Samarqand shahrining 2040 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan bosh rejasi tasdiqlanadi

0

Vazirlar Mahkamasining “Samarqand shahrining 2040 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan bosh rejasini tasdiqlash to'g'risida”gi qarori loyihasi e'lon qilindi.

Samarqand shahrining 2040 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan bosh rejasi tasdiqlanadi.

Quyidagilar:

Samarqand viloyati hokimligi hamda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Respublika arxitektura-shaharsozlik kengashi bilan kelishilgan Samarqand shahrining 2040 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan bosh rejasining asosiy yechimlari;

Samarqand shahar bosh rejasining texnik-iqtisodiy ko'rsatgichlari tasdiqlanadi.

Samarqand viloyati va Samarqand shahri hokimliklari tasdiqlangan shahar bosh rejasiga muvofiq:

a) Iqtisodiyot va sanoat vazirligi, Moliya vazirligi, Qurilish vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi, boshqa manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda qisqa, o'rta va uzoq muddatli istiqbollarga mo'ljallangan qurilish va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish istiqbollarini rejalashtirishni hisobga olgan holda 2040 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan Samarqand shahrini kompleks qurish Dasturi loyihasini ishlab chiqadilar va Vazirlar Mahkamasiga kiritadilar;

Samarqand shahrining tasdiqlangan bosh rejasi asosida, Samarqand shahri chegara chizig'i loyihasini Vazirlar Mahkamasiga belgilangan tartibda taqdim etadi.

b) manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo'jalik birlashmalari bilan birgalikda quyidagilarni ta'minlaydilar:

shahar yerlaridan maqsadsiz foydalanishga va noqonuniy qurilishlarni amalga oshirishga yo'l qo'ymaslik yuzasidan qat'iy nazorat o'rnatish yo'li bilan ulardan samarali foydalanish;

umumiy foydalanishdagi avtomobil yo'llari va magistral ko'chalar, yo'l o'tkazgichlar va avtobekatlarni qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlashni hisobga olgan holda yo'l-transport infratuzilmasi tizimini takomillashtirish;

energiyani tejaydigan zamonaviy texnologiyalarni joriy etish yo'li bilan suv ta'minoti, kanalizatsiya, irrigatsiya, elektr ta'minoti, gaz ta'minoti, issiqlik ta'minoti va telekommunikatsiyalar ob'yektlarini qurish va rekonstruksiya qilish yo'li bilan muhandislik-kommunikatsiya tuzilmasini modernizatsiya qilish;

hududning shaharsozlik qiyofasini shakllantiruvchi mavjud maydonlar, obodonlashtirilgan xiyobonlar va bog'larni rekonstruksiya qilish va yangilarini qurish yo'li bilan arxitektura-rejalashtirishni yaxshilash ishlarini tashkil etish hamda arxitektura ansambllari yaratish;

uy-joy, ta'lim, sog'liqni saqlash, sport, madaniyat, san'at va dam olish ob'yektlarini qurish, rekonstruksiya qilish va kapital ta'mirlash hisobiga infratuzilmani rivojlantirish;

ilmiy gidrogeologik tadqiqotlar asosida sizot suvlar sathini pasaytirish bo'yicha shahar hududini muhandislik jihatidan tayyorlash tadbirlarini ishlab chiqish va amalga oshirish;

Zarafshon va Darg'om daryolari o'zanini shaharning loyihaviy chegarasida obodonlashtirish tadbirlarini amalga oshirish;

aholining fuqarolik muhofazasi bo'yicha muhandislik-texnik tadbirlarni ishlab chiqish;

birinchi navbatda quriladigan hududlarning batafsil rejalashtirish loyihalarini ishlab chiqishni tashkil etish.

v) YuNESKO Umumjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan Samarqand shahrining tarixiy markazi va uning muhofaza hududida shaharning tarixiy qiyofasiga ta'sir qiladigan o'zgartirish kiritmaslik va ayrim o'zgarish kiritilgan holda, oldindan Madaniyat vazirligi va YuNESKO Umumjahon markazi bilan merosga bo'lgan ta'sirni baholash hisoboti tayyorlanib kelishilishi belgilanadi.

Samarqand viloyati va Samarqand shahri hokimliklari, manfaatdor vazirliklar, idoralar va xo'jalik birlashmalari, loyiha-qidiruv tashkilotlari rahbarlari zimmasiga 2040 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan Samarqand shahri bosh rejasini o'z vaqtida va sifatli amalga oshirish, shaharsozlik jihatidan ta'minlovchi ob'yektlarni kompleks va oqilona joylashtirish, shuningdek, ushbu maqsadlarga yo'naltirilayotgan moliyaviy mablag'lardan maqsadli foydalanish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklanadi.

Samarqand shahrining 2040 yilgacha bo'lgan davrga mo'ljallangan bosh rejasining asosiy yechimlarida aytilishicha, Samarqand shahri O'zbekistonning yirik, ma'muriy-siyosiy, ilmiy, o'quv va madaniyat markazi hisoblanib, 2001 yilda shaharning tarixiy markazi “Samarqand-madaniyat chorrahasi” nominatsiyasi ostida YuNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan.

Yangi bosh rejani ishlab chiqishning muhimligi shaharsozlik rejasini ijtimoiy-iqtisodiy va siyosiy shartlarining tubdan o'zgarishlari bilan bog'liqdir.

Qonunchilik palatasining “Samarqand viloyatining Samarqand shahri, Oqdaryo va Samarqand tumanlari chegaralarini o'zgartirish to'g'risida”gi 2011 yil 10 noyabrdagi 398-II-sonli qarori va Senatning 06.12.2011 yil 272-II-sonli qaroriga asosan Samarqand shahri aholisiga 84,7 ming kishi, hududiga 3399.0 gektar yer maydoni qo'shilgan, bu bilan shaharning transport tizimini, uy-joy fondini, aholiga ijtimoiy va madaniy-maishiy xizmat ko'rsatish tizimini hisobga olib, shaharning bosh rejasiga katta o'zgartirishlar kiritildi.

Samarqand shahrining bosh rejasining asosiy ko'rsatkichlari Samarqand mahalliy tizimini turistik, ma'muriy-xo'jalik, ilmiy, madaniy va sanoat markazi kabi uning yanada barqaror rivojlanishini ko'zda tutadi.

Shaharsozlik va shaharning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishi masalalari iqlim o'zgarishiga, uning barqaror rivojlanishi, shaharsozlikning zamonaviy talablariga asosan yetkazish maqsadida ijtimoiy va tabiiy-ekologik majmuasi kabi shaharni va shahar atrofi hududini rivojlantirishni hisobga olib, ishlab chiqish va umumrespublika tizimi bilan birgalikda hal etiladi.

loading...