OTAM AVLIYo EKAN

0

O'smirlik yillarim edi. Nima bo'ldi-yu, bir kuni nogahon nojo'ya so'z tufayli otamning dilini ranjitib qo'ydim. Bir ozdan so'ng uyimga keldim, qilgan aybimni o'ylab, ko'zlarimga yorug' dunyo tor bo'lib ketdi. Endi qanday qilib otamdan kechirim so'rash yo'lini izlay boshladim.

 

Otam uyimiz oldidagi yo'l bo'yiga mevali daraxt o'tqazayotgan edi. Men o'zimni go'yo otamga qarashayotgan tutib, yonida kuymalana boshladim. Ammo otam mening kelganimni sezmaganday o'z ishi bilan ovora edi. Otam mening kelganimga parvo qilmagani sayin ezilib borardim. Nihoyat, sukunatni buzish maqsadida so'z boshladim:

– Ota, nega hamma joyga mevali daraxt ekaverasiz? Shunda otam:

– Bolam, noqobil farzanddan ko'ra shu mevali daraxt xam yaxshida, – deb javob berdi.

Otamning bu javobi yuragimga o'qdek qadalgandi. Nahotki, shu mevali daraxtcha bo'lolmagan bo'lsam?… To'g'ri, otam meni kechirdi. Keyinchalik otamning imkon qadar dilini og'ritmaslikka harakat kildim. Mana, oradan ancha yillar o'tib ketdi. Otam bu foniy dunyoni tark etib, boqiy dunyoga rixlat qildi.

 

Otam ekkan o'sha olma daraxtlari bugun g'arq pishib xosilga kirdi. Gohida uyda turib ko'chadan o'tgan odamlarning «shu daraxtni ekkanga rahmat», degan so'zlari qulog'imga chalinib qoladi. Shunda men o'yga tolaman: Oxirgi marta qachon «Otangga raxmat», degan so'zni eshitdim. Ba'zan kechalari uyqum qochadi, ko'chaga chiqib o'sha daraxtni otamni quchganday quchaman va:

«Otam avliyo ekan», deyman shivirlab…

loading...