QAMOQXONADA KO'RGAN-KEChIRGANLARIM… (18-qism)

0

 

 

* * *

 

— Iflos ekansan! — alamli shivirladim ortimda hech narsa bo'lmagandek ketib borayotgan leytenantga. — Hali shoshmay tur, g'irromlik qanaqa bo'lishini ko'rsatib qo'yaman!

— Meni behuda ayblayapsan! — dedi u. — O'rtaga katta pul tikilgan, bu pullarning bir qismi meniki emas. Shunday ekan, yutgan taqdiringda ham, baribir, pulni senlarga berib qo'yadigan ahmoq yo'q.

— Leytenant, sen bu ishing bilan juda katta xatoga yo'l qo'yding. Shuni bilasanmi?

— Nima, nima? Kelib-kelib sen, turmadan chiqish-chiqmasligi noma'lum ipirisqi meni qo'rqitmoqchi bo'lyapsanmi?

— Katta ketma! Turmadan chiqmasam ham uncha-muncha joyda so'zimni ikki qilishmaydi. Bu yerga kelishdan avval kerakli odamlarga shipshitib qo'yganman. Bordi-yu, biror ishkal yuz bersa, uch kundan oshiq tirik yurmaysan, men bunga kafolat beraman!

Bu gapimdan keyin leytenantning dami ichiga tushib ketdi. Buni nafas olishidan bilib olsa bo'lardi.

— Mayli, gapni kalta qil! — yo'lakni deyarli bir aylanib o'tib karserga yetganimizda leytenant serjantlarga to'xtashni buyurdi. — Mana shu yerda dam olasan endi, lan'ati!

U eshikni ochib, ovozining boricha qichqirdi:

— Hov odamxo'r! Mehmonni qabul qilib ol!

Eshik tashqaridan yopilgach, karserning bir burchidan bo'yi men kabi baland, yo'g'on bilakli, sochlari qirib tashlangan, ko'p urishganidan bo'lsa kerak, yuzlari o'ydim-chuqur, og'zi bir tarafga hiyla qiyshaygan, badbashara ariston qarshimda paydo bo'ldi. U menga yanada yaqin keldi-da, qaddini egib, ikki qo'lini orqaga qilgancha sovuq tirjaydi.

— Ha-a, — baqirdi u og'zidan tupuk sachratib, — Keldilarmi? hozir, hozir sening qulog'ingni tishlab uzib olaman! Ha-a-a-a!

Undan zarracha qo'rqqanim yo'q. Faqat egnidagi kiyimlarning iflosligi, tupuk oqayotgan og'zining beo'xshovligi ko'nglimni aynitib o'zimni nari oldim.

— Qo'rqib ketdingmi-a, qo'rqdingmi? Ana shunaqa-a!.. — baqirishda davom etdi ariston tobora menga yaqin kelib. — Qulog'ing mazalimi? Mazalimi deb so'rayapman!?. Nega indamaysan? Yo soqovmisan? Kar-soqovmisan?

Shunday deb baqirarkan uni yo'tal tutdi. Yo ajab! Bunaqasini umrim bino bo'lib ko'rmagandim! Ariston har yo'talganda og'zidan tupuk o'rniga qon otilib polga tushardi. Bir zumda uning tomoqlaridan tortib kiyimining yoqasigacha qonga bo'yaldi.

«Axir buning ajali yaqin ekan-ku!» degan fikr o'tdi xayolimdan va jonholatda uni suyab beton supachalardan biriga o'tqazdim-da, chetda yotgan lattani qo'limga olib ho'llash maqsadida kranga chopdim.

Ho'l latta bilan yaxshilab yuz-ko'zini artganimdan so'ng ariston sal o'ziga kelib, boshini orqaga tashladi.

— Nima, kasalmisan? — so'radim undan. — Nega sanchastga yotmaysan, xumpar? Bu turishda o'lib qolasan-ku!

Savolimga javoban ariston qo'l siltadi.

— Qo'yaver, — dedi u hamon qur-qur yo'talishda davom etib, — Bir boshga bir o'lim. Allaqachon pishganman. Endi… davolanib qaerga ham borardim.

