QAMOQXONADA KO'RGAN-KEChIRGANLARIM… (20-qism)

0

 

 

* * *

 

Ko'z ochib yumguncha qalin o'rmon ichkarisiga yetib oldim. Atrof zim-ziyo, tiq etgan tovush eshitilmaydi.

Qulog'imga «Ana, buyoqqa ketdi shekilli! Tez bo'l! Mashinani o't oldir!» degan hayqiriqlar chalingani sayin tezroq chopa boshladim.

Yuz metrcha yugurib borgach, orqadan qandaydir mashinaning o'qday uchib kelayotganini ko'rib darhol o'zimni daraxt panasiga oldim. Aksiga olgandek, mashina ham ro'paramga kelib tormoz berdi.

«Qo'lga tushdim chog'i! — xayolimdan o'tkazdim. — Mentlar mendan epchilroq chiqib qoldimi deyman?..»

Ammo ne ko'z bilan ko'rayki, mashinadan David tushdi.

— Burgut, chiqaver, qo'rqma! — qichqirdi u. — Faqat tezroq bo'l! Ulgurishimiz kerak!

Men ehtiyot shart orqa-oldimni ko'zdan kechirgan bo'lib daraxt panasidan chiqdim va indamay mashinaga o'tirdim.

— Xo'sh, ish bitdimi? — so'radi David.

— Yo'q, — oynadan tashqariga tupurib boshimni changalladim. — Mentlarga xabar berib yuboribdi qanjiq. Arang qochib qoldim. Lekin tayinladim. Pullarni albatta tayyorlab qo'yadi.

— To'ppa-to'g'ri, — dedi David yo'ldan ko'zini uzmay. — Bermay qaerga borardi?.. Mayli, tezroq manzilga yetib olaylik. Mentlar to mashinasiga o't qo'yguncha, nasib bo'lsa uyda o'tirgan bo'lamiz.

— Qaerga boramiz o'zi? — so'radim hayron bo'lib. — Men aytgan joygami?

— Yo'q, o'rmon ichkarisida bir ozarbayjon tanishim yashaydi. Zo'r ovchi. Haqiqiy erkak. Turma ko'rgan. Yoshligida uning oldiga tushadigan o'g'ri yo'q edi. Qarib qoldi. Ammo «ponyatka»si haliyam zo'r!.. Anavilar sal tinchiguncha o'shanikida berkinib turamiz.

— Keyin-chi?

— Imi-jimida pullarni olamiz-u, seni turmaga tashlab qo'yaman. Tolyan shunday deb tayinladi.

— O'ziyam… Zo'rlarning ko'zini shira bosib qolganga o'xshaydi. — dedim norozi ohangda. — Hammayoqni axlat bosib ketibdi-yu, payqashmaydi. Shunday o'g'ri qayoqdagi megajinning qilib yurgan ishlarini sezmasa-ya!..

— Qo'yaver, — meni tinchlantirgan bo'ldi David. — Sen Tolyanni yaxshi bilmas ekansan. O'sha Nastyang bizning sovunimizga kir yuvmabdi. Seni turmaga eltib qo'yay, kunini ko'rsataman.

Oltmishlarga borgan, oppoq soqolli Mamed og'a xuddi bizni kutib turgandek taxtadan mo''jazgina qilib qurilgan hovlichasi atrofida aylanib yurgan ekan. Mashina kelib to'xtashi bilan bizga peshvoz chiqdi.

— David, seni Xudoning o'zi yetkazdi menga! — negadir yig'lamsirab so'z qotdi qariya. — Yaxshiyam kep qolding! Umring ziyoda bo'lsin!

— Nima bo'ldi, og'a? — qariyani quchib so'radi David. — Kim sizni xafa qildi?

— Hali zamon kep qolishadi xafa qilganlar! — dedi Mamed og'a yo'l tomon ishora qilib. — O'shalarni kutayotgandim.

— Kim o'zi ular?

— Qandaydir Semen degan boyvachcha. Mana shu uyimga ega chiqyapti itdan tarqagan. Sotmayman deganimga qo'ymayapti.

— Ie, nega unday qiladi? Meni aytmadingizmi?

— Aytdim. «Men unaqa odamlarni tanimayman» deydi.

