“Korrupsiyani yo'qotishda avvalo, odamlar ongi o'zgarishi kerak!”

0

Termiz davlat universitetida Tabiiy fanlar fakul'teti talabalari bilan “Oliy ta'limda korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashishning ma'naviy va ma'rifiy asoslari” mavzusida suhbat bo'lib o'tdi. Unda bir guruh talabalar va Surxondaryo viloyati Transportda xavfsizlikni ta'minlash Boshqarmasi xodimlari ishtirok etishdi.

Ochiq va samimiy suhbat tarzida o'tgan uchrashuvda ta'lim muassasalarida korrupsiyaning oldini olish va unga qarshi kurashish choralari bo'yicha ma'lumotlar berildi.

Transportda xavfsizlikni ta'minlash Boshqarmasi boshlig'ining tarbiyaviy ishlar bo'yicha o'rinbosari, podpolkovnik Nurkeldiyev Alisher Jo'rayevich korrupsiyaning tarixiy o'zaklari juda qadimga borib taqalishi, bu holat qabilada ma'lum mavqega ega bo'lish uchun qabila sardorlariga sovg'alar berish odatidan kelib chiqqanligi, biroq bu hol davlat rivojlanishiga katta to'siq bo'lganini ta'kidlab o'tdi.

— Korrupsiyaga qarshi kurashgan birinchi davlat sifatida qadimgi Shumer davlati tan olinadi. Qadimgi davlatlarni, ayniqsa, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning poraxo'rligi qattiq tashvishga solganligi bizgacha saqlanib qolgan manbalardan ma'lum. Bugun biz ana shu illlatning yanada ildiz otib ketishiga yo'l qo'ymaslik uchun birgalikda kurashishimiz kerak, — deydi talabalar bilan suhbatda podpolkovnik Alisher Nurkeldiyev.

Shuningdek, tadbirda ta'limdagi korrupsiyani yo'qotish uchun odamlar ongi, o'quvchi-talabalar, ota-onalar, o'qituvchi-pedagoglar va oliy ta'lim rahbariyatining huquqiy madaniyatini oshirish, ulardagi eskicha qarashlar, qotib qolgan stereotiplarni yo'qotish birinchi galdagi vazifa ekanligi ta'kidlandi. Negaki poraxo'rlikka moyillik bor ekan, illat yashirin ravishda sodir etilaveradi. Buning uchun esa barcha birgalikda kurashishi, jamiyatda huquqiy savodxonlik yuksalishiga o'z hissasini qo'shishi zarurligi tushuntirildi.

— Yana bir narsani aytish kerakki, qanchadan-qancha chora-tadbirlar belgilamasin, agar ta'lim muassasasidagi har bir talaba, professor-o'qituvchi, mas'ul va yordamchi xodimlar chin yurakdan korrupsiyani yo'qotishga bel bog'lamasa, bari befoyda. Bu haqda yurtboshimiz 24 yanvardagi murojaatnomasida ham gapirib, “Korrupsiyaga qarshi kurashishga mas'ul bo'ladigan alohida organ tashkil etishni taklif etaman” deya bejiz aytmagandi. Demak, birgalikda harakat qilish ta'lim sohasidagi korrupsiyaning asta-sekinlik bilan yemirilishiga xizmat qiladi, deydi Transportda xavfsizlikni ta'minlash Boshqarmasi huzuridagi tergov guruhi katta tergovchisi, mayor Abdujabbor Urunov.

Tadbir yakunida talabalar o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi va har biri korrrupsiyasiz ta'lim tarafdori ekanligini bildirishdi.

 

 

loading...