— Nega nazoratchi seni odamxo'r deb chaqirdi?

Ariston ma'yus kuldi.

— Sababini aytaymi?

— Ayt!

— Bir kuni mentning qulog'ini tishlab uzib olganman.

— Yo'g'-e! Nimaga?

— Kaltaklashlari jonimdan o'tgandi.

— O'shandayam kasalmiding?

— Qayoqda?.. Soppa-sog' edim. Shu sabab bo'ldi-yu, karserdan chiqarmay qo'yishdi. Oldiniga bilinmagandi. Keyingi ikki oyda kasal kuchayib ketdi. Tushlarimda qandaydir arvohlar oyog'imdan tortadigan bo'lib qolishdi. Kasal qo'zigandan qo'zisa, ko'zimga qora kiygan maxluqsifat jonzotlar ko'rinadi. Meni g'ajiyman deb tashlana boshlaydi. E, tag'in nimasini aytay…

Uni yana yo'tal tutdi. Ikkinchi marta latta ho'llab kelib qonlarini artdim. Ammo bu safar bu unga foyda bermadi, qaytanga nafas olishi og'irlashib, o'zini betonga tashlab yubordi.

Yugurgancha borib karser eshigini tepa boshladim.

— Hoy, kim bor?.. Vrach chaqirlaring, vrach! Odam o'lyapti!

Eshik tuynugi sharaqlab ochilib, nazoratchining qip-qizil yuzi ko'rindi. Aldamayotganimga ishonch hosil qildi, shekilli, birozdan keyin eshikdan xomsemizdan kelgan boshqa bir nazoratchi bilan ichkariga kirishdi.

— Nima bo'ldi? Kim o'ldi? Qani?

Men burchakda xirillayotgan aristonga ishora qildim.

Xomsemiz nazoratchi unga yaqin borib qo'lidagi charm tayoq bilan aristonni turtib ko'rdi.

— E'tibor qilma! — dedi u eshik tomon yo'nalib. — Bor, nariroqqa borib o'tir! Hozir sanchastdagilarni chaqiraman. Olib ketishadi!

Ko'z ochib yumguncha karser ichi to'polon bo'lib ketsa kerak deb o'ylagandim. Afsuski unday bo'lmadi. Faqatgina oradan bir soatdan ko'proq vaqt o'tgandan keyin kelgan vrach ayol deyarli jon taslim qilib bo'lgan aristonning yuragini tinglab ko'rgan bo'ldi. Shundan so'ng o'rnidan turdi va bosh chayqab tashqarida turgan feldsherlarga aristonni olib ketishni buyurdi. Bu orada karserga Jenya bilan qarta o'ynagan leytenant kirib keldi-da, vaziyatni tekshirgan bo'lib nazoratchini qoshiga chorladi.

— Buni stakanga tashla! — buyurdi u men tomon ishora qilib. — Karser bunaqalar uchun mehmonxonaday gap!

— Stakanga?.. — tutilib so'radi nazoratchi va leytenantning vajohatini ko'rib qo'shib qo'ydi. — Ha-ya, siz o'zingiz javob berasiz-ku! Qani, oldimga tush!

«Ana endi adoyi tamom bo'ldim! — o'ylardim o'zimcha. — Stakan nima ekanini bilaman. Tag'in kasalim qo'zg'olon qiladi. Basharti, anavining kasalidan yuqtirib olgan bo'lsam, hayotdan umidimni uzib qo'yaversam ham bo'larkan».

Shu ko'yi go'yo bu sho'rlagan devorlarni, panjaralardangina iborat uzundan-uzun yo'lakni, biri supurgi, ikkinchisi chelak ko'tarib u yoqdan-bu yoqqa o'tayotgan «balanda»dagi aristonlarni so'nggi bor ko'rayotgandek, suq bilan boqqancha nazoratchining ortidan ergashdim.