— O', shunaqa zo'rmikan?.. — gapga aralashdim. — Necha kishi o'zi?

— O'tgan gal ikki kishi kelgandi. Bugun… Bilmadim…

— Xavotir olmang, — dedim qariyaning yelkasiga qoqib. — Biz shu yerda ekanmiz, sizni hech kim xafa qilmaydi.

— Men u Semenni yaxshi taniyman. — dedi David kaftlarini bir-biriga ishqalab. — Qaerlardandir ulgurji mol olib kelib bozordagilarga o'tkazib yurardi. Kuchayib qolibdi-da! Qani, ko'raylik-chi!

— Bu yerlar ovga qulayligini biladi-da! — arz qilishda davom etdi qariya. — Qolaversa, unaqalar bemalol ayollarniyam shu yerga opkelib aysh qilsa, bo'laveradi. It ham ko'rmaydi ularni. Ha-a, yana yashirin mollarni saqlashgayam qulay.

— Qani, ichkariga boshlang! — dedi David toqati toq bo'lib. — Biz ehtiyot shart berkinib turishimiz kerak. Mentlar kelib qolishi mumkin. U so'takminan kelganida gaplashamiz.

— Bo'pti, bo'pti. — qariya bizni hovliga boshladi. — Yuringlar, sizlarni qo'lbola aroqminan mehmon qilaman… Milisalardan ko'ngillaring to'q bo'lsin. Hammasi yaxshi bo'ladi…

— Aroqni qo'ying, — dedi David torgina, zax hidi anqigan xonaga kirib o'tirganimizdan so'ng. — Bizga yaxshisi achchiq qilib choy damlang!

— Mamed amaki tushundi. O'g'rilar bilan birinchi kun gaplashmayotganini miyig'ida jilmayib bir quti quruq choyni choynakchaga solganidan darrov payqadim.

U tez orada kuyib ketgan piyozdog'ni eslatuvchi chefirni damlab kelib oldimizga qo'ydi.

— Ichamizmi? — so'radi David menga ko'z qisib.

— Men yaxshisi aroq icha qolaman, — dedim burnimni jiyirib. — Bu matohni qanday ichasizlar, sira tushunmayman.

— E, Burgut! — kulib chefirdan piyolani to'ldirib quydi David. — Buning mazasiga o'rgansang, aroqni mensimay qo'yasan. Mayli, qani Mamed og'a, do'stimga quying o'sha qo'lbola arog'ingizdan! Qizitaloqlar kelgunicha bir qizishib olaylik!

Arog'i haqiqatan o'tkir ekan. Yutimining o'zi tomoqni shilib olay deydi. Ikki piyolani sipqorganimdan keyin rostakamiga qizishdim.

— Qani, og'a, uyingizga qancha so'rayapti o'sha mishiqi? — so'radim ro'paramda boshini eggancha o'yga tolgan qariyadan.

Mamed og'a menga javoban qo'l siltab qo'ydi.

— Besh yuzgina. — deya oldi zo'rg'a.

— Nima?.. Besh yuz?.. Voy paytavaquloq-ey!..

Bu gapdan jazavaga tushib yana bir piyola aroqni sipqordim.

— Mayli, kelishsin! — dedim biroz jahlim bosilgach. — O'zim gaplashaman ularminan. Faqat siz aralashmaysiz. Nima desam, ma'qullab o'tiraverasiz.

— Xo'p, xo'p! Xudo xayringni bersin, Burgut!

— Ie, meni qaerdan taniysiz?

— Seni tanimay bo'larkanmi, bolam?.. Menam begona emasman. Ishqilib, omadingni beraversin!

Mamed og'aning javobi meni yanada ruhlantirib yubordi.

Ha, men o'g'rilar olamida tanilib qolganimni tag'in bir karra his etdim. Buyog'iga Xudo yor bo'lsa, mansab olarman va Tolyanning biqinidan joy olarman!..

Oradan bir soatcha vaqt o'tib tashqariga mashina kelib to'xtagani qulog'imizga chalindi. Shu zahoti David ikkimiz baravar o'rnimizdan turdik. Men to'pponchani qo'limga olib o'qladim.

