bilan yuzma-yuz turgan Mehmet yong'in o'chirish xizmati mudiriga qaradi va:
– Janob, men endi chindan ham yong'in o'chiruvchimanmi?- deya so'radi.
– Albatta! Yo bunga shubhang bormi, Mehmetjon?- javob berdi mudir.
Shu so'zlardan so'ng Mehmet kulimsiradi va ko'zlarini bir umrga yumdi…

Turk tilidan Umida ADIZOVA tarjimasi

loading...