 

* * *

 

Mana, uch kundirki, stakandanman. Tobora tasavvurim torayib, tevarakdagi ovozlarni, o'zimni o'rab turgan beton devorni ham idrok eta olmaydigan bo'lib boryapman. Ochiqqanim xuddi xayolimdan ko'tarilgandek tuyuladi. Og'zim quruqshaydi. Shu lahzalarda tupugimni yutib chanqoq qondirgan bo'laman. Har yo'tal tutganda ichimning allaqaeri uzilib ketganday bo'ladi. To navbatdagi yo'tal kelguncha ichaklarim burab-burab og'riydi. Aftidan taxminlarim to'g'ri, rahmdilligim tufayli kasalga chalinganga o'xshayman. Lekin karserdagi ariston kabi og'zimdan qon kelmayapti, shunisiga ham shukr. Demak, mening kasalim unchalik qo'rqinchli emas, harqalay ertangi kundan umid qilsam bo'ladi. Meni ko'rib boshqalar burun jiyirishini, jirkanib ters o'girilishlarini xohlamayman. Mayli, nima bo'lsa bo'lsin. Biroq toza, orastalikda o'lish tarafdoriman.

Tushga borib vujudim yona boshladi. Nafas olishim tezlashib, qaltiroq tutdi. Qiziq, ichib kuyib boryapti-yu, ammo tanamning ustki qismidagi tuklar azbaroyi sovuq o'tganidan tik turgan…

Shu tobda cho'zilib yotishni shunchalik ko'nglim tusadiki, asti qo'yaverasiz. Afsuski, buning sira iloji yo'q. «Stakan» da faqat cho'nqayib o'tirish mumkin, xolos. Alamim kelib boshimni muz devorga bosdim-u, ko'zlarimni yumdim. Bu ham foyda bermadi. Borgan sari ichim alanga olyapti. Hali zamon qo'l-oyog'imni qimirlatishga ham holim qolmasa kerak. Bora-bora hushimni yo'qotaman. Ana o'shanda jonim halovat topadi. Sovqotmayman, yo'talmayman, kuymayman, alamzadalik qalbimni tirnamaydi. hech kimni, hech narsani o'ylamayman…

— Ana, o'ziga kelyapti! Ko'zini ochyapti!..

Kimlarningdir g'o'ng'ir-g'o'ng'ir tovushlari qulog'imga kirib bazo'r ko'zimni ochdim-da, atrofga alangladim. Yo'q, men stakanda emas, kichik bir xonada, karavotda yotardim. Tepamda oq xalatli, og'zini doka bilan yopib olgan keksaroq bir ayol, uning yonida o'zim bilgan mayor turardi.

— Xo'sh, qalaysan, yigit? — so'radi ayol peshonamdagi terlarni sochiqda arta-arta. — Xayriyat, o'tkiriga yo'liqmabsan! Omading bor ekan! Xudo xohlasa, tez orada tuzalib ketasan!

Gapirgim, nimalarnidir so'ragim kelardi. Ammo tilim so'zga aylanmas, og'zimni ochdim deguncha yo'tal tuta boshlardi.

— Urinmasdan jim yot! — menga dalda bergan bo'ldi ayol. — Hozircha issig'ing tushmadi. Senga qimirlash ham mumkin emas. Jim bo'l!..

— Hali biz sen bilan ko'p ishlar qilishimiz kerak, Murod! — deya menga achinish bilan boqdi mayor. — Sen o'lmasliging kerak! Tatyana Gennadevna, bu aristonni nima qilib bo'lmasin tuzatishingiz shart! Tuzatmaslikka haqqingiz yo'q, bildingizmi?!..

— Men qo'limdan kelgan hamma ishni qilaman! Men…

Keyingi gap-so'zlarni anglay olmadim. Tag'in yo'tal tutdi. Besh-olti marta jonim chiqib ketgudek qattiq yo'talganimdan so'ng ko'z oldim qorong'ilashayotgani, xona chir aylana boshlaganini his etdim va qo'rqqanimdan ko'zlarimni yumib oldim…

Yo'q, hali o'lishga erta! O'zimni qo'lga olishim, chidashim lozim. Shu kungacha bundan battar kunlarni ko'rgan odamga kasal nima bo'pti? Chidayman. Nafas olib tursam bas, bardosh beraman! Shunda bosh aylanishim to'xtadi. Ammo ko'nglim aynishi bosilmadi. Uch-to'rt o'qchidim…

— Tag'in hushidan ketyapti! Hushidan ketyapti! — degan tovushlarni eshitdim.