— Chiqib qarang! — buyurdim Mamed og'aga. — Mentlar bo'lsa, belgi bering!

Mamed og'a shosha-pisha tashqariga chiqdi-da, darrov qaytib kirdi.

— Anavilar kelishdi! — dedi shivirlab. — Semen keldi. Yonida ikki hamtovog'iyam borga o'xshaydi.

— Qarshi oling! — dedim unga. — So'rashsa, qishloqdan qarindoshlarim kelishgan edi deb ayting.

Mamed og'a pildiragancha tashqariga chiqib ketdi.

Zum o'tmay, xonaga pakana, qorin qo'ygan, o'ttiz yoshlar oralig'idagi bir yigit, ketidan uzun bo'yli ikki bashang kiyingan yigit kirib kelishdi.

Qariya ularni stol arofiga o'tqazib, menga umidvor tikildi.

— Kimsizlar? — so'radi Semen bir menga, bir Davidga boqib.

— Bizmi?.. — men Davidga yer ostidan ko'z qisib qo'ydim-da, o'zimni go'yo qo'rqayotgandek ko'rsatib javob qildim. — Qishloqdan keldik, qishloqdan!

— Shunaqami? U holda boshqa xonaga o'tib turinglar! Bizni qariyaminan gaplashadigan gaplarimiz bor.

— Xabardormiz. — dedi David sal bo'shashibroq. — Og'amiz shuning uchun bizniyam guvohlikka chaqirgan edi.

— Ha-a, gap buyoqda degin? — Davidni «sen»lab gavdasini orqaga tashlab yubordi Semen. — Mayli, mayli… O'lib ketmaysanlarmi o'tirib… Xo'sh, qariya, o'ylab ko'rdingizmi?..

— O'ylab ko'rdilar, — gapni ilib ketdim. — Lekin… Akalar… Sal kamroqmi deymiz-da!.. Harqalay, sizday boyvachcha, qo'lini qaerga uzatsa yetadigan odam tag'in besh yuz qo'shib yuborsangiz, yomon bo'lmasdi. Pul qozoningizga bir marta chavli solsangiz, bir dunyo pul suzib olasiz.

— Senga kim qo'yibdi menga aql o'rgatishni? — tutoqib ketdi Semen.

— Aql o'rgatmoqchi emasman. — dedim yanada bo'shashibroq. — Besh yuz qo'shsangiz, tag'in bitta uyimiz bor. Uniyam sotib yuborardik. Ochig'i, pul judayam zarur edi-da!.. Bu uy ham shu yaqin orada. Ziyon ko'rmaysiz. Suvga yaqin, ov qilsangiz ham, dam olmoqchi bo'lsangiz ham maza qilasiz.

Bu gapimni eshitib Semen hushyor tortdi.

— Uyning egasi kim? — so'radi u. — Kim deyapman?

— Singlimiz yashaydi. — dedim xotirjamlik bilan. — Agar savdomiz pishsa, og'aynim g'izillab chaqirib kelardi.

— Bo'lmaydi, — gapni kalta qildi Semen. — Besh yuzdan bir tiyin ham ortiq bermayman. Xohlasang, chaqirtirib kel! Bo'lmasa, savdoga aralashmasdan «qisib» o'tir!..

Xojasining bu haqoratli so'zini eshitgan yigitlar piq etib kulib yuborishdi.

Endi asosiy «ish»ga o'tmasam bo'lmasdi. Iloji boricha o'zimni bosib bir qariyaga, bir Davidga qarab oldim. Aftidan David ham haqoratga chiday olmayotgan, mushtlarini tugib qo'yayotgandi.

— Sen hezalak, mening kimligimni bilasanmi? — o'rnimdan turib Semen tomon egilgancha shivirladim. — Nega tumtayib qolding? Yo ammangning sigiri chala tug'ib qo'ydimi?

Bunday keskin muomalani kutmagan Semen ham o'rnidan turib menga musht o'qtalish ilinjida qo'lini ko'tardi.

— Men Burgutman! — dedim ovozimni balandlatib. — Eshitganmisan?

Shu ondayoq u tosh qotdi. Hozirgina masxaraomuz tirjayish bilan band bo'lgan ikki yigit o'zini orqaga oldi.

