Xitoydan evakuatsiya qilingan ukrainaliklarning avtobuslari toshbo'ron qilindi | Hordiq.uz
Bosh sahifa hordiq.uz Xitoydan evakuatsiya qilingan ukrainaliklarning avtobuslari toshbo'ron qilindi

Xitoydan evakuatsiya qilingan ukrainaliklarning avtobuslari toshbo'ron qilindi

0

Ukrainada Xitoyning Uxan shahridan evakuatsiya qilinib, karantin uchun olib ketilayotgan ukrainaliklarning avtobuslari mahalliy aholi tomonidan toshbo'ronga uchradi, deb xabar beradi Unian.

Agentlik ma'lumotlariga ko'ra, mahalliy aholi evakuatsiya qilinganlarning Milliy gvardiya sanatoriyasiga joylashtirilishiga qarshi norozilik bildirgan. Novie Sanjari qishlog'i aholisi avtobuslar harakatini cheklab, ularga qarata tosh ota boshlagan.

Politsiya norozilik namoyishi ishtirokchilarini tarqatib yuborib, tosh otganlarni qo'lga olgan. Bundan tashqari, o'rtada janjal kelib chiqqani aytilmoqda.

20 fevral kuni Xarkovga ichida 65 nafar Ukraina fuqarosi bo'lgan samolyot kelib qo'ndi. Ular COVID-2019 koronavirusining o'chog'i hisoblangan Xubey provinsiyasidan evakuatsiya qilingan. Ular Milliy gvardiyaga qarashli Poltava viloyatining Novie Sanjari posyolkasining yaqinidagi sanatoriyaga joylashtirilishi kerak bo'lgan. Qishloq aholisi bunga qarshi norozilik bildirib, trassani yopib qo'ygan. Shunga qaramay, yettita avtobus sanatoriyaga kelishga muvaffaq bo'lgan.

Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy mahalliy aholining ushbu xatti-harakatiga munosabat bildirib, Xitoydan evakuatsiya qilingan fuqarolarda koronavirus aniqlanmagani sabab, ular hech qanday xavf tug'dirmasligini ta'kidlagan.

 

Eslatib o'tamiz, Xitoydagi o'zbekistonliklarni olib kelish uchun 4, 6 fevral kunlari tashkil etilgan uchta charter reyslaridan bittasi bevosita koronavirus infeksiyasi o'chog'i bo'lgan Uxan shahridan tashkil etilgan edi. 19 fevral kuni davolash muassasasiga joylashtirilgan 84 nafar fuqaro karantin muddati yakuniga yetishi munosabati bilan uyiga kuzatilgan.

loading...