Erining musulmon bo'lishiga sabab bo'lgan ayol

0

Ummu Hakim bint Horis roziyallohu anho Ikrima ibn Abu Jahlning xotini edi. Bu ayol Makka fathi kuni Islomga kirdi. Ikrima esa Yaman taraflarga qochib ketdi. Chunki Nabiy sollallohu alayhi vasallam Ikrimaning Islomga va musulmonlarga qilgan dushmanchiligi sababli uni o'ldirishga amr qilgan edilar.

Ummu Hakim roziyallohu anho Nabiy sollallohu alayhi vasallamdan eri uchun omonlik so'radi. U zot sollallohu alayhi vasallam uning eriga omonlik berdilar. Ayol darhol erini izlab qizil dengiz qirg'oqlari sari jo'nadi va erini o'sha yerdan topdi. Eriga ortga qaytishni, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallam unga omonlik berganlarini, endi u zotning oldilariga borib, Islom dinini qabul qilishi kerakligini aytdi. Ko'p o'tmay, Alloh taoloning fazli bilan, Ummu Hakimning orzusi ro'yobga chiqdi. Ikrima borib, Payg'ambarimiz sollallohu alayhi vasallamdan uzr so'radi, Islomni qabul qildi va olamlarga rahmat bo'lgan zotdan o'zi uchun duo qilishlarini iltimos qildi.

Keyinchalik Ikrima roziyallohu anhu bir necha janglarda ishtirok etdilar. Yarmuk jangida o'zlarining shijoatlarini va bor imkoniyatlarini ishga solib jang qildilar va shahid bo'ldilar.

Alloh taolo barcha erkak va ayol sahobalardan rozi bo'lsin!

 

Honiy Hojining “Solihlar va solihalar,

zohidlar va zohidalar hayotidan ming bir qissa”

kitobi

 

muslim.uz

loading...