— Xo'sh, nega indamaysan? — so'radim dag'dag'a aralash. — Taniysanmi-yo'qmi?

— T-taniyman. — dedi Semen.

Uning titray boshlagani shundoq sezilib qoldi.

— Kechiring, — davom etdi u yalingan ohangda. — Men bilmay qoldim. Uzr!..

— Yo'q, poezd allaqachon ketib bo'ldi! — dedim qaytadan joyimga cho'karkanman. — Menday akangni ranjitib qo'yding, bola! Atay past kelayotgandim. Seni tekshirib ko'rmoqchiydim. Shaltoqligingni oshkor qip qo'yding.

Semen indamasdi. Boshini eggancha, xuddi tagini ho'l qilib qo'ygan bola kabi tek qotib turardi.

— O'tir! Endigi suhbatimiz boshqacha bo'ladi. — o'dag'aylashda davom etdim. — Xo'sh, tayyormisan?

Semen boshi bilan ma'qul ishorasini berdi.

— Unda eshit, sening qariyaga beradiganing bir chelak tezakkayam arzimaydi. Shuni bilasan-a?

— M-men… Men…

— Namuncha hajiqizga o'xshab chaynalasan? — o'shqirdim unga. — Mundoq erkakchasiga gapirishni bilasanmi o'zi?

— Axir… Kelishgandik, aka!..

— Manqalik qilma, yigit! — dedim Semenning ortida qimtinibgina turgan ikki yigitga o'qrayib. — O'zing tagingni shilta qildingmi, o'zing tozala!.. Aytgancha, Mamed og'a, bular qanaqa mashinada kelishdi?

— «Volga»da! — hovliqib javob qildi qariya.

— O', mashinaning xo'rozi senda ekan-ku-a?.. Qara, shunday mashinalarni minib yurasan-u, besh yuz qo'sh deganimiz uchun nafasingni ichingga tortasanmi?..

Shu lahzada David sekin Semenning tepasiga kelib musht o'qtaldi.

— E, yo'-o'q! — uni to'xtatdim va bilagidan tutib ortga surdim. — Bu nima qilganing, og'ayni? Zoti baland odamlarga qo'l ko'tarib bo'lmaydi. Gunoh bo'ladi-ya!.. Semen aqli butun bolaga o'xshaydi.

— E, urdim o'sha zotigayam! — baqirdi David xezlanib. — Qarang, kekkayishi olamni buzadi!..

— Mayli, mayli, hozir tinchlanadi. — hamrohimni tinchlantirgan bo'ldim. — Qizishib ketdi, yigitning guli, qizishib ketdi!..

— Bo'pti, qo'shsam qo'sharman! — dedi Semen norozi qo'l siltab. — Bo'ldimi?..

— Ie, hali menga zardayam qilasanmi? — uning iyagini mahkam qisdim. — Sen xunasa, aslida mening oyog'imga paytava bo'lishgayam arzimaysan.

— Ortiq qo'sholmayman. — dedi Semen negadir dadillanib.

— Shunaqami? David, eshitdingmi gapini?

David bosh irg'adi.

— Mayli, men eski lattalarni titishni yomon ko'raman. Sen ilgari nima ishlar qilgansan, qancha pul topgansan. Buyog'iminan ishim yo'q. Hozirgisidan gapira qolaman. Xullas, shu kecha… Yo'q, ikki soat ichida yuz ming so'm topib kelib mana shu stol ustiga tashlaysan.

— Nima?.. M-menda buncha pul yo'q…

— Yo'g'-e, «Volga» mingan yigitning gulida yuz ming bo'lmaydimi?..

— Ishoning, aka, hamma pullarim «oborot»da, axir! Nega ishonmaysiz?..

Ko'rdimki, bosim o'z ta'sirini o'tkazmay qolmayapti. Semenning peshonasini ter bosib, ko'zlaridan yosh sizib chiqa boshladi.

«Pul bunaqalarning joniday gap-da! — o'yladim o'zimcha. — O'sha jonini sug'urib olish esa shu tobda mening gardanimda. Bir boyvachcha haromxo'rdan pul undira olmasam, Tolyanning oldida nima degan odam bo'laman?..»

