Navoiydagi savdo majmuasida yuz bergan yong'in bo'yicha rasmiy ma'lumot berildi

0

Navoiy shahri markazidagi 4 qavatli bozorda 16 yanvar kuni kechqurun yong'in kelib chiqqani haqida xabar berilgan edi.nbv

O'zbekiston Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti tomonidan ma'lum qilinishicha, 2020 yil 16 yanvar kuni soat taxminan 21:15 da Navoiy shahridagi 4 qavatdan iborat bo'lgan Navoiy savdo kompleksining 4-qavatida yong'in kelib chiqqan. Natijada 150 kvadrat metr maydonni egallagan 6 ta kiyim-kechak savdo do'koni yonib yaroqsiz holga kelgan, 14 ta savdo do'koni esa zararlangan. Tan jarohati olgan fuqarolar va qurbonlar yo'q. Hodisa joyida tergov-tezkor guruhi ishlamoqda. Yong'inning kelib chiqish sabablari o'rganilmoqda.

Foto: Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti

Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi tomonidan «Daryo»ga ma'lum qilinishicha, yong'in 16 yanvar kuni soat 21:19 da Navoiy shahar M.Tarobiy ko'chasida joylashgan «Navoiy Savdo kompleksi» aksiyadorlik jamiyatiga qarashli 3 qavatli savdo majmuasining 3-qavatidagi savdo do'konlarida sodir bo'lgan.

Foto: Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

Viloyat FVB navbatchilik qismiga kelib tushgan ma'lumotga asosan soat 21:23 da voqea joyiga 7 ta yong'in o'chirish va 1 ta qutqaruv avtomashinasi yetib borgan. Amalga oshirilgan tezkor tadbirlar natijasida soat 21:45 da yong'in to'liq bartaraf etilgan hamda majmuaning 208 ta savdo do'koni joylashgan 6958 kvadrat metr qismi yong'indan saqlab qolingan.

Boshqarma ma'lumotiga ko'ra, yong'in natijasida 6 ta savdo do'konining jami 82 kvadrat metr qismi yonib zararlangan. Hodisa oqibatida halok bo'lganlar va tan jarohati olganlar yo'q. Dastlabki taxminlarga ko'ra, yong'in qisqa tutashuv natijasida kelib chiqqan.

Foto: Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi

«Kun.uz»ning xabar berishicha, savdo markazi ichidan hech narsani olib chiqishning imkoni bo'lmagan. Aholi vakillari bu bino o'rnida oldin ham savdo majmuasi bo'lgani va u ham o'z vaqtida yonib ketganini ma'lum qilgan.

 

daryo.uz

loading...