Koronavirusdan asosan kimlar vafot etmoqda

0

Xitoy hukumati Covid-19 koronavirus infeksiyasi tarqalishining 44 mingdan ortiq holati batafsil o'rganilganda olingan dastlabki natijalarini e'lon qildi. Bu epidemiya boshlanganidan beri qilingan eng katta ilmiy ishdir.

Xitoydagi Kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi (CCDC – Chinese Centre for Disease Control and Prevention) ma'lumotlariga ko'ra, bemorlarning 80 foizdan ko'prog'ida kasallik yengil shaklda o'tadi, surunkali kasalliklarga chalingan va katta yoshdagi odamlar infeksiyani yuqtirib olish olish xavfi yuqori.

Tadqiqot tibbiyot xodimlari ham yuqtirish xavfi yuqori bo'lganlar guruhiga kirishini ta'kidlamoqda.

Seshanba kuni koronavirusdan Uxan kasalxonasi direktori Lyu Chjimin vafot etdi. U 51 yoshda edi. U epidemiya natijasida vafot etgan eng yuqori darajadagi tibbiyot xodimlaridan biridir.

Uxan shahri infeksiyaning o'chog'iga aylangan Xubey provinsiyasida joylashgan. CCDC tomonidan taqdim etilgan ma'lumotlarga ko'ra, ushbu mintaqadagi zararlanish holatlarining 2,9 foizi halokatli oqibatlarga olib keladi, mamlakatning boshqa mintaqalarida esa – 0,4 foiz. Umuman olganda, koronavirusdan o'lim darajasi 2,3 foizni tashkil qilmoqda.

19 fevral kungi ma'lumotlarga ko'ra, Xitoyda jami 74185 kishi xastalangan, 2004 kishi vafot etgan. 18 fevral kuni 136ta o'lim va virus yuqtirishning 1749ta yangi holati qayd etilgan. O'lim holatlarining aksari koronavirus o'chog'i bo'lgan Xubeyga to'g'ri kelmoqda – 1921 kishi.

Xitoy ma'murlari 14 376 kishi sog'ayib ketganini ma'lum qilgan.

Tadqiqotdan nimani tushunish mumkin?

Uning natijalari Xitoyning Epidemiologiya jurnalida chop etildi. Mualliflar Xitoyda tasdiqlangan 44 672 holatni ko'rib chiqishgan — 11 fevral holatiga ko'ra.

Xitoydagi koronavirusdan o'lim darajasi:

Umuman olganda, tadqiqot virus va kasallik kechishi haqidagi avvalgi kuzatuvlarni tasdiqlaydi. Olingan ma'lumotlarga ko'ra, yuqtirganlarning 80,9 foizida kasallik yengil, 13,8 foizida og'ir va faqat 4,7 foizida tahlikali bo'lgan. Hayotdan ko'z yumganlarning soni nisbatan katta emas, ammo raqam 80 yoshdan oshgan odamlar orasida o'sadi.

Ma'lum bo'lishicha, kasallikka ko'proq erkaklar yengilgan (2,8 foiz hollarda), ayollar o'limi 1,7 foiz.

Tadqiqot shuningdek mavjud kasalliklarning qaysi biri o'lim xavfini oshirishini aniqladi. Yurak-qon tomir kasalliklari birinchi o'rinda turadi, undan keyin diabet, surunkali respiratorli infeksiyalar va gipertoniya.

Shifokorlar duch kelishi mumkin bo'lgan xavf haqida gapirilganda, mualliflarning ta'kidlashicha, tibbiyot xodimlarining 3019 nafarida ushbu kasallik alomatlari aniqlangan va ularning 1716 nafarida virus yuqtirilishi tasdiqlangan. 11 fevralgacha 5 nafar shifokor vafot etgani qayd etilgan.

13 fevraldan boshlab Xitoy statistikaga nafaqat nuklein kislotalari asosida koronavirus mavjudligining aniq tashxisi qo'yilgan bemorlarni, balki o'pka infeksiyasining alomatlari va belgilari bo'lgan barcha odamlarni kiritishni boshlagan.

