Maktab o'quvchilari “Damas” o'g'irladi

0
Toshkent viloyati Olmaliq shahrida o'quvchilar tomonidan olib qochilgan “Damas” rusumli avtotransport Ohangaron tumani hududida ushlandi. 
Viloyat hokimligi axborot xizmati ma'lumotiga ko'ra, fuqaro S.Xolmatovning “Damas”i 6 fevral, kunduz kuni uyi oldidan olib qochib ketilgan.
Mazkur holat yuzasidan shahar ichki ishlar bo'limi tomonidan zudlik bilan jinoyat ishi qo'zg'atilib, olib borilgan tezkor surishtiruv ishlari natijasida ushbu jinoyat shahardagi 4-umumta'lim maktabining 11-sinf o'quvchilari B. G' va Yo.T tomonidan sodir etilgani aniqlandi.
“Damas” o'quvchilar tomonidan Ohangaron tumani “Birlik” mahallasi hududida boshqarib ketilayotgan vaqtda ushlangan. O'quvchilar ushbu holatda ichki ishlar bo'limi xodimlariga qarshilik ko'rsatib, qochayotgan vaqtida yo'l transport hodisasini ham sodir etib, avtomobilga jiddiy zarar yetkazgan.
4-umumta'lim maktabida o'quvchilar, ota-onalar, mahalla faollari ishtirokida mazkur holat, jinoyat sababi va oqibatlari muhokamasiga bag'ishlangan yig'ilish bo'lib o'tdi.
Yig'ilishda viloyat ichki ishlar bosh boshqarmasi 2-mintaqaviy muvofiqlashtirish boshqarmasi boshlig'i, podpolkovnik X.Qodirov o'quvchilarga tengdoshlarining ushbu qilmishi jinoyatning og'ir turi hisoblanib, ushbu turdagi jinoyat uchun 10 yildan 15 yilgacha qamoq jazosi tayinlanishi mumkinligini ta'kidladi.
“Damas” olib qochilishi bilan bog'liq holatga aniqlik kiritilishicha, o'quvchilar jinoiy guruh bo'lib, avtoulov o'g'irlash bilan birga, mashina salonidagi ayrim qismlarni ham sotib yuborgan. Yanada achinarlisi, mashinadan 3 kun davomida foydalanib, hattoki, maktabga ham minib kelgan.
Yig'ilishda shahar hokimi o'rinbosari S.Ahmedov, IIB vakillari tomonidan ushbu holatga e'tiborsiz bo'lgan jamoatchilik, jumladan, maktab ma'muriyati va sinfdoshlarining sovuqqon munosabati qoralandi.
Shuningdek, mazkur holatda bir jinoyat boshqa jinoyatga ham sabab bo'lgani, aslida, jamoatchilik, xususan maktab ma'muriyati va 11-sinf o'quvchilarining sinfdoshlari atrofidagi voqealarga nisbatan befarq bo'lmaganida ushbu jinoyatning oldi olinishi mumkinligi, shuningdek, jinoyatchilikning oldini olishda jamoatchilik nazorati eng samarali usul ekaniga alohida e'tibor qaratildi.
loading...