— Mayli, — davom etdim bosiqlik bilan. — O'zingda bo'lmasa, manavi qiz o'rtoqlaringdan olarsan! Yo qiz o'rtoqlaring senga qarz berishmaydimi?

— Bular endi-endi ish boshlashyapti. — dedi Semen qaqshab. — Unaqangi katta pul yo'q bizlarda! Iltimos, aka, bizga ruxsat bering, ketaylik! Roziman, ikkala uyingizniyam ming so'mdanga sotib olaman.

— O', himmating zo'r-ku! — kuldim Davidga qarab. — Endi bizga sening ming so'ming kerakmas. O'sha pulingga-chi, bir joyingni artgin! Bizga aytilgan pullarni keltirib ber!

— Yo'q uncha pul menda. — qaysarlik bilan eski gapini takrorladi Semen.

— Yo'q degin?.. Agar shu ahvolda o'tiraversang, bo'yningga tag'in otning kallasiday qo'shimcha qarzni ilib qo'yaman.

Semen javob bermadi. Titragan qo'llari bilan cho'ntagidan sigaret chiqarib tutatdi-da, cho'zib-cho'zib tortdi.

— Eshitdingmi gaplarini, David? — hamrohimga o'girilib so'radim.

— Menga ruxsat ber, og'ayni, — xirillab Semen tomon talpinib qo'ydi David. — Bir urib abjag'ini chiqaray bu kalondimog'ning!

— David, abjag'ini chiqarishga ulgurasan. — dedim shishadagi qo'lbola aroqdan piyolaga to'ldirib quyib. — Undan ko'ra, menga ayt, bu bolaning ayol qarindoshlari bormi?

— E, ketvorgan xotini bor. — dedi David jonlanib. — Bir-ikki ko'rganman. Qomati vo!.. Bratvalarning ko'zi tushsa bormi… Singlisiyam o'n oltiga to'ldi adashmasam.

— Juda bop bo'pti! — dedim kerishib. So'ngra piyoladagi aroqni ichib, gazagiga qariya bo'laklab qo'ygan quyon go'shtidan og'zimga soldim. — Lekin… Bu yigitning guliyam yomon emasga o'xshaydi. — dedim Davidga yuzlanib. — Qara, do'mboqqina yigit. Bratvalarga aytsak, avval o'zini «tramvay»ga qo'yishardi.

Bu gapim hammasidan o'tib tushdi. Xojasining nomusini astoydil himoya qilishga otlangan ikki yigit xezlangancha menga yaqinlashishdi. David esa shay turgandi. Epchillik bilan yigitlar qarshisida paydo bo'lib, birining boshiga to'pponcha, ikkinchisining tomog'iga pichoq tiradi.

— O'tminan o'ynashmalaring! — ularni ogohlantirdim hech narsa bo'lmagandek quyon go'shtini kavshab. — Kuyib qolasanlar! Kuysang, yuzingda bir umr dog' qoladi. Ayollar sendan yuz o'girib ketishadi.

— Hozir bularni… — David lablari asabiy titrab chapdagisining tomog'iga tig'ni mahkamroq qadadi. — Oyog'ini osmondan qilib, chotini yirib tashlash kerak!..

— Endi xotining va singlingga kelsak, — Semenga o'girilib chala qolgan gapimni davom ettirdim. — Ularniyam bratvalarning qo'yniga tiqamiz. Ishonaver, o'sha kuniyoq sen bilan ajrashadi xotining. Negaki, bratvalar senga o'xshagan hezimkash emas. Singlingni bo'lsa, xizmatkor qilib olishadi. Har holda ko'pchilikning ko'nglini ovlash ham savob, yigitning guli!

— Haqoratning ham chegarasi bo'ladi-da! — Semenning ovozi battar titrab chiqdi. — Undan ko'ra, o'ldirib yubora qolinglar!

— O'ldirish qochmaydi, yigitning guli! — dedim unga. — Sen o'lib ketsang, xotining, singling, boshqa qarindoshlaring-chi! Ularni qaerga ko'mamiz? Go'riston ham cho'zma emaski, istagancha joy topaversak.

— Sherigingizga ayting, bizni tinch qo'ysin! — kutilmaganda boshiga to'pponcha tiralgan yigit shang'illadi. — Yo otib tashlasin!