Ajablanarlisi, hammasi qulog'im ostida jaranglardi-yu, hech narsani idrok etmasdim.

 

* * *

 

Roppa rosa bir oy deganda vrachlar meni deyarli avvalgi holimga qaytarishdi. Endi hadeganda yo'talavermaydigan bo'ldim. Ko'ngil aynishi, o'qchishlar barham topib oz-ozdan ovqat yeydigan bo'ldim. Kunlarning birida palataga Anatoliy kirib keldi.

U meni aylanib boshdan-oyoq kuzatgach, qo'ltig'imdan olib karavotga o'tqazdi.

— Xayriyat, o'limga so'z bermabsan, Burgut! — dedi u yelkamga qoqib.

Hayron bo'ldim. Nega meni Burgut deb atadi? Ismimni bilardi-ku! Yo birov bilan adashtiryaptimi?

— Tushunmadim, — tilga kirdim uning ko'zlariga tik boqib, — Nega meni bunday atayapsan? Yo ismimni unutib qo'ydingmi?

Anatoliy kulib yubordi.

— Seni unutib bo'larkanmi? — dedi kulgidan o'zini to'xtata olmay. — Bratvalar senga allaqachon yangi ism qo'yib bo'lishgan. Endi sen faqat qarindosh-urug'laring uchun Murodsan, biz uchun esa Burgut, hech qachon mag'rurligini tashlamaydigan Burgutsan! Bu nom senga boshqa turmalarga tushib qolganingdayam asqotadi. Nomingga bundan keyin ham munosib bo'lishga harakat qil, bizlarni uyaltirib qo'yma, tushundingmi, yigit!

— Burgut! — yangi nomimni qayta-qayta takrorlab jilmaydim. — Yaxshi ism ekan! Rahmat senga, Tolyan, rahmat!

— Mayli, gapni cho'zmaylik. Hali zamon ketadigan vaqtim bo'lib qoladi. Endi gap bunday!.. Tezroq bu yerdan chiqib Jenya masalasini hal qilmasang bo'lmaydi.

— Jenya? Unga nima bo'ldi?

— Seni faqat kasalga chalingan desam toming ham ketib qolganmi, deyman? Birga mentlar bilan qimor o'ynaganlaring yodingdan chiqdimi?

— Ha-a!

Haqiqatan bu voqea umuman xayolimdan chiqib ketgan ekan. Esladim-u, ichimga muz yugurgandek bo'ldi.

— Men iltimos qilib turib olgani uchun borganman, — dedim sovuqqonlik bilan. — Yolg'iz o'zi borishga qo'rqqandi.

— Hammasidan xabarim bor. Yonidaliging chatoq bo'pti. Bir o'zi borib mentlarning qo'lida o'lib ketishi kerak edi.

— Endi uni nima qilmoqchisizlar?.. — so'radim o'g'riboshidan.

— To'xta! — deya kutilmaganda o'rnidan turib ketdi Anatoliy. — Jenyani qo'yib turaylik, shundog'am adabini yeb yuribdi. Sen-chi, tezroq bu yerdan chiqib boshqa ish bilan shug'ullanasan.

— Qanaqa ish? g'altismi?

— Qaltisi bo'lmasa senga aytarmidim?

— Gap yo'q, Tolyan! — dedim yelka qisib. — Doimo yaxshi insonlarning xizmatiga tayyorman!..

— Qoyilman senga! — dedi Anatoliy mamnunligini yashira olmay. Keyin meni mahkam quchoqlab oldi. — Shunaqangi dangalchiliging uchun senga haykal qo'ysam arziydi. Endi quloq sol. Gapning indallosi shuki, uch-to'rt kundan keyin bir ilojini qilib seni sanchastga o'tkazib yuboraman. U yerda tanishlarim bor. O'shalar orqali pul, hujjat, mayda-chuydalar bilan ham ta'minlayman. Bir-ikki kunga ozodlikka chiqib kelishingga to'g'ri keladi. Do'stimning qasosini olish vaqti yetdi. Xo'sh, nima deysan?