Bu nimadan darak?

Tadqiqotlar shunday xulosa qilmoqdaki, epidemiya cho'qqisi 23-26 yanvar kunlariga to'g'ri kelgan, keyin 11 fevral kuniga qadar pasayish kuzatilgan.

Hujjatda aytilishicha, yangi holatlar aniqlanishining kamayishi hukumatning katta-katta shaharlarni izolyatsiyalash choralari bilan bog'liq bo'lishi mumkin, shuningdek, bu natijada OAV orqali fuqarolar tinimsiz ravishda virusdan saqlanish uchun tushuntirishlar olib borilgani hamda tibbiyot xodimlarining tezkor harakatlarining ham ulushi katta.

Tadqiqot mualliflari, odamlar uzoq muddatli ta'tildan qaytgach virus yuqtirish holatlari yana o'sa boshlashi mumkinligidan ogohlantirishgan.

Xitoy hukumati epidemiya boshlangan vaqtda Xubey provinsiyasidagi Uxan shahrini butunlay yopib qo'ygandi, shuningdek, butun provinsiyada harakatlanish cheklangan.

Kruiz laynerlar bilan nimalar bo'lmoqda?

Virus Xitoyning materik qismidan tashqarida ham tarqala boshladi. Shu vaqtga qadar 26 davlatda va ikkita kruiz laynerida virus yuqtirish holatlari aniqlangan.

3 fevral kuni Yaponiya qirg'oqlariga yaqinlashgan «Daymond prinsess» kruiz laynerida koronavirus aniqlangach, kema ikki hafta muddatga karantin holatiga o'tkazildi. Karantin boshlanishidan oldin kemada yo'lovchilar va ekipaj a'zolaridan iborat bo'lgna 3700 kishi bor edi.

Karantin davomida kemadagilarning 542 nafari (yo'lovchilar va ekipaj a'zolari) virus yuqtirib olgani aniqlangan. Bu Xitoydan tashqarida Covid-19 koronavirusi infeksiyasi yuqishi bilan bog'liq eng yirik holatdir.

Infeksiya yo'lovchilar orasida juda tez tarqaldi. AQSh, Avstraliya, Kanada, Britaniya, Isroil, Hongkong va Janubiy Koreya kabi davlatlar kemadagi fuqarolarini karantin muddati tugashidan oldin evakuatsiya qilishga kirishdi va o'z hududidagi yangi karantinga joylashtirdi.

19 fevral tongida «Daymond prinsess» kruiz laynerida karantin muddati tugab, virus belgilari aniqlanmagan yo'lovchilarni Yaponiya yeriga tushirish boshlandi. Bu jarayon bir necha kun davom etadi.

Osiyo sharqidagi bir qancha davlatlar portlari yana bir kruiz layneri – «MS Vesterdam»ni qabul qilishni istamadi, bunga ushbu kemada ham virusdan zararlanganlar borligi ehtimoli sabab edi.

Kema bortida koronavirus yuqtirganlar yo'qligi tasdiqlangach Kambojadagi Sianukvil portiga kirishiga ruxsat berildi va mamlakat bosh vaziri Xun Sen kemadagilarni shaxsan kutib oldi. Kema yo'lovchilarining hech biri karantinga joylashtirilmadi.

Ammo bir necha kun o'tib kruiz laynerda bo'lgan ayol Malayziyaga borganida unda virus aniqlandi. Hozirda o'sha kemada bo'lgan va keyinchalik turli davlatlarga – Malayziya va Tailanddan tortib, AQSh va Kanadagacha tarqab ketgan yo'lovchilarni izlash ishlari olib borilmoqda.

Bir qancha davlatlar ushbu kema bortida bo'lganlarni o'z hududiga kiritmasligini ma'lum qilgan.

«MS Vesterdam» kemasi bortida hamon 255 yo'lovchi va ekipajning 747 nafar a'zosi qolmoqda. 400 nafardan ortiq yo'lovchi Pnompendagi mehmonxonalardan biriga joylashtirilgan, ular bu yerda tahlil natijalarini kutishmoqda.

kun.uz

loading...