— Sen bola, juda mahmadona ekansan-ku! — dast o'rnimdan turdim-da, to'pponchani nari surib yigitning sochini changalladim. — Bu gaping uchun shaxsan sen va manavi mishiqi hamtovog'ing yigirma ming so'mdan naqd qo'limga topshirasanlar.

— Ahmog'ingiz yo'q. — bo'sh kelmadi yigit. — Bizam ko'cha ko'rgan bolalarmiz. Xarif emasmiz.

— O', shunaqami?

Darhol Davidga ko'z bilan imo qildim. U qo'lidagi qurollarni cho'ntakka joyladi-da, orqasidan kelib yigitlarni bo'yni aralash tushirdi. Ular oldinma-ketin ihragancha enkayib qolishdi. Ikkinchisi — tepki yigitlarning orqasiga borib tushdi. Ikkovi ham og'riq zarbiga dosh bera olmay xonani engashgan ko'yi aylana boshladi.

— Xo'sh, gapimga endi tushundilaringmi, qariqizlar? — masxarali ohangda savol tashladim yigitlarga. — Senlardan so'rayapman!

Yigitlar baravariga bosh irg'ashdi.

— Bu boshqa gap. Ana endi, Semen, sen gapir! Shartim tushunarli bo'ldimi yoki boshqatdan boshlaymi?

— Meniyam bitta shartim bor. — sal dadillashib tilga kirdi Semen.

— Nima? — bu gapni eshitgan David bir sakrab uning tepasida hozir bo'ldi. — Qanjiq! Kimga shart qo'yayotganingni bilasanmi?

— Qo'y, sharti bo'lsa, aytsin! — dedim Davidga. — Ayt, yigitning guli! Nima sharting bor?

— Sheriklarimdan pul olmaysiz.

— Nega?

— Ular endi oyoqqa turishyapti.

— Buni menga qizig'i yo'q. «Razbor»ga tushgandan keyin orqaga yo'l qolmaydi. Qolaversa, bular mahmadonalik qilib qo'yishdi. Mahmadonalarni jinim suymaydi.

— Iltimos, ulardan pul olmang! Mayli, men aytganingizni olib kelaman. Faqat yigitlarni tinch qo'ying!

— Ular ham aytilgan pullarni olib kelishadi. Kelgusida uchchovingam shaxsan menga ulush berib turasan. Evaziga senlarni begonalardan himoya qilaman. Qani, bo'l tez! Uyingga qo'ng'iroq qil! Xotining aytilgan pullarni olib kelsin! Senlar ham bo'la qollaring! Mamed og'a, uyingizda telefon bormi?

— Xotinim pullar qaydaligini bilmaydi. — dedi Semen. — O'zim borib yarim soat ichida olib kelaman.

— Sen bilan birga David ham boradi.

— Yo'q, o'zim borib kelaman. Sheriklarim uchun ham o'zim pul olib kelaman.

— Sen juda mehribon ustoz ekansan unda. — dedim Semenning yelkasiga qoqib. — Haqiqiy yigitning guli shunday bo'lishi kerak. To'g'rimi, David?..

— Men baribir og'rinib beraman! — to'ng'illab asta o'rnidan qo'zg'aldi Semen.

— Nega endi? — bu gapidan jahlim battar qo'zg'ab uning yo'lini to'sdim. — Akalaringga-ya?

— Chunki bu pullarni menga Xudo bergan.

— Xudo beradi-yam, oladi-yam! Shuni bilmasmiding?

— Nima, siz Xudomidingiz?

— Yo'q, albatta. Men o'sha Xudo bergan pullaringni shilib, bir me'yorga keltirib turadigan odamman. Bor endi gapni ko'paytirmay! Bilginki, shu bugundan e'tiboran bizning panohimizdasan. Shunisiga shukr qilsang-chi, ahmoq! Xullas, yarim soat kutaman. Pul o'z oyog'i bilan kelmasa, boyagi gaplarim esingda bo'lsin! Faqat mentlarga sotaman deb ovora bo'lma. O'zingga jabr qilasan!

— Tushunarli. — dedi Semen chiqib ketayotib. — Menam erkakman!..

(davomi bor)

Olimjon HAYIT

loading...