— Ozodlikka dedingmi? — shu birgina so'z quloqlarim ostida jarangladi-yu, ko'z oldimda yana Yelenaning siymosi gavdalanib, yuragim hapqirdi va «Elenamni bir ko'rsaydim!» deya oh tortdim.

— Yelena? Kim u? — so'radi Tolya hech narsaga tushunmay. — Tanishingmi?

— Ha, tanishdanam azizroq. SIZOda ishlab ketgan.

— Yomonsa-an Burgut! — ko'rsatkich barmog'ini siltadi suhbatdoshim. — SIZOdayam tinch yurmabsan-da!

Shu tobda turmamiz nazoratchilaridan biri ichkariga mo'ralab, yo'talib qo'ydi-da, dedi:

— Tolyan, ketmasak bo'lmaydi! Halizamon boshliqlar obxodga chiqib qolishsa gap tegishi mumkin!

— Mayli, qarindosh, — Tolyan o'rnidan turib yelkamga qoqdi. — Tezroq tuzal! Qolganini xatada gaplashamiz!

Nihoyat, butkul tuzalib qadrdon kameramga qaytdim.

Kameraga butkul begona aristonlarni joylashtirishibdi. Jenya negadir ko'rinmadi.

Barchalari bilan bir-bir tanishib chiqqach, o'zim uchun ajratilgan birinchi qavatdagi karavotga cho'kdim. Shu ondayoq kimdir eski gazeta to'shab dasturxon soldi. Ko'z ochib yumguncha dasturxon usti yegulikka to'lib ketdi. Hatto kimdir ko'rpasi ostini kovlashtirib bir shisha aroq ham chiqardi. Menga qarama-qarshi tomondagi karavotda o'tirgan Mishiqi laqabli ariston esa yugura kelib oyog'imdagi poyabzalni yechib oldi.

«Ha, Tolyanning gapida jon bor, — xayolimdan o'tkazdim yelib-yugurib xizmat qilayotgan aristonlarni kuzatarkanman. — Rostakamiga obro'm oshgan ko'rinadi. Shunday bo'lishi kerak edi. Bu darajaga yetish uchun ozmuncha azob chekdimmi…»

Qo'lim bilan imlab past bo'yli, yoshi o'ttizlardan oshgan aristonni yonimga chorlab, so'radim:

— Jenya qaysi kamerada?

Bu so'rog'imni eshitgan boshqa aristonlar ham harakatdan to'xtab, tepamda hozir bo'lishdi.

— U yo'qolib qoldi, — javob qildi Mishiqi.

— Qaerga yo'qoladi? Ignamidi yo'qolib qoladigan?

— Bilmadim, karserda deyishgandi. Ammo u yerda yo'q, men surishtirib ko'rdim. Aytishlaricha, uni turma mashinasida qaergadir olib ketishibdi. Shundan beri yo'q…

Hali u gapini tugatib ulgurmay kamera tuynugi ochilib, nazoratchining ovozi keldi.

— Sharipov, tez elliginchi kameraga borarmishsan! Seni kutishyapti!

Nazoratchining gapini eshitdim-u, negadir ko'z o'ngimda malla sochlarini yoyib olgancha Yelena hozir bo'ldi. Xayolga toldim. Qarashlari g'amgin, yig'laganmi, yuzlarida yosh tomchilari yiltillardi. U bir zum menga tikilib turib, asta bag'riga oldi. Yelena meni qattiq quchar, «O'zimning baxtsizim! Omadsizim! Daydiginam!» deya alqardi.

— Yo'q, sen bevafo, shafqatsiz ayolsan! — to'satdan uni o'zimdan itarib tashladim. — Qoch! Ket! Turma boshlig'ining tizzasida erkalanib-erkalanib, endi mening oldimga chopib keldingmi? Nima, xotini sezib qoldimi? Yo aytgan narsangni olib bermadimi? Balki boshqasini topvolib, seni haydab solgandir?..

Bu gapim Yelenaga qattiq botgani silkina-silkina yig'layotganidan ma'lum edi.

Yo'q, yaqin o'tmish yodimga tushgandan beri unga nisbatan qalbimda zarracha shafqat hissi qolmagandi. Hayotda ayol yig'isiga toqat qila olmaydigan odam hozir qilt etmasdim. Bo'shab qolgan qo'llarim oldinga cho'zilmas, tilim go'yo tanglayimga yopishib qolgan kabi sukut saqlar, faqat asabiy titrardim.

— Men sen o'ylaganingdek buzuq ayol emasman! — o'rtadagi jimlikni buzib yig'i aralash dedi Yelena. — Sen qattiq adashyapsan! Kelib-kelib seni aldaymanmi, tentakkinam? Seni-ya? Ko'r bo'lib qolmaymanmi shu ondayoq? Axir sen meni deb shuncha azoblarga giriftor bo'lib yuribsan-ku!..

— Uzr, seni sanchastga joylashtirishning iloji bo'lmadi! — dedi Tolyan hali kursiga o'tirib ulgurmasimdan. — Bunga hojat yo'q emish.

— To'g'ri aytishibdi, — dedim pinagimni buzmay, — Men soppa-sog'man. Sanchastda pishirib qo'yibdimi endi. Xo'sh, qanday topshiriq haqida gapirganding, Tolyan?

— Ha, seni bir ozodlikka chiqarib, picha dam bermoqchi edim.

— Bu ishing uchun senga qancha minnatdorchilik bildirsam arziydi, Tolyan!

— Lekin biroz qaltis ishga qo'l urishing zarur bo'ladi.

— E, bu nima deganing? Men uchun qaltis ish qolibdimi bu dunyoda? Aytaver, do'stim, aytaver! Nima bo'lgandayam, senga yo'q demayman.

— Bilasanmi… — Tolyan biroz o'ylab turgach, davom etdi. — Bir savdogar xotin bor. O'sha yaramas menga ulush berib turadigan universal do'konni taftishchilarga chaqibdi. Taftishchilar hisob-kitob ishlarini ag'dar-to'ntar qilib, do'kon direktoriga qo'shib, ikki sotuvchini ham qamab qo'yibdi. Shu taftish bahona menga o'lpon beradigan boshqa do'konlarni ham muhrlab ketishibdi ablahlar! Xullas, o'sha qanjiq men bilan raqobatlashmoqchi bo'libdi.

— Uni tanirmiding?

— Albatta, taniyman. Ishonsang, bir paytlar oddiy bozorchi edi. Eski-tuski kiyim-kechak sotib kun ko'rardi. Qachon qarama, mendan qarz so'ragani so'ragan edi… Endi bo'lsa, yaxshilikni bilmagan megajinning ishini ko'rsang-chi!

— Shunaqa degin? U holda bu ishni shunday qoldirib bo'lmaydi, ayol kishiligiga ham qaramasdan uni jazolash kerak!

— Faqat ehtiyot bo'lgin, Burgut! — uqtirdi Tolyan. — Bratvalarning aytishlaricha, u mansabdor mentlardan birining jazmani emish. Bilasan-ku, undaylardan har baloni kutsa bo'ladi.

— Tashvishlanma! — dedim ishonch bilan. — Shunday qilamanki, tug'ilganiga pushaymon bo'ladi.

— Barakalla!.. Nasib bo'lsa, Burgut sen bilan hali buyuk ishlarni qilamiz. Bexavotir ishlayver, yaqinda seni turma bo'yicha mas'ul etib tayinlayman.

— Nima? Meni?..

Bunday gapni kutmaganim uchunmi, ko'zlarimni katta-katta ochib, Tolyanga hayrat aralash tikilib qoldim.

— Jenya-chi? U…

— Unut o'sha Jenyani!.. — Tolyan aftini bujmaytirib teskari qaradi. — Uning bir-ikkita ishkali bor ekan. Adabini yeb yuribdi!

— Tolyan, unga nima bo'ldi o'zi?.. Yo'qolib qolganmishmi?..

— Ha, — Tolyan bir kerishib olib stol ustidagi konyakdan qadahlarga quydi, — Berkitib qo'yganmiz… Yaxshisi, bu haqda kamroq surishtir. Sening ishing boshqa. Jenya qilmishiga yarasha jazolanyapti. Kel, sog'ayib ketganing uchun olaylik!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...